Aholining ruhiy sogʻligʻini tekshiruvdan oʻtkazish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish, ularni davolash, parvarishlash va tibbiy-ijtimoiy jihatdan tiklash tibbiyot sohasidagi davlat siyosatining muhim yoʻnalishi hisoblanadi.
Ushbu yoʻnalishda zarur huquqiy va moddiy-texnika bazasi yaratildi, malakali vrach-psixiatrlar bilan taʼminlangan hamda zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlangan psixiatriya shifoxonalari va psixonevrologiya dispanserlari (keyingi oʻrinlarda — psixiatriya muassasalari) qurildi, aholiga sifatli va oʻz vaqtida psixiatriya yordami koʻrsatilishini tashkil etish boʻyicha choralar koʻrildi.
Shu bilan birga, psixiatriya yordami koʻrsatish sohasidagi ishlar holatini kompleks oʻrganish aqliy rivojlanishdagi buzilishning sabablari va shart-sharoitlarini erta aniqlashga, tibbiy xizmatlarning sifatiga salbiy taʼsir qiluvchi qator tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini aniqladi.
Xususan, psixiatriya muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, shaxs ruhiy sogʻligʻining hisobini yuritish, uning tekshiruvdan oʻtkazilishini tashkil etish, sifatli tibbiy yordam koʻrsatish choralarini oʻz vaqtida koʻrish maqsadida psixiatriya xizmatini boshqarish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish talab qilinadi.
Psixiatriya muassasalarida vrach-psixiatrlarning keskin yetishmasligi kuzatilmoqda, bu esa bemorlarga barcha zarur xizmatlar turlarini koʻrsatish, ularning ehtiyojlarini qondirish, mazkur sohadagi xususiy tibbiyotni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida rivojlantirishga imkon bermayapti.
Psixiatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy diagnostika va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash, bemorlarni parvarishlash va davolash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha bir qator qarorlar qabul qilinganligiga qaramay ularning toʻliq bajarilishi taʼminlanmagan.
Ruhiy holatlar buzilishining oldini olish va davolash boʻyicha ishni yanada takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, malakali vrach-psixiatrlar tayyorlash maqsadida:
1. Aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
davolash, profilaktika ishlari va ruhiy holatning buzilishini erta aniqlashni tashkil etishning vertikal yaxlit tizimini shakllantirishni taʼminlash orqali psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini samarali boshqarish mexanizmini joriy etish;
mamlakatning har bir aholi punktida aholining barcha toifalari, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlar uchun sifatli va qulay psixiatriya yordami taʼminlash, shuningdek, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash uchun dori vositalariga sarflanadigan xarajatlarning yagona majburiy normativlarini belgilash;
aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, psixiatriya muassasalarining vrach-psixiatrlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ularning malakasini muntazam ravishda, shu jumladan, xorijning yetakchi klinikalari va tibbiyot tashkilotlarida oshirib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati muassasalarining ayrim funksiyalarini sogʻliqni saqlashning xususiy sektoriga oʻtkazish, aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun investitsiyalar jalb qilish;
oʻz joniga qasd qilishga uringan shaxslarga tunu-kun shoshilinch yordam koʻrsatilishini taʼminlash, shu jumladan, oʻz joniga qasd qilishning asl sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, oʻz vaqtida ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatish choralarini koʻrish, oʻz joniga qasd qilishning har bir holati haqida psixiatriya muassasalarini zudlik bilan xabardor qilish;
psixiatriya sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, ularning natijalari va yutuqlarini ruhiy holati buzilishining oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlarni takomillashtirishga xizmat qiladigan amaliy faoliyatiga keng joriy etish;
aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimining samarali faoliyatini taʼminlovchi huquqiy bazani takomillashtirish, psixiatiriya muassasalarining, shuningdek, ular boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni tibbiyotning zamonaviy asbob-uskunalari va texnikalari bilan jihozlash.
2. 2018-yil 1-maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash boʻyicha aholiga ayrim xizmatlar koʻrsatishga ruxsat etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda ruhiy holati buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash boʻyicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatini tasdiqlasin.
3. 2018-yil 1-oktabrdan boshlab dispanser kuzatuvi ostidagi shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat boʻlganliklari, berilgan dori vositalari, koʻrsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat boʻlgan, shuningdek, bu sohadagi ishlarning holati toʻgʻrisida tezkor axborot olish imkonini beruvchi ushbu shaxslarning yagona elektron reyestri yuritilishi amaliyotga joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda dispanser kuzatuvi ostida boʻlgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yaratish va ushbu bandda belgilangan muddatlarda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishga tushirishni taʼminlasin.
