PQ-2909-son Qaror · 20.04.2017

Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2909
  • Qabul qilingan sana:20.04.2017
  • Kuchga kirgan sana:21.04.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 18

Taʼkidlash joizki, 2011 — 2016-yillarda Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida 25 ta oliy taʼlim muassasasining 202 ta obyektida yangi qurilish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari bajarildi.

Iqtisodiyotning real sektori talablaridan kelib chiqib, muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish yoʻnalishlari va ixtisosliklari boʻyicha oʻqishga qabul qilish, uning umumiy soniga nisbatan 23 foizdan 33,2 foizga oshdi. Oliy taʼlim sohasida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha yangilangan davlat oliy taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari joriy qilindi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-oktabrdagi F-4724-son farmoyishi bilan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan oliy taʼlim tizimidagi holatni oʻrganish natijalariga koʻra, bir qator oliy taʼlim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, taʼlim jarayonlarini axborot-uslubiy va oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.

Oliy taʼlim tizimida oʻz yoʻnalishlari boʻyicha dunyoning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatish, oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribalarini joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmayapti.

Oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta koʻrish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlash maqsadida:

1. Oliy taʼlim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish boʻyicha eng muhim vazifalar etib quyidagilar belgilansin:

har bir oliy taʼlim muassasasi jahonning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatish, oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish, oʻquv-pedagogik faoliyatga, master-klasslar oʻtkazishga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor taʼlim muassasalaridan yuqori malakali oʻqituvchilar va olimlarni faol jalb qilish, ularning bazasida tizimli asosda respublikamiz oliy taʼlim muassasalari magistrant, yosh oʻqituvchi va ilmiy xodimlarining stajirovka oʻtashlarini, professor-oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish;

oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli parametrlarini shakllantirish, oliy taʼlim muassasalarida oʻqitish yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini istiqbolda mintaqalar va iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks rivojlantirish, amalga oshirilayotgan hududiy va tarmoq dasturlarining talablarini inobatga olgan holda optimallashtirish;

taʼlim jarayonini, oliy taʼlimning oʻquv reja va dasturlarini yangi pedagogik texnologiyalar va oʻqitish usullarini keng joriy etish, magistratura ilmiy-taʼlim jarayonini sifat jihatidan yangilash va zamonaviy tashkiliy shakllarni joriy etish asosida yanada takomillashtirish;

yangi avlod oʻquv adabiyotlarini yaratish va ularni oliy taʼlim muassasalarining taʼlim jarayoniga keng tatbiq etish, oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;

pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, xorijda pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkasini oʻtkazish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini PhD va magistratura dasturlari boʻyicha oʻqitish, oliy taʼlim muassasalari va qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari oʻquv jarayonlariga yuqori malakali xorijiy olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish;

oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlimda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;

oliy taʼlimning maʼnaviy-axloqiy mazmunini oshirish, talaba-yoshlarga mustaqillik gʻoyalariga, yuksak maʼnaviyat va insoniylikning milliy anʼanalariga sodiqlik ruhini chuqur singdirish, ularda yot gʻoya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy tafakkurni mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni olib borish;

oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini oʻquv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari, ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, oliy taʼlim ilm-fanining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv-ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlash orqali yanada mustahkamlash;

oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash, oliy taʼlim muassasalari talabalari, oʻqituvchilari va yosh tadqiqotchilarining jahon taʼlim resurslari, zamonaviy ilmiy adabiyotlarning elektron kataloglari va maʼlumotlar bazalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish.

2. 2017 — 2021-yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur), uning tarkibida quyidagilar:

2017 — 2021-yillarda oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlari 1-ilovaga muvofiq;

2017 — 2021-yillarda oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiyalash, ularni zamonaviy oʻquv-ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash kompleks chora-tadbirlari 2-ilovaga muvofiq;

2017 — 2021-yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish moliyaviy xarajatlar hajmining hisoblangan parametrlari 3-ilovaga* muvofiq;

2017 — 2021-yillarda qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy taʼlim muassasalari roʻyxati 4-ilovaga* muvofiq;

2017 — 2021-yillarda oʻquv va ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy taʼlim muassasalari roʻyxati 5-ilovaga* muvofiq;

2017 — 2021-yillarda oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirishning manzilli dasturlari 6 — 74-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish boʻyicha “Isteʼdod” fondining faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni, quyidagilarni inobatga olgan holda, tayyorlasin:

xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarida oliy taʼlim muassasalarining pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish, stajirovkasini oʻtkazish, bitiruvchilarning PhD va magistratura dasturlarida oʻqitishni tashkillashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni;

yuqori malakali xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarni xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik mexanizm va shakllarini joriy etishning ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda, Oliy taʼlim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari oʻquv jarayoniga keng jalb etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini;

“Isteʼdod” fondining moliyaviy resurslarini shakllantirish manbasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini jalb etishni.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarni respublika oliy taʼlim muassasalari, Oliy taʼlim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari (keyingi oʻrinlarda — Tarmoq markazlari) oʻquv jarayonlariga jalb etishda:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflari asosida xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash ularning xohishiga koʻra milliy valyutada yoki xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazgan holda chet el valyutasida amalga oshiriladi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislar uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalarida bir yilda ikki martadan oshmagan holda) oliy taʼlim muassasalari, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada toʻlanadi;

xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarning bir oydan oshmagan muddatga tuzilgan qisqa muddatli mehnat shartnomalari boʻyicha respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari oliy taʼlim muassasasi, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada toʻlanadi, bundan uzoq muddatga tuziladigan mehnat shartnomalari boʻyicha xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarning uy-joy ijara xarajatlari tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq oylik maoshlarini toʻlashda amalga oshiriladi;

xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan davrida kunlik safar xarajatlari 80 ming soʻm miqdorida milliy valyutada toʻlanadi;

