Mamlakatimizda soʻnggi yillarda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi izchil va tizimli isloh qilinmoqda hamda takomillashtirilmoqda. Har bir tumanda (shaharda) Davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi va 2019-yil davomida ular tomonidan 13 mln.ga yaqin xizmatlar koʻrsatildi.
Bugungi kunda ayrim hududlarda koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari soni 130 taga yetdi, mijozlar soni esa kuniga 300 dan 1,5 minggacha odamni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat etuvchi aholi va tadbirkorlik subyektlarining soni doimiy ravishda oʻsib borishi mazkur sohani takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilishini talab etmoqda.
Aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish davom ettirilishini taʼminlash maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimini Agentlikka oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Adliya vazirligiga Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimini yuritish va texnik qoʻllab-quvvatlash hamda uni Yuridik shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilish va idoralararo elektron hamkorlikni bepul taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
4. Quyidagilar:
2020-yil 1-apreldan Toshkent shahrida faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Davlat xizmatlari koʻrsatishda qoʻllaniladigan elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish uchun mashinada oʻqiladigan formatda raqamlashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan Davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Mazkur Farmonning 2-ilovasida koʻrsatilgan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga elektron maʼlumot bazalarini oʻz vaqtida va sifatli shakllantirish hamda maʼlumotlarni raqamlashtirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda (keyingi oʻrinlarda — mahallalar) yuridik shaxs tashkil etmagan holda Davlat xizmatlari markazlari filiallarini (keyingi oʻrinlarda — Filiallar) bosqichma-bosqich tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Quyidagilar Filiallarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jismoniy va yuridik shaxslarga keng qamrovli, shu jumladan mobil (sayyor) davlat xizmatlarini koʻrsatish;
fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyatini oshirish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishning boshlangʻich koʻnikmalari boʻyicha maslahatlar berish;
tegishli hudud aholisini koʻrsatiladigan davlat xizmatlari haqida muntazam xabardor qilib borish.
8. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashining Filiallarni mahallalarning fuqarolar yigʻinlari binolarida bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
9. Belgilansinki:
Filiallar, zarur hollarda, alohida, shu jumladan davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida, shuningdek, adliya organlari va muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qurilgan binolarda joylashtirilishi mumkin;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
Filiallarni tashkil etish, shu jumladan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish bilan bogʻliq xarajatlar adliya organlari va muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, Filiallar uchun alohida binolarni mebel, tashkiliy texnika va jihozlar bilan taʼminlash esa mahalliy budjetlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Filiallarning belgilangan tartibda Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
13. Sugʻurta kompaniyalariga Davlat xizmatlari markazlari egallab turgan binolarda va hududlarda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomalarini tuzish hamda majburiy sugʻurta qilish boʻyicha xizmatlar reklamasini joylashtirish huquqi berilsin.
14. Belgilansinki:
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji summasining 80 foizi miqdoridagi mablagʻlar hamda Davlat xizmatlari markazlari va Filiallar orqali koʻrsatiladigan davlat xizmati uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlar (avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari bundan mustasno) va barcha turdagi toʻlovlar summasining 18 foizi miqdoridagi mablagʻlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-yanvardagi PF-16-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2023-y., 06/23/16/0067-son)
Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun davlat bojlari va boshqa toʻlovlar summasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladigan 1 foizi miqdoridagi mablagʻlar 0,5 foizga kamaytiriladi;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilarning kasblari klassifikatori ishga qabul qilishda taʼlimning minimal darajasi va ishchilarga kasbi boʻyicha malakaviy razryadlarni belgilash qismida davlat xizmatlari markazlarida qoʻllash uchun, istisno tariqasida, tavsiyaviy xaraktyerga ega boʻladi.
