PF-5876-son Farmon · 15.11.2019

Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5876
  • Qabul qilingan sana:15.11.2019
  • Kuchga kirgan sana:16.11.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/19/5876/4029

Soʻnggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri — jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli katta yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga yoʻnaltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalari turmushga faol tatbiq etilmoqda, bu qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari millatidan qatʼi nazar Oʻzbekiston xalqini tashkil etishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini eʼlon qiladi va kafolatlaydi.

Ushbu maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etilgan boʻlib, u oʻz faoliyatini yuritmoqda hamda jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha davlat siyosatini izchil amalga oshirib kelmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.

Amalga oshirilayotgan ustuvor yoʻnalishlar surʼatini, keng koʻlamli demokratik islohotlarni, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy jihatdan erkinlashtirish va jamiyat hayotining boshqa jabhalarida erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlar tahlili Oʻzbekiston xalqi yagona gʻoya — Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha oliyjanob maqsadlar va gʻoyat muhim vazifalarga erishishdan iborat yagona maqsad atrofida birlashganligini taʼkidlash uchun barcha asoslarni beradi.

Shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy munosabatlarda davom etayotgan globallashuv va transformatsiya, dunyoda iqtisodiy, siyosiy, milliy, diniy va boshqa ziddiyatlar kuchayib, axborot va kibermakonlarida qarama-qarshi kurash ortib borayotgan bir sharoitda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida oʻz yechimini taqozo etayotgan bir qator dolzarb masalalar saqlanib qolmoqda, quyidagilar shular jumlasidan:

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik darajasini yanada oshirish;

jamiyatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish boʻyicha faoliyatni tashkil etish asosi sifatida joylarda millatlararo munosabatlar holatini monitoring qilish tizimi va mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish;

millatlararo muomala madaniyatini tarbiyalash, Oʻzbekiston xalqining tarixi va anʼanalarini oʻrganish boʻyicha taʼlim, axborot va madaniy-maʼrifiy chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari mutaxassislarini, shuningdek, boshqa tashkilotlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlarni takomillashtirish.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatini izchil amalga oshirish va yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Quyidagilar millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish;

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qoʻshimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;

jamiyatda koʻp millatli katta oila his-tuygʻusini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini taʼminlash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;

millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakat hududida va undan tashqarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni va chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni rivojlantirish, vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash va xorijdagi oʻzbek diasporalari bilan yaqin hamkorlik qilish, Oʻzbekistonning jahon maydonidagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasining davlat va jamiyatni rivojlantirishdagi ustuvor maqsadlarni, ilgʻor xorijiy tajribani eʼtiborga olgan holda millatlararo munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

2. Quyidagilar:

Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

2019 — 2021-yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan amalga oshiriladi.

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

4. Qoʻmita bir oy muddatda:

boshqaruv xodimlarining Qoʻmita zimmasiga yuklangan vazifalarni professional darajada amalga oshirishga qodir boʻlgan, zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega malakali kadrlar bilan toʻldirilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda davlat organlari xodimlarining, shuningdek, millatlararo munosabatlar sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining (ular roziligi bilan) malakasini oshirish boʻyicha maxsus kurslar tashkil etilishini taʼminlasin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga:

milliy madaniy markazlarni rivojlantirishga, ular bilan hamkorlikni mustahkamlashga, jamiyatda millatlararo totuvlikni taʼminlashda ularning salohiyatini toʻla-toʻkis amalga oshirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash;

millatlararo totuvlikning holati va uni rivojlantirish tendensiyalari toʻgʻrisida tegishli axborot, axborot-tahliliy hujjatlar, hisobotlar tayyorlash va ularni keyinchalik Qoʻmitaga kiritish vazifalari yuklansin.

6. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuzilsin va uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

jamiyatda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodlari, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar qonun oldidagi tengligini taʼminlashga qaratilgan millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish;

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi PF-188-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son)

millatlararo munosabatlar sohasida ishlar holatini joylarga chiqib tizimli oʻrganilishini tashkillashtirish, Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishda Qoʻmita, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, qilingan ishlar toʻgʻrisida ularning rahbarlari hisobotlarini doimiy ravishda eshitish.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

2020-yil 1-yanvarga qadar millatlararo munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar kompleksini;

2020-yil 1-fevralga qadar millatlararo munosabatlar sohasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish maqsadida mazkur soha holatini monitoring qilish tizimini tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

8. Qoʻmita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish maqsadida doʻstlik jamiyatlari faoliyati takomillashtirilishini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar kompleksini;

milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga hamda millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatni amalga oshirishda ularning rolini kuchaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Qoʻmita:

Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga;

vazirlik va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari (bir nusxada) majburiy tarqatiladigan tashkilotlar roʻyxatiga;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining hamda boshqa vazirlik va idoralarning statistika axboroti majburiy tarqatiladigan reyestrga kiritilsin.

10. Quyidagilarga:

vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning rahbarlariga — Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi hamda ularning amalga oshirilishi toʻgʻrisida Qoʻmitaga har chorakda axborot taqdim etilishi yuzasidan;

davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari — doʻstlik jamiyatlari raislariga — rahbarlik qilayotgan organlar va tashkilotlarning maʼmuriy binolarida xizmat xonalari doʻstlik jamiyatlariga begʻaraz berilishi, shuningdek, belgilab qoʻyilgan vazifalarning samarali bajarilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi yuzasidan;

Qoʻmita raisi R.D. Qurbonovga — Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi” amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi yigʻma axborot mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha aniq takliflar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda taqdim etilishi yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil qilsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

13. Qoʻmita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 15-noyabr,

PF-5876-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-noyabrdagi PF-5876-son Farmoniga 1-ILOVA

Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining maqsadlari, prinsiplari va asosiy yoʻnalishlarini belgilab beruvchi nuqtai nazarlar yagona tizimidan iboratdir.

2. Ushbu Konsepsiyada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish — millatlar va elatlarning vakillari oʻrtasida konstruktiv va oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlarni shakllantirish;

millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati — jamiyatda millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish sohasida davlatning tizimli faoliyatidan iborat boʻlib, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar qonun oldida tengligini taʼminlashga qaratilgan;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi PF-188-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son)

millatlararo bagʻrikenglik — fuqarolik jamiyatining ijtimoiy normasi boʻlib, boshqa millat va elatlar vakillarining umuminsoniy qadriyatlarga zid boʻlmagan nuqtai nazarlariga, dinlari, urf-odatlari, anʼanalari va madaniyatiga nisbatan murosai madorada namoyon boʻladi;

millatlararo munosabatlar — mamlakat hududida istiqomat qiladigan millatlar va elatlar oʻrtasidagi, jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan munosabatlardir.

3. Mazkur Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining tarixiy tajribasi va anʼanalariga asoslanadi.

4. Konsepsiya inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga, Oʻzbekistonning birligi va yaxlitligini mustahkamlashga, uning hududida yashovchi millat va elatlarning etnik-madaniy oʻziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bagʻrikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlab turishga yoʻnaltirilgan.

2-bob. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy maqsadlari va prinsiplari

5. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar fuqarolarning teng huquqlari va erkinliklarini, ularning qonun oldida tengligini taʼminlash;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi PF-188-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son)

koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining birligini, millat va elatlarning tiliga, huquqiy maydon doirasidagi urf-odatlari va anʼanalariga izzat-hurmat munosabatini mustahkamlash, ularning toʻla huquqli rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyatda doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik, jipslik, insonparvarlik va bagʻrikenglik madaniyatini mustahkamlash;

respublikaning barcha millat va elatlari saʼy-harakatlarini oliyjanob gʻoya — mamlakat suverenitetini mustahkamlash va barqaror rivojlantirish, davlatning hududiy yaxlitligini mustahkamlash maqsadlariga erishish gʻoyasi atrofida birlashtirish, kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini va demokratik huquqiy davlatni shakllantirish jarayonlarida ularning faol ishtirokini taʼminlash;

millatchilik va shovinizm namoyon boʻlishi ehtimoliga qarshi kurashish, fuqarolarning millatiga qarab kamsitilishiga hamda Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik.

6. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

fuqarolarning teng huquqliligi;

ijtimoiy adolat;

qonun ustuvorligi;

millat va elatlarning madaniy, til va diniy qadriyatlari, anʼana va urf-odatlarini oʻzaro hurmat qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, shu jumladan chet ellarda yashovchi fuqarolarining huquq va erkinliklarini himoya qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligi.

3-bob. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari

7. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish va millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish;

millatlararo munosabatlar va chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qoʻshimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;

jamiyatda koʻp millatli katta oila his-tuygʻusini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini taʼminlash, ularning Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;

millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakat hududida va undan tashqarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni va chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni rivojlantirish, vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash va xorijdagi oʻzbek diasporalari bilan yaqin hamkorlik qilish, Oʻzbekistonning jahon maydonidagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasining davlat va jamiyatni rivojlantirishdagi ustuvor maqsadlarini, ilgʻor xorijiy tajribani eʼtiborga olgan holda millatlararo munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

4-bob. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari

8. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini roʻyobga chiqarish tahlil, rejalashtirish, prognozlashtirish prinsiplari asosida amalga oshiriladi va ularda quyidagilar nazarda tutiladi:

a) chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish va millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish sohasida:

millatlararo munosabatlar sohasida hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

millatlararo munosabatlar masalalari bilan shugʻullanuvchi davlat organlari va fuqarolik jamiyatining institutlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash;

fuqarolarning etnomadaniy talablarini oʻrganish, aniqlash va qanoatlantirishga, millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga, milliy sabablarga koʻra ehtimol tutilgan mojarolarning oldini olishga koʻmaklashuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi qoshidagi Jamoatchilik kengashi rolini kuchaytirish;

(8-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;

millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini amalga oshirish masalalarini yorituvchi ommaviy axborot vositalarini ragʻbatlantirish;

turli millatlar va elatlarning tillarida nashr etiladigan ommaviy axborot vositalari rivojini qoʻllab-quvvatlash, ularda vatanparvarlik, millatlararo bagʻrikenglik mavzularidagi, oilaviy qadriyatlarni, millat va elatlarning Oʻzbekistonda yashab oʻtgan va istiqomat qilayotgan, jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga bebaho hissa qoʻshgan atoqli namoyandalari maʼnaviy-madaniy va ilmiy merosini targʻib qiluvchi materiallarni yoritish amaliyotini kengaytirish;

millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va uygʻunlashtirishga bagʻishlangan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, ushbu sohadagi yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazishni tashkillashtirish;

millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat organlari mutaxassislarini, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

b) millatlararo munosabatlar va chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qoʻshimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish sohasida:

fuqarolarning milliy mansubligi va ona tilidan qatʼi nazar ularning barchasi uchun mamlakatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida teng huquqli ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni taʼminlash prinsipini amalga oshirishga koʻmaklashish;

fuqarolarning milliy mansubligidan qatʼi nazar ularning barchasi uchun mehnat qilish, kasbni va ish joyini erkin tanlashda teng huquqlarni taʼminlash choralarini amalga oshirish;

viloyatlar, tumanlar va shaharlarning kompleks va mutanosib ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash, ijtimoiy adolat va fuqarolarning teng huquqliligi prinsiplarini amalga oshirish boʻyicha zarur shart-sharoitlarni taʼminlash uchun ularning salohiyatidan oqilona va samarali foydalanish;

joylarda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirish, ayniqsa, qishloq joylarda va borish qiyin boʻlgan olis tumanlarda, turli millat va elat vakillari zich yashaydigan joylarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, kasanachilik va hunarmandchilik rivojini qoʻllab-quvvatlash;

Oʻzbekistonning yagona iqtisodiy, axborot va madaniy-taʼlim makonini rivojlantirish maqsadida davlat kommunikatsiya va axborot tizimlarini yanada takomillashtirish;

fuqarolar uchun ona tilida taʼlim olish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlarning boshqa turlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash;

v) jamiyatda koʻp millatli katta oila his-tuygʻusini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini taʼminlash, ularning Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik sohasida:

respublikamizda yashovchi millat va elatlarning tarixiy merosini, milliy madaniy qadriyatlariga izzat-hurmat muhitini saqlash, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash;

ishga qabul qilishda, kadrlar zaxirasini shakllantirishda fuqarolarning teng huquqliligi prinsipi amalga oshirilishini taʼminlash;

jamiyatda millatlararo muomala madaniyatini, bagʻrikenglikni, fuqarolarning shaʼni va milliy qadr-qimmatini hurmat qilishni shakllantirish maqsadida pedagog kadrlar taʼlimi, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, oʻquv adabiyotlari va taʼlim dasturlarini takomillashtirish;

aholi, ayniqsa yoshlarni fuqarolik masʼuliyatini his etish, vatanparvarlik va ona-Vatanga mehr-muhabbat, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining tarixiy oʻtmishi va anʼanalariga hurmat ruhida tarbiyalash;

Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish;

millatlararo munosabatlar sohasidagi salbiy tendensiyalar, tahdidlar, ziddiyatlar va mojarolarning barvaqt oldini olish, profilaktika qilish va bartaraf etish, ularning siyosiy tus olishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan davlat darajasida chora-tadbirlar ishlab chiqish;

millatlararo munosabatlar madaniyatini oshirish, jamiyatda ekstremizm va turmushdagi millatchilikning har qanday shakl va koʻrinishiga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish, boshqa etnik guruhlarning milliy qadriyatlariga bepisandlik bilan munosabatda boʻlish holatlariga barham berish;

mamlakatda hukm surayotgan millatlararo totuvlikni buzishga va millatlararo adovatni avj oldirishga qaratilgan tashqi buzgʻunchi axborot-mafkuraviy taʼsirga samarali qarshi kurashish sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan doimiy asosda oʻzaro hamkorlik qilish;

millatlararo toqatsizlik yoki bolalar va yoshlar orasida dushmanlik koʻrinishlari profilaktikasi boʻyicha tadbirlarni oʻtkazishga fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan bolalar va yoshlar jamoat tashkilotlarini jalb etish;

Oʻzbekistonda yashovchi millat va elatlarning tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish hamda rivojlantirish boʻyicha faoliyat jarayonlariga yosh avlod vakillarining jalb etilishini kengaytirish choralarini koʻrish;

ommaviy axborot vositalarida millatlararo nafrat yoki dushmanlikni avj oldirishga qaratilgan materiallar yoritilishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, millatlararo munosabatlarni yoritish masalalarida umuminsoniy va professional etika normalariga rioya etish maqsadida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

g) millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakat hududida va undan tashqarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni va chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni rivojlantirish, vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash va xorijdagi oʻzbek diasporalari bilan yaqin hamkorlik qilish, Oʻzbekistonning jahon maydonidagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirish sohasida:

“xalq diplomatiyasi” mexanizmlaridan foydalanish orqali xorijiy mamlakatlarning fuqarolik jamiyatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va doʻstlikni mustahkamlash;

buzgʻunchi millatchilikdan kelib chiqayotgan tahdid va xavf-xatarlarni borasida umumiy tushunchalarni ishlab chiqish, uning koʻrinishlariga qarshi kurashish yoʻllarini izlash va birgalikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, millat va elatlarning milliy-madaniy ehtiyojlarini qondirish, millatlararo totuvlik va millatlararo bagʻrikenglikni mustahkamlash maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash;

xorijiy mamlakatlarning mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tashkilotlari va diplomatik vakolatxonalari bilan “xalq diplomatiyasi” asosida aloqa oʻrnatish va uni izchil rivojlantirish;

fuqarolarning maqbul etnomadaniy talab-ehtiyojlari qondirilishini kafolatlaydigan demokratik davlat sifatida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirish hamda mustahkamlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni koʻrish;

chet ellarda oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishga koʻmaklashish;

