PQ-4939-son Qaror · 31.12.2020

Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4939
  • Qabul qilingan sana:31.12.2020
  • Kuchga kirgan sana:31.12.2020
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4939/1703

Mamlakatimizda inson kapitalini toʻlaqonli rivojlantirish, oliy va professional taʼlimning sifatini oshirish, mehnat bozorining rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda, aholining keng qatlamlarini talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish hamda malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Oʻzstandart” agentligi, yirik korxonalar va uyushmalarning quyidagilarni nazarda tutuvchi Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini (keyingi oʻrinlarda — Klassifikator) takomillashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

taʼlimning eng past darajasiga qoʻyiladigan talablarni bekor qilgan holda har bir lavozim va kasb boʻyicha malaka doirasiga muvofiq malaka darajasiga talablar kiritilishi;

lavozim va kasblarni Mashgʻulotlarning Xalqaro Standart Klassifikatori (MXSK — 2008) bilan muvofiqlashtirish;

ishchi kasblar uchun tarif razryadlarining oraligʻini belgilash.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda yangi tahrirdagi Klassifikatorni ishlab chiqsin va “Oʻzstandart” agentligida Oʻzbekiston davlat standarti shaklida roʻyxatdan oʻtkazsin.

2. Mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha tegishli malaka darajasiga erishish yoʻllarining moslashuvchanligi va xilma-xilligini taʼminlovchi Malaka darajalariga erishish sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

Klassifikatorda belgilangan har bir lavozim va kasb boʻyicha taʼlim va malaka darajasiga qoʻyiladigan talablar Malaka darajalariga erishish sxemasiga muvofiq tegishli lavozim (kasb)ning malaka darajasidan kelib chiqqan holda ish beruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi;

har bir xodimning malaka darajasini aniqlashda nafaqat uning maʼlumoti, balki kasbiy tajribasi, bilimlari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik fazilatlari ham hisobga olinadi;

xodimlarning ish haqini belgilashda ularning malaka darajasi hisobga olinadi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga hisobdor boʻlgan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha hududiy kengashlar (keyingi oʻrinlarda — hududiy kengashlar) tashkil etilsin va ularga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

mehnat bozorini, shu jumladan uning kasbiy-malakaviy tuzilmasini monitoring qilish, baholash va strategik rejalashtirish tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish va yangi progressiv texnologiyalarni rivojlantirishni inobatga olgan holda, malakali kadrlarga boʻlgan joriy va istiqbolli ehtiyojni qondirish;

kasbiy standartlar, tarmoq malakalar doiralari va malaka talablarining ishlab chiqilishi hamda yangilab borilishini tashkil etish;

malaka va bilimlarni baholash milliy tizimining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash;

kasbiy malaka va bilimlarning moslashuvchan, izchil va uzluksiz rivojlanishini taʼminlash;

malaka va bilimlarni, nafaqat shaxs tomonidan olingan taʼlim, balki uning kasbiy tajribasi, koʻnikmalari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik xususiyatlarini inobatga olgan holda tan olish, validatsiya va akkreditatsiya (sertifikatsiya) qilishning moslashuvchan, shaffof va xolisona mexanizmlarini joriy etish;

ish beruvchi talablarining taʼlim dasturlari mazmuni bilan oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish orqali taʼlimning sifatini oshirish.

5. Quyidagilar:

Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha kengash tarkibi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha hududiy kengashlarning namunaviy tarkibi 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;

Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari (keyingi oʻrinlarda — tarmoq kengashlari), shuningdek, ularning faoliyatini tashkil etish uchun masʼul vazirlik, idora, taʼlim va ilmiy muassasalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tegishli vazirlik va idoralarning takliflariga binoan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tarmoq kengashlari roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

6. Tarmoq kengashlariga quyidagi vazifalarni amalga oshirish yuklansin:

mehnat bozori monitoringi asosida tarmoqlarning malaka va bilimlarga ehtiyojlari va tendensiyalarini aniqlash;

tarmoq malaka doiralarini ishlab chiqish, joriy etish va takomillashtirish;

kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish;

norasmiy va informal oʻqitishning natijalarini tan olish, validatsiya va akkreditatsiya (sertifikatsiya) qilish tizimini shakllantirish, shu jumladan malakalarni baholash markazlari faoliyatini tashkil qilish;

yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, professiogramma va axborot materiallarini ishlab chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etish;

tarmoq malakalar doiralari va kasbiy standartlardan kelib chiqqan holda Klassifikatorni takomillashtirish hamda mehnatga haq toʻlashga oid meʼyorlarni aniqlash boʻyicha takliflarni tayyorlash.

Belgilansinki:

masʼul vazirlik va idoralarda ularning umumiy shtat birliklari soni doirasida mehnatga haq toʻlash sharoiti boʻyicha mustaqil boʻlim boshligʻiga tenglashtirilgan tarmoq kengashi kotibi lavozimi kiritiladi;

tarmoq kengashlarining doimiy ishchi organi sohaga oid ilmiy-tadqiqot va taʼlim tashkilotlari, yirik tarmoq korxonalari, xodimlar bilan ishlash boʻyicha tuzilmalar boʻlishi mumkin;

ishchi organ tarmoq kengashi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilayotgan kasbiy standartlar va boshqa hujjatlarning xususiyatlarini inobatga olib, ishchi ekspertlar guruhlarini tashkil etishga haqli;

ishchi ekspertlar guruhlarining ishlariga jalb etiladigan xodim va ekspertlarga tarmoq kengashlarining faoliyatini tashkil etish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralarning mablagʻlari hisobidan mukofot puli toʻlanishi mumkin.

7. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov):

har chorakda tarmoq va hududiy kengashlar bilan birgalikda malakalarni baholash tizimini joriy etish boʻyicha faoliyat natijalarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etib borsin;

bir oy muddatda 2021-2022-yillarda xizmatchilar lavozimlari va ishchi kasblarining tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomalarini tarmoq kengashlari tomonidan qayta koʻrib chiqish reja-jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:

malaka tizimi ishtirokchilarining takliflari va ilgʻor xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, kasbiy standartning maketiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

malaka tizimining ishtirokchilari sifatida oʻziga yuklatilgan vazifalar buzilishiga yoʻl qoʻyayotgan vazirlik va idoralar mansabdor shaxslarining javobgarligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflar taqdim etish;

talabgorlarda malaka darajalariga erishish sxemasida nazarda tutilmagan taʼlim boʻlgan taqdirda ularning malakalar darajasini belgilash.

8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika bandlik va mehnat muhofazasi ilmiy markazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti (keyingi oʻrinlarda — Mehnat instituti) etib qayta tashkil etilsin va unga Kengashning ishchi organi vazifasi yuklansin.

Mehnat institutining asosiy vazifalari etib bandlikka koʻmaklashish, mehnat munosabatlarini rivojlantirish, mehnat bozori, mehnat muhofazasi, Malaka tizimi va kasbiy standartlarni takomillashtirish hamda mehnat migratsiyasi kabi yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish belgilansin.

9. Mehnat instituti tuzilmasida quyidagilar uchun masʼul boʻlgan Mehnatni meʼyorlash markazi tashkil etilsin:

mehnat boʻyicha meʼyorlar va normativlarni ishlab chiqish sohasida amaliy loyihalarni, shu jumladan tarmoq korxonalari buyurtmalari asosida amalga oshirish;

tashkilotlarning tashkiliy tuzilmasi va xodimlar sonini rejalashtirish hamda maqbullashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

mehnat faoliyatini tartibga soluvchi texnik reglamentlarni takomillashtirish;

kasblarning malakaviy tavsiflarini ishlab chiqish.

10. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Mehnat instituti:

tarmoq kengashlarining, shu jumladan kasbiy standartlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish borasidagi faoliyatini uslubiy, tashkiliy va axborot jihatidan taʼminlaydi;

malakalar tizimining registri va boshqa axborot resurslarini shakllantirish, yuritish va rivojlantirishni tashkil etadi;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun vazirlik va idoralar, taʼlim tashkilotlari, ilmiy va boshqa muassasalar, davlat korxonalari mutaxassislarini jalb etishga haqli;

b) Mehnat institutining direktori Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, uning oʻrinbosarlari esa Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi;

v) Mehnatni meʼyorlash markazining rahbari bir vaqtning oʻzida Mehnat instituti direktorining oʻrinbosari hisoblanadi;

g) Mehnat instituti, shu jumladan Mehnatni meʼyorlash markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlari, xoʻjalik hisobidagi faoliyatdan daromadlar, xalqaro, xorijiy va mahalliy tashkilotlarning grant mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Mehnat institutida ishlash uchun xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan chet eldagi vatandoshlarni shartnoma asosida jalb qilish hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan ularning mehnatiga haq toʻlashga ruxsat berilsin.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) va tarmoq kengashlari bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelgacha quyidagi imkoniyatlarni taʼminlovchi “profstandart.uz” kasbiy standartlarning yagona ochiq portalini ishlab chiqsin va ishga tushirsin:

kasbiy standartlarning registri va ular matnlarining amaldagi tahrirlari bilan erkin tanishish;

ish beruvchilar va mutaxassislar tomonidan kasbiy standartlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha tashabbus koʻrsatish;

“ochiq maydoncha” tamoyili asosida va real vaqt rejimida yangi kasb standartlarini ishlab chiqish va amaldagilarini takomillashtirish, malakalarni baholash tizimining samaradorligini oshirish borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishni manfaatdor vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilgan holda tashkil etish.

Belgilansinki, “profstandart.uz” portalini yaratish va uning faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq ishlarni moliyalashtirish Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

12. Taʼlim va ishlab chiqarish amaliyotining tizimli oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

oliy taʼlim muassasalarida amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish maqsadida ushbu muassasalarning qarorlari asosida dual taʼlim tizimi joriy etilishi mumkin;

dual taʼlim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan oʻquvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga muvofiq ish haqi toʻlanishi mumkin;

b) 2021-yil 1-apreldan boshlab:

yangi kasbiy standart qabul qilinganda yoki amaldagilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganda, tasarrufida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar navbatdagi oʻquv yili boshlanishidan oldin taʼlim tashkilotlarining tegishli taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish, shuningdek, professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirishni tashkil etadi;

oliy va professional taʼlimning taʼlim dasturlari WorldSkills standartlari, kasbiy standartlar va roʻyxati Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadigan, xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida birinchi 1 000 oʻrinni egallovchi oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlari hisobga olingan holda ishlab chiqiladi;

taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha loyihalar “profstandart.uz” portalida, shuningdek taʼlim tashkilotlari hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy saytlarida yigirma kundan kam boʻlmagan muddatga jamoatchilik va ekspertlar, shu jumladan ish beruvchilar, vazirlik va idoralar, uyushmalar va mahalliy ijro hokimiyati organlari vakillari orasida muhokama uchun joylashtiriladi.

13. 2021-yilga moʻljallangan kasbiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy standartlarni ishlab chiqish reja-grafigi (keyingi oʻrinlarda — Reja-grafik) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

har yili 1-noyabrga qadar tarmoq kengashlari, hududiy kengashlar, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, taʼlim tashkilotlari, ilmiy va boshqa muassasalar Mehnat institutiga kelgusi yil uchun Reja-grafik boʻyicha takliflarni taqdim etadi;

har yili 1-dekabrga qadar Mehnat instituti joriy va oʻtgan yillardagi Reja-grafikni amalga oshirish natijalarini hamda tarmoq kengashlari, hududiy kengashlar, taʼlim tashkilotlari, ilmiy va boshqa muassasalarning takliflarini har tomonlama oʻrganish asosida kelgusi yil uchun Reja-grafik loyihasini ishlab chiqadi va Kengashga taqdim etadi;

har yili 10-dekabrga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Kengash tomonidan maʼqullangan kelgusi yil uchun Reja-grafik loyihasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.

14. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2021-yil 1-apreldan boshlab kasbiy standartlarni ishlab chiqish va tasdiqlashga quyidagi talablarni belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

kasbiy standartlarning ishlab chiqilishi tarmoq kengashlari tomonidan tegishli yil uchun Reja-grafik asosida yoki oʻz tashabbusi bilan tarmoqlar mutaxassislarini jalb qilgan holda tashkil etiladi;

kasbiy standart loyihasi jamoatchilik va ekspertlar muhokamasi uchun yigirma kundan kam boʻlmagan muddatga “profstandart.uz” portaliga joylashtiriladi;

jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan oʻtgan kasbiy standart loyihasi tarmoq kengashi tomonidan ekspertizadan oʻtkazish uchun Mehnat institutiga taqdim etiladi. Bunda, taqdim etilgan kasbiy standart loyihasiga nisbatan salbiy xulosa berilgan taqdirda, uni qayta ishlash tarmoq kengashi tomonidan Mehnat instituti negizida tashkil etiladi;

