Respublika hududlarida dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlashga doir ilmiy tadqiqotlarning yagona bazasini yaratish, xorijiy davlatlarning ilgʻor ilmiy ishlanmalarini oʻrganib borish, yetakchi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik oʻrnatish hamda zamonaviy texnologiyalar, ilmiy ishlanmalarni respublikaga joriy etish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasining “Shifobaxsh” dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish;
respublika hududidagi yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar areallarini oʻrganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish;
urugʻlik materiallarini yetishtirish va tayyorlash, koʻpaytirish, kolleksion koʻchatxonalar tashkil etish hamda ularning xom ashyolarini qayta ishlash bilan bogʻliq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish;
dorivor oʻsimliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib, madaniy holda yetishtiriladigan dorivor oʻsimliklarning agrotexnologik xaritalarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi buyurtmasiga koʻra ishlab chiqish;
dorivor oʻsimliklar kimyoviy tarkibini oʻrganish, mahsulotini standartlash va sertifikatlash;
dorivor oʻsimliklarga boʻlgan ichki va tashqi bozorlar talabini oʻrganish boʻyicha marketing tadqiqotlarini oʻtkazish;
dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermer xoʻjaliklari, tashkilotlar va boshqa subyektlar rahbarlari va mutaxassislarining malakasini oshirib borishga yoʻnaltirilgan dasturlarni tayyorlash va oʻqitish tizimini tashkil etish.
3. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Markazning oʻrmon fondi yerlarida namunaviy plantatsiyalar, laboratoriyalar barpo etish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish maqsadida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:
dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari faoliyati bank kreditlari, tashabbuskorlar mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
dorivor oʻsimliklarni klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish boʻyicha xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan aniq loyihalar Markaz tomonidan tijorat banklariga taqdim etiladi.
4. Belgilansinki:
Markazga tashqi va ichki bozor talablari hamda marketing natijalaridan kelib chiqib, har yili 1-iyunga qadar dorivor oʻsimliklar ekinlarini joylashtirish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligiga va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga takliflar kiritish huquqi beriladi;
dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berganlik, arizalarni koʻrib chiqqanlik uchun undirilib, mahalliy budjetga yoʻnaltiriladigan toʻlovlarning 20 foizi Markaz tomonidan tabiiy holda oʻsuvchi, shu jumladan, yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik koʻchatzorlarini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun yoʻnaltiriladi;
Markaz amalga oshirilgan chora-tadbirlar, erishilgan yutuqlar, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflarni har chorakda taalluqliligiga qarab Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etib boradi.
5. Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markaziga 1-ilovaga muvofiq roʻyxatdagi muassasalar uslubiy va amaliy yordam berish uchun biriktirilsin.
Bunda, har bir muassasa tabiiy holda oʻsuvchi, shu jumladan, yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik maydonlari va koʻchatzorlarini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar va ishlanmalar ishlab chiqish uchun mutaxassislarni biriktiradi.
6. Markaz Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) bilan birgalikda:
ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan dorivor oʻsimliklarga doir ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirsin, shuningdek, ularning tizimli ravishda yangilab borilishini taʼminlasin;
tibbiyotda va xalq tabobatida faol qoʻllaniladigan dorivor oʻsimliklar kolleksiyasi uchastkasi va genbankini tashkil etsin;
Markaz huzurida dorivor oʻsimliklar xom ashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etsin. Bunda Qishloq xoʻjaligi vazirligi Markazning aniq hisob-kitoblariga asosan Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan kredit mablagʻlaridan mazkur laboratoriyani tashkil etishga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin.
7. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev):
dorivor oʻsimliklar sohasi boʻyicha rivojlangan davlatlarga mutaxassislarni oʻqitish uchun xorijiy stajirovkalar tashkil etish;
dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ulardan dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga oid ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish uchun xalqaro moliya institutlarining grantlarini jalb etish;
Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev) bilan birgalikda dorivor va ziravor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash masalalariga bagʻishlangan xalqaro va respublika boʻyicha konferensiya hamda simpoziumlarning doimiy ravishda oʻtkazib borilishini taʼminlasin;
“Oʻzstandart” agentligi (D.N. Sattarov) bilan birgalikda Markaz huzurida dorivor oʻsimliklar xom ashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etish, uni belgilangan tartibda jahon standartlariga javob beradigan akkreditatsiyadan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yilda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqib, tasdiqlanishini taʼminlasin.
8. Quyidagilarning:
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligining Nukus, Xoʻjayli, Qorakoʻl, Baxmal, Zomin, Kitob, Uzun, Boysun, Burchmulla, Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklarini dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga, Quyi Chirchiq ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligini dorivor oʻsimliklar urugʻ va koʻchatlarini tayyorlashga ixtisoslashtirish;
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Jizzax, Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklarining tegishincha Gʻallaorol, Kogon hamda Urgut ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzuridagi “Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy ishlab chiqarish markazi” davlat muassasasi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
Markazning budjetdan moliyalashtiriladigan 28 nafar boshqaruv xodimlarining shtat birliklari Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi mavjud shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi. Bunda Moliya vazirligi 2021-yildan boshlab Markaz taʼminoti xarajatlarini moliyalashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutsin;
Markaz Davlat budjeti, Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, xizmat koʻrsatish va oʻzi yetishtirgan dorivor oʻsimliklarni sotishdan tushadigan va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Markazda respublikada ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga qoʻshimcha haq toʻlash tizimi joriy etiladi. Bunda qoʻshimcha haq belgilanishi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda xoʻjalik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
10. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I.Oʻ. Madjidov) Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
respublika oliy taʼlim muassasalari biologiya yoʻnalishlarining 3 va 4-kurslari tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan oʻqitish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, barcha qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda mutaxassisliklar klassifikatsiyasini inobatga olgan holda “Dorivor oʻsimliklar yetishtirish agrotexnologiyasi” yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin.
11. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov) ikki oy muddatda:
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzuridagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazining ilmiy salohiyatini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. Markaz Toshkent viloyati Toshkent tumani Darxon qoʻrgʻoni Chimkent yoʻli koʻchasi 2-uyda joylashgan Ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kollejining foydalanilmasdan turgan binosiga joylashtirilsin.
13. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Ganiyev belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyun va 2021-yil 15-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 26-noyabr,
PQ-4901-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-noyabrdagi PQ-4901-son qaroriga 1-ILOVA
Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markaziga uslubiy va amaliy yordam berish uchun biriktirilayotgan muassasalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-noyabrdagi PQ-4901-son qaroriga 2-ILOVA
“Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy ishlab chiqarish markazi” davlat muassasasi
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 28 nafar.
Texnik va yordamchi xodimlar soni amaldagi meʼyoriy hujjatlar asosida shakllantiriladi.