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PF-5197-sonli Farmoni tahririda)

oliy taʼlim muassasalari, Tarmoq markazlari oʻquv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad soliqlari toʻlashdan ozod etiladi;

oliy taʼlim muassasalari, Tarmoq markazlari oʻquv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari yagona ijtimoiy toʻlovlardan ozod etiladi;

xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarni jalb etish va ularning moddiy taʼminoti boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish manbasi sifatida oliy taʼlim muassasalari va Tarmoq markazlariga oʻrnatilgan tartibda ajratiladigan budjet mablagʻlari, oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining manfaatdor davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan quyidagi takliflari qabul qilinsin:

Namangan muhandislik-pedagogika institutini Namangan muhandislik-qurilish institutiga aylantirish va uning ixtisoslashuvini oʻzgartirish;

Termiz shahrida Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti filiallarini tashkil qilish.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mazkur taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonini toʻliq tashkil qilish, professor-oʻqituvchilar tarkibini butlash, zarur moddiy-texnika va oʻquv-laboratoriya bazasini shakllantirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.

7. 2017 — 2021-yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun 75-sonli ilovadagi* tarkibga muvofiq Komissiya tashkil qilinsin.

* 3 — 75-ilovalar berilmaydi.

Komissiya (A. N. Aripov):

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning takliflari boʻyicha har yili, moliyaviy xarajatlarning umumiy tasdiqlangan parametrlari doirasida, oliy taʼlim muassasalarining oʻquv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini ularning texnik holatini, shuningdek, har bir oliy taʼlim muassasasining moddiy-texnika taʼminotini inobatga olgan holda qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash manzilli roʻyxatlarini tasdiqlasin;

(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning asoslangan takliflari boʻyicha moliyaviy yil uchun belgilangan kapital qoʻyilmalar doirasida tasdiqlangan manzilli roʻyxatlar parametrlariga oʻzgartirishlar kiritib borsin;

(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Dasturning amalga oshirilib borishi boʻyicha tizimli monitoring oʻrnatsin va uning bajarilish natijalarini Vazirlar Mahkamasining yarim yil va yil yakunlari boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻilishlari muhokamasiga kiritib borsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish boʻyicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib borsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

9. Dasturning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

oʻquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

Navoiy konchilik instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari hamda Toshkent temir yoʻl muhandislari institutining oʻquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha — idoraviy mansubligi boʻyicha tegishli tashkilotlarning oʻz mablagʻlari.

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-iyundagi PF-5083-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 24-son, 490-modda)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi 2018-yil va keyingi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari parametrlarini shakllantirishda, Komissiya qarori asosida, oliy taʼlim muassasalarida qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlari uchun zarur mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi resurslaridan ajratilishini nazarda tutsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2020-y., 06/20/5370/0975-son)

11. Belgilansinki, Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 2017 — 2021-yillar mobaynida xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yoʻnaltirilgan xayriya mablagʻlari foyda soligʻini hisoblashda va yagona soliq toʻlovini toʻlashda soliqqa tortish bazasidan chiqariladi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining oliy taʼlim muassasalari oʻquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashni loyihalashtirishda qoʻllaniladigan yagona texnik topshiriq va talablar konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyihachi tashkilot sifatida “Tashgiprogor” aksiyadorlik jamiyatini belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga oliy taʼlim muassasalarida qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha ishlarni tashkil etishda, jumladan, zarur hollarda, ularga yer maydonlarini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda va tashqi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishda koʻmaklashsin;

oliy taʼlim muassasalarining tashqi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishida optimal texnik sharoitlar yaratilishini taʼminlasin.

Oliy taʼlim muassasalari ixtiyoridagi yer maydonlarini tasarruf etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshirilishi belgilansin.

14. Quyidagilar 2022-yilning 1-yanvarigacha:

2017 — 2021-yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 21-maydagi PQ-1533-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2011 — 2016-yillarda Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturi doirasida olib kiriladigan zamonaviy oʻquv-laboratoriya, ilmiy-laboratoriya va kompyuter uskunalari, sarflanadigan laboratoriya materiallari (butlovchi materiallar, reaktivlar, kimyoviy idish, biologik materiallar va obyektlar), dasturiy mahsulotlar, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha xorijiy oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno);

taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha bajariladigan amaliy, innovatsion ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari boʻyicha yuridik shaxslarning daromad soligʻi, yagona soliq toʻlovi, qoʻshimcha qiymat soligʻi va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlardan (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari) ozod etilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy taʼlim sohasida zamonaviy standartlar talablaridan kelib chiqib, mavjud maydonlardan optimal foydalanish, zamonaviy resurs va energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllash, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va butlovchi qismlardan ustuvor foydalanishni nazarda tutgan holda oliy taʼlim muassasalari boʻyicha shaharsozlik qurilish meʼyorlari va qoidalarini tanqidiy qayta koʻrib chiqsin;

ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlari, berilayotgan ekspert xulosalari va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan doimiy va tizimli nazoratni taʼminlasin.

16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 20-aprel,

PQ-2909-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qaroriga 1-ILOVA

2017 — 2021-yillarda oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qaroriga2-ILOVA

2017 — 2021-yillarda oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiyalash, ularni zamonaviy oʻquv-ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2020-y., 06/20/5370/0975-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.