PF-4848-son Farmon · 05.10.2016

Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4848
  • Qabul qilingan sana:05.10.2016
  • Kuchga kirgan sana:06.10.2016
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 40

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini taʼminlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida:

1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini taʼminlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻyilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilansin.

Davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar:

oʻz faoliyatida yuqorida koʻrsatilgan talabni hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlasinlar;

oʻz vazifalari va vakolatlarining tanqidiy tahlili asosida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish hamda ularga yoʻl qoʻymaslik borasidagi chora-tadbirlarni takomillashtirishga va ularning samaradorligini oshirishga doir asoslangan takliflarni ikki oy muddatda, belgilangan tartibda kiritsinlar;

tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va toʻsqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz toʻxtatib qoʻyganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari talablari qatʼiy bajarilishini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishini taʼminlasinlar.

2. Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirliklar va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab:

tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi, yuridik shaxslarning tugatilayotganida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari boʻyicha bergan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq oʻtkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi;

moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda, insonning sogʻligʻi va hayotiga zarar yetkazilgan holatlar bundan mustasno, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar (penyadan tashqari) qoʻllanilishidan ozod etiladilar;

noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan eʼtiboran bir oy muddatda yetkazilgan zararning oʻrnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik subyekti sifatida roʻyxatdan oʻtgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladilar;

tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qoʻllanilmaydi;

xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida amalda boʻlgan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini (resurs va bojxona toʻlovlari bundan mustasno) besh yil mobaynida qoʻllash huquqi beriladi;

tadbirkorlik subyektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisida ariza bergan taqdirda davlat boji toʻlashdan ozod etiladilar;

tadbirkorlik subyektlarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qoʻyish borasidagi talab valyuta nazorati organlari tomonidan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali tashqi savdo kontraktlari nazorati va monitoringini saqlab qolish sharti bilan bekor qilinadi;

(3-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2018-y., 06/18/5582/2220-son)

eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat ilgari xuddi shunday tovar uchun aynan sertifikat olgan arizachiga bir ish kuni mobaynida beriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga quyidagi asosiy vakolatlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil institutini tashkil etish masalasini koʻrib chiqish tavsiya etilsin:

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qoʻllab-quvvatlash;

tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilayotganligini oʻrganish;

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga taʼsiri samaradorligini baholash;

davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarga yoʻnaltirilgan asoslangan takliflar kiritsinlar:

soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yigʻish xarajatlarini kamaytirish, masofaviy nazoratni keng joriy etish va soliq toʻlovchilarning huquqiy savodxonligini oshirishni taʼminlaydigan soliq maʼmurchiligi sifati va samaradorligini yanada yaxshilash;

respublikaning eksport salohiyati oʻsishini, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishni ragʻbatlantiradigan valyutani tartibga solishning va valyutalar kursi siyosatining ilgʻor bozor mexanizmlarini joriy etish;

tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan qisqa muddatli tekshirishlarni tayinlash va oʻtkazishning aniq huquqiy asoslari hamda mezonlarini nazarda tutgan holda qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatining kameral nazorati samaradorligini oshirish orqali tekshirishlarni oʻtkazish soni va muddatlarini qisqartirish;

huquqbuzarliklarning oldini olish va qonunga itoatkor tadbirkorlik subyektlarining barqaror faoliyati kafolatlarining asosiy mexanizmlaridan biri sifatida, auditorlik tashkilotlari va soliq maslahatchilari koʻrsatayotgan xizmatlar sifati va taqdim etayotgan xulosalarining haqqoniyligi uchun javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish;

bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, davlat organlari tomonidan tijorat banklari faoliyatiga, birinchi navbatda, kredit siyosatiga maʼmuriy aralashuvlarning oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslik;

bankning samarali faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qiluvchi gʻovlarni tugatish, shuningdek, mijozlarning oʻz pul mablagʻlarini erkin tasarruf etish huquqi toʻliq roʻyobga chiqarilishini taʼminlash.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

barcha texnik talablarni (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yongʻin xavfsizligi qoidalari, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar va texnik normativlarni) xatlovdan oʻtkazsin hamda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining oʻrnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan tegishli normativ hujjatlarni ishlab chiqsinlar va qabul qilsinlar;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlardan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan tuzilgan bitimlar hamda qoidalar doirasida foydalanish maqsadida ularni jahon Internet axborot tarmogʻidagi oʻz rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishini va doimiy yangilab borilishini taʼminlasinlar.

(6-bandning oʻchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PF-6240-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 06/21/6240/0514-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlariga nisbatan maʼmuriy jazolarni qoʻllash borasidagi funksiya va vakolatlarini bosqichma-bosqich sud organlariga oʻtkazish yuzasidan takliflar kiritsinlar;

iqtisodiy jinoyatlar sodir etish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish oqibatida yetkazilgan zararni aniqlashning asoslangan yagona mezonlari va asoslarini ishlab chiqsinlar.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

fuqarolar va tadbirkorlarning, eng avvalo, davlat organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, shuningdek, korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini;

jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq normalarini yanada liberallashtirish boʻyicha takliflarni;

qonun hujjatlariga, eng avvalo, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlashga, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishga va ularning faoliyati toʻxtatib qoʻyilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvlarini (taftishlarni) tayinlash, oʻtkazish va ularning muddatini uzaytirishning aniq protsessual tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi tadbirkorlar huquqlarining sud orqali ishonchli himoya qilinishini, shaffoflik va xolislikni taʼminlash maqsadida uch oy muddatda sud majlislariga audio va video qayd etish mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishini, shuningdek, qabul qilingan sud qarorlari veb-saytlarda joylashtirilishini nazarda tutuvchi dasturning ishlab chiqilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga faqat davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha yagona markazlar orqali “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxatini kengaytirish yuzasidan takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziya berish va tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga normativ-huquqiy hujjatlar qanchalik muvofiqligini tanqidiy oʻrganish asosida Vazirlar Mahkamasiga eskirib qolgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan ruxsat beruvchi hujjatlarni bekor qilish hamda ruxsat berish tartib-taomillarining muddatlarini qisqartirish yuzasidan takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, moliya vaziri R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2016-yil 5-oktabr,

PF-4848-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-son FarmonigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.