Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini kommunal-maishiy sharoitlarga ega boʻlgan, zamonaviy talablar va standartlarga javob beradigan qulay xizmat uy-joyi bilan taʼminlash, shuningdek inspektorlarning nufuzini oshirish va xizmatni samarali oʻtashini taʼminlash maqsadida:
1. 2017-2018-yillarda ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini (keyingi oʻrinlarda profilaktika inspektorlari deb ataladi) bevosita ular xizmatni oʻtaydigan hududda joylashadigan xizmat uy-joyi bilan taʼminlash dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) maʼqullansin, Dastur quyidagi asosiy parametrlarni oʻz ichiga oladi:
2017-2018-yillarda profilaktika inspektorlarini bevosita ular xizmatni oʻtaydigan hududda joylashadigan koʻp xonadonli uylardagi xizmat kvartiralari (keyingi oʻrinlarda xizmat kvartiralari deb ataladi) bilan 1-ilovaga muvofiq taʼminlash;
2017-2018-yillarda profilaktika inspektorlari uchun bevosita ular xizmatni oʻtaydigan joy yaqinidagi massivlar hududida joylashadigan xizmat uy-joylarini (keyingi oʻrinlarda xizmat uy-joylari deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq qurish.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Dastur doirasida:
davlat hokimiyati organlari profilaktika inspektorlariga berish uchun ularning tasarrufida boʻladigan, ikkilamchi bozorda davlat daromadiga yoʻnaltirilgan uy-joyni sotib olish, shuningdek ikkilamchi bozordan qabul qilib olinadigan kvartiralar egalariga yer uchastkalari berish yoʻli bilan uy-joy fondini shakllantiradilar;
xizmat uy-joylarini qurish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2639-sonli qarori bilan joriy etilgan, 0,02 gektar hajmdagi yer uchastkalarida joylashtiriladigan, hovli inshootlariga ega boʻlgan bir qavatli 2 va 3 xonali uy- joylarning namunaviy loyihasi boʻyicha amalga oshiriladi;
xizmat uy-joylari qurishga massivlarni tayyorlash, shuningdek sugʻorish suv quvuri, irrigatsiya tarmoqlari, kirib kelish yoʻllari, yoʻlaklari va tashqi yoritish tarmoqlari qurishni hisobga olgan holda ularning hududlarini obodonlashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Dastur doirasida profilaktika inspektorlariga xizmat kvartiralari berish uchun ikkilamchi bozorda uy-joy sotib olishda oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlash uchun davlat boji toʻlashdan 2019-yil 1-yanvargacha ozod qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligining Dastur doirasida xizmat uy-joylari, ular uchun suv taʼminoti tarmoqlari, kanalizatsiya va uy-joylarga kirib kelish yoʻllari tarmoqlarini qurish boʻyicha:
“Qishloq qurilish invest” IK” MChJni — buyurtmachi etib;
“Qishloq qurilish loyiha” MChJni — bosh loyiha tashkiloti etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
5. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar — xizmat kvartiralari bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, jumladan markazlashgan kapital qoʻyilmalar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar — xizmat uy-joylarini qurish;
tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AK va “Oʻzbektelekom” AK mablagʻlari — xizmat uy-joylari uchun suv taʼminoti, kanalizatsiya, elektr taʼminoti, gaz taʼminoti va aloqa tarmoqlarini qurish boʻyicha moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda buyurtmachiga Dastur doirasida xizmat uy-joylari qurish uchun profilaktika inspektorlari xizmatni oʻtaydigan joyga bevosita yaqin joydagi massivlar hududida joylashgan, shuningdek tashqi muhandislik-kommunikatsiyalaridan foydalanadigan yer uchastkalari berilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzqurilishmateriallari” AJ buyurtmachining asoslangan hisoblari boʻyicha Dastur doirasida uy-joylar qurish uchun toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar va tartibga solinadigan narxlar boʻyicha zarur miqdorda metall prokati, sement va qurilish oynasi ajratilishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2639-sonli qarorida nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va preferensiyalar buyurtmachiga, pudratchilarga, subpudratchilarga, loyihachilarga, ishlab chiqarish, transport tashkilotlariga hamda Dastur doirasida xizmat uy-joylari qurishda qatnashadigan boshqa tashkilotlarga tatbiq etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda barcha jarayonlarning mexanizmi va moliyalashtirish sxemasini aniq koʻrsatgan holda, profilaktika inspektorlariga xizmat kvartiralari va uy-joylarini taqdim etish hamda ularni ekspluatatsiya qilish va saqlash tartibi boʻyicha nizom loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Dastur doirasida quriladigan xizmat uy-joylarining loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini va qurilish-montaj ishlarini bajarish sifati yuzasidan davlat-arxitektura nazorati amalga oshirilishini taʼminlasin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-noyabrdagi PQ-2660-sonli qarori bilan tasdiqlangan Shaharlarda arzon koʻp kvartirali uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturining 2018-yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda imtiyozli ipoteka krediti berish asosida, ichki ishlar organlarining ehtiyojmand va xizmatda namuna koʻrsatgan xodimlariga sotish uchun koʻp kvartirali uylar qurishni nazarda tutsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-aprel,
PQ-2906-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2906-son qaroriga1-ILOVA
2017-2018-yillarda profilaktika inspektorlarini bevosita ular xizmatni oʻtaydigan hududda joylashadigan koʻp xonadonli uylardagi xizmat kvartiralari bilan taʼminlashning
Izoh: profilaktika inspektorlari soni va ularning xizmat kvartiralariga boʻlgan ehtiyojlari oʻzgarganda parametrlarga belgilangan tartibda tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2906-son qaroriga2-ILOVA
2017-2018-yillarda profilaktika inspektorlari uchun bevosita ular xizmatni oʻtaydigan joy yaqinidagi massivlar hududida joylashadigan xizmat uy-joylarini qurishning
Izoh: profilaktika inspektorlari soni va ularning xizmat kvartiralariga boʻlgan ehtiyojlari oʻzgarganda parametrlarga belgilangan tartibda tuzatishlar kiritilishi mumkin.