PQ-4912-son Qaror · 05.12.2020

Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4912
  • Qabul qilingan sana:05.12.2020
  • Kuchga kirgan sana:05.12.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4912/1601

Qoraqalpogʻiston Respublikasida irrigatsiyani rivojlantirish va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil choralar koʻrib kelinmoqda. Natijada, keyingi uch yil ichida 47 ming gektardan ortiq yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi, kuchli va oʻrtacha shoʻrlangan maydonlar 11,2 ming gektarga kamaydi, 140 ming gektardan ortiq maydonning meliorativ holatini barqaror saqlashga erishildi.

Shu bilan birgalikda, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 44,9 ming gektar sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti past darajada, 95,2 ming gektar sugʻoriladigan maydonlar oʻrtacha va kuchli shoʻrlangan, mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligi esa pastligicha qolmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini keng joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslari va elektr energiyasidan foydalanishning avtomatlashgan nazoratini yoʻlga qoʻyish hamda ilm-fan yangiliklarini ishlab chiqarishga keng joriy etish orqali suv yoʻqotishlarini kamaytirib, kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish hamda sugʻoriladigan yer maydonlarini suv bilan ishonchli taʼminlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2021 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan irrigatsiya tizimlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv isteʼmolchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xoʻjaliklarining oʻz mablagʻlari hisobidan sugʻorish tarmoqlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishning prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish, suvni hisobga olish va monitoring yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish prognoz koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarida elektr energiyasidan foydalanishni raqamli texnologiyalar yordamida “onlayn” rejimida nazorat qilishni joriy etish prognoz koʻrsatkichlari 6-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi nasos stansiyalari va irrigatsiya tizimlari kanallarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorga berish prognoz koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev va Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari hokimlariga mazkur qarorda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

2. Mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan loyihalar, shuningdek, 2-ilovasida belgilangan prognoz koʻrsatkichlar doirasida bajariladigan loyihalar:

har bir loyihaning natijadorligi va maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, loyihalarda belgilangan qurilish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash va tiklash ishlari boʻyicha tayyorlangan tegishli loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi;

har bir loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tumanlar hokimliklari, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, suv isteʼmolchilari uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar ishtirokida hamda mustaqil ekspertlarni jalb etgan holda muhokama qilinadi hamda ularning ijobiy xulosasi asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

3. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.J. Ortiqov), Moliya vazirligi (O.Z. Nasritdinxodjayev), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev):

mazkur qarorning 1-ilovasida amalga oshirilishi belgilangan irrigatsiya va melioratsiya loyihalarining asosiy koʻrsatkichlarini aniqlashtirib va yangilab borgan holda 2021 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish jarayonida ularni inobatga olsin;

mazkur qarorning 4 — 6-ilovalari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar uchun 2021 — 2023-yil Davlat budjeti parametrlarida mablagʻlar koʻzda tutilishini taʼminlasin.

4. Hisob palatasi (B.T. Turabov) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda mazkur qarorning 1-ilovasida nazarda tutilgan loyihalar doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh Vaziri A.N. Aripovga axborot kiritib borsin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev) va tumanlar hokimliklari:

mazkur qarorning 2-ilovasida belgilangan prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishi uchun talab etiladigan mablagʻlarni mahalliy budjet hisobidan ajratib borsin;

mazkur qarorning 3-ilovasida belgilangan prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishida suv isteʼmolchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xoʻjaliklariga koʻmaklashsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev) va tumanlar hokimliklari:

mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan manzilli roʻyxatlar, shuningdek, 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlar doirasida obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, bosh pudrat tashkilotlarining tender (tanlov) savdolari asosida aniqlanishi hamda qurilish ishlarining amalga oshirilishini tashkil qilsin va nazoratga olsin;

obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda, tender (tanlov)larni oʻtkazish jarayonida shaffoflikni taʼminlash hisobiga obyektlarning qiymatini maqbullashtirish choralarini koʻrsin;

loyihalarni amalga oshirish doirasida zarur asbob-uskuna, xom ashyo, butlovchi buyumlar hamda sifatli qurilish materiallarining mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinishini taʼminlasin (mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun);

energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllash hamda obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga mahalliy pudrat tashkilotlarini keng jalb qilishga alohida eʼtibor qaratsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov) mazkur qarorga asosan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi va qurilish obyektlarida qurilish-montaj ishlari bajarilishida shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat qurilish nazoratini amalga oshirsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Gʻ.A. Xoljigitov) Suv xoʻjaligi vazirligi (V.M. Axmadjonov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi (M.S. Sodiqov) va Suv xoʻjaligi vazirligi (J.U. Uzaqov) bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar mazkur qarorning 7-ilovasiga muvofiq xususiy sektorga oʻtkaziladigan suv xoʻjaligi obyektlarining aniq roʻyxatini tuzsin hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarini aniqlab, shartnoma namunasini ishlab chiqsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyevga, zarur hollarda, tasdiqlangan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash va tiklash ishlari loyihalarining manzilli roʻyxatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev) mazkur qarorda nazarda tutilgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash boʻyicha ustuvor loyihalarni tanlash va amalga oshirishda:

ustuvor loyihalar boʻyicha takliflar suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi, geologiya, yer tuzish va loyiha tashkilotlari mutaxassislari hamda mustaqil ekspertlar, shuningdek, manfaatdor fermer va klasterlar ishtirokida joyiga chiqib, har bir hududning suv taʼminoti, yerlarning meliorativ holati va boshqa oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan hamda mavjud muammolarni tahlil qilgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda shakllantirilishini;

ustuvor loyihalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari tomonidan muhokama qilinib, maʼqullangandan soʻng belgilangan tartibda amalga oshirilishini;

har bir loyihaning amalga oshirilishi holati tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan nazorat qilib borilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4801-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash boʻyicha ishchi guruhi (Oʻ.P. Umurzakov)ga:

mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan loyihalar doirasida amalga oshiriladigan ishlarni ilmiy-texnik jihatdan taʼminlashni tashkil etish;

har bir loyihaning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, resurs tejamkor va axborot texnologiyalari qoʻllanilishi boʻyicha xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish;

suv xoʻjaligi sohasiga ilm-fan yutuqlarini, suvni tejovchi texnologiyalar va ilgʻor tajribalarni, suv xoʻjaligi va suvdan foydalanish tizimini boshqarishning innovatsion usullarini joriy qilish boʻyicha ilmiy va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;

ilmiy-texnika yutuqlarini chop etish hamda ommaviy-axborot vositalari orqali targʻib qilish, seminarlar, respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlar tashkil qilish vazifasi yuklatilsin.

Ushbu vazifalarni bajarishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat koʻrsatayotgan tegishli oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalarining professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari jalb qilinishi mumkin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda qulay meliorativ rejimni taʼminlovchi suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy qilishga oid ilmiy loyihalar tanlovini eʼlon qilish uchun takliflarni kiritsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev) uch kun muddatda mazkur qarorni samarali ijro etishga doir masalalarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlarida muhokama qilishga kiritilishini taʼminlasin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har yarim yil yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 5-dekabr,

PQ-4912-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-son qaroriga1-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining

* 2021 — 2023-yillarda amalga oshiriladigan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazish yakunlari boʻyicha loyihalar parametrlariga tuzatish va aniqlashtirishlar kiritilishi mumkin.

Qisqartmalar:

TIQXMMI — Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti

QDU — Qoraqalpoq davlat universiteti

TDAUNF — Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali

ISMITI — Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti

NDKTUNKI — Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti

GTI — gidrotexnik inshoot

NS — nasos stansiyasi

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/94/0256-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-son qaroriga2-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan irrigatsiya tizimlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-son qaroriga3-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv isteʼmolchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xoʻjaliklarining oʻz mablagʻlari hisobidan sugʻorish tarmoqlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-son qaroriga4-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishning

Izoh: Ushbu prognoz koʻrsatkichlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi taklifiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-son qaroriga5-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish, suvni hisobga olish va monitoring yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-son qaroriga6-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarida elektr energiyasidan foydalanishni raqamli texnologiyalar yordamida “onlayn” rejimida nazorat qilishni joriy etish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-son qaroriga7-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi nasos stansiyalari va irrigatsiya tizimlari kanallarini davlat- xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorga berish

Izoh: Ushbu prognoz koʻrsatkichlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi taklifiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.