Oʻtgan qisqa davrda aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha “mahalla — sektor — Xalq qabulxonasi — mahalla” tamoyili asosida samarali hamkorlik tizimini joriy etish, mahallani xalq bilan davlat oʻrtasida ishonchli “koʻprik” boʻlishini amalda taʼminlash, oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, fuqarolar yigʻinlariga xos boʻlmagan funksiyalar yuklatilayotganligi, ularning boshqa quyi idoralar bilan hamkorligi tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi, oila, xotin-qizlar va keksalarga yordam koʻrsatishning yaxlit tizimi mavjud emasligi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samarali natija bermayotganligi jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish va qonun ustuvorligini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Aholi osoyishtaligini taʼminlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, nuroniylar ijtimoiy faolligini oshirish, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari roli va mavqeyini yanada mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Alohida taʼkidlab oʻtilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi, shuningdek, davlat organlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoit yaratadi, qonun hujjatlari bilan berilgan vakolatlarni amalga oshirishda ularga koʻmaklashadi.
2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi va mahallalar faollarining har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan quyidagi yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi yangi tizimni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
jamiyatning betakror ijtimoiy tuzilmasi hisoblanadigan mahalla institutini aholining chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylantirish, uning roli va ahamiyatini oshirish;
xotin-qizlar ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish;
jamiyat va oilada sogʻlom va barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tubdan isloh qilish;
mahalla institutining ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan uzluksiz, tizimli hamkorligini yoʻlga qoʻyish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari va ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarining (keyingi oʻrinlarda — profilaktika inspektori) roli va mavqeyini yanada oshirish, mustaqilligi hamda vakolatlarining amaliy samaradorligini taʼminlash;
sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda xodimlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish va moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlinmalari tashkil etilsin.
4. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini oʻrnatish;
oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish, notinch va muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashishni tashkil etish;
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash;
xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi boʻlgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish;
xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini yuksaltirish;
mahallalarda qonun ustuvorligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash;
yolgʻiz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashda huquqiy, uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalalarida samarali foydalanish;
fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” oʻquv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin va Vazirlik tuzilmasiga oʻtkazilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. Quyidagilarning:
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi rahbar organlarining ushbu tashkilotlarni tugatish haqidagi;
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — “Nuroniy” jamgʻarmasi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) boʻlimlarini tugatish haqidagi qarorlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ularning ongiga singdirish hamda yuksak maʼnaviyatli va sadoqatli qilib voyaga yetishlarida keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida Vazirlik “Nuroniy” jamgʻarmasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amalga oshiradigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-sentabrdagi PF-159-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)
9. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasidagi — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasidagi — Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalaridagi — hokim oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi;
tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalaridagi — hokim oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi tugatilsin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
Vazirlik oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Vazirlik tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi;
Vazirlikning hududiy boʻlinmalari boshliqlari har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashlari yigʻilishlarida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatida uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi boʻyicha axborot beradi;
vazir har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida Vazirlik faoliyati yuzasidan hamda sohadagi tizimli muammolar va ularning yechimi toʻgʻrisida axborot beradi;
Vazirlik xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlarga har tomonlama koʻmaklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga masʼul hisoblanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va keng jamoatchilikning:
fuqarolar yigʻini raisi besh yil muddatga saylanishi haqidagi;
mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 22-mart sanasini “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari kuni” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
13. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos boʻlmagan vazifa va funksiyalar 1a va 1b-ilovalarga muvofiq roʻyxatlar boʻyicha qisqartirilsin.
Vazirlik va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur band ijrosi yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan tashqari funksiyalarni faqatgina davlat organlari va tashkilotlar bilan haq toʻlashni nazarda tutuvchi shartnoma asosida amalga oshirish huquqi berilsin.
14. Vazirlik fuqarolar yigʻinlari xodimlarini ularning vazifa va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklash taqiqlanganligi haqidagi talabga amalda soʻzsiz ijro etilishini taʼminlasin.
Mazkur talabni buzganligi uchun davlat organlari va tashkilotlari masʼul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha har choraklik asosda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga takliflar kiritib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
15. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tuzilmasida:
a) quyidagi lavozimlar tugatilsin:
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari — ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchi;
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari — tadbirkorlik, tomorqa yer egalari faoliyatiga koʻmaklashish va obodonlashtirish ishlari boʻyicha maslahatchi;
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari — yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchi;
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari — keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchi;
b) quyidagi lavozimlar kiritilsin:
fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari;
fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis;
fuqarolar yigʻini raisining yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi;
fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchisi;
v) quyidagi jamoatchilik tuzilmalari tugatilsin:
yarashtirish komissiyasi;
maʼrifat va maʼnaviyat masalalari boʻyicha komissiya;
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiya;
voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari boʻyicha komissiya;
tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari boʻyicha komissiya;
jamoatchilik nazorati va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha komissiya;
“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi;
g) quyidagi komissiyalar tashkil qilinsin:
oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi;
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati boʻyicha komissiya.
16. Belgilansinki:
fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajarish profilaktika katta inspektori, ushbu lavozim mavjud boʻlmagan taqdirda profilaktika inspektori zimmasiga yuklatiladi;
har bir mahallada uning kriminogen vaziyati va aholi sonidan kelib chiqqan holda kamida bir nafardan profilaktika inspektori xizmatni olib boradi. Bunda, yangi mahallalar tashkil etilganda kiritiladigan shtat birliklari soni Ichki ishlar vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi hamda respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladi;
(16-bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi oʻrniga, har bir fuqarolar yigʻinida bir nafardan, shuningdek, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etiladi;
oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis lavozimi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi oʻrniga, oilalar soni 2 000 va undan ortiq boʻlgan fuqarolar yigʻinida bir nafardan, shuningdek, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etiladi;
fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi fuqarolar yigʻini masʼul kotibi lavozimi oʻrniga, har bir fuqarolar yigʻinida bir nafardan, shuningdek, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etiladi;
fuqarolar yigʻini raisining yoshlar masalalari boʻyicha hamda keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchilari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi;
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis fuqarolar yigʻini raisi taqdimiga asosan fuqarolar yigʻini kengashi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
17. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
fuqarolar yigʻini raisi — keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchi, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, “Keksalar maslahati” guruhining;
fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari — yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchi, “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhining;
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari — xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha komissiya, “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasining;
fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari — ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati boʻyicha hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyalarning faoliyatini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi.
18. Fuqarolar yigʻini raisiga quyidagi qoʻshimcha huquqlar berilsin:
tegishli hududdagi profilaktika inspektori faoliyatiga baho berish hamda uni ragʻbatlantirish yoki unga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritish;
uy-joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishiga boshqaruvchi tashkilot, boshqaruvchi yoki shirkat boshqaruvi raisi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida taklif kiritish;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish bilan bogʻliq masalalarda uy-joy mulkdorlarining roziligi asosida ularning nomidan boshqaruvchi tashkilot, boshqaruvchi yoki shirkat boshqaruvi raisi bilan oʻzaro munosabatlarga kirishish.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)
20. Belgilansinki:
profilaktika inspektorlari 5 yil muddatga lavozimga tayinlanadi hamda ularni mazkur muddat davomida boshqa lavozimga oʻtkazish taqiqlanadi (yuqori turuvchi rahbarlik lavozimga oʻtkazish yoxud qonun yoki ichki tartib qoidalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortish holatlari bundan mustasno);
tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning tarkibidagi boʻlimlari va ichki ishlar boʻlimlari (boʻlinmalari) boshliqlari ustuvorlik asosida profilaktika inspektori lavozimida kamida 5 yil ishlagan xodimlari orasidan tayinlanadi;
profilaktika inspektorlari lavozimlariga, qoida tariqasida, oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi;
profilaktika inspektorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, staji va tajribasini inobatga olgan holda mahallaga biriktirish hamda mahalla orasida rotatsiya qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi (profilaktika inspektori lavozimidan katta profilaktika inspektori lavozimiga oʻtkazish bundan mustasno);
(20-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining oʻrinbosarlari — jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari (jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari) Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi tavsiyasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari Jamoat xavfsizligi xizmatining huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari hamda ijtimoiy profilaktika boʻlim boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi (yuqori turuvchi rahbarlik lavozimiga oʻtkazish holatlari bundan mustasno);
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
profilaktika inspektorlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi tomonidan, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyat ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan amalga oshiriladi;
huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamgʻarmalarining mablagʻlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tegishlicha ularning oʻrinbosarlari — jamoat xavfsizligi xizmati (huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati, boshqarmasi) boshliqlari takliflari asosida qabul qilinadigan qarorlarga muvofiq belgilangan tartibda sarflanadi.
