PQ-4794-son Qaror · 30.07.2020

Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4794
  • Qabul qilingan sana:30.07.2020
  • Kuchga kirgan sana:30.07.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4794/1121

Soʻnggi yillarda aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi, seysmologiya va seysmik chidamli qurilish sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini jahon talablari darajasida oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratildi, yer qobigʻining kuchlangan-deformatsiyalangan holatini kuzatuvchi, seysmik xavfni baholashda va zilzilalar darakchilarini qayd qilishda foydalaniladigan stansiyalar tarmogʻining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz hududi seysmik faol zonalarda joylashganligi sababli seysmik xavfning oldini olish, aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilish, bu borada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek sohada aniq maqsadga yoʻnaltirilgan dasturlarni va ilmiy tadqiqotlarni doimiy amalga oshirib borish zarurati mavjud.

Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini jahon standartlari asosida rivojlantirish maqsadida hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasida seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimini takomillashtirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar seysmik xavfsizlikni taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

aholining seysmik xavfsizligini taʼminlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish;

seysmik xavf darajasini kamaytirish choralarini koʻrish;

foydalanishda boʻlgan va foydalanishga topshiriladigan bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini nazorat qilish;

respublika hududida joylashgan suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik mustahkamligini nazorat qilish;

seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

seysmik xavfsizlik va mustahkamlikni taʼminlashning zamonaviy uslub va texnik vositalarini amaliyotga joriy etish;

seysmik xavfsizlik va mustahkamlikni taʼminlashning ilmiy asoslari va texnologiyalarini takomillashtirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Kengash) Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash vazifasi yuklansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-maydagi PF-72-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2023-y., 06/23/72/0283-son)

3. Quyidagilar seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi — seysmik xavfni turli miqyosda baholash, hududlarni seysmik rayonlashtirish, zilzilalarni muddatlar kesimida prognoz qilish metodologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish, turli seysmik xavfning injener-geologik asoslarini va baholash texnologiyalarini yaratish uchun masʼul boʻlgan davlat ilmiy muassasasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi — respublika hududida qurilayotgan obyektlardagi loyihalar va qurilish sifatini seysmik xavfsizlik boʻyicha meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash va nazorat qilish, shaharlardagi mavjud binolarning seysmik mustahkamligini taʼminlash, inshootlarning seysmik xavfini kamaytirish boʻyicha zarur tadbirlar ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi;

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi — respublika va transchegaraviy hududlarda, shuningdek tabiiy va texnogen xavfli hududlarda hamda muhim obyektlarda seysmik xavfsizlik boʻyicha monitoringni tashkil etish, kuchli va talafotli zilzilalar sodir boʻlishi xavfi mavjud boʻlganida ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur choralarni koʻrishga masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi etib belgilansin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-maydagi PF-72-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2023-y., 06/23/72/0283-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Vazirlar Mahkamasi huzurida yuridik shaxs tuzmagan holda Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Quyidagilar:

a) Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

joriy yilda respublika budjetidan amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlari uchun ajratilgan grant mablagʻlari hisobidan 20 mlrd soʻmgacha boʻlgan mablagʻlar, kelgusi yillarda esa ehtiyojga qarab, Vazirlar Mahkamasining hisob-kitoblariga asosan ajratiladigan mablagʻlar;

xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;

Jamgʻarmaning boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan yoʻnalishlar etib belgilansin:

ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashish, tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish va ularda ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;

ilmiy laboratoriyalarni zarur asbob-uskunalar, hisoblash texnika vositalari hamda butlovchi materiallar bilan taʼminlash va ularni oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;

respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasiga raqamlashtirilgan texnologiyalarni joriy etish, seysmik chidamli qurilish boʻyicha milliy dasturlarni ishlab chiqish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish;

seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlarining sohaga oid faoliyat yoʻnalishi boʻyicha moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlarning elektron texnik pasportlarini shakllantirish jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish;

yuksak ilmiy natijalarga erishgan va fan rivojiga munosib hissa qoʻshgan olimlarni, shu jumladan yosh ilmiy xodimlarni qoʻllab-quvvatlash.

seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida ilmiy tadqiqotlarni va kuzatuvlarni olib borayotgan tashkilot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi PF-144-sonli Farmoniga asosan oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2022-y., 06/22/144/0457-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchisi hisoblanadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini (keyingi oʻrinlarda — Turin politexnika universiteti) “Muhandislik seysmologiyasi” taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini “Seysmologiya va seysmometriya” taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash yuzasidan bazaviy oliy taʼlim muassasalari etib belgilash;

mazkur taʼlim muassasalarida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tegishliligiga qarab “Muhandislik seysmologiyasi” va “Seysmologiya va seysmometriya” taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha bakalavriat hamda magistratura bosqichlarida oʻquv jarayonlarini yoʻlga qoʻyish haqidagi takliflari maʼqullansin.

7. Turin politexnika universiteti qoshida Bino va inshootlarni eksperimental tadqiq qilish ilmiy-texnik laboratoriyasi (keyingi oʻrinlarda — Laboratoriya) tashkil etilsin va Laboratoriya tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Laboratoriya Turin politexnika universitetining Texnoparki binosida tashkil etiladi;

Laboratoriyani tashkil etish va ayrim asbob-uskunalar bilan jihozlash boʻyicha ishlar Jamgʻarma mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining texnik koʻmak mablagʻlari (grantlari) hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi;

Laboratoriya shtat birliklari Turin politexnika universitetining professor-oʻqituvchilari, doktorantura izlanuvchilari hamda “Qurilish materiallari va konstruksiyalari” laboratoriyasi xodimlarini maqbullashtirish hisobidan jamlanadi;

bino va inshootlarning seysmik chidamli qurilishi boʻyicha tadqiqotlar olib borish, seysmik xavfni baholash va kamaytirish uchun masʼul davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari Laboratoriyadan begʻaraz foydalanadilar.

8. Belgilansinki:

a) quyidagilar:

2021-yil 1-apreldan boshlab respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, shuningdek koʻp qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlarni shakllantirish;

2021-yil 1-maydan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan koʻp qavatli bino va inshootlarning konstruktiv tizimi, qurilish maydonining seysmik darajasi, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalar materiallarining mustahkamlik koʻrsatkichlarini nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlarni shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda mazkur amaliyot joriy etilishi uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar hisoblanadi;

v) shakllantirilgan elektron texnik pasportlardan seysmik xavf prognozi mavjud boʻlgan hollarda binolar va inshootlarning seysmik mustahkamligini oʻrganish, sodir boʻlishi kutilayotgan zilzilaga tayyorgarlik koʻrish va uning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida foydalaniladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Qurilish vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:

a) 2020-yil 1-dekabrga qadar bino va inshootlarni elektron texnik pasportlashtirish uslubiyotini ishlab chiqsin;

b) 2021-yil 1-dekabrga qadar:

mintaqaviy darajadagi seysmik xavfni baholashning ilmiy-uslubiy asoslarini, shuningdek Oʻzbekiston hududining mayda masshtabli seysmik risk xaritasini ishlab chiqsin;

kuchli zilzilalarni oʻz vaqtida prognoz qilish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda tegishli profilaktik chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish maqsadida mayda masshtabli seysmik risk xarita bazasida dasturiy taʼminotni yaratsin va aholi xabardorligini doimiy taʼminlab borsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:

a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazining seysmik va kompleks prognostik stansiyalari bilan prognoz maʼlumotlar almashinuvi jarayoniga avtomatlashtirilgan tizimni joriy etsin;

b) Fanlar akademiyasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2020-yil yakuniga qadar Markaziy Osiyo hududida seysmik xavf-xatarni prognoz qilish masalasi yuzasidan qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

v) Fanlar akademiyasi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda:

