Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3151-son qaroriga muvofiq hamda oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun munosib nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish, oʻquvchilarning tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirishlari uchun zarur va yetarli boʻlgan, chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy tayyorgarligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan mavjud akademik litseylarning faoliyati kompleks tahlil qilinganligi, moddiy-texnika bazasi xatlovdan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining:
oʻtkazilgan kompleks tahlil va xatlov yakunlari boʻyicha aniqlangan oʻquv-metodik va moddiy-texnika bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan, oliy taʼlim muassasalaridan uzoqda joylashgan, taʼlim sifati va bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari past boʻlgan 1-ilovada koʻrsatilgan akademik litseylarning 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarni qabul qilishni toʻxtatishi va 2019-yil 1-sentabrdan boshlab faoliyatini tugatishi toʻgʻrisidagi;
yuqori ilmiy va pedagogik salohiyatga, yetarli moddiy-texnika bazaga ega boʻlgan akademik litseylarni 2-ilovaga muvofiq oliy taʼlim muassasalari tasarrufiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
2017/2018 oʻquv yilidan boshlab akademik litseylarda oʻqish muddati ikki yil etib belgilanadi va ularga oʻquv-metodik jihatdan rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
akademik litseylardan uzoq joylashgan hududlardan qabul qilingan oʻquvchilar belgilangan tartibda yotoqxona hamda ota-onalar toʻlovi hisobiga (har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida) xarajatlarni qisman qoplagan holda, imtiyozli oziq-ovqat bilan taʼminlanadilar;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar qabuli toʻxtatilayotgan akademik litseylarning 2 va 3-bosqich oʻquvchilari mazkur akademik litseylarda taʼlimni amaldagi oʻquv dasturlari boʻyicha belgilangan tartibda yakunlaydilar va ularga davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomi beriladi;
akademik litseylar rahbar va pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazlarida amalga oshiriladi;
faoliyati tugatiladigan akademik litseylarning bino va inshootlari, yer maydonlari, birinchi navbatda, amalda biriktirilgan oliy taʼlim muassasasiga, oliy taʼlim muassasasida ehtiyoj mavjud boʻlmagan hollarda tegishli tuman (shahar)lar hokimliklariga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi;
akademik litseylar samarali faoliyat koʻrsatishi, ulardagi oʻqitish sifatini taʼminlash hamda ular moddiy-texnika bazasi va yuqori malakali oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlanganligi, taʼlim-tarbiya jarayoni ustidan nazorat qilinishi, bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi koʻrsatkichlarini toʻliq taʼminlash uchun shaxsiy masʼuliyat tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlariga yuklanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori M. Xolmuxamedov:
bir oy muddatda faoliyati tugatiladigan 1-ilovadagi akademik litseylarning bino va inshootlari, yer maydonlari va boshqa barcha moddiy-texnika boyliklarini (keyingi oʻrinlarda moddiy boyliklar deb ataladi) toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazsin hamda ularni roʻyxat asosida har bir taʼlim muassasasi kesimida moddiy javobgar shaxslarga oʻrnatilgan tartibda biriktirsin;
moddiy javobgar shaxslarning oʻzlariga biriktirilgan moddiy boyliklarni oʻrnatilgan tartibda topshirish-qabul qilish dalolatnomalari asosida rasmiylashtirilguniga qadar but va soz saqlanishini taʼminlash choralarini koʻrsin va ular faoliyati boʻyicha shaxsan masʼul etib belgilansin.
5. Oliy taʼlim muassasalari rahbariyatiga oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari (toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish uchun tushumlarning faqat toʻlov-kontrakt miqdorining oshirilgan qismi) hisobidan akademik litseylar uchun oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari sotib olish hamda akademik litseylarning oʻqituvchi va oʻquvchilarini moddiy qoʻllab-quvvatlash huquqi berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. Majidov ikki oy muddatda:
Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda akademik litseylarga umumtaʼlim maktablarining eng bilimli, qobiliyatli va iqtidorli oʻquvchilarini tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Nizomda respublikaning malakali kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotgan hududlaridan oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasalariga kirishga maqsadli tayyorlash uchun imtiyozli qabul qilish, shuningdek akademik litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasasiga kira olmasligi darajasiga muvofiq (foiz koʻrsatkichlariga mos ravishda) akademik litseyni tasarrufiga olgan oliy taʼlim muassasasi rektori, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash boʻyicha prorektori, akademik litsey direktori va masʼul xodimlariga oʻrnatilgan tartibda jarima qoʻllanilishi hamda ularning oylik maoshlaridan chegirib qolinishi nazarda tutilsin;
akademik litseylarning oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda akademik litsey oʻqituvchilarining yetakchi oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirishini samarali tizimini, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda tashkil etsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyati tugatiladigan akademik litseylarning ishdan boʻshaydigan oʻqituvchilarini va xodimlarini belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda “Maorif” sohasiga yoʻnaltirilgan mablagʻlar doirasida ushbu qaror ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-165-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 26-sentabr,
PQ-3290-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi PQ-3290-son qaroriga 1-ILOVA
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar qabuli toʻxtatiladigan va 2019-yil 1-sentabrdan boshlab faoliyati tugatiladigan akademik litseylar
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi PQ-3290-son qaroriga 2-ILOVA
Oliy taʼlim muassasalari tasarrufiga beriladigan akademik litseylar
* Akademik litseylarning nomlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasarrufiga berilayotgan oliy taʼlim muassasalari tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.
Izoh: Harbiy yoʻnalishdagi akademik litseylar: harbiy-qurilish yoʻnalishdagi Samarqand akademik litseyi, harbiy texnika yoʻnalishidagi Fargʻona akademik litseyi va harbiy yuridik yoʻnalishidagi Urganch akademik litseyi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufiga, harbiy telekommunikatsiya yoʻnalishidagi Toshkent akademik litseyi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʼat akademik litseyi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tasarrufiga berilgan.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-164-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2025-y., 06/25/164/0821-son)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-sonli qaroriga asosan 2019-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2019-y., 07/19/4375/3424-son)