“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” Strategiyasiga muvofiq hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qoʻllash, raqamli maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini va ularning yuqori sifatini taʼminlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
a) quyidagi asosiy ustuvor yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi 2021-2022-yillarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻrganish va joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq:
sunʼiy intellektni qoʻllashning asosiy yoʻnalishlari va tamoyillarini, shuningdek, yaqin va uzoq istiqbolda ushbu sohani kompleks shakllantirish uchun shart-sharoitlarni belgilovchi Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanishda yagona talablar, javobgarlik, xavfsizlik va shaffoflikni belgilovchi normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;
aholi manfaatlari yoʻlida davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, maʼlumotlarni qayta ishlashda davlat organlarining samaradorligini oshirish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish;
foydali texnologik yechimlarni ishlab chiqish boʻyicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish va ularni keyinchalik tijoratlashtirishni ragʻbatlantiruvchi sunʼiy intellekt sohasida innovatsion ishlanmalarning mahalliy ekotizimini yaratish;
sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllovchi dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilariga raqamli maʼlumotlardan foydalanish uchun sharoit yaratish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining tegishli maʼlumotlarini tezkor raqamlashtirishni taʼminlash;
sunʼiy intellekt sohasidagi ilmiy ishlar va ishlanmalarning investitsion jozibadorligini shakllantirish, shu jumladan tovarlarning (ish va xizmatlarning) ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish;
mahalliy korxonalar va mutaxassislarning sunʼiy intellekt sohasidagi axborot resurslari va bilimlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlash, shuningdek, zarur taʼlim muhitini rivojlantirish;
qoʻshma xalqaro tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, respublikamizning nufuzli reytinglar va indekslarda pozitsiyasini yaxshilash maqsadida sunʼiy intellekt va uni qoʻllash texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
b) quyidagi ustuvor tarmoqlar va sohalarda, shu jumladan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarini jalb qilgan holda Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha 2021-2022-yillarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq:
qishloq xoʻjaligi sohasida: yerni masofadan zondlash maʼlumotlari asosida tuproq va qishloq xoʻjaligi ekinlari holatini, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi, shu jumladan kombaynlar ishini monitoring qilish jarayonida sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzbekkosmos” agentligi (J. Xodjayev, Q. Yuldashev, Sh. Qodirov);
bank sohasida: tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish va ular tomonidan tartibga solish talablari (SubTech va RegTech) bajarilishini soddalashtirish, shuningdek, bank xizmatlari koʻrsatish sifatini tahlil qilish, foydalanuvchilarni masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) va kredit tavakkalchiliklarini baholash uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Markaziy bank, “Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ, AT “Aloqabank” (M. Nurmuratov, A. Mirsoatov, K. Irisbekova);
moliya sohasida: budjet xarajatlari, pensiya, ijtimoiy va sugʻurta toʻlovlari, shuningdek, nafaqa toʻlovlarini tahlil qilish va samaradorligini oshirish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Moliya vazirligi (T. Ishmetov);
soliq sohasida: yuridik shaxslarning soliq tushumlarini tahlil qilish, soliq toʻlovlaridagi tafovutlarni aniqlashda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev, D. Sultonov);
transport sohasida: lokomotivlarni boshqarish jarayonida ularning harakatini kuzatib borish va xavfli vaziyatlarda mashinistlarni ogohlantirishda, jamoat transporti harakatini tahlil qilish va ularning optimal yoʻnalishlarini aniqlashda, shuningdek, avtomobil harakatini va transportdagi tirbandliklarni monitoring qilishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ, Ichki ishlar vazirligi (I. Mahkamov, X. Xasilov, A. Joʻrayev, A. Ikramov);
energetika sohasida: energiya resurslarini ishlab chiqarish va ularning isteʼmolini prognoz qilishda, texnologik uskunalar ishini optimallashtirishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (A. Sultanov, U. Mustafoyev);
sogʻliqni saqlash sohasida: inson oʻpkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida koʻkrak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qoʻyish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev, A. Azizov);
farmatsevtika sohasida: bozorning dori vositalari va tibbiy buyumlariga boʻlgan ehtiyojlarini tahlil qilish va prognozlashtirishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Dori-Darmon” AK, Sogʻliqni saqlash vazirligi (S. Kariyev, U. Salixbayeva, A. Azizov);
elektron hukumat sohasida: elektron davlat va moliya xizmatlarini koʻrsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov).