(20-bandning beshinchi — sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)
20-1. Mahallalarni kriminogen vaziyatdan kelib chiqib toifalarga ajratishda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Milliy statistika qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda har bir mahalla kesimidagi xonadonlar hamda ularda istiqomat qiluvchi aholi soni haqidagi maʼlumotni “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
(20-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
21. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻiga — profilaktika inspektorlari faoliyatiga aralashganlik, ularni xizmat vazifalari bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etganlik uchun hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlari va masʼul xodimlariga nisbatan bevosita intizomiy jazo choralarini qoʻllash vakolati berilsin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)
22. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ikki oy muddatda ichki ishlar organlarining amaldagi shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida tegishli huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalarida kadrlar bilan ishlash boʻlimini (boʻlinmasini, guruhini) tashkil qilsin;
uch oy muddatda Oliy sud, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan taʼsirchan tizimni shakllantirish maqsadida profilaktika inspektorlarining maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish hamda bevosita maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash vakolatlarini kengaytirish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. 2020-yil 1-apreldan boshlab, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (keyingi oʻrinlarda — FHDY) organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish, “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDY organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik boʻyicha funksiyalarni yuklagan holda FHDY organlari Adliya vazirligi tasarrufiga oʻtkazilsin.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Davlat xizmatlari agentligi tizimida FHDY organlari faoliyatini samarali tashkil etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
oʻn kun muddatda “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari kuni”ni belgilash boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
25. Vazirlik:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolar yigʻinlari va profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) uch oy muddatda:
fuqarolar yigʻinlari raislarining oʻrinbosarlari va oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassislar lavozimlariga yetarli bilim va hayot tajribasiga, yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, oʻziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajara oladigan shaxslar tavsiya etilishi va tasdiqlanishi boʻyicha fuqarolar yigʻinlariga har tomonlama yordam bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi alohida oʻquv kurslari tashkil etish boʻyicha takliflarni kiritsin;
fuqarolar yigʻini raisini saylash muddatini uzaytirish, ushbu jarayonini takomillashtirish va ochiqligini taʼminlash boʻyicha qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
26. Vazirlik buyurtma asosida hamda oʻzining budjetdan tashqari mablagʻlari va homiylik xayriyalari hisobidan:
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi hamda boshqa nodavlat tele- va radiokanallarda “Otalar soʻzi — aqlning koʻzi”, “Otalar choyxonasi”, “Onalar mehri” va “Oila — jamiyat koʻzgusi” kabi mavzularda koʻrsatuv va eshittirishlarni milliy va tarixiy qadriyatlarni hisobga olgan holda muntazam tayyorlash hamda aholiga qulay boʻlgan vaqtda namoyish etish;
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi bilan birgalikda fuqarolar yigʻinlari faoliyatini batafsil yoritishga qaratilgan, aholida mahalla institutiga nisbatan hurmat va iftixor ruhini shakllantirishga xizmat qiluvchi badiiy filmlar yaratish choralarini koʻrsin.
