Gʻoʻza, bugʻdoy, kartoshka ekinlari hamda uzum biotexnologiyasi va genom seleksiyasi yoʻnalishidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada takomillashtirish, yuqori malakali milliy genetik ilmiy kadrlar tayyorlash, shuningdek Genomika va bioinformatika markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi va “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining faoliyat yuritayotgan Genomika va bioinformatika markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining davlat muassasasi shaklidagi Genomika va bioinformatika markazini (keyingi oʻrinlarda Genomika va bioinformatika markazi deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi Genomika va bioinformatika markazining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Quyidagilar Genomika va bioinformatika markazining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
genomlar va genetik xilma-xilliklarni oʻrganish boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion ishlarni amalga oshirish, zamonaviy genomika va bioinformatika usullaridan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi ekinlari, dorivor va texnik oʻsimliklar, mikroorganizmlar, hayvonlar, shuningdek, boshqa biologik obyektlardagi qimmatli genlar, oqsillar va metabolitlar tuzilishi va faolliklarini oʻrganish;
zamonaviy gen va hujayra muhandisligi, molekulyar markerlarga asoslangan genom va virtual seleksiya dasturlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanib atrof muhit va odamlar uchun xavfsiz, kasalliklar va zararkunandalarga chidamli, turli tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan zararkunandalarga chidamli, turli tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan yangi oʻsimlik navlari va hayvon zotlarini yaratish, birlamchi urugʻchilik ishlarini tashkil qilish, shuningdek turli sharoitlarda sinash va ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq qilish;
genomika va bioinformatika sohasida oʻzaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish;
olib borilayotgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarga qishloq xoʻjaligi boʻyicha oliy taʼlim muassasalari hamda boshqa ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari va talabalarini keng jalb qilish;
ilmiy kadrlar tayyorlashni tashkil qilish, mamlakatimiz va xorijdagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda ularning kasbiy darajasi va malakasini doimiy oshirib borish.
3. Quyidagilar:
2017 — 2020-yillar davrida genomika va bioinformatika sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, innovatsion ishlarni rivojlantirish, tegishli tadqiqotlarni amalga oshirishda ilmiy salohiyatni va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazining xodimlari cheklangan soni 60 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zaruriyat boʻlganda, xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va ish haqi fondi doirasida Genomika va bioinformatika markazining tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, quyidagilar Genomika va bioinformatika markazini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalariga koʻra ajratiladigan mablagʻlar;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
xoʻjalik faoliyati tushumlari, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining:
Genomika va bioinformatika markaziga “Oʼzbekiston paxta tozalash zavodi” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent viloyati, Qibray tumani, Matqobulov qishlogʻida joylashgan urugʻchilik xoʻjaligi mol-mulkini bepul berish toʻgʻrisidagi;
“Oʼzbekiston paxta tozalash zavodi” aksiyadorlik jamiyatining urugʻchilik xoʻjaligi qurilishi va uni jihozlash bilan bogʻliq boʻlgan 1,59 milliard soʻm miqdoridagi sarf-xarajatlari ushbu koʻrsatilgan miqdorning “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiruvchi “Olimkent paxta tozalash zavodi”, “Chinoz tajriba-eksperimental paxta tozalash zavodi”, “Bʼoka paxta tozalash zavodi”, “Piskent paxta tozalash zavodi”, “Mustaqillik paxta tozalash zavodi”, “Karasu paxta tozalash zavodi” va “Dalvarzin paxta tozalash zavodi” aksiyadorlik jamiyatlari oʻrtasida teng ulushlarda taqsimlash orqali qoplanishi toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
6. Belgilansinki:
“Oʼzbekiston paxta tozalash zavodi” aksiyadorlik jamiyatiga “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiruvchi jamiyatlardan urugʻchilik xoʻjaligini qurish va jihozlash uchun sarflangan xarajatlarni qoplash uchun tushgan mablagʻlar maqsadli tushumlar sifatida aks ettiriladi;
Genomika va bioinformatika markaziga bepul berilayotgan mol-mulk qiymati, shuningdek, ushbu qarorning 5-bandiga muvofiq maqsadli tushayotgan mablagʻlar qonun hujjatlariga muvofiq soliqqa tortilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:
bir oy muddatda Genomika va bioinformatika markazining ustavi belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda u davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
amaliy yoʻnaltirilganligini kuchaytirishga, natijadorligi hamda hozirgi va kelajak avlodlar sogʻligi uchun xavfsizligiga alohida eʼtibor bergan holda genomika va bioinformatika sohasidagi yuksak talablarga va jahon fani yutuqlari darajasiga mos keladigan ilmiy-tadqiqot ishlari muvofiqlashtirilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi vakillari ishtirokida Genomika va bioinformatika markazining Vasiylik kengashi tashkil etilishini taʼminlasin.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
8. Genomika va bioinformatika markazi tomonidan 3 va 4-ilovalarga* muvofiq olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari, reagentlar va sarflash materiallari 2021-yil 1-yanvargacha bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin.
* 3-4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5399-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5399/1018-son)
9. Belgilansinki, 3 va 4-ilovalarga muvofiq Genomika va bioinformatika markazi tomonidan olib kiriladigan ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari, reagentlar va sarflash materiallari:
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalar obyektlarini sotishdan tushadigan budjetdan tashqari mablagʻlari;
Genomika va bioinformatika markazining oʻz mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar tashkilotlarining grant mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan olingan mablagʻlar hisobiga sotib olinadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tadqiqot ishlarini buyurtmachi mablagʻlari hisobiga moliyalashtirib, gen muhandisligi yoʻli bilan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini baholash boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar belgilangan tartibda oʻtkazilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Genomika va bioinformatika markazida yaratilgan istiqbolli yangi navlarning dala sinovlarini tashkil qilish va oʻtkazishga, urugʻ koʻpaytirishdagi ilmiy-tajriba ishlarini bajarishga, innovatsion ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq qilishni jadallashtirishga har tomonlama yordam koʻrsatsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 10-fevral,
PQ-2769-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-fevraldagi PQ-2769-son qaroriga1-ILOVA
2017 — 2020-yillar davrida genomika va bioinformatika sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, innovatsion ishlarni rivojlantirish, tegishli tadqiqotlarni amalga oshirishda ilmiy salohiyatni va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-fevraldagi PQ-2769-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazining
Xodimlarning umumiy cheklangan soni (yordamchi xodimlarni hisobga olmagan holda) — 60 nafar.