PQ-4899-son Qaror · 25.11.2020

Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4899
  • Qabul qilingan sana:25.11.2020
  • Kuchga kirgan sana:26.11.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/20/4899/1558

Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, ushbu sohalarda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini taʼminlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani ilgʻor biotexnologiyalar asosida rivojlantirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2020 — 2024-yillarda biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Biotexnologiyalar sohasida 2020 — 2024-yillarda bajariladigan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I.U. Madjidov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda 2021 — 2024-yillarda biotexnologiyalar sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlarini Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi tomonidan tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Vazirlar Mahkamasi huzurida Biologik xavfsizlik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini tashkil qilish;

xavfli biologik omillar taʼsiridan aholini himoya qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xavf-xatarlarning oldini olish, biologik xavflarni monitoring qilish tizimini yaratish va rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar va takliflarni tayyorlash, ekspert baholash hamda koʻrib chiqish;

mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat biologik xavfsizligini taʼminlash boʻyicha maqsadli vazifalarni bajarishdagi oʻzaro hamkorligini taʼminlash;

Bakteriologik (biologik) va toksik qurol-yarogʻlarni ishlab chiqish, tayyorlash va toʻplashni man etish hamda ularni tugatish toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarining amalga oshirilishini taʼminlash;

muhim davlat ahamiyatiga ega boʻlgan hamda mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrish davomida yuzaga keladigan dolzarb masalalar hamda muammolarni, shu jumladan omma oʻrtasida muhokama qilish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Kengash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi maslahat organi hisoblanadi va mamlakatning biologik xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishda davlat organlari, ilmiy, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash maqsadida tashkil etiladi;

Kengash oʻz faoliyatini majlislar shaklida yuritadi. Kengash majlislari zaruratga koʻra, lekin har yarim yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.

5. Quyidagilar:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biologik xavfsizlik kengashining tarkibi 3-ilovaga muvofiq;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biologik xavfsizlik kengashi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining (keyingi oʻrinlarda — Institut) respublikada farmatsevtika biotexnologiyalari va vaksina-zardob ishini rivojlantirish, mahalliy immunobiologik preparatlarni yaratishga yoʻnaltirilgan faoliyati qoʻllab-quvvatlansin va uning ushbu yoʻnalishdagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

immunobiologik preparatlar (vaksinalar, zardoblar, test-diagnostikumlar va boshqalar) boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ularni amaliyotga joriy etish;

mamlakatning biologik xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ilmiy-texnik va uslubiy jihatdan taʼminlash;

vaksina-zardob ishi boʻyicha infeksiya kasalliklariga qarshi profilaktika, diagnostika, dori vositalari va preparatlarini yaratish, ularning ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida biotexnologiya, immunologiya va mikrobiologiya sohasidagi ilmiy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish.

7. Quyidagilar:

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini takomillashtirish dasturi 5-ilovaga muvofiq;

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Institut faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

a) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev):

ikki oy muddatda Institutning ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi va 2025-yilgacha maqsadli koʻrsatkichlarni Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi tomonidan tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Sh.U. Turdiqulova), Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev) bilan birgalikda Institutni 2021-yil 1-aprelga qadar yuqori malakali ilmiy xodim va mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;

Institut faoliyatini yoʻlga qoʻyish samaradorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvarda Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin;

b) Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) (S.X. Kariyev) Institutni zamonaviy laboratoriya uskunalari va jihozlari, orgtexnika, kompyuter hamda boshqa moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

v) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (S.X. Bekenov), Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev), Agentlik (S.X. Kariyev), Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev) hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi (Sh.U. Turdiqulova) ikki oy muddatda Institutni bino va inshootlar bilan taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

g) Vazirlar Mahkamasi (B.A. Musayev, O.M. Umarov) Institut faoliyatining samarali yoʻlga qoʻyilishini muvofiqlashtirsin.

9. Belgilansinki:

2021-yil 1-yanvardan boshlab Institut xodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarini saqlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi;

Agentlik ishlab chiqarish zaruriyatidan kelib chiqib, Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga yoki autsorsing hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qoʻllash orqali Institutning tajriba-ishlab chiqarish boʻlinmalarini (shtat birliklarini) toʻldirish huquqiga ega.

10. Agentlik, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida:

“Vaksinalar ishlab chiqarish maydonchasini ishga tushirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish;

Institut huzurida xavfsizlik darajasi boʻyicha “BSL-3” xalqaro standartiga mos keluvchi tajriba-sinov laboratoriyasini (keyingi oʻrinlarda — “BSL-3” laboratoriyasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Agentlik loyiha samarali amalga oshirilishi hamda “BSL-3” laboratoriyasi tashkil etilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organ hisoblanadi;

loyihani amalga oshirish va “BSL-3” laboratoriyasini tashkil etishni umumiy muvofiqlashtirish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlik (S.X. Kariyev) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihani amalga oshirish va “BSL-3” laboratoriyasini tashkil etish konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslari yetakchi loyiha institutlari va injiniring kompaniyalarini jalb qilgan holda ishlab chiqilishini, shuningdek, ularni moliyalashtirish manbalarining aniqlashtirilishini taʼminlasin.

11. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra ajratiladigan mablagʻlar;

Institut faoliyatiga mos yoʻnalishlar boʻyicha xoʻjalik shartnomalarini bajarish asosida olingan mablagʻlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

12. Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining:

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida (keyingi oʻrinlarda — Ilgʻor texnologiyalar markazi) Kopengagen universiteti (Daniya) bilan hamkorlikda zamonaviy fudomiks laboratoriyasini, “hujayra texnologiyalari” ilmiy laboratoriyasini hamda biotexnologiya, biologiya, biotibbiyot, kimyo sohalarida yaratiladigan katta hajmli maʼlumotlarni tahlil qilish boʻyicha “Big Data” milliy laboratoriyasini;

Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya institutida “fitovirusologiya” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Ushbu biotexnologik laboratoriyalarni tashkil etishni moliyalashtirish manbalari etib Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga ajratilgan mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor-mamlakatlarning kredit va grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) 2021-yil yakuniga qadar ushbu biotexnologik laboratoriyalarning ishga tushirilishini taʼminlasin.

13. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) 2021-2022-yillarda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga ajratilgan mablagʻlar hisobidan quyidagilarni moliyalashtirish uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 20 milliard soʻmgacha mablagʻlar ajratsin:

biotexnologiyalar sohasida “startap” loyihalarini amalga oshirish;

50 foizgacha birgalikda moliyalashtirish sharti bilan tajriba-sanoat biotexnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish va rivojlantirish;

biotexnologiyalarni rivojlantirish uchun ilmiy va laboratoriya uskunalarini xarid qilish;

sohaga zamonaviy texnologiya, innovatsion gʻoya va ishlanmalarni joriy qilish;

yosh mutaxassislarni xorijda ilmiy stajirovkadan oʻtkazish, xorijiy mutaxassis va maslahatchilarni jalb qilish.

14. 2020-yil 1-dekabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

(14-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

b) biotexnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasiga 3 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritgan xorijiy ilmiy tashkilotlarga Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun 10 milliard soʻmgacha maqsadli grantlar taqdim etiladi.

Bunda:

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari uchun maqsadli grantlar kiritilgan investitsiya mablagʻlari toʻliq oʻzlashtirilganidan soʻng taqdim etiladi;

Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga ilmiy faoliyat subyektlari tomonidan olingan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquq davlatning ilmiy va oliy taʼlim, shuningdek, boshqa davlat muassasalari nomidan, agar intellektual mulk obyektlari mualliflari bilan tuzilgan shartnomalarda boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, davlatga tegishli boʻladi.

