PQ-4940-son Qaror · 11.01.2021

Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4940
  • Qabul qilingan sana:11.01.2021
  • Kuchga kirgan sana:12.01.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/4940/0018

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, olis va chekka hududlardagi budjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli mutaxassislar mehnatini yanada ragʻbatlantirish, boʻsh ish oʻrinlarini toʻldirish hamda joylarda malakali kadrlarning mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6108-son Farmoniga muvofiq, olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda — budjet tashkiloti) boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga (keyingi oʻrinlarda — oliy maʼlumotli mutaxassislar) bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan 1-band uchinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)

2. Belgilab qoʻyilsinki:

mazkur qarorda olis va chekka hudud deganda, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori bilan tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilanadigan hududlar tushuniladi;

mazkur qarorda nazarda tutilgan boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi soliq toʻlovchining jami daromadiga kiritilmaydi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining soliq solish obyekti hisoblanmaydi;

mazkur qarorda nazarda tutilgan boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi hamda uy-joy sharoitini yaxshilash boʻyicha imtiyozlardan olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda taʼlim muassasalariga ishga qabul qilingan oliy maʼlumotli boshqa hududda yashovchi shifokorlar va mutaxassislar, shuningdek, oliy taʼlim muassasasining bakalavriati yoki magistraturasini (taʼlim shaklidan qatʼi nazar — kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek, ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega;

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)

har oylik pul kompensatsiyasi oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oy mobaynida toʻlanadi, bunda xodim ushbu hududda shaxsiy uy-joyga ega boʻlganda, unga xizmat turar joyi berilganda yoki u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda, pul kompensatsiyasi toʻlash toʻxtatiladi;

oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi har oylik pul kompensatsiyasini olish uchun vaqtincha yashash joyini va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kommunal xizmatlar qiymatisiz amaldagi xarajatlar summasini koʻrsatgan holda, tegishli budjet tashkiloti rahbariga ariza beradi. Bunda, uy-joy ijarasi uchun haqiqatda toʻlanayotgan toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan kam boʻlgan taqdirda, har oylik pul kompensatsiyasi miqdori haqiqatda toʻlanayotgan toʻlov miqdoriga muvofiq kamaytiriladi, qolgan barcha holatlarda har oylik pul kompensatsiyasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida toʻlanadi;

har oylik pul kompensatsiyasi uning miqdorini koʻrsatgan holda, tegishli budjet tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan tayinlanadi hamda ushbu tashkilot buxgalteriyasi tomonidan ish haqi bilan birgalikda toʻlanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi “Navoiy viloyatining olis choʻl tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2925-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktabrdagi 312-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalarga, sud organlari xodimlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, prokuratura organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, davlat soliq xizmati va davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijaraga turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan xodimlarga uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlash ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi tegishliligi boʻyicha olis va chekka hududda joylashgan bir budjet tashkilotidan va (yoki) tibbiyot muassasasidan boshqa budjet tashkilotiga va (yoki) tibbiyot muassasasiga oʻtkazilganida, har oylik pul kompensatsiyasini toʻlash belgilangan muddat tugagunga qadar davom ettiriladi;

oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi tegishliligi boʻyicha olis va chekka hududda joylashgan budjet tashkiloti va (yoki) tibbiyot muassasasidagi faoliyatini 36 oygacha boʻlgan muddat ichida toʻxtatgan taqdirda, boshlangʻich yordam puli toʻliq hajmda budjetga qaytariladi, oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimining budjet tashkiloti va (yoki) tibbiyot muassasasidagi faoliyatini uning oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra (xodimning vafoti, nogironligi boʻlgan shaxs deb topilishi, budjet tashkilotining faoliyati toʻxtatilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 106-moddasida belgilangan holatlar) toʻxtatishi bundan mustasno.

3. Olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimiga boshlangʻich yordam puli toʻlash sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. 2021-yil 1-martdan boshlab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinsin. Bunda:

bir maʼmuriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;

boshqa maʼmuriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar toʻlansin.

5. Belgilansinki:

taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglar jalb qilinadi;

taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan shakllantiriladi hamda har yili 1-sentabrga qadar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham toʻlanadi.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi tegishli budjet tashkilotining hududiy moliya organiga bergan soʻroviga asosan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi uchun talab qilinadigan mablagʻlar tegishli budjet tashkilotining xarajatlar smetasida nazarda tutiladi. Bunda, oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimining ishga qabul qilinishi joriy moliya yilida roʻy bergan holatda, budjet tashkilotining xarajatlar smetasiga belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritiladi.

7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlariga “Olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli mutaxassislar va (yoki) tibbiyot xodimlari” mezoni kiritilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlari va (yoki) tibbiyot muassasalarida oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimiga boʻlgan ehtiyoj boʻyicha boʻsh ish oʻrinlari yuzasidan maʼlumotlarni har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-kuniga qadar rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borsin;

joylarda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni chekka hududlarda joylashgan, oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj mavjud boʻlgan budjet tashkilotlariga ishga jalb etish, shuningdek, yosh mutaxassislarga faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin;

joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlari va (yoki) tibbiyot muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga va (yoki) tibbiyot xodimlariga tegishli hududlardagi zaxira yerlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalari ajratilishini nazoratga olsin.

9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha kiritilsin.

10. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

mazkur qarorda nazarda tutilgan boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasini soliq toʻlovchining jami daromadiga kiritilmaydigan daromadlar etib belgilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

11. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) mazkur qarorning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish, ijrochilarga yetkazish va belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarini tashkil qilsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 11-yanvar,

PQ-4940-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-son qaroriga 1-ILOVA

Olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimiga boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasini toʻlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-son qaroriga 2-ILOVA

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha

3-ilova quyidagi mazmundagi 22-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.