(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi:
Agentlik bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar talab eng yuqori boʻlgan elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan mobil ilovaning toʻliq shakli joriy etilishi va keyinchalik tizimli asosda takomillashtirib borilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda xizmatdan foydalanuvchilar tomonidan elektron raqamli imzodan foydalanmasdan identifikatsiyalashning muqobil mexanizmlarini joriy qilgan holda Internet tarmogʻi orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini joriy etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2020-yil 1-aprelga qadar Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tahlil qilsin va davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi idoralararo va ichki idoraviy tartib-taomillarni soddalashtirish boʻyicha choralarni koʻrsin;
Davlat xizmatlari markazlari va ularning Filiallari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini, shu jumladan, psixologiya boʻyicha kurslardan oʻtgan holda oshirish tizimining doimiy asosda takomillashtirilishini taʼminlasin;
2020-yil 1-mayga qadar Filiallarni mahalla yoki bir nechta mahallalarning ehtiyojini, shu jumladan ulardagi aholi soni, Davlat xizmatlari markazlaridan uzoqligini tahlil qilish asosida tashkil etish boʻyicha minimal tashkiliy-texnik talablar, shuningdek, Filiallar tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatlarini aholi gavjum boʻlgan va jamoat joylarida (diniy muassasalar, aeroportlar, vokzallar, metro bekatlari, savdo-koʻngilochar komplekslar) oʻrnatiladigan interaktiv infokiosklar orqali oʻziga oʻzi xizmat qilish tamoyili asosida koʻrsatish tartibini joriy etsin;
2021-yil 1-yanvarga qadar davlat xizmatlari koʻrsatishning minimal talablari va standartlarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari U.Sh. Tashxodjayev — mazkur Farmonning sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishi, masʼul vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, ular rahbarlarining koʻrilgan choralar haqidagi har oylik hisobotlarini eshitish, aniqlangan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov va Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov — Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilishi, mazkur Farmonning oʻz vaqtida ijro etilishida masʼul tashkilotlarga har tomonlama uslubiy va amaliy yordam berilishini taʼminlasin, shuningdek, har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga uning amalga oshirilishi jarayoni toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov — mahallalarning ehtiyojini, aholi soni va markazlardan uzoqligini inobatga olgan holda ularda filiallar tashkil etilishi va keyinchalik faoliyat yuritishi, ularning yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishi, Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi uzluksiz ishlashi va doimiy takomillashtirib borilishi, Vazirlik tizimi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy standartlari joriy etilishini taʼminlasin.
(18-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari — idoraviy axborot tizimlari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, ularning davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi bilan integratsiya qilinishi, shuningdek, davlat xizmatlari koʻrsatilishi uchun maʼlumotlar raqamlashtirilishini taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari — axborot tizimlari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, ularning davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin, shuningdek, filiallarni tashkil etish va ularning samarali faoliyat yuritishida yordam koʻrsatsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-yanvar,
PF-5930-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvardagi PF-5930-son Farmoniga 1-ILOVA
2020-yil 1-apreldan Toshkent shahrida faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvardagi PF-5930-son Farmoniga 2-ILOVA
Davlat xizmatlari koʻrsatishda qoʻllaniladigan elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish uchun mashinada oʻqiladigan formatda raqamlashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar
Izoh. Mazkur roʻyxatda koʻrsatilgan hujjatlar bazasi 2020-yil 1-maydan boshlab majburiy tartibda elektron shaklda ham yuritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvardagi PF-5930-son Farmoniga 3-ILOVA
Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvardagi PF-5930-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4725-son Farmonining 8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Belgilansinki:
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji sifatida olinadigan barcha mablagʻlar hamda Davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlar va barcha turdagi toʻlovlar summasining 20 foizi miqdoridagi mablagʻlar;
ariza beruvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda yoʻnaltirilgan murojaatlariga asosan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlar va barcha turdagi toʻlovlar summasining 10 foizi miqdoridagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2750-son qarorining 11-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-avgustdagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3245-son qarorining 13-bandida:
a) toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) beshinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi “Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4328-son qarorida:
a) 3-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ariza beruvchilarning YIDXP orqali mustaqil ravishda yoʻnaltirilgan murojaatlariga asosan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlar va barcha turdagi toʻlovlar summasining 10 foizi miqdoridagi mablagʻlar, shuningdek, YIDXP orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan tashqari, Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun toʻlangan davlat bojlari va boshqa toʻlovlar summasining 0,5 foizi miqdoridagi mablagʻlar Markazning vakolatli bankdagi maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi;”;
(5-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi PF-34-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 06/21/34/1164-son)