27. Quyidagilar:
Mamlakatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni samarali joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(27-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6324-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2021-y., 06/21/6324/0970-son)
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6324-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2021-y., 06/21/6324/0970-son)
29. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini;
bir oy muddatda keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
uch oy muddatda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, mahalla tizimini rivojlantirish va jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etishning 2020 — 2024-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
30. Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
31. Ushbu Farmon ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasining mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri — ushbu Farmonda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin, chora-tadbirlar ijrosi boʻyicha yuzaga keladigan joriy masalalar tezkorlik bilan hal etilishini taʼminlasin hamda har chorakda Vazirlar Mahkamasiga ushbu Farmonning amalga oshirilishi jarayoni haqida batafsil maʼlumot taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va uning jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari A.I. Ikramov — har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim toʻliq joriy etilishi hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va profilaktika inspektorlarining mustaqilligini taʼminlash, jumladan faoliyatiga asossiz aralashmaslik va taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklamaslik ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari — ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan barcha zarur choralarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D. Xadjayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori — ushbu Farmonning mazmun-mohiyati, ahamiyati va mamlakatimizda oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.
32. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizamiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-fevral,
PF-5938-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-son Farmoniga1a-ILOVA
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga yuklatilgan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos boʻlmagan qisqartirilayotgan vazifa hamda funksiyalar
1. Fuqarolarga uy-joy fondidan foydalanishda hamda uning saqlanishini taʼminlashda koʻmaklashish.
2. Kvartira mulkdori yoʻqligida avariyani bartaraf etish uchun xonadonga kirish.
3. Qarovsiz uy hayvonlari yoki qoʻlga oʻrgatilgan hayvonlarni egasini qidirish choralarini koʻrish, qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxsning iltimosiga koʻra hayvonlarni boqish uchun zarur sharoiti boʻlgan shaxsni topish hamda hayvonlarni unga topshirish.
4. Imoratni qurish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarning mavjudligi hamda shaharsozlik normalari va qoidalari asosida qurilganligini aniqlash.
5. Hududlarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi va kreditlarning belgilangan muddatda qaytarilishini taʼminlash.
6. Dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirishga yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayr-ehsonlarni amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish uchun tuziladigan tuman (shahar) komissiya tarkibida ishtirok etish.
7. Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish, mehnatni muhofaza qilishni taʼminlashda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa organlarga koʻmaklashish.
8. Aholi punktlari sanitariya jihatidan tozalanishiga hamda maishiy-roʻzgʻor chiqindilari toʻplab olib ketilganligi uchun toʻlovlarni vaqtida toʻlanishiga koʻmaklashish.
9. Chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun abonentlar bilan shartnomalar tuzish va toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash.
10. Maishiy chiqindilarni yigʻish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish borasidagi amaliy tizimni tashkil etish, qattiq maishiy chiqindilar boʻyicha majburiy toʻlovlarni toʻlovchi jismoniy shaxslarning hisobi yuritilishini tashkil etish.
11. Yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalasi uzoq vaqtdan buyon hal etilmayotgan obyektlar va aholi punktlariga reydlar tashkil etish.
12. Jismoniy tarbiya hamda sportni rivojlantirish uchun, shu jumladan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni jalb etish yoʻli bilan, sharoitlar yaratish hamda ushbu sohada davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish.
13. Bolalar-oʻsmirlar sport-moslashtiruvchi maktablarini, moslashtiruvchi bolalar-oʻsmirlar jismoniy tayyorgarlik klublarini tashkil qilish.
14. Mahallalarda futbol maydonlari va boshqa sport inshootlarini obodonlashtirishda mahalliy davlat hokimiyati organlari, tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport boʻlimlari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalariga koʻmaklashish.
15. Yosh oilalarga sifatli taʼlim, tibbiy, huquqiy, axborot, maslahat va boshqa, jumladan bolalar sogʻligʻini saqlash va tarbiyalashni taʼminlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish.
16. Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga qaratilgan profilaktika tadbirlarini amalga oshirish.
17. Har bir dehqon xoʻjaligini va unga oid maʼlumotlarni xoʻjalik kitobiga kiritish.
18. Ishlab chiqarish va ijtimoiy-maishiy ahamiyatga molik obyektlari boʻlmagan hududda fermer va dehqon xoʻjaliklari tashkil etilganida mazkur hududni birlamchi obodonlashtirishni amalga oshirish.
19. Dehqon xoʻjaligi uchun kerakli mol-mulk va ishlab chiqarish vositalarini birjalarda, yarmarkalarda, bozorlarda yuridik va jismoniy shaxslardan olishda koʻmaklashish.
20. Fermer va dehqon xoʻjaliklariga yer uchastkalarini berish hamda ishlab chiqarish obyektlari va uy-joylar barpo etishda yordam koʻrsatish.
21. Fermer xoʻjaliklari ishlab chiqarish obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishiga koʻmaklashish.
22. Foydalanilmayotgan yashash uchun moʻljallanmagan joylarni ularda mahsulot yetishtirishni va tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun fermer xoʻjaliklariga ijaraga berish.
23. Fermer xoʻjaliklari boshliqlari va xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga koʻmaklashish.
24. Qishloq xoʻjalik ekinlarining navli urugʻlik hamda koʻchatlari, organik va mineral oʻgʻitlar, qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalardan, kasalliklar hamda begona oʻtlardan himoya qilish vositalari yetkazib berish yuzasidan davlat agrotexnika xizmati koʻrsatish tizimi orqali xizmatlar, shuningdek, texnikaviy xizmat koʻrsatish.
25. Qishloq xoʻjaligi texnikasi, asbob-uskunalar va inventarlarni lizing asosida sotib olishga koʻmaklashish.
26. Fermer va dehqon xoʻjaliklariga zotdor chorva mollar va parrandalar, shuningdek, omixta yem sotib olishda koʻmaklashish.
27. Fermer va dehqon xoʻjaliklarining chorva mollariga veterinariya xizmati koʻrsatilishi uchun sharoitlar yaratib berish.
28. Fermer va dehqon xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini tayyorlash va realizatsiya qilishda koʻmaklashish.
29. Noqishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi ishlab chiqarishlarni tashkil etayotgan fermerlarni ragʻbatlantirish.
30. Fermer va dehqon xoʻjaliklariga konsalting va axborot yoʻsinidagi boshqa xizmatlarni koʻrsatish.
31. Tegishli hududda barcha dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalari kesimida yetishtiriladigan mahsulotning prognoz hajmlari toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
32. Tomorqa yer uchastkalarida yetishtirilgan mahsulotlar, shuningdek, boqiladigan chorva mollari va parrandalarning aniq hisobini yuritish maqsadida ekinlar, mahsulotlar hajmi, sotilgan, eksport qilingan va ichki isteʼmol uchun qolgan miqdorlari toʻgʻrisida har oy yakuni boʻyicha tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga maʼlumot taqdim etish.
33. Oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda, shuningdek, boshqa tadbirlarda ishtirok etish, davlat organlariga koʻmaklashish.
34. Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish.
35. Oʻsimliklar karantini sohasida davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarni oʻtkazishda ishtirok etish.
36. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ishtirok etish.
37. Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish.
38. Veterinariya sohasida davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish.
39. Veterinariya boʻlimlariga itlarni quturishga qarshi oʻz vaqtida vaksinatsiya qilish uchun itlarni saqlaydigan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qilish.
40. Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish, tadbirlar oʻtkazilishiga koʻmaklashish.
41. Fuqarolar tomonidan kommunal xizmatlar haqini toʻliq va oʻz vaqtida toʻlashlarini kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etish va nazorat qilish.
42. Qishloq xoʻjaligi ekinzorlarida chorva va parrandalarni boqish, shunday ekinzorlar orqali avtotransport yoki qishloq xoʻjalik texnikasi, hayvonlarni olib oʻtish hamda ekinlarning payhon boʻlishiga olib keladigan boshqa hollarga qarshi kurashish.
43. Toshkent shahar mahalla fuqarolar yigʻini raislari tomonidan ichki ishlar boʻlimlarida oʻtkaziladigan yoʻriqnoma berishda kundalik ishtirok etish.
44. Simobli lampalarning ishlatilib boʻlgan resurslarini aholi tomonidan topshirilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.
45. Koʻmir mahsulotlarining aholiga belgilangan tartibda taqsimlanishi va sotilishini taʼminlash.
46. Zayomdan foydalanishning butun davrida zayomdan samarali va maqsadli foydalanishning doimiy monitoringini olib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-son Farmoniga1b-ILOVA
Profilaktika (katta) inspektorlariga yuklatilgan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos boʻlmagan qisqartirilayotgan vazifa hamda funksiyalar
1. Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini xatlovdan oʻtkazish, ularda yil davomida ekiladigan ekin turlari va yetishtiriladigan mahsulot hajmlarini aniqlash, shu masalalar boʻyicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish.
2. Tuman hokimining qaroriga muvofiq tashkil etilgan tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruhda ishtirok etish va belgilangan vazifalarni bajarish.
3. “Haj” tadbiriga borishga nomzodlarni mahalla fuqarolar yigʻini miqyosida saralab olish uchun tuzilgan ishchi guruh tarkibida faoliyat yuritish hamda fuqaroning “Haj” va “Umra” tadbirlariga borish uchun navbatini belgilangan tartibda bekor qilishda ishtirok etish.
4. Fuqarolarning majburiy texnik koʻrikka taqdim etilmagan avtomototransport vositalari inventarizatsiyasi jarayoni boʻyicha tuzilgan ishchi guruhga rahbarlik qilish.
5. Huquqbuzarliklar oqibatida jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ixtisoslashtirilgan muassasalar tuzish.
6. Idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalarining nazorat tekshiruvida ishtirok etish.
7. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotishni rasmiylashtirish masalalari yuzasidan shaxsning turgan joyi haqida maʼlumot boʻlmagan taqdirda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki uning yaqin qarindoshlarini xabardor qilish choralarini koʻrish.
8. Fuqarolar tomonidan oʻqotar qurollar, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirilishi va ularni qabul qilish bilan bogʻliq xatti-harakatlarni amalga oshirish.
9. Fuqarolar yigʻinlarining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyalar bilan oʻzaro hamkorlik qilish.
10. Tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish va aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan choralarni amalga oshirish.
11. Qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus muassasa hududidan chetga chiqqan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni nazorat qilish.
12. Otish zonasida joylashgan aholini, tashkilotlar va boshqa obyektlarning masʼul vakillarini hayvonlarni otib tashlash tadbirlari oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabardor qilish, hayvonlarni otib tashlashga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish, belgilangan xavfli zonalarga fuqarolar va transport vositalarini kiritmaslik choralarini koʻrish.
13. Otib tashlash ishlari boshlanishidan oldin brigada boshligʻi bilan birgalikda majburiy tartibda brigada aʼzolari sogʻligʻining holatini, qurollarning ruxsat beruvchi hujjatlari mavjudligini, oʻqotar ov qurolining va unga oʻq-dorilarning texnik holatini tekshirish ishlarini olib borish, shuningdek, brigada aʼzolarining aniq vazifalarini belgilash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-son Farmoniga2-ILOVA
Mamlakatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni samarali joriy etish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-son Farmoniga3-ILOVA
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasi
Izoh:
* Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 12-apreldagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning tarif setkasini joriy etish toʻgʻrisida”gi 147-son qarorining 4-bandi uchinchi xatboshisi oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlariga tatbiq etilmaydi.
** hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq boʻlgan oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari uchun ushbu tarif koeffitsiyentlari 1,35 baravar oshirib hisoblanadi.
(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6324-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2021-y., 06/21/6324/0970-son)