PQ-2761-son Qaror · 08.02.2017

Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2761
  • Qabul qilingan sana:08.02.2017
  • Kuchga kirgan sana:09.02.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 6

Qabul qilingan qonun hujjatlarining soʻzsiz va oʻz vaqtida bajarilishida normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vaqtida tarqatish, ijrochilarga va aholiga ularning mohiyati va mazmunini tushuntirishning samarali mexanizmlarini yaratish muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, qonun hujjatlarini tarqatishning yaxlit tizimi shakllanmagan, normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan rasmiy tarqatmalarni ijrochilarga yetkazishning, tushuntirish ishlarini olib borishning tartibi va muddatlari hamda bu sohadagi nazorat oʻrnatilmagan.

Fuqarolarni huquqiy xabardor qilish, asosan, anʼanaviy ommaviy axborot vositalari orqali qogʻoz koʻrinishida amalga oshirilmoqda, bu esa huquqiy axborotning toʻliqligi va erkin foydalanilishiga, uning oʻz vaqtida tarqatilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunda aholining ijtimoiy faol qatlamlari, shu jumladan, tadbirkorlar va yoshlarning axborotga boʻlgan ehtiyoj va soʻrovlari inobatga olinmayapti.

Mavjud kamchiliklar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligi va qonuniylik tamoyillari samaradorligiga salbiy taʼsir qilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, ijrochilar va aholini qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati haqidagi huquqiy axborot bilan taʼminlashning sifatini oshirish, ushbu sohadagi ishlarni tashkil etishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida:

1. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni, ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni ijrochilarga oʻz vaqtida yetkazishni taʼminlash, ularning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek tegishli qonun hujjatlari matnidan moneliksiz foydalanish imkonini yaratish va oʻz tarkibiy va hududiy boʻlinmalarida qonun hujjatlari normalarining bir xilda qoʻllanilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining muhim vazifalari etib belgilansin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)

2. 2017-yilning fevralidan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga yetkazish va aholi oʻrtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga masʼul boʻlgan aniq davlat organlari, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari koʻrsatilishi shart;

hujjat nazoratni amalga oshirish yuklatilgan masʼul davlat organi yoki tashkiloti, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan imzolangandan keyin, uni ijro etish, ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi;

normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga (normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, oʻzgartirish va qoʻshimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali) qogʻoz va elektron shaklda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir kunlik muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazilishini taʼminlaydi;

davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarning axborot-tahliliy materiallari asosida, qabul qilingan qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2018-y., 07/18/3666/1073-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4380-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 07/19/4380/3360-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi hamda Huquqiy targʻibot va huquqiy taʼlim boshqarmasi negizida:

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-iyuldagi PF-5475-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2018-y., 06/18/5475/1489-son)

boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 7 shtat birlik boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik taʼlim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etilsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi PF-5997-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 06/20/5997/0634-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida har yili tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalarining huquqiy targʻibot va maʼrifatning ahvoli toʻgʻrisidagi axborotining eshitilishi amaliyotga joriy qilinsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy baza)ga 2017-yilning 25-sentabridan normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilishi munosabati bilan:

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasiga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) qonun hujjatlarining Milliy bazada rasmiy nashr etilishini taʼminlash masʼuliyati yuklatilsin;

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi PF-5997-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 06/20/5997/0634-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida qonun hujjatlarini tezkor tarqatish maqsadida himoyalangan aloqa kanallari (VPN) orqali idoralararo elektron hamkorlikni tashkil etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oliy sud Plenumining qonun hujjatlarini qoʻllash masalalari yuzasidan tushuntirishlar berish toʻgʻrisidagi qarorlarini ular imzolangan kundan eʼtiboran bir kun ichida elektron shaklda Milliy bazaga joylashtirish uchun Markazga yuborish tavsiya etilsin;

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 980-modda)

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining elektron versiyalarini ular kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir kun ichida Milliy bazaga joylashtirish uchun Markazga yuborsin;

Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Milliy baza doirasida eng koʻp talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining ingliz tilidagi maʼlumotlar bankini yaratish, Milliy bazani takomillashtirish va Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha ishlarni moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda texnik koʻmak (grantlar)ni jalb qilish masalasini ishlab chiqsin.

(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdagi PF-5158-sonli Farmoni tahririda)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish va huquqiy targʻibot tizimini takomillashtirish maqsadida adliya organlari va Markazning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxatlarga koʻra olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, kompyuter va server texnikasi, texnik vositalar, dasturiy mahsulotlar va boshqa moddiy-texnika resurslari uchun 3 yil muddatga bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:

normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning taʼsirchan mexanizmlarini, ularni aholi oʻrtasida keng tushuntirish boʻyicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun, shuningdek yangilangan Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash toʻgʻrisidagi nizom loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Elektron ommaviy-axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini yetkazish boʻyicha rolini yanada kuchaytirishni, qonun hujjatlariga mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va aholining fikri va munosabatini aks ettiruvchi tahliliy tok-shoular, munozaralar, bahslar hamda qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini keng muhokama qilishning boshqa zamonaviy shakllarini joriy qilishni nazarda tutuvchi Kompleks dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning ekspert tadqiqotlariga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi hududiy boʻlinmalarining sonini koʻpaytirishga doir takliflar kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 8-fevral,

PQ-2761-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2018-y., 07/18/3666/1073-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-fevraldagi PQ-2761-son qaroriga 2-ILOVA

Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash

Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.