PQ-4796-son Qaror · 03.08.2020

Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4796
  • Qabul qilingan sana:03.08.2020
  • Kuchga kirgan sana:04.08.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4796/1136

Mamlakatimizda statistika maʼlumotlarining sifati va ishonchliligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, boʻlib oʻtayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni, jumladan xalqaro tashkilotlarning maxsus nashrlari va maʼlumotlar bazalarida xolis va ishonchli aks ettirishni taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, statistika maʼlumotlari sifatini yanada yaxshilash, statistika koʻrsatkichlarining toʻlaqonli maʼlumot bazalarini yaratish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik sohalarda statistikaning zamonaviy usullarini joriy etish zarurati mavjud.

Milliy statistika tizimini takomillashtirish, davlat statistika organlarining mustaqilligini taʼminlash, statistika maʼlumotlarining xolisligi va ishonchliligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini takomillashtirishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilansin:

statistika organlarini talab yuqori boʻlgan, sifatli va ishonchli maʼlumotlarni shakllantirishga, statistika maʼlumotlarining shaffofligi va oshkoraligini oshirishga qaratilgan professional mustaqil xizmatga aylantirish;

statistika sohasida yagona siyosatni amalga oshirishga qaratilgan vakolat va majburiyatlarni mustahkamlash orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashining toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;

ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda statistika axborotlarini yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish, nashr etish va saqlash boʻyicha yaxlit tizimni tashkil etish;

rasmiy statistikani ishlab chiqarish, tarqatish va muvofiqlashtirish maqsadida mamlakatning butun milliy statistika tizimi doirasida qoʻllaniladigan uslubiy asoslar va boshqaruv tamoyillarini takomillashtirish;

idoraviy maʼlumotlar bazalarini yagona maʼlumotlarni boshqarish tizimiga integratsiya qilish orqali kuzatuvlarni bosqichma-bosqich optimallashtirish va respondentlardan hisobot topshirish yukini kamaytirish, shuningdek, roʻyxatga olish ishlarini oʻtkazish va yalpi statistika hisobotlarini tanlanma kuzatuvlar bilan almashtirish hisobiga statistikani shakllantirish tizimini takomillashtirish;

statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar bilan samarali hamkorlik siyosatini yoʻlga qoʻyish va mavjud statistika maʼlumotlari toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish orqali foydalanuvchilarning statistika axborotlariga boʻlgan ishonchini oshirish;

davlat statistika organlari faoliyatini moddiy-texnik qoʻllab-quvvatlashni yanada yaxshilash, xodimlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining samarali joriy etilishi hisobiga hududiy statistika organlari tuzilmalari va ularning vazifalarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish;

davlat statistika organlari xodimlarining kasbiy darajasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish hamda kelgusida amaliyotda qoʻllash uchun ilgʻor statistika usullari va texnologiyalari, shu jumladan ochiq maʼlumotlar sohasida innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Davlat statistika qoʻmitasi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bogʻliq oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi;

statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, shu jumladan rasmiy statistika hisobotlari va kuzatuvlarini oʻtkazish hamda ularni nashr qilish va eʼlon qilish jarayonlariga har qanday aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi;

Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan shakllantiriladigan statistika maʼlumotlari rasmiy statistika axboroti sifatida eʼlon qilinadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar), shuningdek, tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildirlar va bevosita Davlat statistika qoʻmitasiga boʻysunadi;

hududiy boshqarmalar boshliqlari Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan, tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari boshliqlari hududiy boshqarmalar boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

3. Davlat statistika qoʻmitasiga quyidagi huquqlar berilsin:

boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan oʻtkazish va audit natijalariga koʻra, vazirlik va idoralarga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;

kuzatuvlarni oʻtkazish, rasmiy statistika materiallarini shakllantirish va tahlillarni amalga oshirish maqsadida vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan oʻzaro elektron bogʻlanish.

Bunda, vazirlik va idoralar rahbarlari Davlat statistika qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasidagi soʻroviga muvofiq oʻzlarining axborot tizimlariga kirish va undan erkin foydalanishni taʼminlash uchun shaxsan javobgardirlar.

4. Quyidagilar:

Jahon banki koʻmagida ishlab chiqilgan 2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;

2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashining tarkibi 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Vazirlar Mahkamasi (J.A. Qoʻchqorov):

Strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning toʻliq bajarilishini tashkil qilsin, belgilangan vazifalar bajarilishi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin;

bir oy muddatda Strategiyaning yoʻnalishlari boʻyicha tegishli chora-tadbirlarning bajarilishi uchun masʼul boʻlgan manfaatdor vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat tarmoq ishchi guruhlarini shakllantirsin;

Strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning ijrosini taʼminlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida, sifatli tayyorlanishi va belgilangan tartibda kiritib borilishini taʼminlasin;

Strategiyaning ijrosi yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Jahon banki bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻysin hamda ularning ijrosi uchun Jahon banki tomonidan ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan monitoring oʻrnatsin;

Strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning ijro holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yillik axborotlarning taqdim etib borilishini taʼminlasin.

6. Davlat statistika qoʻmitasi huzurida oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadigan Jamoatchilik kengashi faoliyat yuritishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Jamoatchilik kengashiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

Davlat statistika qoʻmitasining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflarni va foydalanuvchilarning rasmiy statistika maʼlumotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;

statistika maʼlumotlarining shaffofligi, oshkoraligi va qulayligini oshirishni taʼminlash;

Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan dolzarb, sifatli va ishonchli statistikaning shakllantirilishiga koʻmaklashish;

mavjud statistika maʼlumotlari haqida jamoatchilikning xabardorligini hamda ularning statistika maʼlumotlariga boʻlgan ishonchini oshirish uchun foydalanuvchilar bilan yaqindan aloqa oʻrnatish.

7. Davlat statistika qoʻmitasi:

Jamoatchilik kengashi faoliyatiga nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillarini, milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilish choralarini koʻrsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar mamlakatda milliy iqtisodiyot va ijtimoiy sohani isloh qilish jarayonlarining ishonchliligi va toʻliqligini inobatga olgan holda Davlat statistika ishlari dasturini ishlab chiqsin va Jamoatchilik kengashiga kelishish uchun taqdim etib borsin;

har yili 1-oktabrga qadar Davlat statistika ishlari dasturining bajarilishi natijalari va statistika sohasida metodologiyani takomillashtirish hamda ishlarni tashkil etish borasida olib borilayotgan faoliyat samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobotning Statistika kengashiga kiritib borilishini taʼminlasin.

8. Davlat statistika qoʻmitasiga roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun 65 ta qoʻshimcha shtat birligi, shu jumladan:

markaziy apparat uchun — 17 ta shtat birligi;

hududiy boshqarmalar uchun — jami 48 ta shtat birligi ajratilsin.

Bunda, Davlat statistika qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlari cheklangan sonini oshirish davlat soliq xizmati organlari xodimlari sonini qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.

9. Mazkur qarorning 5-ilovasiga muvofiq roʻyxat boʻyicha vazirlik va idoralar bir oy muddatda xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida idoraviy statistika maʼlumotlarini shakllantirish va Davlat statistika qoʻmitasi bilan axborot almashinuvini taʼminlashga ixtisoslashtirilgan boʻlimni tashkil etsin.

10. Moliya vazirligi:

Davlat statistika ishlari dasturini amalga oshirish uchun mablagʻ ajratishda foydalanuvchilarning rasmiy statistika maʼlumotlariga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Statistika kengashi va Jamoatchilik kengashi tomonidan shakllantirilgan takliflarni inobatga olsin;

2020-yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi sarf-xarajatlar uchun Davlat budjeti parametrlari doirasida zarur mablagʻlarni ajratsin va 2021-yildan boshlab har yili zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin.

11. Davlat statistika qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini auditdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyundagi PF-91-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2024-y., 06/24/91/0429-son)

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashi tarkibi toʻgʻrisida”gi F-1838-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 3-avgust,

PQ-4796-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-son qaroriga 1-ILOVA

2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning

1-bob. Umumiy qoidalar

Oʻzbekiston Respublikasi milliy statistika tizimining istiqboldagi barqaror rivojlanishi, sohada davlat siyosatini yangicha yondashuv asosida amalga oshirishni talab qiladi. 2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) bu vazifalarni amalga oshirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Strategiyaning asosiy maqsadi — mamlakatning butun milliy statistika tizimini kompleks rivojlantirish hisoblanadi, bu esa foydalanuvchilar ehtiyojlariga javob beradigan statistikaning dolzarbligini oshirishga, statistika tizimini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirishga yordam beradi hamda quyidagi strategik maqsadlarni qamrab oladi:

huquqiy va tashkiliy infratuzilmani yaxshilash;

statistik infratuzilmani takomillashtirish;

statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar va yetkazib beruvchilar oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash;

statistika maʼlumotlarini qayta ishlash boʻyicha axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash;

alohida statistik yoʻnalishlar va metodologiyalarni takomillashtirish.

2020 — 2025-yillarda strategiyani amalga oshirish quyidagi keng koʻlamli strategik natijalarga erishish imkonini beradi:

statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilarning qoniqish darajasining yuqoriligi;

statistika maʼlumotlarini yetkazib beruvchilarning sifatli motivatsiyasi;

hukumat va hamkorlar tomonidan milliy statistikani rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi;

xodimlar motivatsiyasi va yuqori malakasi;

mamlakatning milliy statistika tizimini samarali muvofiqlashtirish.

Milliy statistika tizimini rivojlantirish Strategiyaning 1-ilovasida belgilab berilgan asosiy maqsadli koʻrsatkichlarga erishish va 2-ilovasida keltirilgan tadbirlarni oʻz muddatlarida amalga oshirishga asoslanadi.

2-bob. Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari

I. Tashkiliy-huquqiy infratuzilmani takomillashtirish

Mamlakatning butun milliy statistika tizimini tashkil etuvchi Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa barcha rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilari uchun oʻz vazifalarini sifatli bajarishda aniq huquqiy asoslar va samarali tashkiliy tuzilma muhim ahamiyat kasb etishi bois, statistika sohasidagi qonunchilik qayta koʻrib chiqiladi va milliy statistika tizimining tashkiliy infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi.

Sifatni boshqarish dasturi joriy etiladi, milliy statistika tizimini muvofiqlashtirib borish kuchaytiriladi va statistika maʼlumotlari yanada samaraliroq taqsimlanadi va tarqatiladi.

1. Statistika qonunchiligini takomillashtirish

Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa barcha rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilari tomonidan oʻz vazifalarini bajarish uchun quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan rasmiy statistikaning aniq huquqiy va tashkiliy tuzilmasi zarur boʻladi: birinchidan, milliy statistika tizimini tashkil etish, statistika organlarining huquqiy maqomi, shuningdek, mamlakat milliy statistika tizimi doirasida boshqa davlat idoralari va tashkilotlarining huquqiy maqomi, funksiyalari, huquq va majburiyatlari; ikkinchidan, milliy statistika tizimi tashkilotlari uchun statistika maʼlumotlarini yigʻish boʻyicha aniq vakolatlar.

Amaldagi qonunchilikdagi boʻshliqlarni toʻldirish uchun umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Xususan, yangi qonun quyidagilarga yoʻnaltiriladi:

sohaga doir qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish yoʻli bilan yagona qonunga birlashtirish orqali rasmiy statistika shaffofligini oshirish;

vakolatli va mustaqil organ sifatida Davlat statistika qoʻmitasi maqomini mustahkamlash va ularning rahbarlari vakolatlarini kengaytirish;

statistik faoliyat sohasida idoralararo hamkorlikni takomillashtirish maqsadida zarur normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqish;

samarali hamkorlik va axborot almashinuvini taʼminlash maqsadida statistika tashkilotlari oʻrtasidagi mavjud kelishuvlarni takomillashtirilayotgan qonunchilik asosida qayta qoʻrib chiqish;

mamlakatning butun milliy statistika tizimini tashkil etuvchi, maʼlumotlarni ishlab chiqaruvchi davlat idoralarida statistika boʻyicha alohida boʻlinmalarni tashkil etish;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining maʼlumotlari va boshqa hujjatlarini statistik maqsadlarda foydalanish uchun olish va ularga kirishni yaxshilash boʻyicha maʼlumot almashinuvi qoidalarini takomillashtirish;

statistika idoralari va boshqa statistika tashkilotlari faoliyatidagi soʻnggi oʻzgarishlarni hisobga olish;

statistika maʼlumotlarining dolzarbligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi, foydalanuvchilar va maʼlumotlar ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi muntazam oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini yaratish;

rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilari, ularning huquq va majburiyatlarini aniq belgilash;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining maʼlumotlar bazalarini shakllantirish, yuritish va foydalanish metodologiyasini ishlab chiqish;

roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish hamda fuqarolar va subyektlarning ularda ishtirok etishi va soʻrovnomalarga javob berish masʼuliyati boʻyicha tartiblarni kiritish;

statistika maʼlumotlarini tarqatish sifatini nazorat qilish tartibini belgilash.

2. Statistika maʼlumotlarini ishlab chiqaruvchilar faoliyatini muvofiqlashtirib borishni yaxshilash

Statistika kengashi idoralararo qoʻmita sifatida barcha idoralarni kelishuvlarga rioya etishga undash uchun lozim darajada vakolatli hamda strategik qarorlar qabul qilishga yetarli salohiyatga ega boʻlishi darkor.

Shu bilan birga, avvalgi Statistika kengashi lozim darajada faoliyat yuritmagan va soʻnggi yillarda maʼlumot ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida statistika tizimini muvofiqlashtirishni takomillashtirish dolzarb masalaga aylangan.

Maʼlumotlarni shakllantirish bilan shugʻullanuvchi idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borishni yaxshilash, quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga qamrab oladi:

Statistika kengashi vakolati va majburiyatlarini mustahkamlash;

statistika maʼlumotlari, usullar va tasniflagichlarni milliy manfaatlarga uygʻunlashtirish uchun tegishli sohalarda vakolatga ega boʻlgan texnik ishchi guruhlarni tashkil etish;

maʼlumotlarni shakllantirish bilan shugʻullanuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, ularning statistikasini uygʻunlashtirish maqsadida, mavjud kelishuvlar, memorandum va oʻzaro aloqalarni qayta koʻrib chiqish.

3. Milliy statistika tizimining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish

Puxta ishlab chiqilgan, samarali faoliyat koʻrsatadigan va yetarli miqdorda resurslar bilan taʼminlangan statistika organining mavjudligi, mamlakatdagi mustahkam statistika tizimining asosi hisoblanadi.

Shu bilan birga, Davlat statistika qoʻmitasining muvofiqlashtiruvchi rolini oshirish, uning statistik faoliyatini takomillashtirish va unda maʼlumotlar va metamaʼlumotlarni integratsiyalash imkonini beruvchi Statistika maʼlumotlarini ishlab chiqish boʻyicha namunaviy model tizimini joriy etish borasida taklif etilayotgan chora-tadbirlar yanada samarali va vakolatli tuzilmani talab etishi mumkin.

Bundan tashqari, yuqori sifatli va ishonchli maʼlumotlarni oʻz vaqtida ishlab chiqish uchun, alohida statistika boʻlinmalari va lozim darajada inson resurslariga ega boʻlmagan maʼlumotlarni shakllantirish bilan shugʻullanuvchi aksariyat tashkilotlar tashkiliy tuzilmasini koʻrib chiqishiga ehtiyoj kuzatiladi.

Milliy statistika tizimining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish uchun quyidagi tadbirlar nazarda tutiladi:

Davlat statistika qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasini tegishli vakolatlari bilan qayta tuzish;

Davlat statistika qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasini, shu jumladan majburiyat va lavozim yoʻriqnomalarini maqbullashtirish;

talab etiladigan xodimlar sonini va malakasini aniqlash, mavjud xodimlarning talablarga muvofiqligini baholash va tizimdagi mavjud boʻshliqlarni tahlil qilish.

4. Milliy statistika tizimi uchun sifatni taʼminlashning milliy tayanch tamoyillarini ishlab chiqish

Sifatni boshqarish, monitoring qilish va baholash tizimi milliy statistika tizimlarining ajralmas qismidir, bu statistik materiallar va jarayonlar sifatining muhim jihatlarini milliy va xalqaro sifatni baholash tizimlariga mos kelishini taʼminlaydi.

Biroq, hozirgi vaqtda mamlakatda sifatni boshqarishning yagona kompleks siyosati mavjud emas, xususan, maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish boʻyicha siyosat amalga oshiriladi, lekin rejalashtirish va tarqatish boʻyicha siyosat ishlab chiqilmagan.

Sifatni boshqarish tizimining samarali ishlashini taʼminlash maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

ISO 9001 — 2008 sifatni boshqarish vositalari va BMTning sifatni taʼminlashning milliy bazaviy tamoyillari boʻyicha qoʻllanmasiga muvofiq, sifatni taʼminlashning bazaviy tamoyillarini joriy qilish;

sifatni boshqarish masalalarida Davlat statistika qoʻmitasi xodimlari xabardorligini oshirish hamda sifat tamoyillari va jarayonlari boʻyicha oʻqitish;

sifatni boshqarish vositalarini ishlab chiqish va sifat siyosatini amalga oshirish;

statistik mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari, dolzarbligi, ishonchliligi, oʻz vaqtida bajarilishi, qulayligi, tushunarliligi va kelishilganligi kabi tushunchalarni oʻz ichiga olgan sifat modelini takomillashtirish;

foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qanoatlantirish va mavjud jarayonlarni yangilash maqsadida sifat sohasidagi siyosatni takomillashtirish;

sifat va samaradorlik koʻrsatkichlari hamda ularni oʻlchash tizimlarini, sifatni nazorat qilish tizimlari, shuningdek, sifatni tekshirish dasturlarini ishlab chiqish;

sifat siyosati va uni baholash dasturini amalga oshirish.

5. Statistika tizimining kadrlar salohiyatini yaxshilash

Inson resurslarini boshqarish tizimi ishonchli, sifatli va oʻz vaqtida maʼlumotlarni taqdim etish maqsadlariga erishishga hissa qoʻshadigan malakali kadrlarni tanlab olish va tayyorlash jarayonlarini takomillashtirishga yordam beradi.

Davlat statistika idoralarining va boshqa maʼlumot ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning kadrlar salohiyati, istiqboldagi statistika ehtiyojlarini qanoatlantirishga yetarli emas. Oʻzining faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish maqsadida, milliy statistika tizimi lozim darajada tayyorgarlik koʻrgan malakali kadrlarga muhtoj.

Shu bois, ragʻbatlantirish mexanizmlaridan foydalangan holda malakali kadrlarni jalb qilish va saqlab qolishga yoʻnaltirilgan inson resurslarini boshqarish tizimini ishlab chiqish zarur.

Bundan tashqari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti (keyingi matnlarda — Institut) statistika sohasida malaka oshirish yoʻnalishida faoliyat olib boradi.

Bu yoʻnalishda quyidagi choralar koʻriladi:

mamlakatning milliy statistika tizimida inson resurslari va malakali kadrlar tayyorlash sohasida keng qamrovli siyosatni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

ragʻbatlantirishni yaxshilash yoʻnalishida lavozim majburiyatlarini tegishli funksiyalar va mehnatga haq toʻlashning tarif setkalari boʻyicha qayta qoʻrib chiqish;

kadrlar rotatsiyasini amalga oshirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish, kadrlarni tanlash va saralash tartibi va siyosatini qayta koʻrib chiqish;

xodimlarning shaxsiy yutuqlari asosida lavozimda ilgari surish va ragʻbatlantirishning samarali tizimini yaratish;

Institutning moddiy-texnik, axborot-kommunikatsiya va statistik infratuzilmasini takomillashtirish;

Institutda statistika sohasida kadrlarni kasbiy tayyorlash va rivojlantirish borasida ochiq va onlayn tarzdagi masofaviy oʻquv kurslarini joriy qilish, inson va moliya resurslarini boshqarish masalalarida seminarlar oʻtkazish;

Institutning ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borishda koʻmaklashish;

iqtisodiy tahlil boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash uchun magistrlik va doktorlik dasturlarini tashkil etish;

kasbiy faoliyatni monitoring qilish.

II. Statistik infratuzilmani takomillashtirish

Yuqori sifatli va dolzarb maʼlumotlarni shakllantirish uchun statistik infratuzilmani takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.

Maqsad — registrlar, usullar, tasniflagichlar, tizim va axborot arxitekturasi, metamaʼlumotlar ombori kabi statistik infratuzilmaning asosiy elementlarini mustahkamlashdan iborat.

1. Tasniflagichlar va boshqa instrumentariylarni takomillashtirish

Xalqaro darajada qabul qilingan va tavsiya etilgan standartlar asosida ishlab chiqilgan milliy tasniflagichlar, metodologiya va standartlarning mavjudligi maʼlumotlar integratsiyasini, ularni almashinuvini va tegishli statistik koʻrsatkichlarni tayyorlanishini taʼminlashning kaliti hisoblanadi.

Statistika kengashiga milliy statistika tizimi doirasida yagona boʻlgan konsepsiyalar, taʼrif va tasniflagichlarni izchil qoʻllab borish vazifalari yuklatiladi.

Mazkur yoʻnalishda tadbirlarni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

Statistika kengashining xalqaro standartlarga muvofiq statistika tizimi muassasalari tomonidan foydalaniladigan usullar, tasniflagichlar va metodologiyalarni muvofiqlashtirish va birxillashtirishdagi rolini mustahkamlash;

statistika organlari tomonidan qoʻllaniladigan usullarni qayta koʻrib chiqishga masʼul boʻlgan Davlat statistika qoʻmitasi boʻlimining faoliyatini, Statistika kengashi hamda Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa statistika maʼlumotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan oʻzaro anglashuv memorandumlari qarorlari ustidan monitoring olib borishni takomillashtirish;

xalqaro standartlarga muvofiq, tasniflagichlarni qayta koʻrib chiqish, Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa tashkilotlar faoliyatida qoʻllash;

ilgʻor xalqaro tajribaga muvofiq, shu jumladan maxfiylikni himoya qilishni inobatga olib, etika Kodeksi va statistika sohasida ilgʻor amaliyotlar Kodeksini takomillashtirilgan loyihalarini, ularni asosiy maʼlumot ishlab chiqaruvchilar bilan muhokama qilish orqali ishlab chiqish;

maʼlumotlar sohasida koʻp tilli glossariy va lugʻatlarni yaratish hamda ularni keng jamoatchilikka yetkazilishini taʼminlash;

maʼlumotlarni shakllantirish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar mutaxassislarini muntazam oʻqitib borish.

2. Statistik registrlarni yaratish

Xalqaro standartlarga muvofiq biznes registrlarni yaratish Davlat statistika qoʻmitasini korxonalarning turli xususiyatlari boʻyicha maʼlumotlarini toʻplash, shuningdek, turli xil iqtisodiy statistika maʼlumotlaridagi oʻzgarishlarni kuzatish uchun korxonalar kuzatuvlari tanlanmasi tizimini yaratish boʻyicha mukammal vosita bilan taʼminlash imkonini beradi.

Strategiya doirasida korxonalarning mavjud maʼlumot bazalarini profillashtirish maqsadida maʼlumotlar bilan toʻldirish yordamida kengaytirish hisobiga takomillashtirilgan statistik registrlar yaratiladi.

Bu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

statistik registrlarni joriy qilishning ilgʻor xalqaro tajribalarini oʻrganish, mavjud davlat registrlarini qayta koʻrib chiqish va statistik maqsadlar uchun biznes registrni ishlab chiqish;

har bir statistik registr uchun texnik xizmat koʻrsatish va yangilash tartiblarini ishlab chiqish va tizim spetsifikatsiyalarini tayyorlash;

statistik registr tizimi va jarayonlarini sinovdan oʻtkazish;

tanlanmani amalga oshirishning asosi sifatida statistik registrlardan foydalanish uchun kuzatuvlar dasturlarini oʻzgartirish.

3. Soʻrovnomalarni ishlab chiqish jarayonlari va usullarini takomillashtirish

Soʻrovnomaning mazmuni soʻrov davomida olingan javoblar foiziga, olingan javoblarning sifatiga va shunga mos ravishda soʻrov natijalaridan olingan xulosalarga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Savolnomalarni ishlab chiqish boʻyicha joriy usullar talabga javob bermaydi. Umumiy muammolarga javoblarning past darajasi, respondentlarga yuqori hisobot yuki va maʼlumot yigʻishga xarajatlar kiradi.

Bundan tashqari, tanlanmaning formati, tuzilmasi va usullari olinadigan maʼlumotlarning ishonchliligini va butun aholining reprezentativligini taʼminlashda muhimdir. Tanlanmaning yagona yaxlit standarti va milliy statistika tizimida uni shakllantirish masalalarida, lozim darajada tayyorgarlikning mavjud emasligi tanlov sifatini baholash va takomillashtirish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda.

Bu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

qogʻoz va elektron koʻrinishidagi savolnomalar, yuzma-yuz intervyular va avtomatlashtirilgan telefon orqali intervyularni oʻz ichiga olgan turli shakllar uchun savolnomalar ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatma hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish;

barcha mavjud savolnomalarni koʻrib chiqish va ularning bazasini yaratish boʻyicha dastur ishlab chiqish;

savolnomalarni foydalanishga qadar standartlarga mos kelishi boʻyicha qayta koʻrib chiqish tartiblarini ishlab chiqish va tatbiq etish;

statistik kuzatuvlar uchun savolnomalarni ishlab chiqish usullaridan foydalanish masalalarida oʻqitishlarni tashkil etish;

tanlanmani oʻtkazish imkoniyatlarini oʻrganish;

Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa tashkilotlarni tanlanma usullari boʻyicha oʻqitish;

tanlanma kuzatuvlarni umumiylikni yoʻqotmagan holda oʻtkazishni taʼminlovchi variantlarni aniqlash uchun amaldagi kuzatuvlar toʻplamini oʻrganish;

statistik registrlarda rejalashtirilgan yangilanishlar va ishlanmalarni hisobga olgan holda korxonalar va uy xoʻjaliklari kuzatuvlari tanlanmalarini takomillashtirish.

4. Vaqt qatorlarini tahlil qilish, mavsumiy tuzatish usullari va maʼlumotlarni qayta koʻrib chiqish siyosatini joriy qilish

Vaqt qatorlari shaklida statistika maʼlumotlarini taqdim etish xalqaro miqyosda tan olingan anʼana boʻlib, davriy, mavsumiy va tartibsiz hodisalar tufayli maʼlumotlarni haqiqiy oʻzgarishlarini prognoz qilish, shuningdek, tahlilning boshqa turlari nuqtai nazaridan foydali maʼlumotlarni beradi.

Maʼlumotlarni vaqt qatorlari boʻyicha shakllantirish uchun muayyan shartlar mavjud: vaqt davomida uslubiy muvofiqlik, yuqori chastotali maʼlumotlar boʻyicha mavsumiy tuzatishlar, deflyatsiyaning lozim boʻlgan usullaridan foydalanish.

Maʼlumot ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning vaqt qatorlarini tayyorlash boʻyicha salohiyatini mustahkamlash maqsadida quyidagi chora-tadbirlar belgilanmoqda:

maksimal uzoq vaqt kesimida diskret koʻrsatkichlarning vaqt qatorlarini yaratish;

diskret maʼlumotlarni yigʻish uchun savolnomalarni oʻzgartirish;

barcha asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha yillik diskret maʼlumotlarga mavsumiy tuzatishlar kiritish usulini joriy qilish;

mavjud indekslar va deflyatsiya usullarini takomillashtirish;

vaqt qatorlaridan foydalanish boʻyicha keng tushuntirishlar olib borish dasturlarini ishlab chiqish.

5. Tadqiqot, tahlil va monitoring qilish boʻyicha ishlarni takomillashtirish

Statistika tizimidagi asosiy maʼlumot ishlab chiqaruvchilarning tadqiqot va tahliliy ishlari foydalanuvchilar uchun ularning statistikasini mazmuni, ahamiyatliligi va dolzarbligini oshirish nuqtai nazaridan muhimdir.

Strategiyani amalga oshirish doirasida milliy statistika tizimi tashkilotlarining ilmiy tadqiqotlar va tahlil sohasidagi salohiyatini oshirish, shuningdek, modellashtirish, prognozlashtirish va monitoring qilish usullarini takomillashtirish koʻzda tutilgan.

Bu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

tahliliy materiallar va hisobotlarni tayyorlashning samarali usullarini ishlab chiqish;

asosiy maʼlumot ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning tahlil qilish salohiyatini rivojlantirish;

zamonaviy tahlil vositalarini yaratish va tahlil boʻyicha hisobot shakllarini ishlab chiqish;

prognozlashtirish va modellashtirish masalalarida mamlakat milliy statistika tizimining barcha statistika maʼlumotlari ishlab chiqaruvchilarining salohiyatini oshirish.

III. Statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar va yetkazib beruvchilar oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash

Maʼlumotlardan foydalanuvchilar statistika tizimining ajralmas qismini tashkil etadi va sifatli maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash va tarqatishni takomillashtirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuning uchun statistik materiallarni tayyorlashda foydalanuvchilarning fikrlarini hisobga olish muhimdir.

Maʼlumotlardan foydalanuvchilar va yetkazib beruvchilar oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash Strategiyani asosiy maqsadlaridan biridir va bu mamlakatning milliy statistika tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beradi.

1. Foydalanuvchilar bilan oʻzaro aloqalarni takomillashtirish

Foydalanuvchilar bilan oʻzaro aloqalarni yaxshilash uchun ularni funksiyalari va statistika maʼlumotlariga boʻlgan talablaridan kelib chiqib toifalarga, xususan davlat idoralari, iqtisodiyot tarmoqlari, ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar va umuman jamoalarga taqsimlash va tahlil qilish zarur boʻladi.

Bu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

jamoatchilikni mavjud statistika maʼlumotlari toʻgʻrisida xabardor qilish boʻyicha foydalanuvchilar bilan oʻzaro munosabatlarni takomillashtirish;

Davlat statistika qoʻmitasida aholining statistik savodxonligini oshirishga qaratilgan videomateriallarni tayyorlash uchun media-markaz tashkil etish;

foydalanuvchilarning umumiy ehtiyojlari tahlilini oʻtkazish va tegishli mavzular boʻyicha qayta aloqani taʼminlash;

turli guruh foydalanuvchilariga maʼlumotlarni taqdim etish standartlarini ishlab chiqish;

foydalanuvchilar fikrlarining oʻzgarishi haqida tushunchaga ega boʻlish uchun foydalanuvchilarning qoniqish darajasini oʻrganish boʻyicha kuzatuvlarni takomillashtirish;

asosiy statistika maʼlumotlarini olishni taʼminlash uchun statistika idoralari va boshqa maʼlumot ishlab chiqaruvchilarni rasmiy saytlarining yangilangan shakllarini ishlab chiqish;

obunalarning elektron shaklini ishlab chiqish;

foydalanuvchilarni statistika maʼlumotlarini ishlatish va tahlil qilishga oʻrgatish.

2. Statistika maʼlumotlarini tarqatish sohasida siyosatni takomillashtirish

Ayni paytda foydalanuvchilar yetarli va kerakli miqdordagi maʼlumotlarga ega emaslar va maʼlumotlarni tarqatish sohasidagi mavjud siyosat lozim darajada samarali emas.

Maʼlumotlarni tarqatishda izchil va kompleks yondashuvlarni yaratish uchun quyidagi chora-tadbirlar koʻzda tutilgan:

Maʼlumotlarni tarqatish dasturi, shu jumladan dastlabki maʼlumotlarni eʼlon qilish taqvimini tayyorlash va amalga oshirish;

maʼlumotlarni tarqatish funksiyalarini takomillashtirish;

maʼlumot ishlab chiqaruvchi barcha tashkilotlarga, ularning maʼlumotlari integratsiyasini taʼminlash, shuningdek, ochiq maʼlumotlar portali orqali tarqatish uchun statistika maʼlumotlarini tarqatish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

maʼlumotlarni tarqatishning xalqaro standartlarini joriy etish;

vaqt qatorlari boʻyicha nashrlarni koʻpaytirish;

maʼlumotni olishni monitoring qilish va doimiy ravishda takomillashtirib borish;

Davlat statistika qoʻmitasi elektron axborot resurslarini doimiy ravishda yangilab borish.

3. Statistika maʼlumotlarini yetkazib beruvchilar boʻyicha siyosatni takomillashtirish

Maʼlumotlarni yigʻishning mavjud tizimi maʼlumot yetkazib beruvchilarga yuqori hisobot yuklamasini qoʻyadi, xususan soʻrovnomalarning murakkabligi va katta hajmdaligi olingan javoblarning toʻliqligi va ishonchliligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli, samarali tanlab olish, savolnomalarning tushunarli boʻlishini taʼminlash, soʻrovni oʻtkazish yoki toʻldirilgan soʻrovnomani olish muddatlari borasida koʻproq moslashuvchanlik, shuningdek, respondentlarga axborot taqdim etish shaklini tanlash huquqini berish hisobiga hisobot yukini minimum darajaga keltirish boʻyicha siyosatni joriy etish kerak.

Bu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

respondentlar boʻyicha siyosatni aniqlash va amalga oshirish;

kuzatuvlar oʻtkazish vaqtida respondentlarga hisobot yuklamasini oʻlchash tizimini joriy qilish;

respondentlarga hisobot yuklamasini qisqartirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni belgilash va nazorat qilish;

respondentlarning huquq va majburiyatlarini aniqlash va tegishli axborotlarni tarqatish;

ilgʻor xalqaro tajribaga muvofiq, koll-sentrlardan foydalangan holda soʻrov oʻtkazish uslubiyatini ishlab chiqish va tajriba loyihasini amalga oshirish.

IV. Statistika maʼlumotlarini qayta ishlash boʻyicha axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali faoliyat yurituvchi statistika tizimini yaratishning eng muhim talablaridan biridir. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishini hisobga olib, statistika idoralari maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash va tarqatish jarayonlarida ushbu texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish uchun zamon bilan hamnafas boʻlishlari darkor.

Maqsad — maʼlumotlarni yigʻishning (kuzatuv/boshqaruv) toʻliq siklini qamrab oluvchi maʼlumotlarni qayta ishlash boʻyicha kompleks tizimni yaratish. Bu jarayon savolnomalar ishlab chiqish, kuzatuv instrumentariylarini yaratish, kuzatuvni oʻtkazish, raqamli qurilmalar yordamida maʼlumot yigʻish, tahrir qilish, koʻchirish, umumlashtirish va tarqatish uchun integratsiyalashgan dasturiy taʼminotni ishlab chiqishni nazarda tutadi, shu oʻrinda bularning barchasi metamaʼlumotlarning umumiy bazasidan olinadi.

Davlat statistika qoʻmitasining axborot tizimlari boshqa statistika maʼlumotlarini ishlab chiqaruvchilarning axborot bazalari bilan integratsiyalashuvi zarur. Tizimda avtomatlashtirilgan shaxsiy intervyu (ASHI), telefon orqali avtomatlashtirilgan soʻrov (TAS), avtomatlashtirilgan veb-soʻrov (AVS) va boshqa maʼlumotlarni yigʻish usullarini joriy etish lozim.

1. Statistika maʼlumotlarini shakllantirish, saqlash va qayta ishlash boʻyicha integratsiyalashgan tizimni yaratish

Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri mavjud boʻlgan turli xil dasturlar va maʼlumotlar bazalari oʻrniga kompleks axborot tizimini yaratishdir.

Umuman olganda, maʼlumotlarni qayta ishlash boʻyicha samarali faoliyat yuritadigan kompleks tizimni yaratish maqsadida milliy statistika tizimi uchun AKT sohasida quyidagilarni qamrab oluvchi batafsil reja ishlab chiqilishi nazarda tutiladi:

vositalarni modernizatsiya qilish va yangi dasturiy taʼminotlarni oʻrnatish yoʻli bilan onlayn tarzda qayta ishlash va tahlil qilish funksiyalarini joriy qilish orqali axborot bazalari va metamaʼlumotlar, shuningdek, ularning klassifikatsiyalarini takomillashtirish;

maʼlumotlarni yigʻish va kiritish uchun mobil ilovalarni ishlab chiqish;

maʼlumotlar kelishilganligini va mutanosib yangilab borilishini taʼminlash maqsadida statistik registrlarni ishlab chiqish va joriy etish;

avtomatlashtirilgan shaxsiy intervyu (ASHI) vositalarini joriy qilish;

avtomatlashtirilgan shaxsiy intervyu (ASHI) va telefon orqali avtomatlashtirilgan soʻrov (TAS) vositalaridan foydalanish boʻyicha xodimlarni tayyorlash;

respondentlar va foydalanuvchilar uchun yangi veb-servislarni ishlab chiqish yoʻli bilan Davlat statistika qoʻmitasi veb-portalining maʼlumotlarni yigʻish va tarqatish qismini takomillashtirish;

maʼlumotlarni himoya qilish va qoʻriqlash tizimini ishlab chiqish;

axborot bazalari xavfsizligini kafolatlovchi qoʻshimcha zaxira tizimini yaratish va oʻrnatish;

videokonferensiyalar va oʻqishlarni tashkil etish uchun markaziy apparatni Institut va hududiy boʻlinmalar bilan bogʻlovchi VoIP tizimini yaratish.

2. Davlat statistika qoʻmitasi, uning hududiy boʻlinmalari va Institutning moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini modernizatsiya qilish

Davlat statistika qoʻmitasi, uning hududiy boʻlinmalari va Institutning moddiy-texnika taʼminotini deyarli toʻliq, jumladan 60 foizdan ortiq axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yangilash zarurati mavjud. Maʼlumot bazalarini boshqarish va maʼlumotlarni qayta ishlashda foydalanilayotgan dasturiy taʼminotlar eskirgan va murakkab vazifalarni bajara olmaydi.

Ushbu masalalarni hal etish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilar tizimida foydalanishda boʻlgan axborot-kommunikatsiya infratuzilmalarini yangilash siyosati va dasturini ishlab chiqish;

vositalar va dasturiy taʼminotlarni xarid qilish, oʻrnatish va texnik xizmat koʻrsatish;

statistika maʼlumotlarini toʻplash, qayta ishlash va saqlash uchun zarur quvvatlarni yaratish maqsadida statistika maʼlumotlarini saqlash va qayta ishlash boʻyicha markazni (Data-sentr) ishga tushirish;

zarur moliyaviy resurslarni jalb etgan holda moddiy-texnika bazasini yangilash rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish.

V. Alohida statistik yoʻnalishlar va metodologiyalarni takomillashtirish

Mamlakatning asosiy statistika maʼlumotlari oʻz ichiga 1,4 mingdan ziyod nomlanish yoki qariyb 1400 — 1500 ming statistika ishlarini qamrab oluvchi har yili hukumat tomonidan tasdiqlanadigan davlat statistika ishlari dasturi orqali shakllanadi.

Dastur shakllantirilishi lozim boʻlgan statistik koʻrsatkichlarni aniqlab beradi, Davlat statistika qoʻmitasi esa ularni shakllantirish mexanizmlariga javobgardir.

Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan statistika ishlarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini belgilab beruvchi normativ-huquqiy baza va hujjatlarning mavjud emasligi sababli, bu funksiya samarali qoʻllanilmaydi. Xususan, amaldagi tizim ilgʻor xalqaro standartlar asosida statistika maʼlumotlarini shakllantirish usullari va ularning metodologik asoslarini toʻliq kelishilganligini lozim darajada taʼminlash imkonini bermaydi.

Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri bu barcha alohida statistik yoʻnalishlarni takomillashtirish hamda xalqaro standartlar va ilgʻor tajribalarni integratsiya qilish yoʻli bilan maʼmuriy maʼlumotlarni yigʻish boʻyicha zarur tavsiya va tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.

Xususan, mamlakatdagi barcha statistika maʼlumotlarini ishlab chiqaruvchilarning tarkibi, qamrovi, kelishilganligi, aniqligi, dolzarbligi, qulayligi va tushunarliligi nuqtai nazaridan har bir statistika yoʻnalishi boʻyicha sezilarli takomillashtirishlar kuzatiladi.

1. Roʻyxatga olishlar sohasida statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash

Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish tadbirlari oʻtkazilmagan. Aholi soni, jinsi va yosh tarkibi, respublika hududida joylashish va boshqa ijtimoiy-demografik xususiyatlariga keskin taʼsir koʻrsatgan oʻzgarishlar aholi sonining joriy hisobidan foydalanishni sezilarli darajada cheklaydi.

Aholini roʻyxatga olish rasmiy statistika tizimida katta rol oʻynaydi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha uzoq muddatli prognozlarni va maqsadli davlat dasturlarini, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqishda, milliy barqaror rivojlanish maqsadlari uchun koʻrsatkichlarni shakllantirishda, mehnat resurslarini joylashtirish va ulardan foydalanish jarayonlarini oʻrganish va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishda eng muhim asos boʻlib xizmat qiladi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlari ham oʻtkazilmagan, mavjud statistika maʼlumotlari esa statistik kuzatuvlar va maʼmuriy maʼlumotlar orqali shakllantiriladi.

Ushbu tadbirlarning zarurati va ahamiyatini eʼtirof etgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5655-son Farmoni asosida aholini roʻyxatga olish tadbirlarini 2022-yilda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni bilan esa qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishni 2023-yilda oʻtkazish rejalashtirilgan.

Roʻyxatga olish tadbirlarini samarali tashkil etish va oʻtkazish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish boʻyicha tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnik, huquqiy va uslubiy asoslarni ishlab chiqish;

Davlat statistika qoʻmitasi tizimida roʻyxatga olish tadbirlarini tashkil etish boʻyicha alohida boʻlinmalar tashkil etish;

aholini roʻyxatga olish boʻyicha harakatlar rejalarini (shu jumladan vosita va dasturiy taʼminotlarga boʻlgan talablarni oʻz ichiga olgan holda) tayyorlash;

roʻyxatga olishlar boʻyicha savolnomalarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish;

roʻyxatga olishlarni oʻtkazish uchun zarur infratuzilmani yaratish va tadbirlar natijalari boʻyicha qamrovi, sifati va oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlash uchun yangi texnologiyalarni joriy etish;

roʻyxatga olish tadbirlari targʻiboti boʻyicha kampaniyalarni tayyorlash va uyushtirish;

roʻyxatga olish tadbirlarida ishtirok etuvchi shaxslar salohiyati va malakasini oshirish maqsadida kadrlar tayyorlash sohasida reja ishlab chiqish;

roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish sohasida rahbarlar va intervyurerlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha zarur tayyorgarlikni amalga oshirish.

2. Milliy hisoblarni takomillashtirish

Milliy hisoblar tizimi (bundan buyon matnlarda — MHT) dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida bozor iqtisodiyoti rivojlanishini makro darajada tasvirlash va tahlil qilish uchun foydalaniladigan oʻzaro bogʻliq statistik koʻrsatkichlar tizimidir. Uning yordamida tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, foydalanish va taqsimlashni aks ettiruvchi oʻzaro bogʻliq hisoblar asosida mamlakat va hududlarning iqtisodiy faoliyatini oʻrganish va tahlil qilish ishlari amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda MHT 1993-yilda qabul qilingan Milliy hisoblar tizimi tavsiyalari asosida amalga oshiriladi. MHT boʻyicha qoʻllanma Birlashgan millatlar tashkiloti, Yevropa komissiyasi, IHTT, XVJ va Jahon banki kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar homiyligida ishlab chiqilgan boʻlib, u foydalanuvchilarning oʻzgarib borayotgan talablari, global iqtisodiyotning yangi tendensiyalari, masalan iqtisodiyotning globallashuvi, moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar rolining oshib borishi va boshqalar hisobiga muntazam ravishda yangilanib turadi.

2013-yildan boshlab Oʻzbekistonda MHT — 2008 ni amaliyotga joriy qilish choralari koʻrilmoqda. Strategiya doirasida 2020-yildan boshlab, MHT — 2008 ni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilish rejalashtirilgan.

Shu oʻrinda, MHT — 2008 ni amaliyotga toʻliq joriy qilish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish orqali xalqaro standartlarga muvofiq metodologik ishlanmalarni oʻrganish va tatbiq etish talab etiladi:

milliy hisoblar statistikasi sohasida kadrlar salohiyati va malakasini oshirish, kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish;

yalpi ichki mahsulotning hajmi, tarkibi va dinamikasini belgilovchi uslubiy ishlanmalarni joriy qilish;

statistik maqsadlar uchun maʼmuriy maʼlumotlar manbalarini takomillashtirish;

MHT, shu jumladan MHT — 2008 boʻyicha xalqaro standartlar va klassifikatsiyalarni joriy etib borish;

kuzatilmaydigan iqtisodiyot boʻyicha aniqroq baholashlarni olish uchun “resurslar va foydalanish” jadvallar tizimidan foydalanish;

korxonalar xarajatlari tarkibini kuzatish natijalari asosida xarajatlar-ishlab chiqarish koeffitsiyentlarini yangilash yoʻli bilan “Resurslar va foydalanish” jadvallarini tuzish tajribasini takomillashtirish;

MHT uchun maxsus ishlab chiqilgan dasturiy taʼminotlarni joriy qilish orqali axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish;

choraklik hisob-kitoblar sifatini oshirish maqsadida mavsumiy tuzatishlarni kiritish va oʻtgan yilning tegishli davri narxlari boʻyicha YAIMni hisoblash usulidan bazis yili boʻyicha oʻrtacha yillik narxlar asosida YAIMni hisoblash usuliga oʻtish;

YAIMning tarkibiy qismlarini va iqtisodiy statistikaning boshqa koʻrsatkichlarini doimiy narxlarda hisoblashni takomillashtirish, shu jumladan doimiy narxlarda qatorlarni tuzishda ikki tomonlama deflyatsiyalash yondashuvini joriy etish;

milliy hisoblar, davlat moliyasi statistikasi va toʻlov balansi oʻrtasidagi muvofiqlikka erishish;

choraklik milliy hisoblarni takomillashtirish, choraklik iqtisodiy statistikani tuzishda diskret yondashuvni tatbiq etish;

YAIMning tarkibiy qismlarini baholashni takomillashtirish orqali uning toʻliqroq qamrovini taʼminlash;

Xalqaro taqqoslashlar dasturining doimiy global raundlarida ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrib borish va xarajatlar usulidagi YAIM hisob-kitoblarini takomillashtirish;

Tarmoq statistikasining barcha darajalarida choraklik (oylik) statistik hisobotlarni taqdim etish muddatlarini, shunga mos ravishda xalqaro tajriba va xalqaro statistika tashkilotlarining (XVJ, OTB, MDH Davlatlararo Statistika qoʻmitasi) tavsiyalariga muvofiq, YAIM va boshqa makro koʻrsatkichlarni shakllantirish muddatlarini tubdan qayta koʻrib chiqish.

3. Narxlar statistikasini takomillashtirish

Hozirgi vaqtda mamlakatda narxlar statistikasi XVJ, IHTT, Yevrostat, BMT YEIK, Jahon banki va XMT kabi xalqaro tashkilotlarning standartlariga muvofiq shakllantirilmoqda.