2021-yil 1-aprelga qadar fuqarolar uchun zilzila vaqtida tegishli harakat va tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha uslubiy qoʻllanmani;

mahalliy xomashyodan xususiy uylarni (individual binolarni) qurishda elementar seysmik mustahkamlik choralarini koʻrish boʻyicha uslubiy qoʻllanmani ishlab chiqsin va aholi oʻrtasida keng targʻibot tadbirlarini amalga oshirsin;

g) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar:

aholiga sodir boʻlgan zilzila boʻyicha toʻliq maʼlumotlar yetkazilishini taʼminlovchi mobil ilovani yaratsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazining rasmiy veb-sayti, maʼlumotlar bazasi va mobil ilova oʻrtasida tezkor maʼlumotlar almashinuvi integratsiyasini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda:

2020-yil 1-noyabrga qadar barcha suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik mustahkamlik holatini baholash boʻyicha ekspress uslubiyotni ishlab chiqsin;

2021-yil 1-iyunga qadar suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik zaifligini baholash pasportlarini shakllantirsin va ularning aniqlangan seysmik zaifligini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin hamda muhokama qilish va tasdiqlash uchun Kengashga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

a) Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda:

2020-yil 1-dekabrga qadar sohadagi malakali mutaxassis va olimlarni jalb qilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini;

2021-yil 1-martga qadar 2030-yilgacha boʻlgan muddatda Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasiga xalqaro tashkilotlar grantlarini jalb qilish, shuningdek soha mutaxassislari uchun xorijiy mamlakatlarda oʻqish, stajirovka oʻtash va malaka oshirishni tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda:

Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish;

respublikaning seysmik faol hududida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarini doimiy amalga oshirish tizimini yaratishni hamda bunga masʼul tashkilotlarni zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorlarini qabul qilsin;

b) ikki oy muddatda:

Laboratoriya faoliyatini toʻliq tashkil etish uchun zarur boʻlgan ayrim asbob-uskunalar bilan;

Fanlar akademiyasi M.T. Urazbayev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutini bino bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

v) uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritsin.

14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qaror va Dasturda belgilangan vazifalarni hududlar kesimida sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash maqsadida masʼul ijrochilarga yaqindan koʻmaklashsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 30-iyul,

PQ-4794-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimini takomillashtirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-son qaroriga2-ILOVA

Bino va inshootlarni eksperimental tadqiq qilish ilmiy-texnik laboratoriyasi tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot sinovlarining

1. Temirbeton va poʻlat konstruksiyalarining statik va dinamik kuchlar taʼsirida deformatsiya-kuchlanganlik holatini tadqiq qilish.

2. Gʻishtli binolarning konstruksiyalarini statik va dinamik kuchlar taʼsiriga sinash.

3. Koʻp qavatli binolarning kichraytirilgan modellarining chegaraviy holatlar boʻyicha seysmik kuchlar taʼsirida deformatsiya-kuchlanganlik holatlarini oʻrganish.

4. Bino va inshootlarning kichraytirilgan modellarida seysmik himoya qurilmalarini qoʻllagan holda seysmik musathkamligini tadqiq qilish.

5. Yangi kompozit qurilish materiallarini turli xil tashqi taʼsirlarda sinash va ularning mexanik koʻrsatkichlarini aniqlash.

6. Seysmik hududlarda zilzilabardosh koʻp qavatli bino va inshootlarni barpo etish uchun zarur boʻlgan seysmik himoya qurilmalarining yangi koʻrinishlarini yaratish va sinovdan oʻtkazish.

7. Koʻp qavatli bino va inshootlar konstruksiyalarining seysmik jihatdan zaif tugunlarini dinamik kuchlar taʼsirlarida sinovdan oʻtkazish.

8. Yoʻl oʻtkazgichlarning, tonnellarning va koʻpriklarning yangi tipdagi konstruksiyalarining statik va dinamik kuchlar taʼsirida deformatsiya-kuchlanganlik holatlarini tadqiq qilish va maqbul konstruktiv yechimlarini ishlab chiqish.

9. Yer osti muhandislik kommunikatsiyalari va energetika inshootlarini statik va dinamik kuchlar taʼsirida sinovdan oʻtkazish.

10. Toʻgʻon va suv ombori inshootlari konstruksiyalarini loyihalash uchun zarur boʻlgan materiallarning mexanik koʻrsatkichlarini aniqlash.

11. Bino va inshootlarning poydevorlarini turli grunt sharoitida statik va dinamik kuchlar taʼsiriga sinash va yangi maqbul yechimlarini ishlab chiqish.

12. Koʻchkilarni modellashtirish va sinovdan oʻtkazish hamda himoyalashning maqbul yechimlarini ishlab chiqish.

13. Qurilish konstruksiyalarida seysmik mustahkamlikni taʼminlashning passiv va aktiv usullarini tadqiq qilish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi “Seysmologiya, seysmik chidamli qurilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3190-son qarorida:

7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi (O. Ismoilov) Seysmologiya instituti, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti hamda Seysmoprognostik monitoring respublika markazi buyurtmanomalari boʻyicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan, ushbu qarorning 3, 4, va 5-ilovalarida koʻrsatilgan ilmiy asbob-uskunalar hamda hisoblash texnika vositalari belgilangan tartibda xarid qilinishini amalga oshirsin”;

10-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) Davlat bojxona qoʻmitasi (M. Azimov) bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Seysmologiya instituti, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti hamda Seysmoprognostik monitoring respublika markazi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi tomonidan ushbu qarorning 3, 4, 5-ilovalarida koʻrsatilgan roʻyxatlarga muvofiq olib kiriladigan ilmiy asbob-uskunalardan va hisoblash texnikasi vositalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin”;

2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Seysmologiya, seysmik chidamli qurilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligi boʻyicha idoralararo ilmiy-texnik kengash TARKIBI

Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi”;

3, 4 va 5-ilovalarning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“PRILOJENIYE № 3k postanovleniyu Prezidenta Respubliki Uzbekistan ot 9-avgusta 2017 goda № PP-3190

PERECHEN nauchno-texnicheskogo oborudovaniya, zakupayemogo dlya ukrepleniya materialno-texnicheskoy bazi Instituta seysmologii imeni G.O. Mavlonova Akademii nauk Respubliki Uzbekistan

Primechaniye. Okonchatelnie kodi tovarov po TN VED podlejat utochneniyu pri tamojennom oformlenii.

PRILOJENIYE № 4 k postanovleniyu Prezidenta Respubliki Uzbekistan ot 9-avgusta 2017 goda № PP-3190

PERECHEN nauchno-texnicheskogo oborudovaniya, zakupayemogo dlya ukrepleniya materialno-texnicheskoy bazi Instituta mexaniki i seysmostoykosti soorujeniy imeni M.T. Urazbayeva Akademii nauk Respubliki Uzbekistan

Primechaniye. Okonchatelnie kodi tovarov po TN VED podlejat utochneniyu pri tamojennom oformlenii.

PRILOJENIYE № 5k postanovleniyu Prezidenta Respubliki Uzbekistan ot 9-avgusta 2017 goda № PP-3190

PERECHEN sovremennogo nauchnogo oborudovaniya i sredstv vichislitelnoy texniki, zakupayemix dlya dalneyshey modernizatsii i doosnasheniya seysmologicheskix i prognosticheskix stansiy Respublikanskogo sentra seysmoprognosticheskogo monitoringa Ministerstva po chrezvichaynim situatsiyam Respubliki Uzbekistan

Primechaniye. Okonchatelnie kodi tovarov po TN VED podlejat utochneniyu pri tamojennom oformlenii”.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.