PQ-4035-son Qaror · 27.11.2018

Avtomobil yoʻllarini qurish va ulardan foydalanish sohasida ishlarni tashkil etishning ilgʻor xorijiy uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4035
  • Qabul qilingan sana:27.11.2018
  • Kuchga kirgan sana:29.11.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/4035/2238

Mamlakatning yoʻl-transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ilgʻor texnologiyalar va eng yaxshi xorijiy tajribalarni joriy etish asosida loyiha va yoʻl qurish ishlari sifatini yanada oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi bilan uzviy bogʻliqlikda yoʻl qurish sohasida davlat boshqaruvi tizimini kompleks takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil yoʻllarini qurish va ulardan foydalanish sohasidagi ustuvor vazifalar etib belgilansin:

birinchi — avtomobil yoʻllarini loyihalash va qurish sohasida umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va eng yaxshi tajribalarni, avtomobil yoʻllarining sifatini va xizmat koʻrsatish muddatlarini oshirishni taʼminlaydigan yoʻl qurilishida qoʻllaniladigan zamonaviy innovatsion texnologiyalar va materiallarni joriy etish;

ikkinchi — yoʻl qurilishida moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega boʻlgan avtomobil yoʻllarini qurish va qayta qurish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy bank institutlarining imtiyozli kredit liniyalarini jalb etish hajmlarini kengaytirish, shuningdek, umumiy foydalanishdagi yoʻllarni qurishda xususiy investitsiyalarni keng ragʻbatlantirish;

uchinchi — birinchi navbatda, mamlakatning hududlariga yetakchi xorijiy kompaniyalar va yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida yirik pudrat tashkilotlarini jalb etish hisobiga, yoʻl xoʻjaligi sohasidagi ilgʻor xorijiy tajriba va amaliyotni faol oʻzlashtirish va samarali qoʻllash;

toʻrtinchi — yoʻllardan foydalanish korxonalarini zamonaviy yoʻl qurish texnikalari va taʼmirlash uskunalari bilan, jumladan lizing asosida faol jihozlash va ular ishini tashkil etishning samarali texnologiyalarini joriy etish hisobiga avtomobil yoʻllaridan foydalanish ishlari sifatini oshirish;

beshinchi — mamlakat hududlarida yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida yoʻl qurilishi uchun zamonaviy qurilish materiallarini va maxsus yoʻl-qurilish texnikalarini, kelgusida ularga xizmat koʻrsatuvchi servis markazlarini ochgan holda, ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etish;

oltinchi — yoʻl qurilishi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini, jumladan sohaga oid xorijiy oʻquv muassasalari va markazlari bilan hamkorlikda tubdan takomillashtirish, shuningdek, yetakchi xorijiy yoʻl-qurilish kompaniyalarida mahalliy mutaxassislar uchun amaliyot oʻtash dasturlarini tashkil etish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligining quyidagilarga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasida uzoq muddatli istiqbolda yoʻl qurilishini rivojlantirish Strategiyasini (keyingi oʻrinlarda — Rivojlantirish strategiyasi) ishlab chiqishda ishtirok etish uchun yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

avtomobil yoʻllari toifalariga koʻra ularni loyihalash, qurish va qayta qurish, shuningdek, taʼmirlashda avtomobil yoʻllari sifatini va xizmat koʻrsatish muddatlarini oshirishni taʼminlaydigan zamonaviy standartlar va texnologiyalarni joriy etish;

respublika va hududlarning istiqbolli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarini, shuningdek, mamlakatning tranzit salohiyatidan imkon qadar samarali foydalanishni hisobga olgan holda 2020 — 2040-yillarda umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturini ishlab chiqish;

avtomobil yoʻllarini, jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini, moliyalashtirish sohasidagi siyosatni tubdan takomillashtirish;

avtomobil yoʻllarini qurish va ulardan foydalanishga xususiy sektor resurslarini jalb etishni ragʻbatlantirish va yoʻl qurilishi sohasida davlat boshqaruvi mexanizmlarini kompleks takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018-yilning 30-dekabrigacha boʻlgan muddatda yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalar va agentliklar, eng avvalo, Germaniyaning mos yoʻnalishdagi kompaniyalari amaliy tajribalarini oʻrganish asosida, moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda, Rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish uchun xorijiy konsultantni jalb etsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch kun muddatda quyidagilar bilan bogʻliq tashkiliy-amaliy masalalarni xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqish uchun vakolatli vazirliklar va idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tashkil etsin:

