Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, aholi uchun elektr taʼminoti barqarorligini yanada oshirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2020 — 2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4563-son qaroriga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) 2020 — 2023-yillarda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida “Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) moliyalashtirish yuzasidan Jahon banki bilan dastlabki kelishuvga erishilganligi;
b) loyihani amalga oshirish doirasida:
quvvati 1 400 MVA boʻlgan 500/220/10 kV kuchlanishli, yillik elektr energiyasini taqsimlovchi zamonaviy energiya tejamkor nimstansiya qurilishi;
umumiy uzunligi 410 km, jumladan 322 km uzunlikdagi 220 kV va 88 km uzunlikdagi 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda ishlab chiqilgan:
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasi doirasida asbob-uskuna va materiallar xarid qilish, shuningdek qurilish-pudrat ishlarini amalga oshirish uchun xalqaro tender savdolari oʻtkaziladigan paket va lotlar jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Toshkent viloyati hokimligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda loyiha doirasida elektr energetika obyektlarini qurish uchun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumani, “Paxtazor” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi asosida yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki:
istisno tariqasida, mazkur qarorning 3-bandiga muvofiq yer maydonlari ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari undirilmaydi;
loyiha doirasida elektr energetika obyektlarini qurishda yer uchastkalari mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilarining koʻrgan zararlari, boy berilgan foyda xarajatlari hamda ularni baholash xarajatlari “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5. Energetika vazirligi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda toʻrt oy muddatda loyihani moliyalashtirish manbalarini aniqlab, loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi va ular boʻyicha belgilangan tartibda ekspertiza xulosalari olinishini taʼminlasin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida loyihaning iqtisodiy samaradorligini taʼminlash nuqtai nazaridan uning qiymatini maqbullashtirish choralarini koʻrsin.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda:
ikki oy muddatda loyihani amalga oshirish, jumladan uning moliyalashtirish manbalarini aniqlash yuzasidan xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralarni yakunlasin;
loyihani amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda malakali xorijiy konsultantlar va mustaqil ekspertlarning tanlov asosida jalb etilishini taʼminlasin.
7. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari S.Oʻ. Umurzakovga — loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlarining jalb etilishi va oʻz vaqtida hamda samarali oʻzlashtirilishini, loyiha doirasida xalqaro tender savdolari sifatli oʻtkazilishini taʼminlash, shuningdek, har oyda loyihaning amalga oshirilishi holati yuzasidan masʼul rahbarlarning hisobotini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanovga — loyiha qiymatining maqbullashtirilishi, uning doirasida malakali xorijiy konsultantlar va ekspertlarning jalb qilinishi, qurilish-pudrat ishlari tizimli nazorat qilinishini taʼminlash, shuningdek, loyiha doirasida bajarilgan ishlarni doimiy tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;
Toshkent viloyati hokimi R.Q. Xolmatovga — loyihani amalga oshirish uchun zarur yer maydonlarini oʻz vaqtida ajratish, ular egalarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini toʻliq taʼminlash;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ raisi D.A. Isakulovga — loyiha hujjatlari puxta ishlab chiqilishi, qurilish ishlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-iyul,
PQ-4791-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyuldagi PQ-4791-son qaroriga 1-ILOVA
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyuldagi PQ-4791-son qaroriga 2-ILOVA
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasi doirasida asbob-uskuna va materiallar xarid qilish, shuningdek, qurilish-pudrat ishlarini amalga oshirish uchun xalqaro tender savdolari oʻtkaziladigan paket va lotlar
* Paketlar va lotlar qiymati loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi va ular boʻyicha belgilangan tartibda ekspertiza xulosalari olinishi natijasida aniqlanadi.
** Mazkur jadvalga loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi natijalariga koʻra Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.