4. 2018-yil 1-apreldan boshlab ichki ishlar organlari oʻz joniga qasd qilingan har bir holat toʻgʻrisida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qoʻyilsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-mayga qadar boʻlgan muddatda psixiatriya muassasalarini oʻz joniga qasd qilish harakatlari toʻgʻrisida majburiy ravishda xabardor etish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin, shuningdek, aholi oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalarini oʻrgansin va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hayʼat majlislarida muhokama qilib borsin.
5. Ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga oʻqitish va ishga joylashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi psixiatriya muassasalari hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida davolash-ishlab chiqarish korxonalari tuzilsin.
Davolash-ishlab chiqarish korxonalari 2018-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-yanvargacha yer soligʻi, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi va mulk soligʻidan, shuningdek, yagona soliq toʻlovidan ozod qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu bandni amalga oshirish boʻyicha zarur tashkiliy choralar koʻrsin.
6. Quyidagilar:
Aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishga doir birinchi galdagi chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Psixiatriya muassasalarini 2018-yilda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash)ga doir chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;
2018 — 2020-yillarda respublika psixiatriya muassasalarining binolarini qurish va rekonstruksiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shodmonov, vazirlik va idoralar rahbarlari koʻrsatib oʻtilgan chora-tadbirlar dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilansin.
Moliya vazirligi mazkur qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan tibbiyot asbob-uskunalarini xarid qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablagʻlarni ajratishni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
chora-tadbirlar dasturlari bajarilishining borishini xar oyda tanqidiy muhokama qilib borsin;
muhokamalar yakuni boʻyicha topshirilgan vazifalarning muddatlari buzilishi va bajarilishi uzilib qolishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy javobgarlik choralarini qoʻllasin;
ikki oy muddatda 2018 — 2020-yillarda vrach-psixiatr tayyorlash, qayta tayyorlash va xorijning yetakchi klinika hamda tibbiyot muassasalarida malakasini oshirish dasturini tasdiqlasin;
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab davlat granti asosida “psixiatriya” yoʻnalishi boʻyicha magistrlarni tayyorlash yuzasidan oliy tibbiyot taʼlim muassasalariga, jumladan Toshkent tibbiyot akademiyasiga — 15 nafar, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot institutiga — 10 nafardan qabul kvotalarini oshirishni nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi tarkibida vazirlikning umumiy boshqaruv xodimlari soni doirasida 3 birlik miqdorda psixiatriya yordami masalalari boʻyicha boʻlim tuzilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki hafta muddatda yangi tuzilayotgan boʻlimni yuqori malakali kadrlar, birinchi navbatda, tajribali vrach-psixiatr va nevropatologlar bilan toʻldirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab:
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Andijon davlat tibbiyot institutlarida bazaviy tibbiyot maʼlumotiga ega boʻlgan vrachlar uchun ularning oʻrtacha oylik ish haqini saqlagan va xizmat safari xarajatlarini qoplagan holda “psixiatriya” va “suitsidologiya” yoʻnalishlarida ixtisoslashuv kurslarini tashkil qilsin;
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali, Andijon davlat tibbiyot instituti va Samarqand davlat tibbiyot institutida “psixiatriya” yoʻnalishi boʻyicha klinik ordinaturada oʻqish uchun oʻrinlar sonini 10 nafargacha oshirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2863-son qarori ilovasining 2-bandidagi rus tili matnidagi “psixicheskix zabolevaniy” soʻzlari “otdelnix psixicheskix zabolevaniy” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shodmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-mart,
PQ-3606-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi PQ-3606-son qaroriga1-ILOVA
Aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishga doir birinchi galdagi chora-tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi PQ-3606-son qaroriga 2-ILOVA
Psixiatriya muassasalarini 2018-yilda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash)ga doir chora-tadbirlar
Izoh. Mazkur ilovada koʻrsatilgan tibbiy asbob-uskunalarni sotib olish tadbirlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari (oʻtkazilgan tender savdolari natijalariga koʻra), xalqaro moliya institutlari va donor-davlatlarning grantlari hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi PQ-3606-son qaroriga 3-ILOVA
2018 — 2020-yillarda Respublika psixiatriya muassasalarining binolarini qurish va rekonstruksiya qilishga doir chora-tadbirlar
Izohlar:
taʼmirlash-rekonstruksiya va qurilish ishlarini olib borish bilan bogʻliq xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
* loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va tenderi savdolari natijalariga qarab belgilangan tartibda toʻgʻrilab oʻzgartiriladi.