PQ-4919-son Qaror · 11.12.2020

Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4919
  • Qabul qilingan sana:11.12.2020
  • Kuchga kirgan sana:12.12.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4919/1616

Soʻnggi ikki yilda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganligi natijasida 2020-yilning oʻzida qoʻshimcha 133 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.

Biroq, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga boʻlgan ehtiyoj oʻsib borayotgani qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda.

Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarining samaradorligini oshirish, sugʻoriladigan maydonlar suv bilan barqaror taʼminlanishiga erishish maqsadida:

1. Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini hamda yerni lazerli uskuna yordamida tekislagan holda diskretli sugʻorish usulini joriy qilish surʼatini besh barobarga oshirish, yaʼni 2021-yilda 230 ming gektar maydonda mazkur texnologiyalarni joriy qilish hamda sugʻoriladigan 200 ming gektar maydonlarni lazerli uskuna yordamida tekislash orqali suvdan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha taklifi maʼqullansin.

2. 2021-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev:

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlarga muvofiq qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari kesimida manzilli dasturlar ishlab chiqib, 2021-yil yakuniga qadar respublika boʻyicha kamida:

160 ming gektar paxta, 30 ming gektar mevali ekinlar, 15 ming gektar uzum va 5 ming gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʻorish;

14 ming gektar donli ekinlar, 2 ming gektar sabzavot va poliz hamda 2 ming gektar ozuqabop ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda yomgʻirlatib sugʻorish;

600 gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda diskretli sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishni taʼminlasin;

200 ming gektar ekin maydonlarida, shundan 43 ming gektar sholi yetishtiriladigan maydonlarda lazerli uskuna yordamida tekislashni tashkil etsin;

b) respublikaning barcha hududlarida suv tejovchi texnologiyalar boʻyicha xususiy yoki davlat-xususiy sheriklik asosida servis va dillerlik markazlarini tashkil etish choralarini koʻrsin;

v) oʻtgan yillarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan maydonlarda foydalanilgan bir yillik tomizgichli shlanglarni utilizatsiya qilish maqsadida kichik korxonalar va sexlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoitlar yaratsin;

g) suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun jalb qilingan xorijiy va mahalliy kredit mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarish maqsadida ularning birinchi navbatda infratuzilma obyektlari (elektr energiyasi) mavjud boʻlgan hududlarda joriy etilishiga eʼtibor qaratsin;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4087-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashuvchi ishchi guruhlarining (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari) suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi roli va masʼuliyatini keskin oshirish choralarini koʻrsin.

3. 2021-yildan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi yangi tartibi belgilansin:

qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 2-ilovaga muvofiq taqdim etiladi;

suvni tejaydigan texnologiyalarni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 3-ilovaga muvofiq subsidiyalar taqdim etiladi;

mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladi.

Mazkur bandda nazarda tutilgan subsidiya mablagʻlari joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalar kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.

Belgilansinki, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlarning bozor qiymati va olib qoʻyish sababli yetkazilgan zararning oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etiladi.

(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda)

4. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov, A.E. Ergashev):

2021-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlariga muvofiq mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;

bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-sentabrdagi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini taʼminlash va xarajatlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 575-sonli qarori asosida respublika budjetidan maqbullashtirilgan xarajatlar yoʻnalishlarida koʻrsatilgan paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarining tomchilatib sugʻorishni joriy etish uchun nazarda tutilgan 98,9 mlrd soʻm miqdordagi mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) tijorat banklari bilan birgalikda ekin yerlarini lazerli uskuna yordamida tekislash boʻyicha koʻrsatiladigan mexanizatsiya xizmatlari uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratiladigan paxta va gʻalla imtiyozli kreditlari hisobidan 250 mlrd soʻm toʻlab berilishini taʼminlasin.

