Mamlakatimizning boy raqs sanʼati tarixida alohida oʻrin egallagan “Xorazm lazgi raqsi” oʻziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir. YUNESKO tomonidan “Xorazm lazgi raqsi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganligi ham uning betakror sanʼat ekanligidan dalolat beradi.
“Xorazm lazgi raqsi” sanʼatining asriy anʼanalarini saqlash va rivojlantirish, raqs sanʼati orqali xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik koʻlamini va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligining 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba 25 — 30-aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivalini (keyingi oʻrinlarda — Festival) hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
“Lazgi” xalqaro raqs festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Lazgi” xalqaro raqs festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Xorazm viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi Festivalni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha masʼul organlar etib belgilansin.
4. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligi:
2021-yil 1-dekabrga qadar tajribali rejissor, taniqli sanʼatkor, prodyuser, kompozitor, shoir va sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy va badiiy dasturlarini tayyorlasin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-fevralga qadar Festival va uning doirasida oʻtkaziladigan “Oʻzbek milliy raqsining jahon raqs sanʼatidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada (keyingi oʻrinlarda — ilmiy-amaliy konferensiya) xorijiy mamlakatlardan ishtirok etadigan raqs sanʼati ustalari, musiqashunos va sanʼatshunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar roʻyxatini shakllantirsin.
5. Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Xorazm viloyati hokimligi Festivalni YUNESKO shafeligi ostida oʻtkazish choralarini koʻrsin.
6. Madaniyat vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:
Festival doirasida Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” majmuasi hududida raqs sanʼatiga oid koʻrgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda ularning savdosi tashkil etilishini;
Festival dasturini ishlab chiqish va uning Festivaldan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishi, Internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini taʼminlasin.
7. Belgilansinki, Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda qoplanadi:
70 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yilgi ajratiladigan mablagʻlar hisobiga;
30 foizi — Xorazm viloyatining mahalliy budjeti, homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga.
8. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
Bosh vazir oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi B. Musayev — Festival va uning doirasida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani yuqori badiiy va ilmiy saviyada tashkil etilishini taʼminlasin;
Bosh vazirning oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A. Abduhakimov — Festivalni turizm kalendar rejasiga kiritish, unga xorijiy sayyohlarni jalb qilish hamda Festival qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joylarni oldindan band qilish choralarini koʻrsin;
madaniyat vaziri O. Nazarbekov — musiqashunos va sanʼatshunos olimlar, taniqli sanʼatkorlarni jalb qilgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy hamda badiiy dasturlarini yuqori saviyada ishlab chiqsin;
Xorazm viloyati hokimi F. Ermanov — Xiva shahrida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Festival oʻtkaziladigan sahna maydonlari va zallarning talab darajasida tayyorlanishini hamda “Ichan-qalʼa” majmuasi hududida raqs sanʼatiga oid koʻrgazmalar tashkil etilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi — Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-sentabr,
PQ-4843-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-sentabrdagi PQ-4843-son qaroriga 1-ILOVA
“Lazgi” xalqaro raqs festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
Izoh: tashkiliy qoʻmita aʼzosi boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxs kiritiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-sentabrdagi PQ-4843-son qaroriga 2-ILOVA
“Lazgi” xalqaro raqs festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Lazgi” xalqaro raqs festivalini (keyingi oʻrinlarda — Festival) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Festival quyidagilarni nazarda tutgan holda oʻtkaziladi:
“Xorazm lazgi raqsi” sanʼatini keng targʻib qilish, milliy raqsning ushbu turini eʼzozlab saqlash, oʻrganish, rivojlantirish, uni avloddan-avlodga yetkazib kelayotgan mohir ijrochilarni ragʻbatlantirish;
milliy raqs, shu jumladan “Xorazm lazgi raqsi” sanʼatiga yoshlarning eʼtibori va qiziqishini kuchaytirish, milliy raqsning boy, oʻziga xos badiiy va estetik imkoniyatlarini tarannum etish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash;
“Xorazm lazgi raqsi” sanʼati hamda boshqa xalqlarning turdosh raqs janrlarini qamrab olish, ular bilan ilmiy va ijodiy muloqotlarni yoʻlga qoʻyish va hamkorlik qilish, raqs sanʼati ijodkorlarini birlashtirish, madaniy munosabatlarni xalqaro miqyosda kengaytirish;
raqs sanʼatining turli yoʻnalishlarida tajriba almashish, qoʻshma ijodiy loyihalarni amalga oshirishda xalqaro sheriklik munosabatlarini shakllantirish.
