PQ-3275-son Qaror · 14.09.2017

Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabni va “Astronomiya va aeronavtika” bogʻini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3275
  • Qabul qilingan sana:14.09.2017
  • Kuchga kirgan sana:15.09.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 38

(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

Oʻzbekiston tarixida astronomiyaga oid tadqiqotlarning ildizlari eng qadimgi davrga borib taqaladi. Miloddan avvalgi birinchi ming yillikda Oʻzbekiston hududida dehqonchilikning rivojlangan tarixiy-madaniy markazlarida Quyosh, Oy va sayyoralarning harakatlanish qonuniyatlariga doir chuqur bilimlarga asoslangan holda qishloq xoʻjaligi ishlarini amalga oshirish muddatlarini belgilovchi taqvimlarni ishlab chiqqanlar. Oʻzbekistonda astronomiya fanining jadal surʼatlarda rivojlanishi oʻrta asrlar davriga toʻgʻri keladi. Oʻrta asrlar davrining buyuk mutafakkirlari Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayxon Beruniy, ayniqsa Mirzo Ulugʻbekning matematika va astronomiyaning rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasi jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilgan.

Astronomiya fanining kelgusidagi rivojlanishi iqtidorli yoshlar orasidan ushbu sohaning malakali kadrlarini tayyorlash samaradorligini oshirishni talab etishi, oʻsib kelayotgan yosh avlodni astronomiyani oʻrganish boʻyicha xalqimizning tarixiy anʼanalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aeronavtika faoliyati sohasidagi milliy va umumjahon ilm-fanining yangi yutuqlarini oʻrganish va oʻzlashtirishga boʻlgan intilishini rivojlantirish, yoshlarni aeronavtika fani va texnika asoslarini egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:

1. 200 oʻquvchi oʻrni va 150 oʻrinli turar joyiga ega boʻlgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashtirilgan maktab) tashkil etilsin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ixtisoslashtirilgan maktabning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda oʻquvchilarni qabul qilish kvotalariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

3. Astronomiya institutiga maktabning oʻquv jarayonida sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokini taʼminlash, institutning mavjud asbob-uskunalaridan foydalangan holda astronomiya boʻyicha dars va amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish vazifasi yuklatilsin.

4. Toshkent shahar hokimligiga Oʻzbekiston Respublikasi arxitektura va qurilishi Davlat qoʻmitasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda:

Astronomiya instituti hududida ixtisoslashtirilgan maktab binosi va oʻquvchilar turar joyini qurish uchun joy ajratish;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

ixtisoslashtirilgan maktab binosi va oʻquvchilar turar joyi qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

ixtisoslashtirilgan maktabni qurish va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil Investitsiya dasturi doirasida Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratish vazifalari yuklatilsin.

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi va keng jamoatchilik vakillarining:

Toshkent shahar, Astronomiya koʻchasi 33-uy manzilida Astronomiya instituti hududida “Astronomiya va aeronavtika” bogʻi va Planetariyani tashkil etish;

Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini, shuningdek madaniy-tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan teleskoplar pavilyonlarini kapital taʼmirlash boʻyicha takliflari maʼqullansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasiga Toshkent shahar hokimligi buyurtmasiga muvofiq Mudofaa vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Toshkent mexanika zavodi” AJ tasarrufidagi samolyot namunalarini bogʻda joylashtirish uchun ajratish vazifasi yuklatilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktab va bogʻni tashkil etish, Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini kapital taʼmirlash bilan bogʻliq tashkiliy masalalar va moliyalashtirish manbalarini aniqlashga qaratilgan choralarni koʻrsin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 14-sentabr,

PQ-3275-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bogʻini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.