(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)
Ulugʻ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, oʻquvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga koʻmaklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabni (keyingi oʻrinlarda Ixtisoslashtirilgan maktab deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilansin:
umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur oʻqitilishini tashkil etish;
oʻquvchilarda dasturlash asoslarini, maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi koʻnikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;
yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan pedagoglarni jalb etgan holda oʻquvchilarning yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini taʼminlash;
oʻquvchilarni chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro eʼtirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;
oʻquv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan uzviyligini taʼminlash maqsadida 10-11-sinf oʻquvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishidagi yetakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti oʻtashlarini tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:
Ixtisoslashtirilgan maktabni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi negizida tashkil etish;
Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Tepamasjid koʻchasi, 4-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulugʻbek informatika kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Ixtisoslashtirilgan maktabga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
Mirzo Ulugʻbek informatika kasb-hunar kollejining 2-3-bosqich oʻquvchilari Ixtisoslashtirilgan maktab binosida oʻqishni bitirgunlariga qadar davom ettirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
4. Belgilansinki:
Ixtisoslashtirilgan maktabga oʻquvchilar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tomonidan belgilanadigan kvota doirasida 5-sinfdan boshlab tanlov asosida qabul qilinadi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)
Ixtisoslashtirilgan maktabning binolarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, zarurat boʻlganda yangi binolar qurish, sinf va laboratoriya xonalarini, kutubxona va boshqa inshootlarini zamonaviy jihoz, mebel, kompyuter va boshqa oʻquv-laboratoriya vositalari bilan jihozlash, oʻquv adabiyotlari va metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash, yuqori kasb mahoratiga ega oʻqituvchilar va xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)
Ixtisoslashtirilgan maktabni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda:
Ixtisoslashtirilgan maktabni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, oʻquv-tarbiya jarayonini xalqaro andozalar asosida tashkil etish maqsadida unga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inxa universiteti professor-oʻqituvchilarini belgilangan tartibda jalb etsin;
bir hafta muddatda — Ixtisoslashtirilgan maktabning ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
uch oy muddatda — respublikaning maktab yoshidagi iqtidorli oʻquvchilariga matematika, fizika va informatika fanlarini integratsiyalashgan holda qamrab olgan koʻrik-tanlov natijalariga koʻra beriladigan “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofotni taʼsis etsin.
6. 2017-2018 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Ixtisoslashtirilgan maktabning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda maktabning kutubxona fondini zarur darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarordan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan 2017-yilgi Davlat budjeti parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-sentabr,
PQ-3274-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga