Qayd etib oʻtilsinki, Mustaqillik yillarida shahar va qishloqlar aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, uy-joy va ijtimoiy-maishiy qurilishni jadal rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish hamda yangilash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari Toshkent, Andijon, Fargʻona, Namangan, Qoʻqon, Urganch, Qarshi, Shahrisabz shaharlarining arxitektura qiyofasini butunlay oʻzgartirib yubordi. Tasdiqlangan bosh rejalar boʻyicha Guliston, Termiz va Jizzax shaharlarini rekonstruksiya qilish yuqori surʼatlar bilan olib borilmoqda.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dasturini amalga oshirish natijasida qishloq aholi punktlarining qiyofasi tubdan yaxshilanib bormoqda, ijtimoiy-bozor infratuzilmasining rivojlangan tarmogʻi yaratildi.
Shu bilan birga shaharsozlik faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjud. Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni, aholi punktlarini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirishda, ishlab chiqarish, ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasi obyektlarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini qoʻpol ravishda buzishning koʻpdan koʻpfaktlari aniqlandi.
Aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida funksiya va vakolatlarning aniq chegaralab qoʻyilmaganligi shaharlar va boshqa aholi punktlarini reja asosida rivojlantirish hamda kompleks ravishda qurishga jiddiy zarar yetkazayotgan asossiz va shoshma-shosharlik bilan loyiha-rejalashtirish yechimlari qabul qilinishiga, shuningdek, shaharsozlik hujjatlari va qurilish sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatining butun tizimini tubdan qayta tashkil etishni, shaharsozlikning normativ-huquqiy va institutsional bazasini yanada takomillashtirishni, shaharsozlik hujjatlari sifatini oshirishni taqozo etmoqda.
Moddiy-texnika bazasi yuqori darajada boʻlgan va oʻz faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanadigan loyiha tashkilotlarining keng miqyosli hududiy tarmogʻi mavjud emasligi, ilgʻor xorijiy tajriba, arxitektura va dizayn sohasidagi yutuqlardan, shuningdek, innovatsion dasturiy yechimlardan yetarlicha foydalanilmasligi shaharsozlik hujjatlarini loyihalashtirish va ishlab chiqish sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bularning hammasi qurilish sohasida davlat mablagʻlari va resurslaridan nooqilona foydalanilishiga olib kelmoqda.
Arxitektura va shaharsozlik sohasini yanada rivojlantirish, shaharlar va aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish holatini yaxshilash, aholi punktlarini kompleks qurish boʻyicha qabul qilinayotgan qarorlar uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining, qoʻmita hududiy boʻlinmalari rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining shahar va aholi punktlari bosh rejalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining asosiy vazifalari hamda faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bosh rejalar asosida aholi punktlarini kompleks qurish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish va qoʻllashda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga soʻzsiz rioya etilishi ustidan tizimli davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirish, buyurtmachilar tomonidan texnik nazorat va loyiha tashkilotlari tomonidan mualliflik nazorati oʻtkazilishini tekshirish;
respublika hududida aholini joylashtirishning Bosh sxemasini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkillashtirish, shaharsozlik hujjatlari va davlat shaharsozlik kadastri amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar olib borish sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib borish, yuqori samarali va energiya tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsion loyihalarni tatbiq etish;
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish normalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, loyihalashtirish, qurilish, qurilish industriyasi, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;
loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda zamonaviy talablarga mos keladigan hududiy tarmoqlarni kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qoʻllaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, mualliflik nazoratining roli va masʼuliyatini oshirish, shaharsozlik, loyiha oldi va loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasini oʻtkazish;
mehnat unumdorligi oshirilishini, qurilish qiymati pasaytirilishini, resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan ilgʻor texnologiyalarni qurilish sohasiga joriy etish, Qurilish pudrat tashkilotlari reyestrini yuritish;
bozor islohotlari jarayonlarini chuqurlashtirish, hamma joyda raqobatli narx belgilash mexanizmlarini tatbiq etish, korporativ normalar va narx belgilashning rolini oshirish, loyihalash va qurilishning smeta-normativ bazasini takomillashtirish;
kapital qurilishda davlat xarid tizimini takomillashtirish, tanlov (tender) hujjatlarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan oʻtkazish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qilish, shartnomaviy majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish;
arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini litsenziyalash, loyiha-smeta hujjatlarini va qurilish faoliyatining ayrim turlarini ekspertizadan oʻtkazish;
arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida tizimli asosda malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlash, respublikaning ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayonining darajasi va sifatini tubdan oshirish, qurilish sohasidagi loyihachilar va mutaxassislarning doimiy asosda malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining raisi, shuningdek, qoʻmita hududiy boʻlinmalarining rahbarlari zimmasiga shahar aholi punktlarining bosh rejalari va mufassal rejalashtirish loyihalari, shuningdek, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yigʻinlari hududlarining arxitektura-rejalashtirish loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqishni taʼminlash, ularni ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini qoʻmitaga topshirish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Loyiha va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi etib, arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari bilan, qayta tashkil qilinsin, uning eng muhim vazifasi etib, aholi punktlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalariga qatʼiy muvofiq ravishda kompleks qurilishini, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholi punktlarini rejalashtirish va qurishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga soʻzsiz rioya etishlari, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarilishi va qoʻllanilishi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish, buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib borish belgilansin.
Quyidagilar belgilansin:
Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasining boshligʻi lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari hisoblanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyalarining boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi respublika arxitektura shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
shaharsozlik va arxitekturani yanada rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini shakllantirish, koʻrib chiqish va amalga oshirish borasidagi ishlarni tashkil etish;
shaharlar, shahar posyolkalari va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalarini koʻrib chiqish va kelishib olish, ularning amalga oshirilishi, arxitektura-rejalashtirish hujjatlariga, muhim shaharsozlik normalari va standartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
ilmiy asoslangan holda aholini joylashtirish, hududlarni rejalashtirish va qurish, zamonaviy talablarni, milliy arxitektura-madaniy anʼanalarni, shahar hududlaridan samarali foydalanish, tabiiy muhitga ziyon yetkazmaydigan munosabatda boʻlishni hisobga olgan holda aholi punktlarining arxitektura-rejalashtirish tuzilmasini uygʻun rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
aholi punktlarining ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasini kompleks yangilash, zamonaviy shahar markazlarini shakllantirish, eski turar joy muhitining shinamligini sifat jihatdan oshirishni va tarixiy-arxitektura merosi obyektlari saqlab qolinishini nazarda tutgan holda eski shahar tumanlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi (A.J.Ramatov) aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, kompleks ravishda qurish, ijtimoiy, muhandislik va transport infratuzilmasini taʼminlash boʻyicha aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining asosiy qoidalari bajarilishi toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining hamda vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitishni amaliyotga joriy etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzurida, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzurida 1a-ilovaga* muvofiq namunaviy tarkibda hududiy arxitektura qurilish kengashlarini tuzish va ularning zimmasiga quyidagi vazifalarni yuklash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
viloyatlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini hamda tumanlar (tuman guruhlari)ni rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, mufassal rejalashtirish loyihalarini hamda oʻz tasarrufidagi hududlarda boshqa shaharsozlik hujjatlarini koʻrib chiqish va kelishib olish;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalarini koʻrib chiqish va kelishib olish;
aholi punktlarini va qishloqlararo hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish toʻgʻrisida davlat boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning takliflarini koʻrib chiqish;
bosh rejalarni, mufassal rejalashtirish loyihalari hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish, shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududlarda muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha viloyat, tuman va shaharlar davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir;
hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilmagan holda shaharlar va tumanlar markazlarining tasdiqlangan bosh rejalariga oʻzgartishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar:
belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalar va mufassal rejalashtirish loyihalari mavjud boʻlmaganida shahar va tuman markazlarida obyektlarni joylashtirish va qurish (qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno);
tasdiqlangan loyiha hujjatlari, davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasining qurilish-montaj ishlarini bajarish yuzasidan ekspertizasining ijobiy xulosasi va ruxsati mavjud boʻlmaganida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno) qatʼiy taqiqlansin.
Belgilansinki, istisno hollarda tasdiqlangan bosh rejalarga va mufassal rejalashtirish loyihalariga ega boʻlmagan shaharlar va tuman markazlarida maqsadli dasturlarda va Oʻzbekiston Respublikasining hukumat qarorlarida nazarda tutilgan uy-joy va ijtimoiy-fuqarolik ahamiyatidagi obyektlarni joylashtirish va qurish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligining:
ixtisoslashtirilgan oliy va oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi muassasalarini 2-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tarkibiga oʻtkazish, ularni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga taʼminlash xarajatlarini moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
10. Quyidagilar Jamgʻarma daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, loyiha-qidiruv tashkilotlarining bajarilayotgan loyiha-qidiruv ishlari hajmining 0,1 foiz miqdoridagi majburiy ajratmalari;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun solingan jarimalardan tushgan mablagʻlar (sud xarajatlari chiqarib tashlangan);
Oʻzbekiston Respublikasining rezident hamda norezident yuridik va jismoniy shaxslarining ixtiyoriy homiylik badallari;
xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari hamda begʻaraz yordami va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda:
a) bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish va loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qarorlari loyihalarini kiritsin;
b) bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari toʻgʻrisidagi nizomlarni;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomni;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 3-ilovaga* muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
* 1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-may,
PF-5030-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi FarmonigaShARH