PF-5761-son Farmon · 09.07.2019

Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5761
  • Qabul qilingan sana:09.07.2019
  • Kuchga kirgan sana:10.07.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/19/5761/3398

Mamlakatimizda iqtisodiyotdagi davlatning ishtirokini qisqartirish, yoqilgʻi-energetika kompleksiga va iqtisodiyotning boshqa asosiy tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish boʻyicha institutsional va tarkibiy islohotlar jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda.

Shu bilan birga, yoqilgʻi-energetika sohasi boshqaruv tizimini isloh qilish va tarif siyosatini takomillashtirish soha korxonalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni yaxshilash boʻyicha shoshilinch choralar koʻrilishini taqozo etmoqda.

Elektr energiyasi, tabiiy gaz va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi debitor va kreditor qarzdorlikni qisqartirish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu sohada moliyaviy intizomni yanada mustahkamlash maqsadida:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-noyabrdagi PF-6118-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2020-y., 06/20/6118/1562-son)

2. Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga (ASKUE) ulangan isteʼmolchilar sonini 1-ilovadagi jadvalga muvofiq 2019-yilning oxirigacha kamida 2,5 millionga yetkazish hamda 2020-yilning oxirigacha umumiy abonentlar sonining 100 foizini ASKUE bilan qamrab olishni taʼminlash uchun 2019-yilda Jamgʻarmadan qoʻshimcha ravishda 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilsin.

3. Moliya vazirligi va Bosh prokuratura 2020-yilgi Davlat budjeti parametrlari va 2020–2021-yillarga budjet moʻljallarini shakllantirishda 2020-yil 1-yanvardan boshlab prokuratura organlari xodimlari bir qismining taʼminoti xarajatlarini, mehnatga haq toʻlash fondining amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda, Jamgʻarmadan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oʻtkazish boʻyicha takliflar kiritsin.

4. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining 2020 — 2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturi loyihasini shakllantirish doirasida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan yildan yilga oʻtuvchi va yangi boshlanayotgan investitsiya loyihalarini budjet tizimining budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish masalasini koʻrib chiqsin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020-yilning 1-yanvariga qadar:

issiqlik taʼminoti tashkilotlarining energiya resurslari yetkazib beruvchilari va kommunal korxonalari oldidagi 2019-yil 1-aprel holatiga mavjud boʻlgan kreditor qarzdorligining qolgan qismi issiqlik taʼminoti tashkilotlarining oʻz mablagʻlari hisobidan isteʼmolchilarning yalpi inventarizatsiyasini oʻtkazish va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻliq hajmda pul mablagʻlari tushumini qatʼiy nazorat qilish, shuningdek, qarzdorlikni qisqartirish uchun qoʻshimcha rezervlarni izlab topish va ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha amaliy choralarni koʻrish orqali qoplanishini;

issiqlik taʼminoti tashkilotlarining energiya resurslari yetkazib beruvchilar va kommunal korxonalari oldida kreditor qarzdorligining qolgan qismi, ularning oʻz mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

7. Moliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 9-iyul,

PF-5761-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PF-5761-son Farmoniga 1-ILOVA

2019-2020-yillarda Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos keluvchi oʻlchov asboblarini oʻrnatish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PF-5761-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5059-son Farmonning 6-bandida:

a) beshinchi xatboshi quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:

“respublika isteʼmolchilariga energiya resurslarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning 5 foizi;

respublika isteʼmolchilariga suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarning 10 foizi”;

b) oltinchi — oʻn oltinchi xatboshilari tegishincha yettinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-iyundagi PQ-3060-son qarori bilan tasdiqlangan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandida:

a) ikkinchi xatboshi quyidagi mazmundagi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:

“respublika isteʼmolchilariga elektr energiyasi va tabiiy gazni sotishdan tushadigan mablagʻlarning 5 foizi;

respublika isteʼmolchilariga suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarning 10 foizi”;

Mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan ajratiladigan maqsadli mablagʻlarga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan elektr energiya isteʼmoli uchun toʻlovlarga hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ korxonalaridan tushadigan mablagʻlarga tatbiq etilmaydi”;

b) uchinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktabrdagi “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3981-son qarorida:

a) 4-bandning birinchi xatboshida:

“2019 — 2021-yillar davomida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasidan har yili” soʻzlari “2019-yilda Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“400” soni “500” soni bilan almashtirilsin;

b) 1-ilovasida:

17-bandda:

“2019 — 2021-yillar davomida har yili” soʻzlari “2019-yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“400” va “1 200” sonlari “500” soni bilan almashtirilsin;

izohda “1 200,0” va “1 200” sonlari tegishincha “500,0 va “500” sonlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.