ekspertizadan oʻtgan kasbiy standart loyihasi besh kun ichida tarmoq kengashi tomonidan tasdiqlanadi va shu kunning oʻzida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga roʻyxatdan oʻtkazish hamda kasbiy standartlar registriga kiritish uchun taqdim etiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) bir oy muddatda Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. 2021-yilga moʻljallangan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi yirik korxonalar huzurida malakalarni baholash markazlarini tashkil etish dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Malakalarni baholashning shaffof, xolisona va samarali tartibotlarini taʼminlash maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

malakalarni baholash Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadigan baholash vositalari, shu jumladan onlayn testni oʻtkazishga moʻljallangan dastur taʼminotidan foydalangan holda amalga oshiriladi;

malakalarni baholash jarayoni Internet tarmogʻida efirga uzatilib, elektron jismda videoyozuv orqali qayd etiladi;

baholash vositalari Mehnat instituti yoki tarmoq kengashlarida ekspertizadan oʻtkazilishi shart.

Mazkur qarorga 5-ilovada belgilangan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar hududiy kengashlar bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasin:

2021-yil davomida malakalarni baholash markazlarini tashkil etishga qaratilgan zarur choralarni koʻrish;

malakalarni baholash markazlarini tegishli baholash vositalari va boshqa asbob-uskunalar bilan jihozlash;

malakalarni baholash markazlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish.

16. Belgilab qoʻyilsinki, malakani baholash markazlari tomonidan beriladigan malaka pasportlari malaka doirasi darajalariga muvofiq lavozimlarni egallash va mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.

17. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) Davlat statistika qoʻmitasi (B.A. Begalov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yildan boshlab ish bilan band boʻlganlarning kasbiy va malaka tuzilmasi koʻrsatkichlarini aniqlash uslubiyatini ishlab chiqsin.

18. Malakalar tizimini takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

19. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktabrdagi “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 795-son qarori 2021-yil 1-martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ikki hafta muddatda hududiy kengashlarning tarkibini tasdiqlasin hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ularning samarali faoliyatini tashkil etish uchun barcha zarur choralarni koʻrsin.

21. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov):

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi (Q.M. Rafikov) bilan birgalikda xodimlarning mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlab, ularning malaka darajasini hisobga olgan holda ish haqi toʻlanilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining kasb-hunar taʼlimi boʻyicha oʻrinbosari M.M. Xolmuxamedov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshiriladigan chora-tadbirlar natijadorligi toʻgʻrisida 2021-yil 1-aprel hamda 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 31-dekabr,

PQ-4939-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qaroriga 1-ILOVA

Malaka darajalariga erishish

* xodimda malakalarni baholash markazi tomonidan tasdiqlangan katta kasbiy tajriba boʻlgan taqdirda, istisno tariqasida, uni taʼlim va kasbiy tayyorgarlik boʻyicha talab etiladigan tegishli darajadan yuqoriroq boʻlgan lavozimlar (kasblar)ga ishga olishga yoʻl qoʻyiladi.

** 2005-yilga qadar texnikumlarda olingan taʼlim, shuningdek kasb-hunar kollejlari, oʻrta hunar-texnika bilim yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlarida olingan taʼlim oʻrta kasbiy taʼlimga, texnika bilim yurtlarida olingan taʼlim esa — boshlangʻich professional taʼlimga tenglashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qaroriga 2-ILOVA

Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha kengash

Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qaroriga 2a-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha hududiy kengashlarning

(2a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qaroriga 3-ILOVA

Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari, shuningdek, ularning faoliyatini tashkil etish uchun masʼul vazirlik, idora, taʼlim va ilmiy muassasalar

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qaroriga 4-ILOVA

2021-yilga moʻljallangan kasbiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy standartlarni ishlab chiqish

* muqaddam ishlab chiqilgan kasb standartlarini qayta ishlash ham kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qaroriga 5-ILOVA

2021-yilga moʻljallangan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi yirik korxonalar huzurida malakalarni baholash markazlarini tashkil etish

Izoh: Malakani baholash markazlarini tashkil etayotgan tashkilotlar kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, malakani baholash markazlarining ixtisoslanishini belgilaydi.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qaroriga 6-ILOVA

Malakalar tizimini takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.