Qayd etib oʻtilsinki, hozirgi vaqtda respublikada 2015 — 2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda modernizatsiyalash Dasturi amalga oshirilmoqda, Dasturda yuksak xalqaro talablar va standartlarga mos keladigan milliy transport tarmogʻini rivojlantirish sohasida yagona kompleks strategiyani ishlab chiqish, respublika mahsulot ishlab chiqaruvchilarining oʻz mahsulotini mintaqa va jahon bozorlariga istiqbolda olib chiqish talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda uning xalqaro transport kommunikatsiyalariga keng miqyosda integratsiyalashuvini taʼminlash nazarda tutiladi.
Ushbu Dastur doirasida umumiy qiymati 1580 million AQSH dollaridan oshadigan temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va aviatransport sohasida bir qator loyihalar amalga oshirildi, shuningdek, umumiy uzunligi 695 kilomertli avtomobil yoʻllari barpo etildi va rekonstruksiya qilindi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining ortib borayotgan eksport salohiyati hamda mahalliy mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish zarurligi tashqi savdo yoʻnalishlarini yanada diversifikatsiyalash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Oʻzbekiston Respublikasining eksport mahsuloti istiqbolli xalqaro bozorlarga chiqishini taʼminlaydigan maksimal darajada samarali, muqobil tranzit yoʻlaklarini shakllantirish borasida qoʻshimcha ildam choralar koʻrilishini taqozo etmoqda.
Shuni qayd etish zarurki, hozirgi vaqtda respublikaning mavjud salmoqli tranzit salohiyati toʻliq darajada ishga tushirilmagan. Vujudga kelgan tranzit va tarif siyosatidagi nomaqbullik qoʻshimcha ravishda tranzit yuk oqimini jalb etishga toʻsqinlik qilmoqda.
Yangi transport-tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va xalqaro ahdlashuvlarni amalda roʻyobga chiqarish, yaqin qoʻshni mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasining yuklarini samarali tashish va ishlov berish uchun shart-sharoitlarni shakllantirish ham eng muhim vazifa hisoblanadi.
Logistika markazlari va TIR-parklar tarmogʻini tubdan rivojlantirish, avtotransport vositalari va havo kemalari parkini kengaytirish hamda ularni sifatli yonilgʻi-moylash materiallari bilan oʻz vaqtida va toʻliq hajmda taʼminlash talab etiladi.
Tashqi savdo transport yoʻlaklarini yanada diversifikatsiyalash uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish, shuningdek, mahalliy transport-logistika kompaniyalarini rivojlantirish hamda ularning tashqi va ichki bozorlardagi raqobatdoshligini yuksaltirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan ishlab chiqilgan transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash Kompleks dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dasturni amalga oshirish doirasida quyidagilar ustuvor vazifalar etib belgilansin:
umuman transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida — temir yoʻl, avtomobil va aviatsiya transportini yanada rivojlantirish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yuk tashish boʻyicha ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro logistika markazlarini barpo etish, xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarini, yoʻl boʻyidagi zarur infratuzilmani qurish va rekonstruksiya qilish, yuk tashishda transportlarning oʻtkazish qobiliyatini koʻpaytirish, shaffof va raqobat muhitini yaratish, harakat tarkibi parkini kengaytirish va Davlat chegarasidagi oʻtish punktlarining maksimal darajada bexatar faoliyat yuritishi shart-sharoitlarini taʼminlash;
temir yoʻl transporti sohasida — temir yoʻl transporti xizmatlari sifati va xavfsizligini oshirish, yangi temir yoʻl magistrallari qurish, temir yoʻllarni elektrlashtirish darajasini oshirish, mamlakatning tashqi savdo yuklari asosiy jahon va mintaqa bozorlariga olib chiqilishi uchun xalqaro transport yoʻlaklarini shakllantirishni davom ettirish va ularning faoliyatini takomillashtirish, moslashuvchan tarif siyosatini koʻllash, tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, logistika xizmatlarini takomillashtirish va har xil transport turlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni ratsionallashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl tarmogʻini jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
