Mamlakatda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, davlat tomonidan alohida sohalarni ortiqcha tartibga solish holatlari hanuzgacha mavjudligi xususiy sektorning davlat funksiyalarini amalga oshirishdagi ishtiroki darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Jumladan, davlat funksiyalarini xususiy sektorga berish imkoniyatini oʻrganishga hamda mazkur yoʻnalishda tegishli shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashuvchi tizimning mavjud emasligi davlat organlari tomonidan ushbu masalalarga eʼtibor qaratilmayotganligiga olib kelmoqda.
Bozor sharoitida raqobatni yanada rivojlantirish, tadbirkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirishga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, fuqarolarning ishchanlik faolligini oshirish, aholiga xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat funksiyalari — biznes uchun imkoniyat” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
1-ilovaga muvofiq davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning dastlabki yoʻnalishlari;
davlat funksiyalarini autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqa usullar orqali bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish hamda davlat boshqaruvi sohasida amalda mavjud imkoniyatlarni kengaytirish;
tegishli hududlarda davlat funksiyalari oʻtkazilayotgan sohalarda yetarli miqdorda xususiy sektor subyektlari tashkil etilguniga qadar mazkur funksiyalarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi;
xususiy sektorga oʻtkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalari, shuningdek, xususiy sektorning tegishli takliflarini eʼlon qilish va muhokamadan oʻtkazish uchun elektron maydoncha faoliyatining ishga tushirilishi;
vazirlik va idoralar kesimida xususiy sektorga oʻtkazilishi mumkin boʻlgan davlat funksiyalarini tahlil etish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan davlat funksiyalarining yagona reyestri shakllantirilishi.
2. Kadastr ishlarini bajarish sohasida:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-apreldagi “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4270-son qarori bilan 2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi instituti joriy etilganligi inobatga olinsin;
b) belgilab qoʻyilsinki, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan mazkur tajriba-sinov 2022-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi hamda uning doirasida:
2021-yil 1-apreldan boshlab Kadastr agentligi tomonidan beriladigan malaka shahodatnomasiga ega koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandislariga, shu jumladan koʻchmas mulk obyektlariga birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash huquqi beriladi;
koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻmajildini, shu jumladan birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash jarayonlari maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi hamda Kadastr agentligi tomonidan monitoringi olib boriladi;
koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi oʻz faoliyatini yuridik shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzish orqali yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida amalga oshiradi;
koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻmajildini, shu jumladan birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash boʻyicha xizmatlar uchun narxlar tadbirkorlik subyekti tomonidan mustaqil ravishda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan minimal stavkalardan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablagʻlar toʻliq hajmda uning tasarrufida qoladi.
3. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida 2021-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilishini tashkil etish huquqi berilsin. Bunda:
Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilishi mumkin boʻlgan joylarning dislokatsiyasini, mazkur hududdagi transport oqimi va oxirgi ikki yilda aniqlangan yoʻl harakati qoidalari turlari boʻyicha qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “E-AUKSION” tizimidagi alohida veb-sahifada eʼlon qilib boradi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatiladigan joylarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi;
elektron auksion savdolariga qoʻyish uchun maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlangʻich narxi) Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida aniqlanadi;
elektron auksion savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatiladigan joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorlik subyektiga oʻtkazish huquqi bilan biriktiriladi;
elektron auksion savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadigan aniq mezonlar va texnik topshiriqlarga muvofiq xarid qiladi hamda Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan talablar va boshqa zarur shartlarga muvofiq biriktirilgan joylarda oʻrnatadi;
oʻrnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Maʼmuriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
oʻrnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarining texnik ekspluatatsiyasi va uzluksiz ishlashini taʼminlash, shu jumladan joriy elektr energiyasi xarajatlarini qoplash tadbirkorlik subyektlari zimmasiga yuklatiladi;
tadbirkorlik subyektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalardan ajratmalar miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda taqsimlanadi.