15. Shunday amaliyot joriy etilsinki, unga koʻra:

Ilgʻor texnologiyalar markazi har yili 1-dekabrga qadar Tarif va notarif tartibga solish kengashiga biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, reaktivlar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminotlar uchun undiriladigan bojxona bojlarini kamaytirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar kiritib boradi;

Tarif va notarif tartibga solish kengashi (S.U. Umurzakov) taqdim etilgan takliflarga asosan bojxona bojlarini kamaytirish masalalarini koʻrib chiqib, belgilangan tartibda tegishli qaror qabul qiladi.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Biologik xilma-xillik haqidagi Konvensiyaning bioxavfsizlik boʻyicha Kartaxen protokoliga (Monreal, 2000-yil 29-yanvar) qoʻshilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Kartaxen protokoli qoidalarini amalga oshirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi (Sh.U. Turdiqulova) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlar, pestitsidlar, oziq-ovqat qoʻshimchalari va boʻyoqlar mavjud boʻlgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalashni bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududlarda joylashgan laboratoriyalarini akkreditatsiyadan oʻtkazish;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi ilmiy tashkilotlar, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” DUKda oʻz mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, oʻsimlikshunoslik uchun xom ashyo, omuxta va ekish materiallari tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlarning mavjudligini aniqlash uchun laboratoriyalarni (real ehtiyojlardan kelib chiqqan holda) tashkil etish.

17. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiya va boshqa tegishli xalqaro standartlarga muvofiq ruxsat berilgan pestitsidlar, zaharli kimyoviy moddalar roʻyxatini va mineral oʻgʻitlardan foydalanish normalarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;

biotexnologik mahsulotlar isteʼmoli hajmini oshirish, qishloq xoʻjaligida kimyoviy oʻgʻitlar, pestitsidlar va boshqa zaharli kimyoviy moddalardan foydalanishdan biopreparatlarga bosqichma-bosqich oʻtish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-martdan boshlab pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa zaharli kimyoviy moddalarni ishlab chiqaradigan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiradigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar ushbu moddalarning standart namunalari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatiga kiritilishini va ushbu standart namunalari bilan birga sotilishini taʼminlaydi.

18. Kengash (A.N. Aripov) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasining ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin:

biologik xavflarni monitoring qilish boʻyicha mustaqil tizimni yaratish;

biologik xavfsizlikni taʼminlashning milliy tizimi doirasida avtomatlashtirilgan axborot-tahliliy va prognoz-modellashtirish kompleksini yaratish;

obyektlar, hududlar va tabiiy hodisalarning biologik xavf-xatar darajasini aniqlash va toifalash boʻyicha yagona mezonlar va uslubiy bazani ishlab chiqish.

19. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev) masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar ushbu qaror qoidalarini inobatga olib, quyidagi huquqiy mexanizmlarni nazarda tutgan holda “Oʻzbekiston Respublikasi biologik xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilishini yakuniga yetkazsin:

gen-muhandislik faoliyati xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan genetik modifikatsiyalangan organizmlar xavfini baholashning milliy tizimini yaratish va uning faoliyat yuritishi;

vujudga kelgan biologik xavf-xatarlar bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga qaratilgan maqsadli ishlanmalarni tezkor moliyalashtirish.

20. Kengash (A.N. Aripov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov bilan birgalikda bir hafta muddatda ushbu qarorda belgilangan vazifalar va tadbirlarning samarali ijrosini taʼminlash yuzasidan 2021-yil uchun chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va ijrosini tashkil etsin, kelgusida har yilning 1-dekabriga qadar keyingi yil uchun xuddi shunday chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, amalga oshirilishini taʼminlasin.

21. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.K. Kuchimov) va Milliy teleradiokompaniyasi (A.D. Xadjayev) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida ushbu qaror mohiyati va ahamiyati boʻyicha chiqishlar va tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

22. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.K. Yusupaliyev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

23. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov va sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 25-noyabr,

PQ-4899-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4899-son qaroriga 1-ILOVA

2020 — 2024-yillarda biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4899-son qaroriga 2-ILOVA

Biotexnologiyalar sohasida 2020 — 2024-yillarda bajariladigan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4899-son qaroriga 3-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biologik xavfsizlik kengashining

Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4899-son qaroriga 4-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biologik xavfsizlik kengashi toʻgʻrisida

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biologik xavfsizlik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) faoliyatini tashkil etish tartibi, vazifalari va huquqlarini belgilaydi.

2. Kengash mamlakatning biologik xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishda davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlari, ilmiy, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash maqsadida maslahat organi sifatida tashkil etiladi.

3. Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

4. Kengash oʻz faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

5. Kengashning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari ijrosi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar uchun bajarilishi majburiydir.

