Istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol boʻyicha trener va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5368-son Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va “Oʻzbekneftgaz” AJning:
“Bunyodkor” stadionini barcha bino va inshootlari majmuasi bilan birga (keyingi oʻrinlarda “Bunyodkor” stadioni deb yuritiladi) futbol boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashq jarayonini tashkil qilish va sport musobaqalari va boshqa tadbirlarni oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining asosiy bazasi etib belgilash;
istiqbolli yosh futbolchilarni keyinchalik professional tarzda tayyorlash hamda futbol boʻyicha milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish maqsadida joylarda ularni tanlab olish (seleksiya) ishlarini amalga oshiruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyalari, shuningdek, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasini tashkil qilish;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Futbol boʻyicha trener va hakamlarni tayyorlash respublika maktabini tugatib, futbol boʻyicha trener va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish vazifasini Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuklash;
Oʻzbekiston Futbolini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallarini tugatish hamda boʻshagan mablagʻlarni Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. 2018 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining:
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
fuqarolar yigʻini raisining yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantirish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
mahallalarda futbol maydonlari qurilishini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlarida qurilishini nazarda tutuvchi “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturini;
fuqarolar yigʻinlari raislarining oʻrinbosarlari — yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilarni moddiy ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi hukumat qarorlari loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi PF-5887-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2019-y., 06/19/5887/4116-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda futbol boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini tanqidiy oʻrgansin va natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
ularning negizida 14 ta hududiy bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyalari va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasini tashkil qilish, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tasarrufiga oʻtkazish hamda amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolishni;
futbol boʻyicha boshqa davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarini hududlarda sport turlarini rivojlantirish zarurati va ustuvorligini inobatga olgan holda, boshqa olimpiya va milliy sport turlari, shu jumladan sportning oʻyin turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga qayta ixtisoslashtirishni;
bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyalariga, shuningdek, qayta ixtisoslashtirilayotgan davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga beriladigan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashni bosqichma-bosqich amalga oshirish dasturini tasdiqlashni;
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasini “Bunyodkor” stadioniga joylashtirishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
“Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi” MCHJ “Bunyodkor” stadionidan foydalanuvchi tashkilot hisoblanadi;
“Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi” MCHJni (keyingi oʻrinlarda — Direksiya), shuningdek, “Bunyodkor” stadionini saqlash va undan foydalanish xarajatlarini moliyalashtirish manbalari “Oʻzbekneftgaz” AJ va Direksiya mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;
“Oʻzbekneftgaz” AJ bir oy muddatda “Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi” MCHJning taʼsis hujjatlariga Direksiya Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida faoliyat yuritishini nazarda tutgan holda tegishli oʻzgartishlar kiritilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Moliya vazirligining quyidagi mablagʻlarni:
Jismoniy tarbiya va sport vazirligining sport va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar respublika Kalendar rejasida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlarini;
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining bolalar va oʻsmirlar futbolini rivojlantirish uchun ajratiladigan mablagʻlarini;
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 06/20/6099/1450-son)
homiylar va xayriya qiluvchilarning mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlarni Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi faoliyatini va unga yuklatilgan vazifalarni moliyalashtirish manbalari etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
10. 2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar:
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, “Oʻzbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublari — barcha turdagi soliqlar;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, “Oʻzbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublari — belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq futbol boʻyicha sport obyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari, futbol (futzal) maydonlari uchun sunʼiy oʻtlar, shokpad, granulalar, maxsus yelim va maxsus professional sport kiyimlari, transport vositalari, shu jumladan maxsus transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona toʻlovlarini (bojxona yigʻimlaridan tashqari);
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 06/20/6099/1450-son)
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, “Oʻzbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublari tomonidan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, imtiyozlar berilishi munosabati bilan boʻshaydigan mablagʻlar futbolni rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi PF-5887-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2019-y., 06/19/5887/4116-son)
11. Belgilab qoʻyilsinki:
foyda soligʻini hisoblashda yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, “Oʻzbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublarining faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan homiylik va xayriya yordami shaklidagi mablagʻlar summasiga, biroq soliq solinadigan foydaning oʻn foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytiriladi;
futbol boʻyicha mashgʻulot va yigʻinlarni oʻtkazish vaqtida futbolchilar va boshqa mutaxassislar (hakam, instruktor, trener, texnik direktor, sport direktori, shifokor va massajchi, seleksioner, video-operator va fotograf), shu jumladan xorijiy mutaxassislarning sport oziq-ovqatlari bilan ovqatlanishini, shuningdek, ularni mukofotlash (ragʻbatlantirish)ni tashkil etishga sarflanadigan mablagʻlar jismoniy shaxslarning daromadlari hisoblanmaydi.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi PF-5887-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2019-y., 06/19/5887/4116-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga koʻra xorijdan jalb etiladigan mutaxassislar, Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi, Yevropa Futbol Assotsiatsiyalari Birlashmasi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi delegatsiyalari hamda xalqaro rasmiy va norasmiy uchrashuvlarga taklif etiluvchi hakamlarga kirish vizalarining konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi PF-5887-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2019-y., 06/19/5887/4116-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga koʻra xorijdan jalb etiladigan mutaxassislarga davlat boji undirmagan holda koʻp martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishi, berilishi va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga koʻra oʻrnatilgan toʻlovlarni undirmagan holda Oʻzbekiston Respublikasiga chet el mutaxassislarini jalb etishga ruxsatnomalar berilishi (uzaytirilishi)ni, shuningdek, koʻrsatilgan chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishi (uzaytirilishi)ni belgilangan tartibda taʼminlasin.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi PF-5887-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2019-y., 06/19/5887/4116-son)
16. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Adliya vazirligi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hududiy boʻlinmalarining rahbariyati va maʼmuriy tarkibi (apparati)ning namunaviy tuzilmasini yangilash, shuningdek, ularning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mexanizmini takomillashtirish;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.X. Israilov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi U.M. Axmatjanov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-mart,
PQ-3610-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi PQ-3610-son qaroriga ILOVA
2018 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)