Toshkent viloyati Ohangaron tumanining ishlab chiqarish salohiyati va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar hamda yer maydonlaridan samarali foydalanish, yoʻl boʻyi infratuzilmasi imkoniyatlaridan toʻliq foydalangan holda servis va xizmat koʻrsatish boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali aholining, xususan, xotin-qizlar, yoshlar va kam taʼminlangan fuqarolar bandligini taʼminlash, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi va ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilash maqsadida:
1. Quyidagilardan iborat 2021-2022-yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur):
2021-2022-yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari 1-ilovaga muvofiq;
Ohangaron tumanida sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan Ohangaron tumanidagi noruda konlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Ohangaron tumanidagi baholangan qiymatda “E-auksion” elektron savdo platformasida auksion savdolariga chiqariladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)
Ohangaron tumanida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha kompleks tadbirlar 5-ilovaga muvofiq;
Ohangaron tumanida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tadbirlari 6-ilovaga muvofiq;
Ohangaron tumanida ijtimoiy soha obyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmatlar sifati hamda qamrovini oshirish boʻyicha kompleks tadbirlar 7-ilovaga muvofiq;
Ohangaron tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda “Xavfsiz hudud” apparat-dasturiy kompleksini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Dasturning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
Ohangaron tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholining, xususan, xotin-qizlar, yoshlar va kam taʼminlangan fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali ularning daromadlari va turmush darajasini oshirish;
kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
boʻsh turgan bino va inshootlar hamda yer maydonlaridan samarali foydalanish;
yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish boʻyicha qoʻshimcha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, xizmat koʻrsatish va turizm sohasini jadal rivojlantirish orqali soliq tushumlarining barqarorligini taʼminlashga erishish;
tumandagi yaylovlar, oʻrmonzorlar va lalmi yerlardan samarali foydalanish orqali chorvachilik klasterlarini tashkil etish;
tumandagi sugʻoriladigan yer maydonlarining sugʻorish tizimini yaratish, tomchilatib sugʻorishni keng joriy etish hamda oʻrmon xoʻjaligi yerlarida dorivor oʻsimliklar yetishtirishni rivojlantirish;
muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholining toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish;
yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy qiyofadagi tuman markazini barpo etish hamda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish.
3. Dastur parametrlari bajarilishini taʼminlashda davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish boʻyicha respublika ishchi guruhi tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Respublika ishchi guruhi) 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika ishchi guruhi (Z. Nizomiddinov):
tegishli davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini tahlil qilib borsin va muvofiqlashtirsin;
Dastur doirasida belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi monitoringini olib borsin, loyihalarning oʻz muddatida va sifatli bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni bartaraf etish yuzasidan tezkor va amaliy choralar koʻrsin;
zarurat boʻlganda, tayyorlangan va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda, Dasturga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Toshkent viloyati va Ohangaron tumani hokimliklari tegishli davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda bir oy muddatda Dasturga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlari, shu jumladan loyihalarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari koʻrsatilgan tarmoq jadvallari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan, markazlashtirilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari koʻrsatkichlarini har yili aniqlashtirib va yangilab borgan holda, 2021-2022-yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda inobatga olsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda aholini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bilan taʼminlash boʻyicha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, Dastur doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari asosida ishlab chiqarish korxonalarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga oʻz vaqtida ulanishini hamda ularga mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, talab etiladigan tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda:
Angren shahrining “Nurobod” qoʻrgʻoni hududini Ohangaron tumani hududiga oʻtkazish va shu yerning oʻzida tuman markazini tashkil etish;
Oʻrtachirchiq tumanidagi “Baxt”, “Tosh DAU”, “A. Navoiy” va “Oʻrtasaroy” hududlarining 2-uchastkalarini Ohangaron tumani hududiga oʻtkazish hamda tumanlar va shahar chegarasini oʻzgartirish masalalari yuzasidan iltimosnomalarni belgilangan tartibda tegishlicha Vazirlar Mahkamasi va xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashiga kiritishni taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “ToshkentboshplanLITI” DUK, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar Ohangaron tumani markazining bosh rejasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
9. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi “ToshkentboshplanLITI” DUK bilan birgalikda urbanizatsiya jarayonlarining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq Ohangaron tumanining bosh rejasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda Ohangaron tumanining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritilishida tumandagi investitsiya muhitini yaxshilash va kelajakda loyihalarni joylashtirish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga yaqin va qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun moʻljallanmagan yerlardan kamida 100 gektar yer uchastkasi ajratilishini hisobga olsin.
