PQ-4925-son Qaror · 15.12.2020

Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4925
  • Qabul qilingan sana:15.12.2020
  • Kuchga kirgan sana:16.12.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4925/1626

Toshkent shahrida iqtisodiyot tarmoqlarining yuqori surʼatlarda rivojlanishini taʼminlash, maishiy va qurilish chiqindilarini toʻplash, saralash, olib chiqish va qayta ishlashning zamonaviy usullari hamda texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda boshqaruvning zamonaviy tizimini yoʻlga qoʻyish orqali sohaga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish hamda xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida:

1. Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat ekologiya qoʻmitasi), Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

Davlat ekologiya qoʻmitasi tizimidagi “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi va “Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish” davlat korxonasini Toshkent shahar hokimligi tizimiga oʻtkazish;

“Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish” davlat korxonasini “Maxsustrans” davlat unitar korxonasiga qoʻshib yuborish;

“Maxsustrans” davlat unitar korxonasi ishtirokida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Belgilansinki, “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi ishtirokida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishda:

davlat-xususiy sheriklik loyihasi davlat organi va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor yoxud yuridik shaxs tomonidan tashabbus qilinadi;

Toshkent shahar hokimligi davlat sherigi hisoblanadi;

xususiy sherik Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq aniqlanadi;

“Maxsustrans” davlat unitar korxonasi tomonidan sanitar tozalash xizmatlari koʻrsatilayotgan hudud, uning uchun ajratilgan chiqindi poligonlari va unga tegishli boʻlgan mol-mulk, shu jumladan maxsus avtotransport vositalari va texnikalar davlat-xususiy sheriklik obyekti hisoblanadi;

“Maxsustrans” davlat unitar korxonasi hisobidagi maxsus avtotransport vositalari va texnikalari xususiy sherikka oʻn yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotiladi hamda toʻlovlar toʻliq toʻlab boʻlinganidan soʻng ularni tasarruf etish huquqi xususiy sherikka oʻtkaziladi;

“Maxsustrans” davlat unitar korxonasiga tegishli boʻlgan bino va inshootlar hamda yer maydonlari, shu jumladan chiqindi poligonlari xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim muddatiga ijaraga beriladi.

(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)

3. Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev):

a) Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi ishtirokida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;

b) davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim shartlarida quyidagilarni nazarda tutsin:

xususiy sherik tomonidan Toshkent shahrida hosil boʻladigan qattiq maishiy chiqindilarni zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etgan holda utilizatsiya qilish va qayta ishlash korxonasini tashkil qilish;

“Maxsustrans” davlat unitar korxonasi ishtirokida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish doirasida hosil boʻladigan qattiq maishiy chiqindilar utilizatsiya qilingandan soʻng qolgan qismni koʻmish amaliyotini bosqichma-bosqich joriy etish;

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” loyihasi doirasida davlat kafilligi ostida jalb qilingan kreditlarni davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish jarayonida qaytarish tartibini belgilash.

4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020 — 2022-yillarda Toshkent shahrida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida erishilishi taʼminlanadigan maqsadli koʻrsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish;

qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, saralash va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil etish sohasida xususiy sektor ulushini 100 foizga yetkazish;

aholiga qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha mavjud debitor qarzdorlikni 75 foizga kamaytirish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi “2019 — 2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4291-son qaroriga muvofiq 2022-yildan boshlab respublika shaharlarining koʻp kvartirali turar joy sektorida besh turdagi markalangan konteynerlarni oʻrnatishga asoslangan, qattiq maishiy chiqindilarni saralab yigʻish tizimini joriy etish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2021-yil 1-martdan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni saralab yigʻish tizimi (keyingi oʻrinlarda — chiqindilarni saralab yigʻish tizimi) quyidagi tartibda bosqichma-bosqich joriy etilsin:

1-bosqichda (2021-yilda) — Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilanadigan mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida chiqindilarni “qayta ishlanadigan” va “qayta ishlanmaydigan” toifalarga ajratgan holda yigʻish;

2-bosqichda (2022-yilda) — “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi tomonidan xizmat koʻrsatiladigan barcha hududlardagi yakka tartibdagi turar-joy sektorida qattiq maishiy chiqindilarni “qayta ishlanadigan” va “qayta ishlanmaydigan” toifalarga ajratgan holda yigʻish;

3-bosqichda (2023-yildan boshlab) — barcha tumanlarda chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan”, “organik”, “xavfli maishiy chiqindilar” va boshqa toifalarga ajratgan holda yigʻish.

6. 2021 — 2025-yillarda Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni isteʼmolchilardan saralab yigʻish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Belgilansinki, chiqindilarni saralab yigʻish tizimi joriy etilayotgan hududlarda:

1-bosqichda isteʼmolchilar chiqindilarni “qayta ishlanadigan” va “qayta ishlanmaydigan” toifalarga ajratilgan holda toʻplashi uchun rangli chiqindi konteynerlari va (yoki) qayta ishlanadigan paketlar Toshkent shahar hokimligi va “Maxsustrans” DUK tomonidan bepul taʼminlanadi;

chiqindilarni olib chiqib ketish tariflari isteʼmolchilar tomonidan chiqindilar saralab yigʻilganligini inobatga olib pasaytirilgan holda belgilanadi.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)

9. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” loyihasini jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev):

a) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda uch oy muddatda chiqindilarni saralab yigʻish tizimi joriy etilayotgan hududlar uchun pasaytirilgan tariflarni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga kiritsin;

b) 2021-yil 1-aprelga qadar quyidagi masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin:

Energetika vazirligi (A.S. Sultanov), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) va Davlat ekologiya qoʻmitasi (A.I. Maksudov) bilan birgalikda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xarajatlarini isteʼmolchilarning foydalanilgan elektr energiyasi tariflari tarkibiga kiritish mexanizmlarini joriy qilish;

Toshkent viloyati hokimligi (R.Q. Xolmatov) va Davlat ekologiya qoʻmitasi (A.I. Maksudov) bilan birgalikda Toshkent shahridan chiqayotgan qurilish chiqindilari uchun poligon tashkil etishga tegishli yer maydonini ajratish.

11. Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov), Davlat ekologiya qoʻmitasi (A.I. Maksudov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) bilan birgalikda ikki oy muddatda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini quyidagilarni inobatga olgan holda takomillashtirsin:

qurilish ishlari natijasida hosil boʻlgan, saralangan, qayta ishlashga va utilizatsiyaga topshirilgan chiqindilarning toʻliq sikli haqidagi maʼlumotlarni kiritib borish;

obyektlarda hosil boʻladigan qurilish chiqindilarining miqdori va sifat koʻrsatkichlarini (kelib chiqishi, agregat holati, xavflilik darajasi va boshqalar) hamda davlat ekologik ekspertizasi xulosasiga asosan ulardan foydalanish imkoniyatlarini aniqlash;

qurilish ishlari amalga oshiriladigan obyektlarda qurilish chiqindilari toʻplanadigan joylarni (maydonchalarni) belgilash;

obyektlarda hosil boʻladigan qurilish chiqindilarini toʻplash, olib chiqish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va poligonlarga joylashtirishning kuzatuv monitoringini amalga oshirish;

qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan boshqa tadbirlar.

12. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” loyihasini amalga oshirish muddati 2022-yilga qadar uzaytirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev belgilansin.

Qaror boʻyicha ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har yarim yil yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 15-dekabr,

PQ-4925-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-dekabrdagi PQ-4925-son qaroriga 1-ILOVA

2020 — 2022-yillarda Toshkent shahrida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida erishilishi taʼminlanadigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-dekabrdagi PQ-4925-son qaroriga 2-ILOVA

2021 — 2025-yillarda Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni isteʼmolchilardan saralab yigʻish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-dekabrdagi PQ-4925-son qaroriga 3-ILOVA

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” loyihasini jadallashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-dekabrdagi PQ-4925-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 3-oktabrdagi PQ-3956-son qarorida:

a) 5-bandning “b” kichik bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Davlat ekologiya qoʻmitasi tizimiga kiruvchi maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan davlat unitar korxonalarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini muvofiqlashtirish”;

b) 7-bandning birinchi xatboshisidagi:

“va “Maxsustrans” soʻzlari chiqarib tashlansin;

“korxonalarining” soʻzi “korxonasining” soʻzi bilan almashtirilsin;

v) 1-ilovadan “Maxsustrans” DUK va uning Toshkent shahar tumanlardagi filiallari, “Chiqindilarni qayta yuklash va utilizasiya qilish” DK*” bloki chiqarib tashlansin;

g) 6-ilovada:

“Toshkent shahri “Maxsustrans” DUK”, “Tuman filiallari”, “Chiqindilarni qayta yuklash va utilizasiya qilish” DK” bloklari chiqarib tashlansin;

izohdagi “sanitar tozalash nodavlat ixtisoslashtirilgan” soʻzlari “sanitar tozalashga ixtisoslashtirilgan boshqa” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.