5. 2021-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash uchun talab qilinadigan 1,5 trln soʻm subsidiya mablagʻlarining:

330 mlrd soʻmini — Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) Davlat budjetidan ajratilishini taʼminlasin;

1 170 mlrd soʻmini — Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.Oʻ. Umurzakov, Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan qarz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish choralarini koʻrsin.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.U. Umurzakov, Sh.A. Vafayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablagʻlar doirasida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga (klasterlar, kooperatsiyalar) tijorat banklari orqali 200 mln dollargacha kredit liniyalarini ochsin.

7. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligiga (I.Yu. Abduraxmonov) hududlarning tuproq-iqlim sharoitlari hamda suv bilan taʼminlanganlik holatlarini inobatga olib, suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash samaradorligi boʻyicha dolzarb muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy-innovatsion loyihalarni shakllantirib, tanlov eʼlon qilish uchun takliflar kiritsin.

8. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev, V.M. Axmadjonov):

bir oy muddatda respublikamizda va boshqa davlatlarda ishonchli faoliyat olib borayotgan tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini ishlab chiqaruvchi hamda quruvchi chet el va mahalliy korxonalar roʻyxatini shakllantirsin hamda mazkur tizimlarni joriy qilish istagida boʻlgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga yetkazsin;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Sh.J. Teshayev) bilan birgalikda tegishli mutaxassislarni jalb qilib, 2021-yil 1-fevralga qadar respublikaning tuproq-iqlim, suv bilan taʼminlanganlik va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda asosiy ekin turlari boʻyicha suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishning uslubiy qoʻllanmalarini ishlab chiqsin;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Sh.J. Teshayev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (A.S. Nazarov) hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti (A.B. Oʻrazgeldiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hamda sugʻorish usullarini inobatga oladigan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish meʼyorlari boʻyicha vaqtinchalik normativlarni ishlab chiqib tasdiqlasin.

9. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) Moliya vazirligi (A.E. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (K.A. Yuldashev), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U.M. Mustafoyev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyat hokimliklari bilan birgalikda:

2021-yil 1-aprelga qadar har bir hududda Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi bittadan nasos stansiyasida sarflanayotgan elektr energiyasi va chiqarilayotgan suv hajmini zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilgan holda, inson aralashuvisiz, onlayn tartibda shaffof monitoring yuritish tizimini sinov tariqasida joriy qilsin;

2021-yil 1-dekabrga qadar Suv xoʻjaligi vazirligining mavjud 1 688 ta nasos stansiyasida elektr energiyasining sarfi hamda chiqarilgan suv hajmi hisobini yurituvchi respublika boʻyicha yagona elektron axborot tizimining ishga tushirilishini taʼminlasin.

Bunda, mansublik chegarasidagi elektr energiyasi hisoblagichlarini Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos hisoblagichlarga almashtirilishi va sarflanayotgan elektr energiyasi axborotining taʼminlanishi boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U.M. Mustafoyev, isteʼmolchi balansida boʻlgan elektr energiyasi hisoblagichlari hamda suv hajmi hisobini yurituvchi uskunalar oʻrnatilishi va axborot bilan taʼminlanishi boʻyicha suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayevning shaxsan masʼulligi belgilab qoʻyilsin.

Moliya vazirligi mazkur bandning uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan tadbirlarni Suv xoʻjaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan Davlat budjeti, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning grantlarini jalb qilish hisobidan moliyalashtirishi belgilansin.

10. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (A.S. Nazarov) hamda Suv xoʻjaligi vazirligi (V.M. Axmadjonov) bilan birgalikda 2021-yil 1-oktabrga qadar ilgʻor xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Oʻzbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash samaradorligini oʻrganib, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlari hamda suv bilan taʼminlanganlik holatlarini inobatga olgan holda zarur tavsiyalar ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Ilgʻor xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasidan qoplansin.

11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), “Oʻzstandart” agentligi (D.N. Sattarov) va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi (M.N. Yunusov) suvni tejaydigan sugʻorish tizimlarining butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqish sohasida sanoat tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro kooperatsiyani kengaytirish hamda sogʻlom raqobat muhitini yaratish, mahalliy va xorijiy texnologiyalar asosida namunaviy tipdagi respublika tabiiy-iqlim sharoitiga mos keluvchi suv tejovchi texnologiyalarning standartlarini ishlab chiqsin.

12. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Moliya vazirligi (A.E. Ergashev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari tomonidan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishda Davlat budjetidan subsidiyalar ajratilgan har bir loyiha kamida besh yil muddatda samarali foydalanilishi boʻyicha javobgarlik belgilash yuzasidan qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:

Davlat budjetidan subsidiyalar ajratilgan holda joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalardan belgilangan tartibda va muddatlarda foydalanilmaganda ajratilgan subsidiya mablagʻlarini qaytarib olish hamda qoʻllanilgan soliq imtiyozlarini bekor qilishni;

jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy qilishni, jumladan davlat tomonidan subsidiya ajratilgan holda tatbiq etilgan suvni tejaydigan texnologiyalardan oʻrnatilgan tartibda foydalanmaslik holatlari toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni qaytarib olingan subsidiya mablagʻlarining besh foizigacha miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantirishni nazarda tutsin.

13. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (M.M. Xolmuxamedov) hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi (Sh.U. Turdikulova) bilan birgalikda Suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi professional taʼlim muassasalarida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish boʻyicha mutaxassislar (konsultant) tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimining joriy etilishini taʼminlasin.

Bunda, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish boʻyicha mutaxassislar (konsultant) tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish xarajatlari Suv xoʻjaligi vazirligi va buyurtmachilarning mablagʻlari hamda donor mamlakatlarning grantlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.

14. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev, S.J. Xoʻjametov), Xorazm (F.Oʻ. Ermanov, O.B. Yusupov), Buxoro (F.B. Umarov, S.N. Xikmatov), Jizzax (E.A. Saliyev, O.Sh. Ashurmatov) va Sirdaryo (Gʻ.Gʻ. Mirzayev, K.E. Sabirov) viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda 2021-yil 1-fevralga qadar qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda shoʻr yuvishning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish boʻyicha tegishli qaror loyihasini kiritsin. Bunda:

shoʻr yuvishda suv sarfini keskin kamaytirish, ikkilamchi shoʻrlanish darajasini pasaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar;

tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari joriy etilgan maydonlarda shoʻr yuvishning oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda aniq takliflar;

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish uslublari” va “Shoʻr yuvish texnologiyalari” boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalarining yangi avlodi yaratilishi hamda tegishli taʼlim yoʻnalishlarida oʻquv rejalariga kiritilishi inobatga olinsin.

15. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.U. Umurzakov) Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A. Xayitov) bilan birgalikda 2021-yilda xalqaro tashkilotlar grantlarini jalb qilib, har bir hududda lazerli uskuna yordamida ekin maydonlarini tekislash hisobiga suv sarfini kamaytirish boʻyicha bittadan namunaviy loyihani amalga oshirsin.

16. 2020-2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha yoʻl xaritalari 4a — 4m ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

17. Moliya vazirligi (A.E. Ergashev) Suv xoʻjaligi vazirligi (A.A. Mirzayev) va Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Sh.J. Teshayev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyevga 2021-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlariga zarur hollarda qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

20. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Sh.M. Gʻaniyev va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 11-dekabr,

PQ-4919-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga 1-ILOVA

2021-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 07/22/144/0176-son)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 07/22/144/0176-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4a-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4b-ILOVA

Andijon viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4v-ILOVA

Buxoro viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4g-ILOVA

Jizzax viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4d-ILOVA

Qashqadaryo viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4e-ILOVA

Navoiy viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4j-ILOVA

Namangan viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4z-ILOVA

Samarqand viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4i-ILOVA

Surxondaryo viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4y-ILOVA

Sirdaryo viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4k-ILOVA

Toshkent viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4l-ILOVA

Fargʻona viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga4m-ILOVA

Xorazm viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-oktabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4499-son qarorida:

a) 2-bandda:

ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

uchinchi-toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi-uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

b) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-maydagi “Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4709-son qaroriga 5-ilova quyidagi pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

Izoh: mazkur ilovaning 1-bandi 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.