PQ-2438-son Qaror · 23.11.2015

Oliy mahorat sport maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2438
  • Qabul qilingan sana:23.11.2015
  • Kuchga kirgan sana:30.11.2015
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 47

Mamlakatimizda Oʻzbekiston sharafini jahon sport maydonlari — Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida, jahon va Osiyo chempionatlarida, boshqa xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilishga qodir boʻlgan xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash boʻyicha samarali tizimni yaratish, buning uchun xalqaro standartlarga javob beradigan, zamonaviy sport uskunalari bilan jihozlangan oʻquv-mashq bazalarini shakllantirish, sportchilarni tayyorlash jarayoniga eng yangi ilmiy-metodik texnologiyalarni egallagan yuqori malakali murabbiy-oʻqituvchi kadrlarni keng jalb qilish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining 2016 — 2020-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta oliy mahorat sport maktablarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Oliy mahorat sport maktablari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnik hamda oʻquv-mashgʻulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro musobaqalarda — jahon va Osiyo chempionatlari, Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, Universiadalar hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda Oʻzbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir boʻlgan xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlashda ushbu bazalardan samarali foydalanish;

xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash uchun yuqori malakali mutaxassislarni — murabbiylar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan xorijiy davlatlardan yetakchi mutaxassislarni keng jalb etish orqali oliy mahorat sport maktablari murabbiy-oʻqituvchilari tarkibini mustahkamlash;

sportchilarning oʻquv-mashgʻulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda, oʻquv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;

yosh istiqbolli sportchilarni tanlab olish va tarbiyalash masalalari boʻyicha sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish, ularga oʻquv-uslubiy hamda meʼyoriy-axborot yordami koʻrsatishni taʼminlash;

(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

oliy mahorat sport maktablari bazasida milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida oʻquv-mashq yigʻinlari, respublika va mintaqaviy sport bellashuvlarini tashkil etish va muntazam ravishda oʻtkazib borish, murabbiylar hamda sportchilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish maqsadida xorijiy sport maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

3. Quyidagilar:

2016 — 2020-yillarda respublika mintaqalarida tashkil etiladigan oliy mahorat sport maktablari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

sport turlari boʻyicha tasdiqlangan ixtisoslashuvni hisobga olgan holda oliy mahorat sport maktablarini tashkil etish tadbirlari rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Qurilish vazirligi loyihalash tashkilotlari oʻrtasida tanlov oʻtkazsin va mazkur qarorning 1-ilovasida tasdiqlangan qurilish muddatlariga muvofiq sport turlari boʻyicha ixtisoslashuvni hamda joylashtirishning iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda oliy mahorat sport maktablarining aniq loyihalarini tayyorlasin. Bunda, shunga oʻxshash obyektlar qurib boʻlingan xorijiy mamlakatlarning tajribasi albatta oʻrganib chiqilsin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)

5. Belgilansinki,

oliy mahorat sport maktablari yuridik shaxs maqomiga ega sport-taʼlim muassasalari hisoblanadi hamda oʻz faoliyatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligiga hisobot beradi, ularning ixtisoslashuvi esa mintaqalarda shakllangan sport maktablari va anʼanalari, murabbiy-oʻqituvchilar tarkibi hamda erishilgan sport yutuqlari bilan belgilanadi;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

oliy mahorat sport maktablarining kontingentini sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalarning asosiy tarkibi va ularning zaxiradagi sportchilari tashkil etadi, ular bepul yashab, toʻrt mahal ovqat, shuningdek sport formasi va anjomlari bilan taʼminlanadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida, 2016-yildan boshlab, oliy mahorat sport maktablarini tashkil etish boʻyicha tadbirlar Rejasida nazarda tutilgan loyihalashtirish, qurish va boshqa xarajatlarga ketadigan zarur moliyaviy mablagʻlarni topsin;

har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini tasdiqlashda, mazkur qarorga muvofiq, oliy mahorat sport maktablari qurilishi, joriy taʼminoti va ularni jihozlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni moliyalashtirish uchun budjet mablagʻlari maqsadli ajratilishini nazarda tutsin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yilning 1-yanvarigacha mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan oliy mahorat sport maktablarini qura boshlash muddatlariga muvofiq ularni qurish uchun yer maydonlarini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan oliy mahorat sport maktablari foydalanishga topshirilganidan soʻng bir oy muddatda ularning tuzilmasini tasdiqlashni, jumladan, yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ularni yuqori malakali murabbiy-oʻqituvchilar tarkibi bilan toʻldirishni, sport maktablarining ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda oʻquv-mashq xonalarini zarur moddiy-texnik baza bilan, shuningdek tegishli oʻquv-uslubiy adabiyotlar hamda oʻquv-mashq dasturlari bilan taʼminlasin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-maydagi PF–5043-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 354-modda)

9. Sport turlari boʻyicha federatsiyalarga (uyushmalarga):

oliy mahorat sport maktablarining oʻquv-mashq jarayonini takomillashtirishda tizimli asosda tashkiliy-kadrlar va oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, yuqori malakali murabbiy-oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlashda, xalqaro sport hamkorligini rivojlantirishda, musobaqalar va oʻquv-mashq yigʻinlarini oʻtkazishda koʻmaklashish;

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro sport tashkilotlari murabbiylarini oʻqitish dasturlaridan foydalangan holda oliy mahorat sport maktablarining murabbiylari uchun oʻquv seminarlari va mahorat darslarini tashkil etish, shuningdek oʻquv-mashgʻulot jarayoniga sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar)ning kadrlari va ilmiy-uslubiy salohiyatini jalb etish tavsiya qilinsin.

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-maydagi PF–5043-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 354-modda)

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida oliy mahorat sport maktablari faoliyatini tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilsin, qarorda oliy mahorat sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek sport maktablari sportchilarini yashash jihozlari, ovqatlanish, sport formasi va anjomlari bilan taʼminlash meʼyorlarini, moliyalashtirish manbalarini tasdiqlash nazarda tutilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015-yil 23-noyabr,

PQ-2438-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 23-noyabrdagi PQ-2438-son qaroriga 1-ILOVA

2016 — 2020-yillarda tashkil etiladigan oliy mahorat sport maktablari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 23-noyabrdagi PQ-2438-son qaroriga2-ILOVA

Oliy mahorat sport maktablarini tashkil etish tadbirlari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.