avtomobil transporti sohasida — milliy huquqiy bazaning xalqaro huquqiy baza bilan uygʻunlashuvini jadallashtirish yoʻli bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy avtoyuk tashuvchilarning ogʻir yukli avtotransport vositalari harakat tarkibi parkini kengaytirish, avtomobillarda xalqaro yuk tashishning ruxsatnoma berish tizimini takomillashtirish, xalqaro transport kommunikatsiyalariga maqbul yoʻl bilan chiqishni va tranzit tashuvlar hajmini koʻpaytirishni taʼminlaydigan yangi avtomobil yoʻlaklarini shakllashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
aviatsiya transporti sohasida — yuk tashish hajmlarini yanada koʻpaytirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish, mavjud infratuzilmani va koʻrsatilayotgan xizmatlar kompleksini xalqaro aviatransport xizmatlari bozoriga olib chiqish, yuklarni aviatsiya yordamida tashish chogʻida, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishda moslashuvchan tarif siyosatini qoʻllash, havo kemalarining aviatsiya parkini koʻpaytirish va yangilash, “Navoiy” Xalqaro intermodal logistika markazining imkoniyatlaridan samarali va toʻlaqonli foydalanish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor tashkilotlar rahbarlari zimmasiga Dasturda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar toʻla hajmda va oʻrnatilgan muddatlarda sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
3. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda avtomobilda xalqaro yuk tashishni rivojlantirish va milliy avtoyuk tashuvchilarning raqobatbardoshligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ikki oy muddatda Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
avtomobilda xalqaro yuk tashishda ruxsatnomalar ayirboshlash, taqsimlash, taqdim etish va foydalanish kvotalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;
chegara bojxona postlarida naqd shakldagi hisob-kitoblar bilan bir qatorda naqdsiz shakldagi hisob-kitoblar tizimini joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy yuk tashuvchilar tomonidan avtomobillarda kabotaj yuk tashishlarini taqiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasining avtoyuk tashuvchilariga nisbatan xorijiy davlatlarning hududida kamsituvchi shart-sharoitlar joriy etilgan zarur hollarda ana shu davlatlarning avtotransport vositalariga nisbatan aynan bir xil tegishli choralar koʻrish.
4. Yillik tushumida xalqaro yuk tashish xizmatlari eksporti ulushi 50 va undan yuqori foizni tashkil etadigan milliy avtotransport korxonalari va tovarlarni tashishni tashkil etish, omborga joylashtirish, saqlash, ishlov berish va tarqatish bilan shugʻullanuvchi transport-logistika kompaniyalari:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi PF-6318-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son)
2022-yilning 1-yanvariga qadar boʻshagan mablagʻlar oʻzining avtotransport vositalari parkini kengaytirishga, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalashga, zamonaviy omborxona terminallari barpo etishga va bank kreditlarini toʻlashga yoʻnaltirilishi sharti bilan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi PF-6318-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son)
2024-yilning 1-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, transport-logistika xizmatlari koʻrsatishga moʻljallangan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar, ehtiyot qismlar va boshqa tovarlar uchun bojxona toʻlovlari (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi PF-6318-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son)
5. Xalqaro yoʻnalishlarda yuk tashish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan avtotransport korxonalariga shaharlararo yoʻnalishlarda yuk tashishni amalga oshirish huquqi berilsin.
6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan 2017-yilning 1-avgustidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab eksport yuklarini temir yoʻl transportida tashish tariflarini respublika ichki yuklarini tashish darajasigacha pasaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
9. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori U.U. Rozuqulov, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti boshligʻi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-dekabr,
PQ-3422-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-dekabrdagi PQ-3422-sonli qaroriga 1-ILOVA
2018 — 2022-yillarda transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)