Oʻzbekistondagi millat va elatlarning madaniy va tarixiy merosi, hozirgi zamon sivilizatsiyasi uchun uning roli va ahamiyati ommalashtirilishini taʼminlash;

monitoring, tahlil va prognozlashtirish vositasida Oʻzbekistondagi millatlararo munosabatlar holatiga taʼsir oʻtkazishi mumkin boʻlgan xalqaro munosabatlardagi salbiy tendensiyalarni aniqlash;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida Oʻzbekiston fuqarolari va xorijda yashovchi vatandoshlarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash;

chet ellardagi oʻzbek diasporasi bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirish;

mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, etnomadaniy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va qoʻshni mamlakatlarda istiqomat qiluvchi oilalar va qarindoshlarning erkin bordi-keldisi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida chegaraoldi hamkorligi mexanizmlarini qoʻllash;

d) Oʻzbekiston Respublikasining davlat va jamiyatni rivojlantirishdagi ustuvor maqsadlarini, ilgʻor xorijiy tajribani eʼtiborga olgan holda millatlararo munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish sohasida:

mamlakat fuqarolarining irqiy, milliy va diniy mansubligidan qatʼi nazar ularning teng huquqliligini taʼminlash, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, millatlararo munosabatlarda toqatsizlikning har qanday shakl va koʻrinishlarining oldini olish va ularga chek qoʻyish maqsadida millatlararo munosabatlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

davlat boshqaruvi tizimida, davlat ahamiyatiga moyil normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda Oʻzbekistondagi millat va elatlarning manfaatlari va milliy-madaniy talab-ehtiyojlari hisobga olinishiga koʻmaklashuvchi huquqiy shartlarni taʼminlash;

davlat va jamiyatning yaxlitligi va birligini mustahkamlash, fuqarolarning oʻzligini anglashi, Oʻzbekistondagi millat va elatlarni etnik-madaniy rivojlantirish, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, millatlararo muloqotni yaxshilash va mojarolarning oldini olish uchun shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish, ishlab chiqish va qabul qilishda ishtirok etish, xalqaro shartnomalarni tuzish;

millatlararo ziddiyat va mojarolarning oldini olish va ularga barham berish sohasida turli darajalardagi davlat organlari rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari va javobgarligini aniq belgilash va chegaralash;

millatlararo adovat, nafrat yoki dushmanlikni avj oldirish yoʻli bilan davlat xavfsizligini izdan chiqarishni maqsad qilib olgan buzgʻunchilik faoliyati profilaktikasi va uning oldini olish boʻyicha huquqiy va axborot tusidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.

5-bob. Milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari

9. Oʻzbekistonni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishga, uning madaniy, ilmiy, maʼnaviy merosi va zamonaviy yutuqlarini saqlash va ommalashtirishga koʻmaklashishga intilayotgan milliy madaniy markazlar oʻz faoliyatini amalga oshirishida Oʻzbekiston har tomonlama yordam koʻrsatadi.