Isteʼmol narxlari indekslari va uy xoʻjaliklari budjeti kuzatuvlari, Maqsadlar boʻyicha shaxsiy isteʼmol klassifikatsiyasi (MSHIK-1999)ga muvofiq, tuzilgan. Narxlar statistikasini shakllantirishda roʻyxatni tuzish ishlari uy xoʻjaliklari budjeti va tadbirkorlik statistikasi kuzatuvlari natijalari asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, narxlar statistikasini tuzish jarayonida, xususan, maʼlumot manbalarini tanlashda kamchiliklar mavjud boʻlib, natijada Davlat statistika qoʻmitasi mahsulot va xizmatlar sifati, yangi mahsulotlar va mavsumiy oʻzgarishlar jihatlarini hisobga olishda hamda kichik korxonalarni qamrab olishda qiyinchiliklarga duch keladi.

Narxlar statistikasini shakllantirish tartibini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi ularni boshqa mamlakatlarning oʻxshash maʼlumotlari bilan uygʻunlashtirish va taqqoslashni taʼminlash, xalqaro tashkilotlarning amaldagi tavsiyalariga muvofiq tuzilgan koʻrsatkichlarni yangi darajaga koʻtarish imkonini beradi.

Narxlar statistikasini takomillashtirish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

isteʼmol narxlari indekslarini hisoblashda xalqaro standartlarni, shu jumladan isteʼmol savatida tovarlar (xizmatlar)ning salmoq vaznlarni belgilash metodologiyasini tanqidiy qayta koʻrib chiqqan holda joriy etib borish;

qishloq xoʻjaligida narx indekslarini hisoblash metodologiyasini ishlab chiqish;

ishlab chiqaruvchilar narxlari indekslarini hisoblashda tanlanadigan mahsulotlar va korxonalar roʻyxatini kengaytirish, shuningdek, oylik maʼlumotlarni taqdim etish talab qilinmaydigan kichik korxonalarni ham qamrab olish;

registrlar asosida isteʼmol narxlari indekslari maʼlumot manbalarini tanlashni amalga oshirish;

eksport va import qilinadigan tovarlar (xizmatlar) narxlari indekslarini va uy-joy bozorida narx indekslarini xalqaro standartlarga muvofiq hisoblash metodologiyasini takomillashtirish;

tovarlar (xizmatlar) sifatini, yangi mahsulotlarni, mavsumiy jihatlarni hamda uzoq ishlab chiqarish sikliga ega va yakka tartibdagi buyurtma asosida tayyorlanadigan tovarlar va xizmatlar narxlarini aks ettiruvchi vaqtincha mavjud boʻlmagan tovarlarni hisobga olgan holda narxlar statistikasi uslubiyatini takomillashtirib borish;

sanoat korxonalari tomonidan xarid qilingan materiallar narx indekslarini hisoblash uslubiyotini takomillashtirish;

milliy hisoblar bilan bogʻliq ravishda “Maqsadlar boʻyicha shaxsiy isteʼmol tasniflagichi — 2018”ni joriy etishga tayyorgarlik uchun zarur choralarni koʻrish;

narx statistikasida mavsumiy tuzatish usullarini joriy etish;

Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy veb-saytida oʻrtacha narxlarni va asosiy isteʼmol tovarlari tarkibidagi ularning oʻzgarishini respublika va hududlar kesimida muntazam ravishda eʼlon qilish amaliyotini joriy etish;

narxlar statistikasini shakllantirishning samarali mexanizmlarini, masalan, onlayn kassa tizimlariga integratsiyalash va boshqalarni joriy etish.

4. Uy xoʻjaliklari kuzatuvlarini takomillashtirish

Uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuvlari Oʻzbekistonda rasmiy statistikaning muhim manbalaridan biridir. Kuzatuvlar davomida olingan maʼlumotlar davlat idoralari va jamoatchilikka farovonlik, iqtisodiy faoliyat natijalari va boshqa muhim tendensiyalarni kuzatishga imkon beradi.

Davlat statistika qoʻmitasi 2000-yildan boshlab muntazam ravishda aholining farovonligi darajasini kuzatib boradi va uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuvlari (UXTK) doirasida aholi turmush darajasini ifoda etuvchi maʼlumotlarni yigʻadi. Kuzatuv tanlanmasi maʼlumot vakolatliligi (reprezentativligi)ni respublika va hududlar kesimida taʼminlashga qaratilgan.

Oʻtgan vaqt ichida tanlanma kuzatuv takomillashtirib borilgan. Hozirgi vaqtda tanlanma hajmi yiliga ikki marta 208 tadan klasterlar tanlab olinadigan 10000 uy xoʻjaliklari miqdorida belgilangan. Kuzatuvlar tanlab olingan uy xoʻjaliklarining unda ixtiyoriylik tamoyili asosida ishtirok etishi orqali tashkil etiladi. Tanlovga tushgan uy xoʻjaliklarida kuzatuv bir oy davomida oʻtkaziladi va shundan soʻng boshqa uy xoʻjaligiga almashtiriladi.

Yoʻlga qoʻyilgan amaliyot maqsadga erishish uchun xizmat qiladi, ammo xarajatlarni kamaytirish, qamrovni kengaytirish va maʼlumotlarning aniqligini oshirish, shuningdek, maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash uchun zarur boʻlgan vaqt sarfini kamaytirish uchun takomillashtirilishi lozim.

Uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuvida ishtirok etganligi uchun respondentlarga statistika organlari tomonidan bir martalik ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan.

Shu munosabat bilan, uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuvini takomillashtirish uchun quyidagi vazifalar koʻzda tutilgan:

uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuvlarini oʻtkazish metodologiyasini takomillashtirish;

uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuv tanlovini takomillashtirish;

uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuvlarini oʻtkazish uchun zamonaviy elektron qurilmalar (planshetlar)dan foydalanish va avtomatlashtirilgan shaxsiy soʻrov texnologiyalarini joriy etish;

maʼlumotlarni yigʻish, ishlov berish va tahlil qilish uchun zamonaviy dasturiy taʼminotni joriy qilish, shuningdek, uy xoʻjaliklari kuzatuvini oʻtkazuvchi xodimlarni talab darajasida tayyorlashni taʼminlash.

5. Tashqi savdo statistikasini takomillashtirish

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarining oʻsishiga xizmat qilmoqda. Xorijda ham, ichki bozorda ham bozor sharoitlari oʻzgarib bormoqda, bu esa oʻz navbatida, tashqi savdo operatsiyalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olish uchun respublikaning tashqi savdo faoliyatini doimiy ravishda oʻrganishni talab qiladi. Amaldagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdo faoliyati toʻgʻrisidagi yakuniy maʼlumotlarini shakllantirish tartibini belgilaydi.

Shu bilan birga, vazirliklar va idoralar oʻrtasida eksport-import operatsiyalari boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni mahsulot guruhlari yoki turlari boʻyicha alohida-alohida tayyorlashda turli xil yondashuvlar mavjud. Davlat statistika qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan foydalanadigan klassifikatorlar va standartlarni uygʻunlashtirishda boʻshliqlar saqlanib qolmoqda.

Tashqi savdo sohasidagi statistikani yanada takomillashtirish uchun quyidagi vazifalar koʻzda tutilgan:

Davlat statistika qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan foydalanadigan tashqi savdo sohasidagi klassifikatsiyalar va standartlarni uygʻunlashtirish;

tashqi savdo sohasida mavjud hisobot shakllari sifatini yanada yaxshilash;

tashqi savdo statistikasi qamrovini yaxshilash;

tashqi savdo sohasidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida qayta ishlash va tahlil qilishni taʼminlash amaliyotini takomillashtirish;

tashqi savdo sohasida statistika maʼlumotlarining yagona maʼlumotlar bazasini va maʼlumotlar yaxlitligini taʼminlash.

6. Energetika sohasida statistikani takomillashtirish

Ayni vaqtda mamlakatdagi energetika sohasining umumiy manzarasini aks ettiruvchi toʻliq maʼlumotlar majmui mavjud emas. Mavjud maʼlumotlar Energetika vazirligi hamda boshqa idora va tashkilotlarning maʼmuriy maʼlumotlariga asoslanadi.

Energetika tarmogʻi faoliyati koʻrsatkichlarini hisoblash va jismoniy shaxslarning energiya resurslaridan foydalanishini aniqlash uchun Uy xoʻjaliklari kuzatuvlari savolnomasiga qoʻshimcha koʻrsatkichlarni kiritish rejalashtirilmoqda.

Energetika sohasidagi statistikani xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilishi xoʻjalik yurituvchi subyektlar va uy xoʻjaliklari tomonidan yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish holatini aniqlash uchun zarur boʻlgan yuqori sifatli yoqilgʻi-energetika balansini shakllantirishga yordam beradi.

Ushbu yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar koʻzda tutilgan:

foydalanuvchi ehtiyojlari asosida mavjud boʻlmagan maʼlumotlarni aniqlash va BMT standartlari asosida energiya statistikasini takomillashtirish;

energiya samaradorligi va energiya sarfi boʻyicha savollarni qoʻshish yoʻli bilan uy xoʻjaliklari kuzatuvlarini qayta koʻrib chiqish;

yuqori sifatli energiya balansini shakllantirish uchun koʻrsatkichlarning toʻliq qamrovini taʼminlash maqsadida xalqaro standartlarga muvofiq, energetika sohasida statistik hisobot shakllarini qayta koʻrib chiqish;

energetika holati haqida toʻliq va izchil maʼlumotlar taqdim etish orqali energetika statistikasining dolzarbligini oshirish.

7. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida statistikani takomillashtirish

Atrof-muhitni monitoringi iqtisodiyotning barcha sohalariga taʼsir qiluvchi koʻp qirrali masaladir. Atrof-muhit statistikasini toʻplash atrof-muhitni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi, yer qaʼridan foydalanish, oʻrmon xoʻjaligi va boshqa masalalar boʻyicha masʼul bir qator davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Barqaror iqtisodiy rivojlanish sohasida siyosiy qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan statistik hisobotlar tizimining asoslarini yaratish, atrof-muhit sohasida masʼul boʻlgan vazirlik va idoralarning statistik salohiyatini oshirish — xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari asosida ekologiya boʻyicha maʼlumot toʻplash mexanizmi hamda koʻrsatkichlar boʻyicha vaqt qatorlarini tayyorlashni yaxshilash imkonini beradi.

Barqaror rivojlanish konsepsiyasi doirasida kompleks siyosatni ishlab chiqish talablariga toʻgʻridan-toʻgʻri javob beradigan, tizimli, taqqoslash imkonini beruvchi, keng qamrovli statistika maʼlumotlari va koʻrsatkichlarni tayyorlashga ehtiyoj mavjud.

Ushbu yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

foydalanuvchi ehtiyojlari asosida yetishmayotgan maʼlumotlarni aniqlash va BMT standartlari asosida atrof-muhit sohasida statistikani takomillashtirish;

atrof-muhit holati va oʻzgarishi, tabiiy resurslardan foydalanish, xususan suv, yer, mineral, biologik resurslar zaxiralari va ularning oʻzgarishi hamda chiqindilarni qayta ishlash, ekologik aktivlar zaxiralarini va prognozlarini baholash boʻyicha maʼlumotlarni yagona tizim doirasida yigʻish va umumlashtirish imkonini beruvchi ekologik maʼlumot hisobi boʻyicha xalqaro standartni joriy etish;

atrof-muhit sohasida statistik koʻrsatkichlarni ishlab chiqish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganish;

Geografik axborot tizimidan atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini ishlab chiqish va tarqatish uchun asos sifatida foydalanish;

ekologik va iqtisodiy statistikaning qoʻshimcha tizimini yaratishga imkon beruvchi atrof-muhit boʻyicha birlamchi maʼlumotlarni toʻplash tizimini ishlab chiqish.

8. Korxonalar statistikasini takomillashtirish

Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik statistikasi boʻyicha maʼlumotlar yuridik shaxslarning statistik hisobotlari va tadbirkorlik faoliyati kuzatuvlari asosida shakllantiriladi.

Kichik korxona va mikrofirmalarning kuzatuvlari kichik biznes statistikasini ishlab chiqishda qoʻllaniladi. Bundan tashqari, Davlat statistika qoʻmitasi har chorakda savdo, xizmat koʻrsatish, sanoat va transport sohalarida yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻrtasida kuzatuv oʻtkazadi.

Shu bilan birga, mavsumiy tuzatishlar boʻyicha joriy metodologiyani soʻnggi xalqaro tavsiyalarni hisobga olgan holda takomillashtirish lozim.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga real baho berishga imkon beradigan ishonchli, ilmiy asoslangan statistika maʼlumotlarini olish hamda hududlar kesimida, shuningdek, korxonalarning iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha toʻlaqonli ajratgan holda koʻrishni taʼminlash uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

ilgʻor xalqaro tajribaga muvofiq tadbirkorlik statistikasining barcha yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish;

keng qamrovli statistik biznes-registrni ishlab chiqish va mamlakatning barcha subyektlari uchun yagona milliy identifikatsiyadan foydalanishni targʻib qilish;

korxonalar statistikasi boʻyicha ishonchli va toʻlaqonli maʼlumotlarni shakllantirish maqsadida kuzatuvlarni oʻtkazish metodologiyasini takomillashtirish;

mavsumiy oʻzgarishlarni inobatga olgan holda moslashtirilgan, yuqori chastotali vaqt qatorlari boʻyicha maʼlumotlarni ishlab chiqarishni takomillashtirish.

9. Davlat moliyasi statistikasini takomillashtirish

Davlat moliya statistikasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tuziladi. XVJ tomonidan 2014-yilda ishlab chiqilgan Davlat moliya statistikasi boʻyicha qoʻllanma (bundan keyin — DMSQ-2014) davlat moliya statistikasi sohasidagi asosiy xalqaro standart hisoblanadi.

Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan DMSQ — 2014 ga muvofiq davlat budjeti tizimining bir qismi sifatida tasniflanishi kerak boʻlgan barcha budjetdan tashqari mablagʻlar, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari hisoblari va boshqa institutsional boʻlinmalarning operatsiyalarini oʻz ichiga olgan holda butun davlat boshqaruvi tizimida davlat moliyasi statistikasi qamrovini kengaytirish ustida ish olib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi va Markaziy bank MHT — 2008, Davlat moliyasi statistikasi, Pul-kredit va moliyaviy tizimlar va toʻlov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya qoʻllanmalarini uygʻunlashtirishda yaqindan hamkorlikda ishlashi kerak, bu statistika maʼlumotlarining sifati va ishonchliligini, standartlarning uygʻunlashishini va ekspert bilimlari almashinuvini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi fiskal statistika boʻyicha moliyaviy hisobotlarning yaxlitligini oshirish choralarini koʻrmoqda. Davlat budjeti tasnifi DMSQ — 2014 metodologiyasiga muvofiq qayta koʻrib chiqilmoqda.

Davlat moliya statistikasini takomillashtirish uchun quyidagi vazifalar koʻzda tutilgan:

fiskal hisobotlarning institutsional qamrovini kengaytirish, DMSQ — 2014 standartlariga muvofiq davlat boshqaruvi tizimining bir qismi sifatida tasniflash kerak boʻlgan davlat budjeti statistikasini, shu jumladan budjetdan tashqari mablagʻlar, budjet tashkilotlari va boshqa institutsional boʻlinmalarning budjetdan tashqari hisoblari boʻyicha statistika maʼlumotlarini toʻplash va tarqatish;

davlat operatsiyalarini toʻgʻri tasniflash va balans maʼlumotlarini taqdim etishni hisobga olgan holda DMSQ — 2014 standartlarini joriy etib borish;

moliyaviy statistikaning toʻliqligi va ishonchliligini taʼminlash uchun davlat korxonalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini yangilab borish va ularni doimiy ravishda tarmoqlar boʻyicha taqsimlash;

jamlanma fiskal maʼlumotlarning budjet ijrosi va davlat moliya statistikasi hisobotlari oʻrtasidagi muvofiqligiga erishish, moliyaviy hisobotlarda asosiy agregatlarni solishtirib borish hamda aholi savodxonligini oshirish hisobiga fiskal hisobotlarda statistika maʼlumotlari yaxlitligini taʼminlash.

10. Tashqi sektor boʻyicha statistikani takomillashtirish

Tashqi sektor statistikasi toʻlov balansi, xalqaro investitsiya pozitsiyasi, yalpi tashqi qarz, xalqaro rezerv aktivlari, tovarlar xalqaro savdosi va ayriboshlash kurslaridan tashkil topadi.

Tashqi sektor statistikasini shakllantirishda poydevor boʻlib quyidagilar xizmat qiladi:

a) toʻlov balansi va xalqaro investitsiya pozitsiyasi boʻyicha — XVFning “Toʻlov balansi va xalqaro investitsiya pozitsiyasi boʻyicha qoʻllanma”si;

b) yalpi tashqi qarz boʻyicha — XVFning “Tashqi qarz statistikasi: ishlab chiquvchilar va foydalanuvchilar uchun qoʻllanma”si;

v) xalqaro rezervlar boʻyicha — XVFning “Xalqaro rezervlar va chet el valyutasidagi likvidlilik. Maʼlumotlarni taqdim etish shakllari: asosiy mezonlar”;

g) tovarlar xalqaro savdosi boʻyicha — BMTning “Tovarlar xalqaro savdosi statistikasi: ishlab chiqaruvchilar uchun birinchi qayta koʻrib chiqilgan qoʻllanma”.

Tashqi sektor statistikasini shakllantirish va eʼlon qilish quyidagicha amalga oshiriladi:

a) toʻlov balansi, xalqaro investitsiya pozitsiyasi, yalpi tashqi qarz, xalqaro rezervlar va ayriboshlash kurslari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan;

b) tovarlar xalqaro savdosi boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Tashqi sektor statistikasini takomillashtirish quyidagi vazifalarni bajarishni nazarda tutadi:

tashqi sektor statistikasini XVF tavsiyalari asosida shakllantirish va maʼlumotlarni qayta ishlash jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish;

tashqi sektor statistikasi foydalanuvchilarining savodxonligi va keng jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish;

XVFning Maʼlumotlarni tarqatishning maxsus standarti (SDDS) talablarini joriy qilish;

tashqi qarz boʻyicha indikatorlarni takomillashtirish;

tashqi sektor statistikasi boʻyicha maʼlumotlar qamrovini, davriyligini va oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlash.

11. Pul-kredit va moliya sektori statistikasini takomillashtirish

Soʻnggi yillarda pul-kredit statistikasi boʻyicha maʼlum yutuqlarga erishilgan boʻlsa-da, Strategiya Markaziy bank va Davlat statistika qoʻmitasining soʻnggi xalqaro standartlar, tasniflar va metodologiyalarga muvofiq pul-kredit va moliya statistikasi sifatini oshirish boʻyicha olib borilayotgan harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu yoʻnalishda quyidagi vazifalar koʻzda tutilgan:

makroiqtisodiy va moliyaviy statistikani shakllantirish va yuritish siyosatini qayta koʻrib chiqish;

Markaziy bank tomonidan “Moliya sektori sharhi” va “Boshqa moliyaviy tashkilotlar sharhi”ni tayyorlanishi va eʼlon qilib borilishini yoʻlga qoʻyish orqali Oʻzbekiston Respublikasi moliya statistikasining qamrovini toʻliqligini taʼminlash;

moliyaviy barqarorlik koʻrsatkichlarini takomillashtirish.

12. Demografik statistikani takomillashtirish

Demografik statistika 1989-yilda soʻnggi oʻtkazilgan demografik soʻrov (roʻyxatga olish) natijalariga asosan tugʻilish, oʻlim va migratsiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanilgan holda tuziladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini (tugʻilish, oʻlim, nikoh va ajralish va hokazo) roʻyxatga olish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining FHDY organlari tomonidan amalga oshiriladi. Mamlakat ichkarisida ham, chet elda ham kelish va ketishni rasmiylashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlarining kelish va chiqish varaqalari statistik kuponlari asosida amalga oshiriladi.

(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

Demografik statistikani takomillashtirish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

tugʻilish, oʻlim va migratsiya toʻgʻrisidagi maʼmuriy va soʻrov asosida shakllangan maʼlumotlarni tizimlashtirish;

demografik statistika boʻyicha standart klassifikatsiyalarni qabul qilish;

standart davriy hisobotlarni va nashr uchun yigʻma statistika maʼlumotlarini ishlab chiqish.

13. Taʼlim statistikasini takomillashtirish

Davlat taʼlim muassasalaridagi taʼlim statistikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan taʼlim muassasalari darajasida toʻplangan maʼmuriy maʼlumotlarga asoslanadi, nodavlat taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish esa Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Xalq taʼlimi vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda taʼlimni boshqarishning axborot tizimlarini (TBAT) ishlab chiqmoqdalar, bu esa maʼlumotlarni elektron shaklda toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beradi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi YUNISEF koʻmagida TBATni joriy qilishni boshladi va uni boshqa sohalarda, ayniqsa strategik rejalashtirish, boshqarish va taʼlim sifatini oʻlchash sohalarida qoʻllashni yanada kengaytirish choralarini koʻrmoqda. Biroq, vazirlik maʼlumotlarni boshqarish sohasida tajribaning yoʻqligi sababli TBATdan foydalanishni kengaytirishda muammolarga duch kelmoqda.

Ushbu sohada maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

Davlat statistika qoʻmitasi va tegishli vazirliklar faoliyatida statistik jarayonlarning takrorlanishini oldini olish uchun maʼlumotlarni shakllantirish tizimini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish;

xalqaro standartlarga muvofiq taʼlim sohasida strategik rejalashtirish hujjatlari ijrosini monitoring qilish uchun zarur boʻlgan statistika maʼlumotlari doirasini kengaytirish hamda klassifikatsiyasi va metodologiyasini takomillashtirish;

taʼlim sohasidagi barcha vazirliklarda statistik infratuzilmani rivojlantirish hamda dolzarb va sifatli maʼlumotlarni oʻz vaqtida shakllantirish boʻyicha ularning salohiyatini mustahkamlash;

TBATning yagona tuzilmasini shakllantirishda koʻmaklashish.

14. Sogʻliqni saqlash statistikasini takomillashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi vazirlik tizimi doirasida aholi salomatligi statistikasi, tibbiyot muassasalari statistikasi va kadrlar statistikasi boʻyicha statistika maʼlumotlarini toʻplaydi. Sogʻliqni saqlash xarajatlari boʻyicha statistika maʼlumotlarini va boshqa turli xil koʻrsatkichlarni Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalaridan olinishi mumkin. JSSTning texnik koʻmagi bilan sogʻliqni saqlash hisoblari tizimini (SSʼH) bosqichma-bosqich joriy etish boshlandi.

Shuningdek, Davlat statistika qoʻmitasi davlat (Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimiga kirmaydigan) va xususiy tibbiyot muassasa va tashkilotlaridan maʼlumotlarni elektron koʻrinishda toʻplaydi.

Mazkur yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

xalqaro standartlarga muvofiq aholi salomatligi va farovonligi toʻgʻrisidagi statistik hisobotlarga kiritilishi kerak boʻlgan asosiy koʻrsatkichlarning roʻyxatini shakllantirish hamda statistikani milliy va xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida aniq aks ettirish uchun zarur oʻzgartirishlarni kiritish;

sogʻliqni saqlash statistikasi va maʼlumotlarini tarqatish amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqish;

Davlat statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida maʼlumotlar shakllantirish tizimini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish;

xalqaro standartlarga muvofiq sogʻliqni saqlash boʻyicha milliy strategiyalarni amalga oshirish jarayonlarini monitoring qilish uchun zarur boʻladigan sogʻliqni saqlash statistikasini kengaytirish (shu jumladan fuqarolikni roʻyxatga olish hujjatlari va sogʻliqni saqlashning boshqa manbalaridan olinishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar) va metodologiyalarni takomillashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining statistik infratuzilmasini rivojlantirish va maʼlumotlar ishlab chiqarish va tahlil qilish sohasidagi salohiyatini mustahkamlash;

sogʻliqni saqlash statistikasi sohasida faoliyat samaradorligi va sifatini oshirish uchun maʼlumotlarni yigʻishning avtomatlashtirilgan tizimini va idoralararo maʼlumotlar almashish tizimini ishlab chiqish.

15. Ijtimoiy soha statistikasini takomillashtirish

Ijtimoiy soha statistikasi tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan tuziladi, Davlat statistika qoʻmitasi esa tegishli statistika maʼlumotlarini yigʻish, umumlashtirish va tarqatish uchun javobgar hisoblanadi.

Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi strategik rejalashtirish hujjatlari uchun (masalan, BRM) koʻrsatkichlar Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan uy xoʻjaliklari kuzatuvlarini oʻtkazish yoʻli bilan shakllantiriladi.

Shu bilan birga, ilgʻor xalqaro amaliyotga muvofiq ijtimoiy soha va qashshoqlik statistikasini takomillashtirish zarurati mavjud. Mazkur yoʻnalishda maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

turmush darajasi, taʼlim, atrof-muhit, sogʻliqni saqlash va boshqa ijtimoiy masalalar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarni toʻplash uchun uy xoʻjaliklari kuzatuvlari dasturini takomillashtirish;

oshkora va ishonchli maʼlumotlarni olish maqsadida tanlanma va uning metodologiyasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish;

kuzatuvlarni oʻtkazish jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining integratsiyalashuvini amalga oshirish hamda maʼlumotlarni qayta ishlash, tahlil qilish va taqdim etish jarayonlariga zamonaviy dasturlarni (STATA, SPSS) kiritish;

isteʼmol xarajatlarini shakllantirish uchun yangi “Maqsadlar boʻyicha shaxsiy isteʼmol klassifikatsiyasi — 2018”ni joriy etish.

16. Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) boʻyicha statistikani takomillashtirish

Oʻzbekiston 2015-yilning sentabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish sammitida qabul qilingan 70-son rezolyutsiyasini qabul qilgan.

BMTning Global kun tartibining 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekiston Respublikasida izchil amalga oshirish boʻyicha ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida tegishli qaror qabul qilindi va 16 ta milliy maqsad va BRMning 125 ta milliy vazifalar roʻyxati tasdiqlandi.

Shu bilan birga, mavjud boʻlmagan BRM boʻyicha statistika maʼlumotlarini shakllantirish va tarqatishda sezilarli boʻshliqlar mavjud, bu zarur metodologiyani oʻrganish va ishlab chiqishni hamda maʼlumotlarni toʻplashning tegishli mexanizmlarini yaratishni talab qiladi.

Mazkur yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

BRM koʻrsatkichlarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni shakllantirish jarayonlariga xalqaro standartlar va metodologiyalarni joriy etish;

BRM monitoringi boʻyicha ilgʻor boʻlgan mamlakatlar tajribasini oʻrganish;

BRM koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va monitoring qilish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralarning salohiyatini mustahkamlash;

BRM milliy koʻrsatkichlari uchun metodologiyalarni ishlab chiqishni aniq muddatlari koʻrsatilgan harakatlar rejasi va monitoring qilish tuzilmasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

17. Ilm-fan va innovatsiyalar sohasida statistikani takomillashtirish

Ilm-fan, tadqiqot va ishlanmalar boʻyicha tegishli statistikani tayyorlash mamlakatning innovatsion rivojlanishini kuzatish va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish uchun muhimdir. Ilm-fan va innovatsiyalar statistikasida bir qator muammoli jihatlar mavjud. Xususan, xalqaro amaliyotga muvofiq klassifikatsiyalar, metodologiya va instrumentariylarni, masalan, “Oslo Yoʻriqnomasi 2018” va “Fraskati Yoʻriqnomasi 2015”ni amaliyotga joriy etishda maʼlumotlarning yetishmasligi va uslubiy yordamga ehtiyoj seziladi.

Bundan tashqari ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi statistika maʼlumotlarini yigʻish, taqdim etish va ulardan foydalanish boʻyicha Yevropa mamlakatlarining tajribasini oʻrganish zarurati mavjud.

Ushbu muammolarni hal etish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

Davlat statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi masʼul xodimlarining malakasini oshirish;

Ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi statistik metodologiyalarni ishlab chiqish hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi statistikani tayyorlash jarayonlariga “Oslo Yoʻriqnomasi 2018” va “Fraskati Yoʻriqnomasi 2015” kabi xalqaro tan olingan standartlarni joriy etish.

18. Gender statistikasini takomillashtirish

Davlat statistika qoʻmitasi gender boʻyicha statistikani ishlab chiqadi va mumkin boʻlgan darajada maksimal yoyilgan holda tarqatadi.

Shu bilan birga, gender statistikasining joriy hisobi barcha gender jihatlarini, shu qatorda xalqaro majburiyatlarning bajarilishi monitoringini toʻliq hisobga olish imkonini bermaydi.

Oʻzbekistonda gender jihatlarini aks ettiruvchi xalqaro standartlarga javob beradigan gender statistikasining sifat va miqdoriy koʻrsatkichlarini yillar boʻyicha dinamik qatorlarda ishlab chiqish zarur.

Ushbu yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

gender va bolalar statistikasi boʻyicha idoralararo ishchi guruhni tashkil etish;

BMT Statistika boʻlimi tomonidan ishlab chiqilgan “Gender statistikasining minimal bazaviy toʻplami”ni amaliyotga toʻliq joriy etish boʻyicha qoʻshimcha kuzatuvlarni oʻtkazish va maʼlumotlarni qayta ishlash;

xalqaro majburiyatlar, gender tenglikni taʼminlash hamda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha milliy strategiya va dasturlarning bajarilishini monitoring qilish boʻyicha milliy indikatorlar tizimini yaratish.

19. Mehnat statistikasini takomillashtirish

Amaliyotda mehnat statistikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuritiladi.

Band aholi soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Davlat statistika qoʻmitasi korxona va tashkilotlarning statistik hisobotlari, ishchi kuchi kuzatuvlari natijalari, soliq organlarining maʼlumotlari, shuningdek, taʼlim muassasalari oʻrtasida kunduzgi shaklda oʻquvchilar soni boʻyicha oʻtkazilgan davlat statistika kuzatuvlari maʼlumotlari asosida shakllantiradi.

Ishchi kuchi kuzatuvlari (IKK) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Vazirlik Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) standartlariga qisman amal qiladi, ammo sezilarli istisnolar mavjud, xususan ishsizlarning va vaqtinchalik band boʻlgan shaxslar sonining toʻliq hisobi yoʻqligi, ishlangan soat soni toʻgʻrisida maʼlumot toʻplash amaliyotining yoʻqligi va boshqalar. Shuningdek, kuzatuv davomida olingan javoblar qamrovini hujjatlashtirishda aniqlik yoʻq.

Bandlik va ishsizlikni aniqlashning amaldagi uslubiyati Mehnat statistikasi xalqaro Konferensiyasi (MSXK) rezolyutsiyalariga toʻliq mos kelmaydi. Mashgʻulotlarning xalqaro standart klassifikatsiyasi (MXSK — 2008) va Taʼlim boʻyicha xalqaro standart klassifikatsiyasining (TXSK — 2011) eng soʻnggi versiyalari qoʻllanilmaydi.

Mehnat sohasida statistikani takomillashtirish uchun quyidagi vazifalar belgilab olindi:

bandlik va mehnat bozorining boshqa asosiy koʻrsatkichlarini aniqlashda XMT standartlariga muvofiqligini taʼminlash, XMT koʻrsatkichlarini moslashtirish va joriy qilish;

eng soʻnggi “Mashgʻulotlarning xalqaro standart klassifikatsiyasi — 2008” va “Taʼlim boʻyicha xalqaro standart klassifikatsiyasi — 2011”ni amaliyotga tatbiq qilish;

Xalqaro mehnat tashkilotining tavsiyalariga muvofiq, “Ishchi kuchi kuzatuvlari”ning uslubiyotini, tanlanma va savolnomalarni ham hisobga olgan holda takomillashtirish;

“Ishchi kuchi kuzatuvlari” doirasida maʼlumotlarni elektron yigʻishni rivojlantirish;

“Ishchi kuchi kuzatuvlari” doirasida ishlagan soatlar soni boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash va nashr etish;

boʻsh ish oʻrinlari kuzatuvini xalqaro standartlarga muvofiq toʻlaqonli oʻtkazilishini taʼminlash;

“Ishchi kuchiga xarajatlar kuzatuvi”ni oʻtkazishda xalqaro standartlarning qoʻllanilishini taʼminlash;

Daromadlar statistikasi asosida mehnatga haq toʻlashda gender tafovuti boʻyicha statistika maʼlumotlarini shakllantirish.

20. Turizm statistikasini takomillashtirish

Davlat statistika qoʻmitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi BMT Jahon sayyohlik tashkilotining turizm statistikasi boʻyicha xalqaro tavsiyalariga (TSXT — 2008) muvofiq ishlab chiqiladigan turizm sohasidagi statistika maʼlumotlarini yigʻish ishlarida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyganlar.

Biroq, ushbu statistikani baʼzi yoʻnalishlarda, masalan, ichki turizm statistikasi, sayyohlik statistikasini xalqaro taqqoslash va chet ellik sayyohlar uchun mahalliy yoʻnalishlar haqida batafsil maʼlumotni shakllantirish uchun takomillashtirish zarur.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

turizm statistikasining xalqaro kelishilgan tizimini yaratish;

turizm statistikasining xalqaro standartlarga muvofiq (Turizm statistikasi boʻyicha xalqaro tavsiyalar — 2008) klassifikatsiyalar, usullar va metodologiyalarni takomillashtirish;

maʼlumot ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning statistik salohiyatini mustahkamlash.

21. Transport statistikasini takomillashtirish

Zudlik bilan hal qilishni talab qiladigan eng muhim muammolardan biri bu transport sohasida keng qamrovli, ishonchli va aniq maʼlumotlarning yetishmasligidir. Ayni paytda vazirlik va idoralarning alohida boʻlinmalari oʻrtasida transport infratuzilmasining asosiy koʻrsatkichlarini statistik hisobga olishning yagona metodologik yondashuvini belgilashda muammo mavjud. Muammo maʼlumotlarni aniqlash va toʻplashdagi turlicha yondashuvlarda, shu jumladan kuzatilayotgan subyektlar roʻyxati, transport infratuzilmasining asosiy koʻrsatkichlarida oʻz aksini topadi.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

xalqaro standartlar va ilgʻor amaliyotlarga muvofiq transport statistikasi sohasidagi klassifikatsiya va metodologiyalarni takomillashtirish;

planshet qurilmalaridan foydalangan holda ASHS (avtomatlashtirilgan shaxsiy soʻrov) texnologiyasiga asoslangan zamonaviy maʼlumotlarni yigʻish texnologiyalarini joriy etish;

avtomatlashtirilgan maʼlumotlarni yigʻish tizimlarini joriy etish;

transport turlari kesimida transport xizmatlari narxlari va tarif indekslarini hisoblash metodologiyasini takomillashtirish;

transport va logistika infratuzilmasi, jumladan transchegaraviy logistika maʼlumotlarini tayyorlash boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasi salohiyatini mustahkamlash.

22. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi statistikani takomillashtirish

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari industriyasi iqtisodiyotda katalizator rolini oʻynaydi, chunki u anʼanaviy va raqamli texnologiyalar orqali oʻsish va rivojlanish omili sifatida tavsiflanadi, davlat organlarining oʻzaro va jamiyat bilan, shu jumladan taʼlim va kasbiy tayyorgarlik, shuningdek, fuqarolar oʻrtasidagi muloqot yoʻnalishlarini ochadi. Buning natijasida iqtisodiyot uchun AKT maʼlumotlariga ehtiyoj, soʻnggi texnologik yutuqlarga mos boʻlish va yangilanishni taʼminlash nuqtai nazaridan eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, bugungi kundagi elektron tijoratni hisobga olish sohasidagi mavjud normativ-huquqiy baza oʻz subyektlarida, shuningdek, rasmiy statistika organlarida koʻplab savollar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida statistikani takomillashtirish uchun quyidagi vazifalar belgilandi:

elektron tijoratni shakllantirish va hisobga olish maʼlumotlarini tayyorlash sohasida ilgʻor tavsiya va metodologiyalarni amaliyotga joriy etish;

AKT infratuzilmasi, AKTdan foydalanish, AKT xizmatlariga tariflar, AKTni ishlab chiqarish sektori, taʼlimda AKTdan foydalanish, AKT savdosi va boshqa maʼlumotlarni tayyorlash boʻyicha qoʻllanma va metodologiyalarni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish;

AKT sohasida statistika maʼlumotlarini ishlab chiqish va tarqatish boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi salohiyatini oshirish.

23. Kuzatilmaydigan iqtisodiyot boʻyicha statistikani takomillashtirish

YAIM va mamlakatning boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlarini baholashda iqtisodiy faoliyatning barcha turlarini qamrab olishdagi muammolar bilan bogʻliq boʻlgan va norasmiy, yashirin va noqonuniy faoliyatni oʻz ichiga olgan “yashirin iqtisodiyot” iqtisodiy statistikaning metodologik va axborot taʼminotidagi dolzarb muammosidir.

Hozirgi vaqtda iqtisodiy koʻrsatkichlarni shakllantirishda yuqorida sanab oʻtilgan faoliyat turlaridan norasmiy sektorda ishlab chiqarishni baholash amalga oshirilmoqda. Yashirin va noqonuniy ishlab chiqarishni baholash na statistika, na soliq va na boshqa makroiqtisodiy siyosatni amalga oshiruvchi organlar tomonidan amalga oshirilmaydi va tarmoq statistikasi koʻrsatkichlariga, shunga mos ravishda mamlakat yalpi ichki mahsulotiga kiritilmaydi.

Mazkur metodologiyaning statistik amaliyotga joriy etilishi mamlakatda yashirin iqtisodiyotning koʻlamini aniqlash imkonini beradi, bu esa davlat boshqaruvi organlariga uni qisqartirish boʻyicha samarali qarorlarni qabul qilish va chora-tadbirlarni koʻrish imkonini beradi.

Ushbu yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

xalqaro standartlar va ilgʻor tajribalarga muvofiq norasmiy sektor boʻyicha keng qamrovli statistika maʼlumotlarini ishlab chiqish;

YAIM baholashning yaxlitligini taʼminlashga qaratilgan qoʻllanma va metodologiyalarni takomillashtirish.

24. Qishloq xoʻjaligi statistikasini takomillashtirish

Qishloq xoʻjaligi statistikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan korxonalar va tashkilotlarning statistik hisobotlari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlari, qishloq xoʻjaligi va fermer xoʻjaliklari kuzatuvlari asosida ishlab chiqariladi.

Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning muhim sektori boʻlgani bois ishonchli va keng qamrovli milliy qishloq xoʻjaligi statistikasiga ehtiyoj katta.

Davlat statistika qoʻmitasi BMTning FAO tashkiloti bilan mamlakatning oziq-ovqat balansini tayyorlashda yaqindan hamkorlik qiladi, ammo ular eʼlon qiladigan statistika maʼlumotlari har doim ham bir xil emas, bu esa qishloq xoʻjaligi statistikasining ishonchliligini pasaytiradi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish umuman oʻtkazilmaganligi sababli statistika maʼlumotlarining ishonchliligi shubha ostiga olinadi.

Ushbu yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

ishonchli va keng qamrovli milliy qishloq xoʻjaligi statistikasi tizimini ishlab chiqish;

qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat statistikasi ishonchliligi va mavjudligini oshirish;

qishloq xoʻjaligida tendensiyalar va bozor narxlari boʻyicha maʼlumotlarning mavjudligini oshirish;

fermer va dehqon xoʻjaliklari faoliyati unumdorligi boʻyicha maʼlumotlar koʻlamini oshirish;

qishloq xoʻjaligi kuzatuvining tashkiliy va metodologik asoslarini ishlab chiqish;

roʻyxatga olish natijalarining toʻliqligini taʼminlash, ularni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani yaratish va yangi texnologiyalarni (masalan, mobil qurilmalar, geomanzilli axborot tizimlari va boshqalar) joriy qilish;

qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishda ishtirok etuvchilarning salohiyati va malakasini oshirish maqsadida kadrlarni tayyorlash sohasida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish.

25. Uy-joy statistikasini takomillashtirish

Uy-joy fondining mamlakatdagi holatini monitoring qilish, uy-joy bozorining samarali ishlashini taʼminlash va uy-joy siyosatini fuqarolar ehtiyojlariga moslashtirish uchun juda muhimdir. Davlat statistika qoʻmitasining faoliyati doirasida statistik hisobotlarni, maʼmuriy va idoraviy maʼlumotlarni, shuningdek, uy xoʻjaliklari kuzatuvlarini oʻtkazish orqali uy-joy boʻyicha muhim maʼlumotlar toʻplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish uzoq vaqt davomida oʻtkazilmaganligi bois, Oʻzbekiston Respublikasining obodonlashtirish va uy-joy fondi boʻyicha toʻlaqonli va obyektiv holatni aniqlashda katta qiyinchiliklar mavjud.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun quyidagi vazifalar belgilandi:

uy-joyga boʻlgan ehtiyojning yangi davriy tekshiruvini oʻtkazish;

maʼlumotlarni tahlil qilish, aholini roʻyxatga olish va uy xoʻjaliklari kuzatuvlarini hamda mahalliy maʼmuriy hisobotlarni tizimlashtirish;

uy-joy boʻyicha zamonaviy tasniflarni qabul qilish;

eʼlon qilish uchun davriy hisobotlar va yigʻma statistika maʼlumotlarini ishlab chiqish.

26. Investitsiya va qurilish sohasidagi statistikani takomillashtirish

Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar va qurilish YAIMning eng katta tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, aksariyat mamlakatlarda iqtisodiy faollik ulushini taʼminlaydi. Shuningdek, ularga hukumat siyosati bevosita taʼsir koʻrsatadigan va ushbu sektorning samarali ishlashini taʼminlash uchun maʼlumotlar zarur boʻlgan tarmoqlar kiradi.

Davlat statistika qoʻmitasi qurilishda statistik koʻrsatkichlarni shakllantiradi, moliyaviy boʻlmagan aktivlarga investitsiyalarning tuzilishi va dinamikasini, asosiy kapitalga investitsiyalar, asosiy fondlarni, ishlab chiqarish obyektlarini, uy-joylarni va ijtimoiy obyektlarni ishga tushirishni tavsiflaydi.

Qurilish sohasidagi statistikani umumlashtirish uchun foydalaniladigan usul va metodologiyalarni qurilishga kiritilgan investitsiyalar toʻgʻrisidagi dastlabki statistika maʼlumotlarining toʻliq qamrab olinishi va ishonchliligini taʼminlash uchun xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilishiga ehtiyoj sezilmoqda.

Ushbu yoʻnalishdagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

ilgʻor xalqaro amaliyotga muvofiq, yangi zamonaviy klassifikatsiyalarni qabul qilish va mavjudlarini yangilash;

qurilish-montaj ishlarining boshlanishi haqida xabardor qilishlar boʻyicha yangi davriy soʻrovlarni oʻtkazish;

qurilish loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha statistika maʼlumotlarini tizimlashtirish;

toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisob-kitoblarini takomillashtirish;

nashr qilish uchun qurilish sohasida davriy hisobotlarni va jamlanma statistika maʼlumotlarini ishlab chiqish.

3-bob. Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

Strategiyani amalga oshirishdan quyidagi natijalar kutilmoqda:

1) foydalanuvchilarning statistika maʼlumotlariga boʻlgan yuqori qanoatlanishini taʼminlash uchun:

foydalanuvchilarning qanoatlanish darajasi boʻyicha soʻrov natijalarini yaxshilash;

Davlat statistika qoʻmitasi axborot resurslariga tashriflar va statistika maʼlumotlaridan foydalanishlar sonini oshirish;

foydalanuvchilar bilan maʼlumotlarni joylashtirish masalalari va ustuvor yoʻnalishlarni muhokama qilish uchun uchrashuvlar sonini koʻpaytirib borish;

Davlat statistika qoʻmitasining ommaviy axborot vositalarida yoritib borilishini son va vaqt jihatidan koʻpaytirish;

2) statistika maʼlumotlarini yetkazib beruvchilarni sifatli ragʻbatlantirilishini taʼminlash orqali:

yuqori yoki hech boʻlmaganda pasaytirilmaydigan javob berish darajasiga erishish;

hisobotlarni taqdim etishdagi kamchiliklarni bartaraf etish;

hisobot yuklamasi boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasiga yuboriladigan shikoyatlarni yoʻqotish;

ommaviy axborot vositalarida salbiy izohlarni kamaytirish;

elektron shaklda taqdim etiladigan hisobotlarning ulushini oshirish;

3) milliy statistikani rivojlantirishda hukumat va hamkorlar tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlashlar orqali:

hukumatdan olingan operatsion budjet bir xil darajada qolmoqda yoki boshqa davlat idoralari budjetlariga nisbatan yuqorilamoqda;

maxsus ishlanmalar uchun ajratiladigan mablagʻlar yuqori darajada saqlanib qolmoqda;

xalqaro sherik tashkilotlar tomonidan koʻrsatilayotgan yordamlar avvalgidek saqlanib qolmoqda va tobora ortib bormoqda;

4) xodimlarning motivatsiyasi va yuqori malakasiga erishish bilan:

xodimlarning qanoatlanish darajasi oshadi, ularning faoliyati natijalari yaxshilanadi;

yosh, koʻproq harakatchan xodimlarning motivatsiya koʻrsatkichlari ortib boradi;

boʻsh ish oʻrinlari soni kamayadi;

shaxsiy sabablarga koʻra taʼtillar soni maqbullashadi;

operatsion faoliyat koʻrsatkichlari yaxshilanadi.

5) mamlakatning butun milliy statistika tizimini samarali muvofiqlashtirish orqali:

Statistika kengashi samarali faoliyat koʻrsatadi;

Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa statistika maʼlumotlari ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, boshqa mamlakatlarning statistika idoralari oʻrtasidagi uchrashuvlarning davriyligi va muntazamligi oshib boradi;

Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa har bir milliy statistika idoralari oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumlari yanada dolzarb boʻlib boradi.

2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasiga 1-ILOVA

2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha

* Bazaviy daraja.

Izoh:

— 2025-yilga qadar maqsadli koʻrsatkich boʻyicha 100 foizlik natijaga erishilgan taqdirda, ushbu koʻrsatkich keyingi yillarga ham saqlanib qoladi;

— davlat idoralari va tashkilotlari oʻz vakolatlari doirasida yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarga erishishda Davlat statistika qoʻmitasiga amaliy yordam koʻrsatib boradilar.

2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasiga 2-ILOVA

2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-son qaroriga 2-ILOVA

2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-114-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2024-y., 07/24/114/0183-son )

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-114-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2024-y., 07/24/114/0183-son )

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-son qaroriga 5-ILOVA

Idoraviy statistika maʼlumotlarini shakllantirish va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan axborot almashinuvini taʼminlash uchun masʼul boʻlinmalar tashkil etadigan (belgilanadigan) vazirlik va idoralarning

Izoh

* Vazirlik va idoralar rahbarlari ish hajmi va uning xususiyatlarini hisobga olgan holda, lozim boʻladigan shtat birliklari sonini mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyundagi PF-91-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2024-y., 06/24/91/0429-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.