F-4956-son Farmoyish · 05.06.2017

Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlari tomonidan Qozogʻiston Respublikasida tashkil etilgan savdo uylari orqali tovarlar eksportini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-4956
  • Qabul qilingan sana:05.06.2017
  • Kuchga kirgan sana:13.06.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 23

Eksport nomenklaturasini kengaytirish va hajmlarini oshirish, Qozogʻiston Respublikasida tashkil etilgan savdo uylari orqali, shu jumladan, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahalliy tovarlarning keng turlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni tashkillashtirish maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Qozogʻiston Respublikasi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga boʻlgan tashrifi natijalari boʻyicha erishilgan Qozogʻiston Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ilovaga muvofiq qoʻshma korxonalar (keyingi oʻrinlarda — savdo uylari deb yuritiladi) tashkil etildi.

2. Belgilansinki, 2017-yilning 1-iyunidan boshlab “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzvinsanoatxolding” XK, “Oʻzsanoateksport” AJ, “Oʻzagroeksport” AJ, shuningdek, ularning tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar, bank kafolatnomasi yoki siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan eksport kontraktlarini sugʻurtalash polisini taqdim etmasdan, ustav jamgʻarmasida, mazkur tashkilotlarning umumiy ulushi kamida 51 foizni tashkil qiladigan, ushbu qarorning ilovasida belgilangan Qozogʻiston Respublikasidagi savdo uylari manzillariga tovarlarni konsignatsiya shartlarida yetkazib berishlari mumkin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

3. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 9-avgustdagi 189-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2005-yil, 8-son, 40-bet) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan xorijiy mamlakatlardagi ular tashkil etgan savdo uylari, vakolatxonalar, korxonalar orqali, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining xorijiy mamlakatlardagi savdo investitsiya uylari orqali olib chiqilayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 6-bandi, quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK, “Oʻzvinsanoatxolding” XK, “Oʻzsanoateksport” AJ, “Oʻztreyd”AJ, “Oʻzagroeksport” AJ, shuningdek, ularning tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar, ustav jamgʻarmasida, mazkur tashkilotlarning umumiy ulushi kamida 51 foizni tashkil qiladigan Qozogʻiston Respublikasidagi savdo uylari manziliga yetkazib berilishi mumkin.”

4. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 5-iyun,

F-4956-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyundagi F-4956-son farmoyishiga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tashkil etilgan qoʻshma korxonalar (savdo uylari)

1. “NefteximTreyding” Oʻzbekiston-Qozogʻiston savdo uyi” MCHSH — neft-kimyo va kimyo mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish boʻyicha. Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik yurituvchi subyektlari ulushi: “Oʻzbekneftgaz” MXK — 17 foiz, “Oʻzkimyosanoat” AJ — 17 foiz, “Oʻzsanoateksport” AJ — 17 foiz.

2. “Markaziy Osiyo savdo uyi” MCHSH — oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish boʻyicha. Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik yurituvchi subyektlari ulushi: “Oʻzagroeksport” AJ — 17 foiz, “Vinpromimpeks” MCHJ — 17 foiz, “Oʻztreyd” AJ — 17 foiz.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.