2021-2022-yillarda respublika boʻyicha maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Milliy haydovchilik guvohnomasini berish sohasida 2021-yil 1-apreldan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish huquqi berilsin. Bunda:
haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat talablarida, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari uchun zamonaviy avtodromlarni tashkil etish va ularni avtomatlashtirilgan maxsus transport vositalari bilan jihozlash boʻyicha qoʻshimcha majburiyatlar nazarda tutiladi;
haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish va baholash inson omilisiz, toʻliq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi;
haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida oʻtkaziladi;
haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni oʻtkazish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlovlar miqdori tadbirkorlik subyekti tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablagʻlar toʻliq hajmda uning tasarrufida qoladi;
nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos boʻladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi;
maxsus himoyalangan sertifikatlarning barcha zarur rekvizitlari tadbirkorlik subyekti tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.
5. Transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash sohasida 2021-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga avtomobil yoʻllarida avtomatlashtirilgan oʻlchov vositalari bilan jihozlangan ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar oʻrnatilishini tashkil etish huquqi berilsin. Bunda:
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar oʻrnatilishi mumkin boʻlgan joylarning dislokatsiyasini va mazkur hududdagi transport oqimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “E-AUKSION” tizimidagi alohida veb-sahifada eʼlon qilib boradi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar oʻrnatiladigan joylarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi;
elektron auksion savdolariga qoʻyish uchun ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar oʻrnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlangʻich narxi) Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida aniqlanadi;
elektron auksion savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar oʻrnatiladigan joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorlik subyektiga oʻtkazish huquqi bilan biriktiriladi;
elektron auksion savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlari ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalarni Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadigan aniq mezonlar, texnik topshiriqlar, oʻrnatishga qoʻyiladigan talablar va boshqa zarur shartlarga muvofiq xarid qiladi va biriktirilgan joylarda oʻrnatadi;
oʻrnatilgan ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalarni Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Maʼmuriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
oʻrnatilgan ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalarning texnik ekspluatatsiyasi va uzluksiz ishlashini taʼminlash, shu jumladan joriy elektr energiyasi xarajatlarini qoplash tadbirkorlik subyektlari zimmasiga yuklatiladi;
tadbirkorlik subyektlariga tegishli ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalardan ajratmalar miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda taqsimlanadi.
2021-2022-yillarda respublika boʻyicha tadbirkorlik subyektlari tomonidan ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalarni oʻrnatish dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida 2021-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etishga ruxsat berilsin. Bunda:
agent sifatida xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining xodimlari nodavlat taʼlim sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyatini boshlaganlik haqida xabarnoma yuborgan hamda Adliya vazirligining “Agent” platformasida roʻyxatdan oʻtgan oʻquv markazlarining oʻquv kurslarida yoki Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida oʻqigan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan oʻtkaziladigan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganlarga beriladigan agent sertifikatiga ega boʻlishi shart;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son)
sertifikatlar 3 yil muddatga beriladi va ularni berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan agent sifatida xizmatlarni koʻrsatish Adliya vazirligining “Agent” platformasi doirasida amalga oshiriladi;
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son)
agent sifatida xizmatlarni koʻrsatish huquqini beruvchi sertifikatga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini tegishli davlat xizmatini koʻrsatish tizimiga ulash, ularni roʻyxatdan oʻtkazish va jarayonni monitoring qilish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son)
Adliya vazirligi agent sifatida xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining yagona elektron reyestrini shakllantiradi va yuritadi;
(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son)
agent xizmatlari uchun fuqarolar tomonidan alohida toʻlov amalga oshiriladi, bunda narxlar tadbirkorlik subyekti tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablagʻlar toʻliq hajmda uning tasarrufida qoladi;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan agent sifatida koʻrsatilishi mumkin boʻlgan davlat xizmatlari roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga mazkur roʻyxatga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
(6-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son)
7. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining ichki maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash va saqlash boʻyicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga oʻtkaziladi. Bunda:
mazkur talab davlat organlari va tashkilotlarining tegishli funksiyalarni xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha olib borilgan tahlillari, samaradorligini oʻrganish natijalari va aniq hisob-kitoblari asosida Moliya vazirligining salbiy xulosasi mavjud boʻlgan holatlarda tatbiq qilinmaydi;
davlat organlari va tashkilotlarining ichki maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash va saqlash boʻyicha funksiyalarni oʻzi muassis boʻlgan davlat korxonalariga yuklash taqiqlanadi.
Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar davlat organlari va tashkilotlarining xususiy sektorga oʻtkaziladigan ichki maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash va saqlash boʻyicha funksiyalarining hamda ushbu tartib joriy etiladigan vazirlik va idoralarning roʻyxatini, shuningdek, ular boʻyicha iqtisodiy tahlil oʻtkazish metodikasini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. “Davlat funksiyalari — biznes uchun imkoniyat” loyihasi doirasida davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasining quyidagi bosqichlardan iborat boʻlgan davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazishning kompleks mexanizmini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
a) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xususiy sektorga oʻtkazish uchun davlat funksiyalarini har yili tanlab olish. Bunda:
vazirlik va idoralarning davlat boshqaruvidagi samarasiz hamda eksklyuziv funksiya va vakolatlari toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi;
xususiy sektorga oʻtkazish imkoniyati mavjudligi va iqtisodiy samaradorligi nuqtai nazaridan davlat funksiyalari obyektiv tahlil qilinadi;
xususiy sektorga moslashtirgan holda davlat funksiyalarining mazmun-mohiyati aniqlashtiriladi;
xususiy sektorga oʻtkazishga taklif etilayotgan davlat funksiyalarining yakuniy roʻyxati tegishli vazirlik va idoralarning takliflari asosida shakllantiriladi;
b) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan xususiy sektor bozori davlat funksiyalarini amalga oshirish uchun tayyorligini tahlil qilish. Bunda:
xususiy sektorga oʻtkazish taklif etilayotgan davlat funksiyalari roʻyxati eʼlon qilinadi va keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi;
davlat funksiyalarini amalga oshirish uchun xususiy sektor faolligini ragʻbatlantirish choralari ishlab chiqiladi;
davlat funksiyalarini amalga oshirish uchun xususiy sektorning taklif va mulohazalari umumlashtiriladi va tahlil qilinadi;
oʻtkazilayotgan davlat funksiyalariga oʻxshash boʻlgan faoliyat tajribasiga ega xususiy sektor subyektlarining dastlabki roʻyxati shakllantiriladi;
xususiy sektorda zarur resurslar va infratuzilma, shuningdek, malakali kadrlar mavjudligi nuqtai-nazaridan tahlil oʻtkaziladi;
real xarajatlar va tovar (ish, xizmat) qiymatini hisobga olgan holda xususiy sektor va isteʼmolchilar uchun davlat funksiyalarini amalga oshirish qiymati belgilanadi;
v) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
g) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan xususiy sektorga oʻtkazilgan davlat funksiyalari amalga oshirilishini monitoring qilish. Bunda:
davlat funksiyalari amalga oshirilganligi natijalari boʻyicha xususiy sektorning maʼlumoti umumlashtiriladi va tahlil qilinadi, shuningdek, umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida ular amalga oshirilganligining samaradorligi va sifati baholanadi;
xususiy sektor tomonidan davlat funksiyalari samarasiz yoki sifatsiz amalga oshirilganligi holati aniqlangan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etish hamda oʻtkazilgan davlat funksiyalarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqiladi;
d) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan davlat funksiyalari oʻtkazilishi munosabati bilan tegishli davlat organining shtat birliklarini maqbullashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish. Bunda:
(9-band “d” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
davlat funksiyalari xususiy sektorga oʻtkazilgandan soʻng davlat organi boʻlinmalarining funksional yuklamasi tahlil qilinadi;
davlat funksiyalari oʻtkazilishi munosabati bilan davlat organlari tegishli boʻlinmalarining boʻshagan shtat birliklarini maqbullashtirish boʻyicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
10. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasida 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining shtat birliklarining maqbullashtirilgan qismi hisobidan 8 ta shtat birligidan iborat Xususiy sektorni tahlil qilish va rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin hamda uning vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
“Davlat funksiyalari — biznes uchun imkoniyat” loyihasi va davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazishning kompleks mexanizmi amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish va vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xususiy sektorga oʻtkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalari, shuningdek, xususiy sektorning tegishli takliflarini eʼlon qilish va muhokamadan oʻtkazish uchun elektron maydoncha faoliyatini yuritib borish;
xususiy sektorga berilishi mumkin boʻlgan davlat funksiyalari tahlilini olib borish va oʻrganish natijasida tegishli choralar koʻrilishi yuzasidan takliflar tayyorlash.