Millatlararo munosabatlarni yanada uygʻunlashtirishni taʼminlash, mamlakatda millatlararo tinchlik va totuvlikni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekistonda yashayotgan millat va elatlarning madaniyati, tili va anʼanalarini saqlash boʻyicha chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, hamkorlik koʻlamlari va shakllariga qarab milliy madaniy markazlarga davlat tomonidan quyidagi qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish choralari koʻrsatilishi mumkin:

Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini oʻrganish, shu jumladan badiiy, teatr jamoalari va klublari uchun zarur tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining mablagʻlari hisobidan davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar taqdim etish;

milliy madaniy markazlar negizida yoshlar boʻlinmalarini tashkil etishga koʻmaklashish;

Oʻzbekistonning rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan milliy madaniy markazlar faollarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ularga faxriy unvonlar berish;

davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishning boshqa choralari.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

10. Qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish va uning natijalari, milliy mansubligidan qatʼi nazar fuqarolarning teng huquqliligi kafolatlarini, shuningdek, millatlararo adovatni avj oldirish bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish ishlarini olib borishni taʼminlash yuzasidan javobgar boʻlgan asosiy subyektlar etib quyidagi davlat organlari belgilangan:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi, mazkur qoʻmita davlat boshqaruvi organi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlarni va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan yagona davlat siyosati yuritilishini taʼminlaydi, uning zimmasiga:

(10-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

mamlakat va jamiyatda millatlararo totuvlik hamda bagʻrikenglikni taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini izchil amalga oshirish;

millatlararo munosabatlar monitoringining davlat tizimini yaratish, doʻstlik muhitini va yagona koʻp millatli katta oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;

davlat organlarining respublika hududida joylashgan milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari bilan bahamjihat harakati va hamkorligi muvofiqlashtirilishini taʼminlash;

respublikada istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillarining oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlari va marosimlarini saqlab qolish va rivojlantirishga koʻmaklashish;

millatlararo munosabatlarni va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish va uygʻunlashtirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etishga koʻmaklashish va ularni oʻtkazishda bevosita ishtirok etish vazifalari yuklangan;

b) xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini oʻrnatish va rivojlantirishda doʻstlik jamiyatlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasiga koʻmaklashuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi;

(10-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

v) milliy madaniy markazlarni va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik jamiyatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

g) tegishli hududlarda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari sohasidagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari;

d) millatlararo adovatni avj oldirish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qilish organlari.

11. Oʻzbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro shartnomalar va boshqa xalqaro hujjatlarni tuzadi, Oʻzbekistonning davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan xorijiy mamlakatlarning turdosh tashkilotlari va fuqarolik jamiyatlari institutlari oʻrtasidagi koʻp tomonlama aloqalar va almashinuvlar rivojlanishini ragʻbatlantiradi va qoʻllab-quvvatlaydi.

12. Konsepsiyani samarali amalga oshirish jamiyatda doʻstlik, hamjihatlik va jipslik muhitini yangi darajaga koʻtarish imkonini beradi va quyidagilarga koʻmaklashadi:

mamlakatimizda yashab turgan barcha millat va elatlarning madaniy va milliy oʻziga xosliklarini saqlab qolish asosida koʻp millatli Oʻzbekiston Respublikasi xalqining birligi his-tuygʻusini mustahkamlash;

jamiyatda vujudga kelishi mumkin boʻlgan millatlararo kelishmovchilik va mojarolarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish uchun millatlararo munosabatlar sohasida taʼsirchan monitoring mexanizmlarini shakllantirish, millatchilikning har qanday koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik;

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari sohasida hududiy dasturlarni amalga oshirish;

Oʻzbekistonda yashab turgan barcha millat va elatlarning milliy-madaniy oʻziga xosligini saqlab qolish va hozirgi sharoitda erkin rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni takomillashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-noyabrdagi PF-5876-son Farmoniga 2-ILOVA

2019 — 2021-yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha

Izohlar:

1) huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetidan kelib chiqqan holda tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgartirilishi, ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar esa birlashtirilishi mumkin.

2) ikki va undan koʻproq bandlar birlashtirilganda birlashtirilayotgan bandlar uchun belgilangan eng kech muddat bajarish muddati sifatida oʻrnatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-noyabrdagi PF-5876-son Farmoniga 3-ILOVA

Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Komissiya

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2023-y., 06/23/75/0292-son)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.