10. Toshkent viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda:
Ohangaron tumani hududidan oʻtuvchi “A-373” avtomobil magistral yoʻlining 114 kilometrlik qismida yoʻlning ikki tomonidagi yer maydonlaridan, shu jumladan sugʻoriladigan yerlardan, muhofaza zonasini hisobga olgan holda, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda xizmat koʻrsatish va servis loyihalarini amalga oshirish maqsadida tegishli yer maydonlari tanlab olinishini hamda Ohangaron tumani hokimligi zaxirasiga oʻtkazilishini;
yer uchastkalarini belgilangan tartibda tadbirkorlarga ajratib berilishini hamda investitsiya loyihalarining shaharsozlik normalari va qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Ohangaron tumani hududidagi oʻrmon fondi yerlarining toʻliq xatlovdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
xatlov natijasida daraxt-butalar boʻlmagan yer maydonlarini oʻrmon fondi yerlari toifasidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish yuzasidan zarur choralar koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi Ohangaron tumanida foydalanishdan chiqqan yerlarni oʻzlashtirish maqsadida asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
13. Ohangaron tumanidagi “Angren” EIZ hududidagi erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari va ishtirokchilariga hamda Dastur doirasida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va pillachilik sohalarida amalga oshiriladigan loyihalarga ajratiladigan yer uchastkalari yer fondi toifasidan qatʼi nazar, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlanadigan toʻlovlardan, istisno tariqasida, ozod etilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Ohangaron tumanidagi “Toshtepa suv ombori”ni qurish loyihasiga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilgan holda, 2021-2022-yillarda qurilish ishlarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Toshkent viloyati hokimligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ikki oy muddatda Ohangaron tumanida Qurama togʻ tizmasining (“Sanam” mahallasi) “Ovjazsoy” archazor hududi, Ugom-Chotqol togʻ tizmasining (“Koʻksaroy” mahallasi) “Ertoshsoy” soyi boʻyi hududi va Ohangaron daryosi boʻyidagi (“Alisher” mahallasi) “Aqcha” hududida eko, agro, gastronomik va boshqa turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo etish loyihalarini amalga oshirish hamda yangi turistik yoʻnalishlarni tashkil etish boʻyicha dastur ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorning 3-ilovasidagi noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalarida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnomalarni berish boʻyicha auksion savdolari oʻtkazilishini taʼminlasin.
17. Belgilansinki, qarorning 4-ilovasida koʻrsatilgan obyektlar:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markaziga ularni oʻtkazish sanasidagi jamiyatning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik, shuningdek, ular boʻyicha hisoblangan penyalar, obyektni berish natijasida yuzaga keladigan soliqlarni kamaytirish hisobiga beriladi;
(17-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)
18. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi buyurtmachi va loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazsin va qurilish-montaj ishlari boʻyicha davlat-arxitektura qurilish nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
19. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini hamda har chorakda bajarilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga va Respublika ishchi guruhiga axborot kiritib borilishini taʼminlasin.
20. Toshkent viloyati hokimligi har chorak yakuni boʻyicha Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilish holatini xalq deputatlari Toshkent viloyati va Ohangaron tumani Kengashlari yigʻilishlarida muhokama qilib borish choralarini koʻrsin.
21. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga — tumanda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash tadbirlarini hamda Dastur doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga — ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat budjetidan zarur mablagʻlarni oʻz vaqtida ajratish va boshqa moliyaviy resurslarni jalb qilish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga — tumanda investitsiya muhitini yaxshilash, investorlar hamda investitsiyalarni, ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish hamda tumanning eksport salohiyatini oshirish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga — tumanda qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanish, foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni oʻzlashtirish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik hamda qayta ishlash sohasini rivojlantirish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga — tumandagi ijtimoiy soha obyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida aholiga sifatli xizmat koʻrsatishni tashkil etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-dekabr,
PQ-4916-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga 1-ILOVA
2021-2022-yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga2-ILOVA
Ohangaron tumanida sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli
* Mazkur investitsiya loyihalari roʻyxatiga belgilangan koʻrsatkichlardan kam boʻlmagan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish Respublika Ishchi guruhi tomonidan amalga oshiriladi.
** Loyiha qiymati loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan soʻng oʻzgarishi mumkin.
Izoh: qurilish materiallari ishlab chiqarish va issiqxona xoʻjaligi tashkil etish loyihalari muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga3-ILOVA
Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan Ohangaron tumanidagi noruda konlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga4-ILOVA
Ohangaron tumanidagi baholangan qiymatda “E-auksion” elektron savdo platformasida auksion savdolariga chiqariladigan davlat mulki obyektlari
(4-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)
* Vakolatli organning xulosasiga asosan obyektlar yaroqsiz deb topilgan taqdirda, obyektlarni tadbirkorlik subyektlari tomonidan buzib, qayta qurishga ruxsat beriladi.
Izoh: Davlat ulushi mavjud boʻlgan xoʻjalik jamiyatlariga tegishli boʻlgan bino va inshootlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markaziga berish masalasi belgilangan tartibda ularning tegishli boshqaruv organlari qarorlari asosida amalga oshiriladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2023-y., 06/23/95/0372-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga5-ILOVA
Ohangaron tumanida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha
* Loyiha qiymati va hajmiga qurilish-taʼmirlash ishlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli ekspertiza xulosalari olingandan soʻng aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga6-ILOVA
Ohangaron tumanida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish
* Loyiha qiymati va hajmiga qurilish-taʼmirlash ishlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli ekspertiza xulosalari olingandan soʻng aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga7-ILOVA
Ohangaron tumanida ijtimoiy soha obyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmatlar sifati hamda qamrovini oshirish boʻyicha
* Loyiha qiymati va hajmiga qurilish-taʼmirlash ishlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli ekspertiza xulosalari olingandan soʻng aniqlik kiritiladi.
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga8-ILOVA
Ohangaron tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda “Xavfsiz hudud” apparat-dasturiy kompleksini joriy etish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4916-son qaroriga9-ILOVA
Dastur parametrlari bajarilishini taʼminlashda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish boʻyicha Respublika ishchi guruhi
Izoh.
Respublika ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda guruh tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.