2. Quyidagilarga:
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi PF-54-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2026-y., 06/26/54/0320-son)
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga (Sh. Sadikov) sunʼiy intellekt asosidagi dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy qilish uchun texnologik sharoitlarni yaratish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan tashkil qilingan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” Strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasiga (A.N. Aripov) (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtirish komissiyasi) Dasturni hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va qoʻllash bilan bogʻliq boshqa tashabbuslarni kompleks muvofiqlashtirish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
3. Muvofiqlashtirish komissiyasi (A.N. Aripov) yetakchi xorijiy mutaxassislar va kompaniyalarni jalb qilgan holda 2021-yil 1-dekabrga qadar yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Belgilansinki:
sunʼiy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan ushbu maqsadlar uchun alohida ochiladigan hisob raqami orqali amalga oshiriladi;
sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllovchi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni maqsadli moliyalashtirish Jamgʻarmaning mablagʻlari hisobidan Muvofiqlashtirish komissiyasi ishchi organining xulosasiga koʻra amalga oshiriladi;
Innovatsion rivojlanish vazirligi Muvofiqlashtirish komissiyasining xulosasiga koʻra, davlat ilmiy dasturlari boʻyicha ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun moʻljallangan Davlat budjeti mablagʻlari doirasida Jamgʻarmaga sunʼiy intellekt sohasida ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni hamda ushbu sohani rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga mablagʻlarni yoʻnaltirish huquqiga ega.
5. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi negizida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil qilinsin.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” Strategiyasini har tomonlama amalga oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish;
sunʼiy intellekt sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning ilmiy ekotizimini shakllantirish;
sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha innovatsion mahsulotlarni hamda ularning modellari, algoritmlari va dasturiy taʼminotini ishlab chiqish;
sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha yetakchi xorijiy innovatsion va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish.
6. Belgilansinki:
Institut yuridik shaxs maqomiga ega davlat ilmiy tashkiloti boʻlib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
2021-yil 1-martdan boshlab Institutning joriy faoliyati, bino va inshootlardan foydalanish, xodimlar mehnatiga haq toʻlash (ilmiy xodimlardan tashqari) boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi;
Davlat budjetining mazkur qaror doirasida Institut faoliyatini tashkil qilish bilan bogʻliq xarajatlari 2021-yilda birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi uchun ajratilgan budjet ajratmalari doirasida moliyalashtiriladi, 2022-yildan esa Davlat budjetining xarajatlar parametrlarida belgilangan tartibda nazarda tutiladi.
7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasida 15 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish departamenti tuzilsin.
Belgilansinki:
departament xodimlari soni mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq qayta tashkil qilinayotgan markazlarning shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, davlat organlari, tijorat banklari va yirik sanoat korxonalarining Sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma alyansni 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil qilish boʻyicha taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki:
Qoʻshma alyans sunʼiy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida joriy qilish boʻyicha ustuvor loyihalarni jadal va birgalikda amalga oshirish, ularni ishlab chiqish xarajatlarini optimallashtirish, ushbu sohadagi eng yaxshi tajribalarni davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida ommalashtirish maqsadida tashkil qilinadi;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoʻshma alyansning ishchi organi hisoblanadi.
9. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi 2021-yil 1-sentabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sunʼiy intellekt asosidagi dasturiy taʼminotda foydalanish uchun davlat va boshqa maʼlumotlar toʻplamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli maʼlumotlar platformasini yaratsin.
10. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Adliya vazirligi hamda Markaziy bank idoralararo ishchi guruhini tashkil qilsin va eng yaxshi xorijiy tajribalar asosida 2021-yil 1-iyunga qadar Vazirlar Mahkamasiga eksperimental innovatsion tadqiqotlar doirasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha maxsus huquqiy rejimni joriy qilishning aniq mexanizmlari toʻgʻrisida, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini sunʼiy intellekt texnologiyasi asosida transformatsiya qilishni moliyalashtirishga koʻmaklashish dasturini ishlab chiqish va joriy etish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini sunʼiy intellekt texnologiyasi asosida transformatsiya qilish natijasida ish joylarini saqlab qolish maqsadida xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga ketgan sarf-xarajatlarni subsidiyalash dasturini ishlab chiqish;
tadbirkorlik subyektlari uchun sunʼiy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va oʻz faoliyatida joriy qilish boʻyicha tadqiqotlar va ishlanmalarni (R&D) ragʻbatlantiruvchi choralar koʻrish.
11. Muvofiqlashtirish komissiyaning 2021-yilda sunʼiy intellekt sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun ochiq shaklda taqdim etiladigan davlat maʼlumotlarini yaratiladigan platformada 4-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Sunʼiy intellekt uchun davlat maʼlumotlarini shakllantirishga masʼul tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari oʻziga taalluqli qismlarda maʼlumotlarni oʻz vaqtida joylashtirish, shuningdek, ularning toʻliqligi, dolzarbligi hamda ishonchliligi yuzasidan shaxsan javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida qayta ishlash uchun taqdim etiladigan raqamli davlat maʼlumotlari toʻplamlariga kirish imkoniyatini tashkil qilish hamda ularning sifati ustidan tizimli nazoratni taʼminlasin.
12. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda sunʼiy intellekt va katta hajmdagi maʼlumotlar sohasidagi xalqaro standartlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat standartlari sifatida qabul qilish boʻyicha ishlar jadvalini tasdiqlasin.