respublika hududida avtomobil yoʻllarini qurish va ulardan foydalanishda qoʻllaniladigan zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etish;

avtomobil yoʻllari va sunʼiy inshootlarni loyihalash sohasida yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalar (jumladan, professional biznes doiralarida xalqaro darajada obroʻga ega nemis kompaniyalari — “OBERMEYER Planen+Beraten GmbN”, “Lahmeyer International GmbN”, “Lomb Ingenieurgesellschaft mbN”, “INROS LACKNER SE” va boshqalar) bilan hamkorlik oʻrnatish;

respublika hududlarida zamonaviy qurilish texnikalari va taʼmirlash uskunalari bilan jihozlangan yoʻl qurish tashkilotlarini tashkil etish (Yevropaning eng yirik kompaniyalaridan biri boʻlgan va yoʻl xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan “GP Günter Papenburg AG” kompaniyasini hamkorlikka jalb etish imkoniyatini koʻzda tutgan holda);

respublikada avtomobil yoʻllari boʻylarini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish, zamonaviy landshaft dizayni elementlarini oʻzlashtirish, yoʻlboʻyi infratuzilma obyektlarini rivojlantirish sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish;

avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, yoʻllardan foydalanish korxonalarini zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy kredit tashkilotlarining moliyaviy resurslarini jalb etish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yilda Germaniya Federativ Respublikasida yoʻl qurilishi boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar va simpoziumlarda vakolatli vazirliklar va idoralar vakillarining ishtirok etishi boʻyicha takliflarni bir oy muddatda kiritsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019-yilning 10-fevraligacha boʻlgan muddatda quyidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti huzurida ixtisoslashgan xorijiy oʻquv muassasalari va kompaniyalarning hamkor sifatidagi ishtirokida Avtomobil yoʻllarini qurish va taʼmirlash sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazini tashkil etish;

yoʻl xoʻjaligidagi mahalliy mutaxassislarning xorijiy oʻquv muassasalarida malaka oshirish va tayyorlov oʻquv kurslarini, shuningdek, Germaniya Federativ Respublikasining yetakchi yoʻl-qurilish kompaniyalarida amaliyot oʻtashlarida koʻmaklashish;

avtomobil yoʻllarini qurish va foydalanishda ilgʻor uslub va texnologiyalarni jalb etishga koʻmaklashish va tajriba almashish sohasida Germaniyaning transport va infrastruktura federal vazirligi bilan hamkorlikni oʻrnatish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini va hududiy avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish boʻyicha takliflar kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi va Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining pudrat ishlarini hajm koʻrsatkichlariga oʻtkazish yoʻli orqali yoʻl xoʻjaligida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat koʻrsatkichlarini hisobga olishni (“hajm uslubi”) koʻzda tutadigan tartibni 2019-yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, yoʻl xoʻjaligi sohasida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat koʻrsatkichlarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida nizom;

avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash hamda yoʻl xoʻjaligida qurilish materiallari ishlatilishining milliy meʼyorlari va standartlarini xalqaro standartlar talablariga moslashtirish boʻyicha takliflar.

9. Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi “Oʻzstandart” agentligi, Avtomobil yoʻllari ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti bilan birgalikda uch oy muddatda yoʻl xoʻjaligida kelgusida ishlab chiqarish va qoʻllash uchun zamonaviy qurilish materiallari va qoʻshimchalar (polimer-chaqiqtosh-mastikli asfaltbeton, sintetik tolalar aralashmasi, mikrosyurfeysing, boshqa modifikatsiyalangan materiallar) qoʻllagan holda asfaltbeton qoplamalarining yuqori texnologiyali turlarini joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin.

10. 2018-2019-yillarda yoʻl qurilishi sohasiga ilgʻor xorijiy uslublarni joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — Yoʻl xaritasi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoʻl xaritasida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning masʼul vazirliklar va idoralar tomonidan oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirishni taʼminlasin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 27-noyabr,

PQ-4035-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi PQ-4035-son qaroriga ILOVA

2018-2019-yillarda yoʻl qurilishi sohasiga ilgʻor xorijiy uslublarni joriy etish boʻyicha

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.