Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining besh yilligi munosabati bilan insonparvarlik tamoyiliga amal qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 20-bandiga asosan qaror qilaman:
1. Ozodlikdan mahrum etilganlarning quyidagi toifasi ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazodan, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan ozod qilinsin:
a) ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil atom elektrostansiyasidagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslar;
b) ayollar va voyaga yetmaganlar;
v) yoshi 60 dan oshgan erkaklar;
g) birinchi va ikkinchi guruh nogironlari.
2. Birinchi marta uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
3. Birinchi marta besh yilgacha ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va tayinlangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
4. Ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat qilgani uchun oʻn yilga qadar muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va belgilangan jazo muddatining kamida yarimini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
5. Farmon kuchga kirgunga qadar sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan barcha tergov ishlari va sudda koʻrilmagan ishlar tugatilsin:
a) 1-moddada qayd etilgan va Farmonning 7-moddasi taʼsiriga tushmaydigan shaxslarga nisbatan;
b) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan.
6. Mazkur Farmonga asosan ozod qilinmaydigan shaxslarning quyidagi toifasi uchun jazo muddatining oʻtalmagan qismi qisqartirilsin:
a) birinchi marta qasddan sodir etgan jinoyati uchun besh yilga qadar muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan shaxslarga belgilangan jazo muddatining yarmi;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga belgilangan jazo muddatining toʻrtdan bir qismi.
7. Farmonning 1 — 5-moddalari oʻta ogʻir jinoyatlar uchun (Jinoyat kodeksi 167-moddasi 4-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlar bundan mustasno), jinoiy uyushmalar tarkibidagi jinoyatlari uchun, oʻqotar qurollar va giyohvandlik vositalarini oʻtkazish (sotish) bilan bogʻliq jinoyatlari uchun hukm qilinganlarga, oʻta xavfli retsidivistlarga, shuningdek, jazoni oʻtash tartibotini ashaddiy buzuvchilarga nisbatan qoʻllanilmasin.
Farmonning 6-moddasi jazo oʻtash tartibotini ashaddiy buzuvchilarga nisbatan qoʻllanilmasin.
8. Farmon eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va toʻrt oy mobaynida ijro etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 7-avgust,
PF-1502-son