13. Quyidagilar:
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab grant asosida “Sunʼiy intellekt” yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich boshlanadigan oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliy qoʻllash boʻyicha oʻquv kurslari va fanlarini joriy qilish koʻzda tutilgan oliy taʼlim muassasalar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab 5 va 6-ilovalarda koʻrsatilgan har bir oliy taʼlim muassasasiga kamida bir nafar yetakchi xorijiy ekspert va olimni sunʼiy intellekt va uni qoʻllash texnologiyalari sohasida oʻqitishda ishtirok etish uchun jalb qilsin.
Belgilansinki, xorijiy ekspertlar va olimlarni oliy taʼlim muassasalariga jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
14. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi 2021-yildan boshlab sunʼiy intellekt sohasida stajyor-tadqiqotchilar hamda tayanch doktoranturada tahsil olish uchun har yili 5 kishilik kvotani maqsadli ajratishni koʻzda tutsin.
15. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt” doktorantura ixtisosligini tashkil qilishni koʻzda tutsin.
16. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, AT “Aloqabank”, “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan “Sber” guruhi (Rossiya) bilan birgalikda sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq qilish sohasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ishlari olib borilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov, O. Pekos), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov, A. Nazarov), AT “Aloqabank” (K. Irisbekova), “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (A. Mirsoatov) iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, “Sber” guruhi (Rossiya) bilan xorijiy ilgʻor tajriba hamda eng yaxshi tajribalar asosida sunʼiy intellekt texnologiyalari va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalari boʻyicha hamkorlikni faollashtirish choralarini koʻrsin, shu jumladan:
bir oy muddatda pilot loyihalarini tezkorlik bilan va samarali amalga oshirish, mahalliy mutaxassislarni oʻqitishni tashkil qilish, shuningdek, mazkur qarorda belgilab berilgan boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik qilish boʻyicha birgalikda “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
sunʼiy intellektni rivojlantirish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida, shuningdek, ushbu sohada normativ-huquqiy bazani tayyorlashda maslahatchi sifatida qatnashish uchun “Sber” guruhining (Rossiya) yetakchi mutaxassislari va ekspertlari jalb qilinishini taʼminlasin.
17. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mohiyati va ahamiyati haqida chiqishlar va tematik telekoʻrsatuvlar tashkil qilsin.
18. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikovlar zimmasiga mazkur qarorning bajarilishini samarali tashkil qilish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.
Mazkur qarorning 2, 3 va 4-ilovalarida koʻrsatilgan vazirlik, idora va tashkilotlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda yigirma kun muddatda yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “manzilli yoʻl xaritalari” (chora-tadbirlar dasturlari)ni tasdiqlasin.
Muvofiqlashtirish komissiyasi (A.N. Aripov) mazkur qarorning bajarilishini har chorakda muhokama qilish, masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishni taʼminlasin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari R.A. Gulyamov, A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-fevral,
PQ-4996-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qaroriga 1-ILOVA
2021-2022-yillarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻrganish va joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi
Izohlar:
1. Ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqib birlashtirilishi mumkin.
2. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda ushbu bandlar uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qaroriga 2-ILOVA
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha 2021-2022-yillarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalar
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-apreldagi PQ-208-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 07/22/208/0311-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qaroriga 3-ILOVA
Sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma alyans
* ajratilayotgan mablagʻlarning summalariga amaldagi xarajatlardan kelib chiqib aniqlik kiritiladi.
Ajratilayotgan mablagʻlar mazkur tashkilotlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilishga bevosita ushbu tashkilotlar tomonidan yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qaroriga 4-ILOVA
Sunʼiy intellekt sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun ochiq shaklda taqdim etiladigan davlat maʼlumotlari
Izohlar:
* maʼlumotlar sunʼiy intellekt sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda foydalanish uchun raqamli maʼlumotlar platformasiga joylashtiriladi hamda real vaqt rejimida, shuningdek, qonun hujjatlari talablariga muvofiq shaxsiy identifikatsiyasiz shaklda yangilanadi;
** 2021-yil 1-sentabrdan boshlab — Toshkent shahri, 2022-yil 1-yanvardan boshlab — bosqichma-bosqich boshqa hududlar uchun;
*** 2021-yil 1-sentabrdan boshlab — Toshkent shahri, 2022-yil 1-yanvardan boshlab — Nukus shahri va viloyat markazlari, 2023-yil 1-yanvardan boshlab — Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlari uchun.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qaroriga 5-ILOVA
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab grant asosida “Sunʼiy intellekt” yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich boshlanadigan oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar
Izoh: “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” Strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasiga mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
* Tegishli oliy taʼlim muassasalari magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari ustidan ilmiy rahbarlikni amalga oshiradi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qaroriga 6-ILOVA
Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliy qoʻllash boʻyicha oʻquv kurslari va fanlarini joriy qilish koʻzda tutilgan oliy taʼlim muassasalar
1. Andijon davlat tibbiyot instituti
2. Jizzax politexnika instituti
3. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
4. Fargʻona politexnika instituti
5. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti
6. Toshkent davlat transport universiteti
7. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti
8. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
10. Toshkent davlat yuridik universiteti
11. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
12. Toshkent davlat agrar universiteti
13. Toshkent tibbiyot akademiyasi
14. Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)
15. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi