PF-5024-son Farmon · 21.04.2017

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5024
  • Qabul qilingan sana:21.04.2017
  • Kuchga kirgan sana:22.04.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 17

Respublikada ekologik xavfsizlikni taʼminlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sogʻligʻiga zararli taʼsirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi PF-189-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2022-y., 06/22/189/0734-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)

5. Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy xaraktyerga ega boʻlgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, mulkchilik shakllari va idoraviy boʻysunishidan qatʼiy nazar, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun, shu jumladan, chiqindilar bilan bogʻliq ishlar sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun aybdor shaxslarni oʻrnatilgan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish huquqiga egadir.

6. Quyidagilar:

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi PF-189-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2022-y., 06/22/189/0734-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va shaharlarda hamda respublika tumanlarida tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining maishiy chiqindilarni tashib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchastkalari negizida ularning filiallari tashkil etilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi PF-189-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2022-y., 06/22/189/0734-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida tabiatni muhofaza qilish respublika va hududiy jamgʻarmalari negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasini tashkil etish, uning mablagʻlarini, birinchi navbatda, atrof-muhitni muhofaza qilish, shu jumladan, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish, bioresurslarni saqlash va qayta tiklash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va uning monitoringi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, targʻibot va taʼlim ishlarini tashkil etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, shuningdek, Davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan aloqador boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va “2017 — 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari loyihasini kiritsin, Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish va muvofiqlashtirish Respublika komissiyasi tuzilishini nazarda tutsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonun loyihalarini ikki hafta muddatda kiritsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80 va 93-moddalariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”;

chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorlarini oshirishni nazarda tutib, fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni koʻzda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”;

keng tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olishning belgilangan tartibini buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan “Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 21-aprel,

PF-5024-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-aprelda imzolangan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-5024-sonli Farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.