3. Festival 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta 25 — 30-aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida oʻtkaziladi.
4. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tomonidan muvofiqlashtiriladi.
5. Festival Madaniyat vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi (keyingi oʻrinlarda — tashkilotchilar) tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
2-bob. Festivalni oʻtkazish tartibi va shartlari
6. Festival doirasida quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:
xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya;
“Lazgi” xalqaro raqs festivali tanlovi (keyingi oʻrinlarda — tanlov);
xorijlik mutaxassislar ishtirokida davra suhbati, ijodiy uchrashuv va mahorat darslari;
konsert tomoshalari va “Xorazm lazgi raqsi” sanʼatiga oid koʻrgazmalar.
7. Festivalda Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlarning professional raqs jamoalari va yakka ijrochilar ishtirok etadi.
8. Festivalda ishtirok etuvchi ijrochilar quyidagilarga boʻlinadi:
yakka ijrochilar — raqs sanʼati sohasida yuqori malaka va tajribaga ega boʻlgan raqqos va raqqosalar;
raqs sanʼati jamoalari — raqs sanʼati sohasida yuqori malaka va tajribaga ega boʻlgan raqqos va raqqosalardan iborat jamoalar.
9. Ishtirokchilar ikki toifaga boʻlinadi:
mahalliy ishtirokchilar — Oʻzbekiston Respublikasi hududida ijod qilayotgan raqs sanʼatining yorqin namoyandalari va ijodiy guruhlar;
xalqaro ishtirokchilar — xorijiy mamlakatlar raqs sanʼatining yorqin namoyandalari va ijodiy guruhlar.
10. Festivalga Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan xalqaro hayʼat aʼzolari va ishtirokchi sifatida har bir mamlakatdan 12 nafargacha aʼzosi boʻlgan ijodiy delegatsiya taklif etiladi va ularning yurtimizda yashashi, ovqatlanishi va yoʻl (avia, temir yoʻl va avtotransport) xarajatlari kabi xarajatlar tashkilotchilar tomonidan qoplanadi.
11. Festivalda ishtirok etish istagini bildirgan ishtirokchilar Festival oʻtadigan yilning 10-yanvariga qadar Festivalning maxsus elektron manzili orqali onlayn ariza beradilar va ijro dasturlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadilar.
Bunda Festivalda ishtirok etuvchilar uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
ishtirokchilarning chiqishlari 15 daqiqadan oshmasligi;
har bir mamlakatdan ishtirok etadigan ijodiy delegatsiya aʼzolari 12 nafardan oshmasligi lozim.
Festivalda oʻz hisobidan ishtirok etish istagini bildirgan (ijodiy delegatsiyaning 12 nafargacha aʼzolaridan tashqari) xorijiy mamlakatlardan raqs sanʼati ijodkorlari, musiqashunos olimlar, sanʼatkorlar, ijodiy jamoalar, mutaxassislar va faxriy mehmonlar tashkilotchilar taklifi asosida qatnashishi mumkin.
12. Oʻzbek, rus va ingliz tillari Festivalning ishchi tillari etib belgilanadi.
3-bob. Festival doirasidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish tartibi
13. Ilmiy-amaliy konferensiyada raqs sanʼati boʻyicha ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi ilmiy izlanuvchilar ishtirok etishi mumkin.
14. Ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish istagini bildirganlar Festival oʻtkaziladigan yilning 10-yanvariga qadar 300 soʻzdan kam boʻlmagan, 4-5 betdan oshmagan maqolalar va tezislarni Festivalning maxsus elektron manzili orqali elektron tarzda taqdim etadilar.
15. Ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilarning roʻyxati Tashkiliy qoʻmita tomonidan shakllantirilib, Festival oʻtkaziladigan yilning 1-fevraliga qadar qatnashchilarga maʼlum qilinadi.
16. Ilmiy-amaliy konferensiyaning har bir ishtirokchisi sertifikat bilan taqdirlanadi.
17. Ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchisiga sertifikat berish Festivalning yopilish marosimi vaqtida amalga oshiriladi.