11. Quyidagilar:
a) Kadastr agentligi direktori X.S. Turaxujayev zimmasiga — Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladigan koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandislariga koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻmajildini, shu jumladan birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash funksiyasini amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish, ushbu xizmatlar narxining minimal stavkalarini belgilash, maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish;
b) ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga:
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari toʻliq tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda biriktirilishini tashkil etish, ushbu yoʻnalishda tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama yordam berish, yuzaga keladigan muammolarni xolisona, adolatli va tezkor hal etish hamda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻz vaqtida oʻrnatilishi va ishga tushirilishini taʼminlash;
tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari ishlab chiqilishi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan zamonaviy avtodromlarni tashkil etish va ularni avtomatlashtirilgan maxsus transport vositalari bilan jihozlash, nazariy va amaliy imtihonlar oʻtkazilishini nazorat qilish;
v) Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi A.A. Abduvaliyev zimmasiga — ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar toʻliq tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda biriktirilishini tashkil etish, ushbu yoʻnalishda tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama yordam berish, yuzaga keladigan muammolarni xolisona, adolatli va tezkor hal etish hamda ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar oʻz vaqtida oʻrnatilishi va ishga tushirilishini taʼminlash;
g) adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga — davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etish, ushbu xizmatni koʻrsatish huquqini beruvchi sertifikatni berish tartibini ishlab chiqish, agent sifatidagi xizmatlar boʻyicha maxsus oʻquv kurslarining tashkil etilishini taʼminlash;
d) moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga — davlat organlari va tashkilotlarining xususiy sektorga oʻtkaziladigan ichki maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash va saqlash boʻyicha funksiyalarining hamda ushbu tartib joriy etiladigan vazirlik va idoralarning roʻyxatini, shuningdek, ular boʻyicha iqtisodiy tahlil oʻtkazish metodikasini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik yuklansin.
12. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
a) Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov davlat organlarining tegishli funksiyalari belgilangan muddatlarda xususiy sektorga oʻtkazilishini, shuningdek, xususiy sektorga oʻtkazilgan davlat funksiyalarini amalga oshirish tartiblari qisqa muddatlarda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (S.X. Bekenov) ikki oy muddatda mazkur qarorda belgilangan elektron auksion savdolarini joriy etish yuzasidan tegishli choralar koʻrilishini taʼminlasin;
v) masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish, shuningdek, davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrsin;
g) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.J. Ortiqov):
muntazam ravishda xususiy sektorga oʻtkazilgan davlat funksiyalari amalga oshirilishini monitoring qilib borsin;
bir oy muddatda Xususiy sektorni tahlil qilish va rivojlantirish boshqarmasini zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirsin;
ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazishning huquqiy mexanizmlari va oʻz-oʻzini tartibga solish institutini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin;
e) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.K. Koʻchimov) va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarini jalb qilgan holda mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni aholi orasida keng yoritish choralarini koʻrsin.
13. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-mart, 1-sentabr va 2022-yil 1-yanvarga qadar, keyinchalik har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-dekabr,
PQ-4913-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qaroriga1-ILOVA
Davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
Izoh: mazkur ilovaga muvofiq xususiy sektorga berilayotgan davlat funksiyalari boʻyicha tovarlar muomalasi sohasi 2035-yil 31-dekabrga qadar tovar bozori sifatida qaralmaydi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktabrdagi PQ-296-sonli qaroriga izoh bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2025-y., 07/25/296/0902-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qaroriga2-ILOVA
2021-2022-yillarda respublika boʻyicha maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qaroriga3-ILOVA
2021-2022-yillarda respublika boʻyicha tadbirkorlik subyektlari tomonidan ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalarni oʻrnatish
* Texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilganidan soʻng shoxobchalarning joylashuv manziliga aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qaroriga4-ILOVA
“Davlat funksiyalari — biznes uchun imkoniyat” loyihasi doirasida davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha