Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarori ijrosini taʼminlash hamda mintaqada ishlab chiqarish, mavjud texnika va texnologiyalardan foydalanish, xizmat koʻrsatishning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish, muhandislik taʼlimini rivojlantirishda jahon tajribasini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qaroriga muvofiq Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali (keyingi oʻrinlarda Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
transport tizimlari va yoʻllari hamda ularning ekspluatatsiyasi, kimyoviy texnologiya, bino va inshootlar qurilishi va materiallari, oziq-ovqat texnologiyasi, texnologik mashina va jihozlar, yengil sanoat texnologiyasi, ekologiya va sanoat xavfsizligi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilgʻor xorijiy texnologiyalarni sinab koʻrish va joriy etishga yoʻnaltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;
xorijiy mamlakatlar taʼlim muassasalarining tajribasini va mamlakat iqtisodiyoti talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklar boʻyicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-taʼlim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb etish maqsadida texnika sohasidagi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
3. Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga har yilgi talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
4. Quyidagilar:
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tashkil etish, uning moddiy-texnik va ilmiy-pedagogik bazasini taʼminlash chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga, zarur hollarda, Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2017-yil 1-sentabrgacha:
Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialida oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv adabiyotlari, zamonaviy oʻquv laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Surxondaryo viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Termiz shahri, Sulton Saodat koʻchasi, 288 “a”-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti qoshidagi Termiz akademik litseyining binolari va inshootlari hududlari bilan Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Termiz davlat universiteti qoshidagi Termiz akademik litseyi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining binolarida ijara toʻlovisiz joylashadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanish davlat dasturlarining 2019-yilgi va keyingi yillardagi parametrlarini shakllantirishda Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini saqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan tegishli mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son)
8. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filialini saqlash xarajatlari 2017-yilda “Maorif” sohasi boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
9. Quyidagilar Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat texnika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 2-maydagi PQ-2524-son qarorining 1-ilovasi matni 3-ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-iyun,
PQ-3101-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-iyundagi PQ-3101-son qaroriga 1-ILOVA
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining
* Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-iyundagi PQ-3101-son qaroriga 2-ILOVA
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tashkil etish, uning moddiy-texnik va ilmiy-pedagogik bazasini taʼminlash chora-tadbirlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-iyundagi PQ-3101-son qaroriga 3-ILOVA
“Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining
* Filialning shtat jadvali oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlar asosida belgilanadi.
** Budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan taʼminlanadi (toʻlov-kontrakt mablagʻlaridan tashqari).
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-apreldagi PF-5983-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2020-y., 06/20/5983/0490-son)