PQ-2412-son Qaror · 28.09.2015

Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2412
  • Qabul qilingan sana:28.09.2015
  • Kuchga kirgan sana:12.10.2015
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 40

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 15-maydagi PF-4725-sonli Farmonining ijrosini taʼminlash va tadbirkorlik tuzilmalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan oshirish va shaffofligini taʼminlash maqsadida:

1. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarida ishlab turgan “yagona darcha” xizmatlarining faoliyati 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab toʻxtatiladi.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016-yil 1-yanvardan boshlab 2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha davlat xizmatlari faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

* 1-ilova rus tilidagi matnda berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda mazkur qaror bilan tasdiqlangan Roʻyxatga bosqichma-bosqich qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Belgilansinki, tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishda, qonunchilikda belgilangan tartibni qiyinlashtirishning har xil usullaridan, jumladan roʻyxatdan oʻtish va litsenziya olish tartib-taomillarini, shuningdek xususiy tadbirkorlik faoliyatiga qarshilik qiladigan boshqa byurokratik toʻsiqlardan foydalanishga qatʼiyan yoʻl qoʻyilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari zimmasiga barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ushbu talabni soʻzsiz bajarilishi masʼuliyati yuklansin.

6. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga:

2016-yilning 1-yanvaridan boshlab mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladigan davlat xizmatlari Roʻyxatiga kiritilgan davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun bevosita tadbirkorlik subyektlaridan arizalar qabul qilish;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etgan tadbirkorlik subyektlarini ularning arizalarini koʻrib chiqish jarayoniga taklif qilish taqiqlanadi.

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida doimiy ravishda mintaqaviy seminarlar oʻtkazishni taʼminlasin;

Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi va muddatlariga rioya etish ustidan nazorat oʻrnatib, davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibining buzilishi toʻgʻrisida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2015-yilning 1-noyabrigacha:

“yagona darcha” markazlarini belgilangan tartibda kamida 1 Mb/s tezligida boʻlgan Internet tarmogʻining milliy segment maʼlumotlarini uzatish tarmogʻiga, shuningdek bepul foydalanish asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo elektron hamkorlik tizimiga, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali ulanish;

“yagona darcha” markazlari, shuningdek davlat xizmatlarini koʻrsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar uchun informatsion xavfsizlik talabini oʻrnatish;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalariga davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillaridan oʻtish jarayonini nazorat qilib, “yagona darcha” markazlarining axborot resurslariga kirish imkonini taʼminlasin.

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PF-5055-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 411-modda)

Davlat xizmatlari markazlari, shuningdek davlat xizmatlarini koʻrsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va ishchilari zimmasiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda informatsion xavfsizlik talablariga rioya etish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklasin.

(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

9. Belgilansinki, murojaat etish joyi va usulidan qatʼi nazar, Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo elektron hamkorlik tizimi hamda Oʻzbekiston Respublikasi interaktiv davlat xizmatlari yagona portalidan foydalaniladi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 1-iyundagi R-4481-sonli farmoyishi bilan tashkil etilgan Ishchi komissiyasi (R. Azimov) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda:

joriy yilning 1-oktabridan boshlab, eksperiment tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tanlab olingan 2-3 tumanlarida tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish yagona markazlarini tashkil etib, faoliyatini yuritsin;

2015-yilning 1-noyabrigacha “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha joylardan olingan barcha fikrlar, tuzatishlar va takliflarni umumlashtirsin;

joriy yilning 6-noyabrigacha “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom va “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha yagona markazlar orqali davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

2015-yilning 15-noyabrigacha barcha tashkil etilayotgan “yagona darcha” markazlarini arizachilarga qulay boʻlgan joylarga barcha muhandislik kommunikatsiya (elektr va suv taʼminoti, telefon aloqasi va boshqalar) tarmoqlariga ulangan holda joylashtirishni taʼminlasin;

2015-yilning 1-dekabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda “yagona darcha” markazlarining zamonaviy orgtexnika, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan taʼminlanganlik darajasini inventarizatsiyadan oʻtkazsin va markazlarning samarali ishlashi uchun belgilangan minimal talablarni hisobga olgan holda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha yangi texnikalar bilan toʻldirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi davlat organlarini idoralararo elektron hamkorlik tizimi faoliyatining samaradorligini taʼminlash uchun 2015-yilning 1-oktabrigacha davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat organlarining tuman (shahar) boʻgʻinlariga zarur boʻlgan kompyuter uskunasini xarid qilib, bepul Internet tarmogʻiga ulanishga 2015-yilning IV choragida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan zarur mablagʻlarni ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi ikki oy muddatda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015-yil 28-sentabr,

PQ-2412-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-sentabrdagi PQ-2412-son qaroriga 2-ILOVA

Faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladigan davlat xizmatlari

Izoh. Faqat Davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshiriladigan davlat xizmatlari roʻyxatiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq qoʻshimcha kiritilishi mumkin.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.