2-bob. Kengashning asosiy vazifalari, huquqlari va javobgarligi

6. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini tashkil qilish;

xavfli biologik omillar taʼsiridan aholini himoya qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xavf-xatarlarning oldini olish, biologik xavflarni monitoring qilish tizimini yaratish va rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar va takliflarni tayyorlash, ekspert baholash hamda koʻrib chiqish;

mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash boʻyicha maqsadli vazifalarni bajarishdagi oʻzaro hamkorligini taʼminlash;

Bakteriologik (biologik) va toksik qurol-yarogʻlarni ishlab chiqish, tayyorlash va toʻplashni man etish hamda ularni tugatish toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarining amalga oshirilishini taʼminlash;

muhim davlat ahamiyatiga ega boʻlgan hamda mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrish davomida yuzaga keladigan dolzarb masalalar hamda muammolarni, shu jumladan omma oʻrtasida muhokama qilish.

7. Kengashga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda koʻrib chiqiladigan masalalar doirasiga quyidagilar kiradi:

a) karantin, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish, shu jumladan:

aholi oʻrtasida oʻlim holatlarining asosiy sabablari hisoblangan yuqumli kasalliklar, shuningdek, hayvonlar va oʻsimliklarning qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitga zarar keltiruvchi infeksiyalari tarqalish darajasini pasaytirish;

yangi, qaytalanadigan yuqumli kasalliklarning vujudga kelishi va tarqalishi, shuningdek, kam uchraydigan va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududida oldin uchramagan yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish;

tibbiy yordam koʻrsatish va veterinariya faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq yuqumli kasalliklarning oldini olish;

mikroorganizmlar shtammlarining dori vositalari, kimyo va (yoki) biologik vositalarga turgʻunligini (rezistentligini) bartaraf etish;

inson va qishloq xoʻjaligi hayvonlarining tabiiy mikrobiotasi, shuningdek, hayvonlar va oʻsimliklarning kam uchraydigan va yoʻqolib borayotgan turlarini saqlab qolish va tiklash;

inson va hayvonlar organizmlarining immun tanqisligi holatlari, shuningdek, ular bilan bogʻliq yuqumli kasalliklarning tarqalish darajasini pasaytirish;

inson va hayvonlar uchun umumiy boʻlgan kasalliklarning profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan amaldagi hayvonot qabristonlarini qayta barpo etish va yangilarini qurish;

b) atrof-muhitni salbiy biologik taʼsirdan muhofaza qilish;

v) patogen mikroorganizmlar va viruslar kolleksiyalarini shakllantirish, saqlash va rivojlantirish;

g) patogen biologik agentlarni (patogenlarni), shu jumladan yuzaga kelishi xavfi yuqori boʻlgan biologik obyektlarda qoʻllash bilan amalga oshiriladigan avariyalar va (yoki) diversiyalarning oldini olish;

d) xavfli texnogen faoliyatni, shu jumladan genetik materiallar va sintetika biologiyasi texnologiyalaridan nazoratsiz foydalanish, shuningdek, xavfli biologik moddalardan foydalanish bilan bogʻliq terrorchilik aktlarini tayyorlash va sodir etishni ogohlantirish va ularning oldini olish;

e) biologik xavflarni monitoring qilish tizimini yaratish va rivojlantirish, shu jumladan biologik xavflarni monitoring qilish boʻyicha mustaqil tizimning faoliyatini tashkil etish;

j) biologik xavflarni monitoring qilish natijasida aniqlangan boshqa biologik xavf-xatarlarni zararsizlantirish;

z) qonunchilikning oʻzaro bogʻliq sohalarida nazarda tutilgan, shu jumladan quyidagilarga qaratilgan chora-tadbirlar:

fuqarolarning sogʻligʻini saqlash, aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash, ushbu sohalardagi qonun hujjatlariga muvofiq biotibbiyot hujayra mahsulotlarini muomalaga kiritish;

hayvonlarni kasalliklardan himoya qilish, veterinar-sanitar jihatdan xavfsiz chorvachilik mahsulotlarining ishlab chiqarilishini taʼminlash;

qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarga muvofiq oʻsimliklarni karantin va himoya qilish;

texnik reglamentlarga muvofiq mahsulotlarning xavfsizligini taʼminlash;

atrof-muhitni salbiy taʼsirlardan muhofaza qilish, ushbu sohadagi qonun hujjatlariga muvofiq biologik xilma-xillikni saqlash;

gen-muhandislik faoliyatini amalga oshirish, genetik modifikatsiyalangan organizmlar, shuningdek, biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishga salbiy taʼsir koʻrsatishga qodir sintetik biologik agentlarni chegaradan olib oʻtish, tranzit qilish, ishlov berish va ulardan foydalanish;

i) Bakteriologik (biologik) va toksik qurol-yarogʻlarni ishlab chiqarish, tayyorlash va toʻplashni man etish hamda ularni tugatish toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar.

8. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;

davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlaridan Kengashning vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha zarur materiallar va hujjatlarni belgilangan tartibda soʻrab olish;

oʻz majlislariga davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, ilmiy muassasalar, oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakillarini taklif qilish;

mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritish;

axborot-tahliliy va ekspert ishlarini oʻtkazish uchun ilmiy, oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarni, shuningdek, ilmiy va ilmiy-texnikaviy siyosat masalalari boʻyicha takliflarni oʻrganish va ishlab chiqish uchun olimlar va mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb qilish;

Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning izchil bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

9. Kengash oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.

3-bob. Kengash tarkibi

10. Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.

11. Kengash rais, uning oʻrinbosarlari, kotib va Kengash aʼzolaridan iborat boʻladi. Kengash aʼzolari uning ishida jamoatchilik asosida qatnashadi.

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Kengashning raisi hisoblanadi.

4-bob. Kengash ishini tashkil etish

12. Kengash majlislarini tayyorlash va oʻtkazish Kengash kotibi tomonidan amalga oshiriladi.

13. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq oʻz aʼzolari, shuningdek, jalb qilingan davlat boshqaruvi organlari vakillari, mutaxassislar va ekspertlar tarkibidan iborat ishchi guruhlar va boshqa ishchi organlar tuzishi mumkin.

14. Kengash majlislari zaruratga koʻra, lekin har yarim yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.

15. Kengash majlisini rais, u boʻlmagan taqdirda, Kengash raisining oʻrinbosari olib boradi.

16. Kengash aʼzolari majlislarda shaxsan ishtirok etadi. Kengash aʼzosining majlisda ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, u koʻrib chiqiladigan masalalar yuzasidan yozma shakldagi fikrini oldindan taqdim etish huquqiga ega.

17. Kengash majlisi Kengash aʼzolarining kamida yarmi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.

18. Kengashning navbatdagi majlisi kun tartibi va materiallari Kengash aʼzolariga yigʻilishdan kamida uch kalendar kun oldin boʻlajak majlis toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan birga yuboriladi.

19. Kengashning qarorlari koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha kelib tushgan yozma shakldagi fikrlarni hisobga olgan holda majlisda qatnashgan Kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda raisning ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.

20. Kengash qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi. Bayonnomani imzolash paytida Kengash aʼzolari oʻzlarining alohida fikrini bildirishga haqlidirlar.

Kengash bayonnomasining asl nusxasi va uning materiallari Vazirlar Mahkamasida saqlanadi.

5-bob. Yakunlovchi qoida

21. Kengashni qayta tashkil etish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4899-son qaroriga 5-ILOVA

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini takomillashtirish

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi PQ-411-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 07/22/411/0961-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4899-son qaroriga 6-ILOVA

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan saqlanadigan umumiy shtatlar soni — 41 ta birlik, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 7 nafar, ilmiy xodimlar — 34 nafar.

Bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga ilmiy xodimlar shartnoma asosida jalb etiladi.

* Ushbu shtat birliklari soni Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan belgilanadi hamda Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga yoki autsorsing hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qoʻllash orqali moliyalashtiriladi.

** Ishlab chiqarishga moʻljallangan mikroorganizmlar milliy kolleksiyasida faqat ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladigan mikroorganizmlar saqlanadi.

Ilmiy yordamchi va yordamchi xodimlar soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.