4-bob. Xalqaro hayʼat faoliyatini tashkil etish
18. Tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun Tashkiliy qoʻmita tomonidan 7 kishidan iborat xalqaro hayʼat tuziladi.
19. Xalqaro hayʼat aʼzolari — xalqaro miqyosdagi taniqli raqs sanʼati ustalari, sanʼatkorlar, sanʼatshunos va musiqashunos olimlar, kompozitor va bastakorlar, sohaning yetuk mutaxassislaridan iborat boʻladi.
20. Xalqaro hayʼat aʼzolari oʻz orasidan hayʼat raisini saylaydi.
21. Xalqaro hayʼat aʼzolari quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
Xalqaro hayʼat raisiga — 2000 (ikki ming) AQSH dollari;
Xalqaro hayʼat aʼzolarining har biriga — 1000 (bir ming) AQSH dollari miqdorida gonorar puli Tashkiliy qoʻmita tomonidan toʻlab beriladi.
22. Baholash jarayonida:
raqs namunalarining asl milliy xususiyatlari;
badiiy va estetik maʼno-mazmuni;
ijrochilarning ijro mahorati, kiyinish va sahna madaniyati asosiy mezon hisoblanadi.
23. Xalqaro hayʼat tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari 3 ta nominatsiya (“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi”, “Eng yaxshi raqs jamoasi” va “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs”) boʻyicha baholanadi.
5-bob. Mukofotlash tartibi
24. Anjuman doirasida oʻtkaziladigan tanlov gʻoliblari Tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
“Gran-Pri” — 7 000 AQSH dollari;
1-oʻrin — quyidagi nominatsiyalar boʻyicha:
“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi” — 5 000 AQSH dollari;
“Eng yaxshi raqs jamoasi” — 5 000 AQSH dollari;
“Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” — 5 000 AQSH dollari.
2-oʻrin — quyidagi nominatsiyalar boʻyicha:
“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi” — 3 000 AQSH dollari;
“Eng yaxshi raqs jamoasi” — 3 000 AQSH dollari;
“Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” — 3 000 AQSH dollari.
3-oʻrin — quyidagi nominatsiyalar boʻyicha:
“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi” — 2 000 AQSH dollari;
“Eng yaxshi raqs jamoasi” — 2 000 AQSH dollari;
“Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” — 2 000 AQSH dollari.
25. Festival doirasida faol ijrochilarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan “Eng yaxshi raqs”, “Eng yaxshi xoreograf”, “Eng yaxshi yosh raqqosa (raqqos)” kabi nominatsiyalar boʻyicha ishtirokchilar ragʻbatlantiruvchi sovgʻa va mukofotlar bilan taqdirlanadi.
26. Tashkilotchilar, ijodiy uyushmalar va homiy tashkilotlar xalqaro hayʼat aʼzolari va muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan ijrochilar, xoreograflar, olimlar va sanʼatshunoslarni taqdirlash uchun maxsus mukofotlar taʼsis etishlari mumkin.
27. Tashkilotchilar tomonidan har bir qoʻshimcha nominatsiya uchun 500 AQSH dollari miqdorida pul mukofotlari ajratilishi mumkin.
28. Festivalning har bir ishtirokchisiga “Lazgi” xalqaro raqs festivali ishtirokchisi” sertifikati taqdim etiladi.
6-bob. Tashkilotchilarning huquqlari
29. Tashkilotchilar:
Festival qatnashchilarining ijrolarini efirga uzatish hamda boshqa tashkilotlarga translyatsiya qilish uchun ruxsat berish;
Festivalni oʻtkazish davomida va uning yakuni boʻyicha tayyorlangan barcha turdagi audio, video, bosma va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va tarqatish;
Festivalda ishtirok etishni istagan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Tashkiliy qoʻmitaga yuboriladigan materiallardan reklama maqsadida foydalanish;
Festivalga jahondagi yetakchi prodyuser va menejerlarni taklif etish huquqiga egadir.
7-bob. Festivalni moliyalashtirish tartibi
30. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar tashkilotchilar tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:
70 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobiga;
30 foizi — Xorazm viloyatining mahalliy budjeti, homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Festivalning har bir qatnashchisi oʻz tibbiy sugʻurtasiga ega boʻlishi lozim.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti Festivalni tashkil etish va oʻtkazish uchun ajratilgan budjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi va toʻgʻri toʻlanishini nazorat qiladi.