Jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, huquqiy demokratik davlat qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlardan koʻzlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi boʻyicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan boʻlib, unda ichki ishlar organlari muhim oʻrin egallaydi.
Oʻtgan davr mobaynida ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarining mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun tashkil etilgan quyi boʻgʻinini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha salmoqli ishlar qilindi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini taʼminlash, yurtimizda jinoyatchilikning oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik imkonini berdi.
Bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, yoshlar oʻrtasida xalqimizga yot gʻoyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotganligi ichki ishlar organlari oldiga oʻz vaqtida ularning oldini olish va ularga barham berish boʻyicha yangi vazifalarni qoʻymoqda.
Shu bilan birga, keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida toʻplanib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar ushbu vazifalarni samarali bajarishda toʻsiq boʻlmoqda. Xususan:
birinchidan, respublika, oʻrta va quyi boʻgʻindagi boʻlinmalar oʻrtasida asosiy vazifa va funksiyalar aniq taqsimlanmagani har bir xodimning faoliyati ustuvor yoʻnalishlarini va ishning pirovard natijasi uchun shaxsiy javobgarligini belgilashni qiyinlashtirmoqda;
ikkinchidan, amaldagi tashkiliy-shtat tuzilmalari kuch va vositalardan oqilona foydalanishni taʼminlamayapti, oqibatda markaziy va oʻrta boʻgʻinning baʼzi xizmatlarida yetarli ish hajmi boʻlmay turib, keragidan ham ortiqcha shtat birliklari saqlanib turgan bir paytda, quyi boʻlinmalar zimmasiga haddan ziyod xizmat vazifalari yuklanishiga olib kelmoqda;
uchinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslari, shu jumladan profilaktika inspektorlarining aholi bilan muloqoti yoʻlga qoʻyilmagan, fuqarolar bilan muomala madaniyati pastligicha qolmoqda, aholining eng muhim muammolarini hal etish borasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik taʼminlanmayapti;
toʻrtinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzaki koʻrib chiqilmoqda, ularda koʻtarilayotgan masalalar har tomonlama chuqur tahlil qilinmayapti, murojaatlarga rasmiyatchilik uchungina javob berilayotgani fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarmoqda, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va boshqa tashkilotlarga shikoyat bilan murojaat etishga majbur qilmoqda;
beshinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida hisobot berib borishining taʼsirchan tizimi, ularning faoliyati ustidan jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlari joriy etilmagan, bu esa xodimlarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun masʼuliyatini oshirish imkonini bermayapti;
oltinchidan, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi boʻyicha ishlar asosan, sodir etilgan gʻayriqonuniy qilmishlarning oqibatlariga qarshi kurashishdan iborat boʻlib qolmoqda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tizimli va samarali chora-tadbirlar koʻrilmayapti;
yettinchidan, oʻsib kelayotgan avlodni buzgʻunchi gʻoyalardan himoya qilishga, yoshlar jinoiy faoliyatga, avvalambor, terrorizm va diniy ekstremizmga jalb etilishining oldini olishga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti, ichki ishlar organlarining tarbiyaviy oʻrni sezilmayapti;
sakkizinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi hozirgi talablarga javob bermaydi, poraxoʻrlik va xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish holatlari hamon uchrab turibdi;
toʻqqizinchidan, eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tizimga joriy etish, ichki ishlar organlarini zamonaviy vositalar va asbob-uskunalar bilan jihozlash darajasi qoniqarsizligicha qolmoqda.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yoʻnalishlari deb hisoblansin:
birinchidan, ichki ishlar organlarini aholiga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatadigan, har bir xodimi tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni oʻz xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional tuzilmaga aylantirish;
ikkinchidan, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarni, bajarilayotgan ishlar muhimligi va koʻlamini eʼtiborga olgan holda ichki ishlar organlari barcha darajadagi boʻlinmalarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish;
uchinchidan, xalq bilan aniq maqsadni koʻzlab oʻtkaziladigan tizimli muloqotni taʼminlash, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish, aholining eng muhim muammolari hal etilishiga har tomonlama koʻmaklashish;
toʻrtinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etishning sifat jihatidan mutlaqo yangi tartibini oʻrnatish, murojaatlarni koʻrib chiqish va hal etishga yuzaki va rasmiyatchilik bilan yondashuvlarga chek qoʻyish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun vakolat doirasida barcha vositalarni ishga solish;
beshinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida muntazam hisobot berib borishi tizimini, qilingan ishlarga baho berishning aniq mezonlarini, shuningdek ularning faoliyatida qonuniylikni taʼminlash boʻyicha jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish;
oltinchidan, avvalo, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini oʻz vaqtida bartaraf etish, aholining barcha qatlamlari huquqiy madaniyatini oshirish, ularda qonunga hurmat, qonun buzilishining har qanday koʻrinishiga murosasizlik tuygʻusini singdirish yoʻli bilan huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va oldi olinishini taʼminlash;
yettinchidan, voyaga yetmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, oʻsib kelayotgan avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoya qilishga qaratilgan tizimni rivojlantirish;
sakkizinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish hamda yanada takomillashtirish, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
toʻqqizinchidan, ichki ishlar organlari barcha boʻlinmalarining faoliyati yanada samarali boʻlishini taʼminlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
oʻninchidan, ichki ishlar organlari faoliyatining moddiy-texnika taʼminotini yanada yaxshilash, xodimlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularni xizmat turar joylari bilan taʼminlash.
2. 2017-yil 1-oktabrdan quyidagi tartib oʻrnatilsin:
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari tomonidan yiliga ikki marotaba tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati, shuningdek, jamoat xavfsizligi haqidagi hisobotlari eshitiladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan har chorakda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlarining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati, shuningdek jamoat xavfsizligi haqidagi hisobotlari eshitiladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
Ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari eshitilayotganda ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi yuzasidan koʻrilayotgan choralar va ishlar natijasi tanqidiy muhokama qilinishi, ular faoliyatining samaradorligiga alohida baho berilishi, shuningdek egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi haqida tavsiyalar qabul qilinishi belgilab qoʻyilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 06/21/6196/0240-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 06/21/6196/0240-son)
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
6. Quyidagi ustuvor yoʻnalishlar nazarda tutilgan Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar Dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, vazifa va funksiyalarini maqbullashtirish boʻyicha institutsional oʻzgarishlar;
ichki ishlar organlarining faoliyatini ochiq va oshkora, shuningdek fuqarolarning ularga ishonchi oshishini taʼminlaydigan tarzda tashkil etish;
kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qoʻyishning ilgʻor mexanizmlarini joriy etish, ularning malakasi, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini oshirish orqali kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasi, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va uy-joy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun vazirlik va idoralarning rahbarlari shaxsan javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
8. 2025-yilning 1-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Dastur tadbirlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan uskunalar, texnika, aloqa tizimi va vositalari, dasturiy taʼminot mahsulotlari hamda boshqa moddiy-texnik vosita va resurslar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvlari uchun yigʻimlardan va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) ozod etilsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda bir hafta muddatda ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ichki ishlar organlarining yangi tashkil etilayotgan boʻlinmalarini joylashtirish, jihozlash va ular faoliyatining oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun boshqa tashkiliy masalalarni hal etish boʻyicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 10-aprel,
PF-5005-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-sonli Farmoniga 1-ILOVA
Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar
Izoh: Normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
Chora-tadbirlar dasturining IV boʻlimida nazarda tutilgan tadbirlar va ularning ijro muddatlariga Ichki ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda maqsad koʻrsatkichlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishidan kelib chiqib oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga