PQ-5100-son Qaror · 30.04.2021

Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5100
  • Qabul qilingan sana:30.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:30.04.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5100/0397

Koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqaro aviatsiyasi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, sohada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, aviatsiya xizmatlarini yanada diversifikatsiya qilish, aholiga ularning narx va sifat jihatidan ommabopligini taʼminlash maqsadida:

1. 2021-2022-yillarda “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Moliya vazirligi, Transport vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar xalqaro aeroportlarning ijro etuvchi organi vakolatlarini, istisno tariqasida, shartnoma asosida “Uzbekistan Airports” AJga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJ va xalqaro aeroportlarning ijro etuvchi organlari oʻrtasida xalqaro aeroportlarni haq evaziga boshqarish toʻgʻrisidagi shartnomalarning tuzilishini va ichki hujjatlarga zarur oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin. Bunda, boshqaruvchining quyidagi asosiy vazifalari nazarda tutilsin:

aeroportlarni rivojlantirish yagona strategiyasi va korporativ siyosatni amalga oshirish, aeroportlar faoliyatiga metodologik rahbarlik qilish;

moliyaviy oqimlarni jamlash, pul mablagʻlaridan samarali foydalanish, tannarxni pasaytirish va sof foydani tasarruf etish hamda xaridlarni markazlashtirilgan holda amalga oshirish;

xalqaro aeroportlarning ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish tartibini (vakolatlar chegaralarini) “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan belgilash.

3. Belgilansinki, “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibidagi xalqaro aeroportlar 2021-yil 1-maydan 3 yil muddatga yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻining belgilangan stavkasi 50 foizgacha kamaytiriladi.

4. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov) uch oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJ tarkibidagi xalqaro aeroportlar bilan davlat mulki hisoblangan aerodromlar infratuzilmasidan begʻaraz foydalanish toʻgʻrisida shartnomalar tuzsin. Bunda, shartnomalarda aerodrom infratuzilmasini saqlash, kapital va joriy taʼmirlash shartlari nazarda tutilsin.

Tasarruf etish huquqisiz berilgan mol-mulk aeroport aktivlaridan ajratilgan holda, balansdan tashqari aks ettirilishi hamda mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha soliq bazasiga kiritilmasligi, shuningdek, amortizatsiya ajratmalari hisoblanmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Aeroportlarning aerodrom komplekslarini qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari Davlat budjeti hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, ushbu ishlarga sarflangan “Uzbekistan Airports” AJning mablagʻlari Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilinishi belgilansin.

5. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Uzbekistan Airways” AJga ajratilgan 40 mln AQSH dollari miqdoridagi foizsiz budjet ssudasi mablagʻlarining 2022-yil 10-maydan boshlab qaytarilishini koʻzda tutgan holda, uni qaytarish muddatini 2024-yil 10-fevralga qadar uzaytirsin.

6. “Oʻzmilliybank” AJ (A.K. Mirsoatov), Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (Sh.A. Vafayev) bir oy muddatda “Uzbekistan airways” AJning mos ravishda 895 mlrd soʻm va 77,73 mln AQSH dollariga teng boʻlgan kreditlarni qoplash grafiklarini, 2021 — 2023-yil uchun qarzdorlik (asosiy qarz va foiz) toʻlovlarini toʻxtatgan holda, qayta koʻrib chiqsin.

Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) qarorning mazkur bandi talablaridan kelib chiqib, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan kredit majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va “Oʻzmilliybank” AJga berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin.

7. “Uzbekistan Airways” AJ (I.R. Maxkamov) 3-ilovaga muvofiq havo kemalarini oʻrnatilgan tartibda ochiq savdolar orqali sohada bevosita faoliyat yuritayotgan korxonalarga sotish choralarini koʻrsin.

8. Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning aerovokzal, temir yoʻl va avtobus vokzallarida (keyingi oʻrinlarda — vokzallar) yoʻlovchi hamda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy talablar asosida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, kirib-chiqishni soddalashtirish, zarur sharoitlar yaratish hamda vokzallar va ularga tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

vokzallar binolariga tashrif buyuruvchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda kirib-chiqishlariga ruxsat berish;

vokzallar va ularga tegishli hududlarda umumiy ovqatlanish joylarini tashkil etish, chakana savdo hamda xizmat koʻrsatish faoliyatini tashkil etishga ruxsat berish tartibini soddalashtirish;

xalqaro aeroportlar hududida barcha turdagi yoʻlovchi avtotransport vositalariga aeroportlarning estakadasidan foydalanishga ruxsat berish;

vokzallarning asosiy tekshiruv punktlarini kirish joylaridagi birlamchi nazorat-tekshiruv postlari bilan birlashtirish.

Davlat xavfsizlik xizmati (A.A. Azizov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Milliy gvardiya (R.M. Djurayev), Transport vazirligi (I.R. Maxkamov):

uch oy muddatda mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tarkibda Respublika komissiyasini tuzgan holda, vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni taʼminlash tartiblarini ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni taʼminlashning zamonaviy texnik nazorat vositalari (transport va shaxsni aniqlash vositalari) va usullari bilan toʻliq taʼminlab borish choralarini koʻrsin.

Davlat xavfsizlik xizmati (A.A. Azizov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Davlat bojxona qoʻmitasi (M.B. Azimov) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda xalqaro aeroportlarda rekonstruksiya qilish hisobiga aviatsiya xavfsizligi xizmati, chegara, bojxona va boshqa qoʻriqlanuvchi hududlardagi oʻzgarishlarni inobatga olib, talab etiladigan shtat birliklariga oʻrnatilgan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritib borsin.

9. “Uzbekistan Airways” AJ (I.R. Maxkamov) Davlat bojxona qoʻmitasi (M.B. Azimov) va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda uch oy muddatda Toshkent shahri, Sergeli tumani, Uchuvchilar shaharchasida joylashgan “Uzbekistan Airways Technics” MCHJ hududida (maydoni 39 ga) erkin bojxona zonasini tashkil etsin.

Belgilab qoʻyilsinki, erkin bojxona zonasida:

xalqaro huquqiy va texnik meʼyorlarga muvofiq barcha xorijiy havo kemalari va ularning alohida agregatlarini taʼmirlash uchun zarur boʻlgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin almashtiriladi;

mahalliy aviakompaniyalarning havo kemalarini hamda ularning qism va agregatlarini taʼmirlashga zarur boʻlgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi chegarasidan chiqmagan holda xarid qilinib, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan holda foydalaniladi;

ushbu bojxona zonasiga chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda istisno tariqasida, sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab etilmaydi;

taʼmirlash maqsadida erkin bojxona zonasiga olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) kirib-chiqishida bojxona nazorati ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirmagan holda amalga oshiriladi.

Transport vazirligi (I.R. Maxkamov), Davlat bojxona qoʻmitasi (M.B. Azimov), Davlat soliq qoʻmitasi (Sh.D. Kudbiyev), Markaziy bank (M.B. Nurmuratov) bilan birgalikda uch oy muddatda erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Transport vazirligining Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC) bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabini (keyingi oʻrinlarda — Maktab) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Maktabda taʼlim faoliyati 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi hamda dastlab qoʻshma taʼlim dasturlari (double degree) asosida “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” bakalavr taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash tashkil etiladi;

Maktabda talabalar oʻqishi uchun toʻlov-kontrakt miqdori Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan kelishilgan holda Toshkent davlat transport universiteti tomonidan belgilanadi;

Maktab bitiruvchilariga Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabining belgilangan namunadagi diplomi beriladi va u Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladi.

11. “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibiga kiruvchi aeroportlar:

oʻz ehtiyojlari uchun maxsus texnologik uskunalar, maxsus transport va axborot-kommunikatsiya mahsulotlarini yetkazib berish haqidagi import kontraktlarini “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan oʻtkazgan hamda kontrakt tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirgan holda, ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yoʻli bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuzishga;

fuqaro aviatsiyasi obyektlarida ish tajribasiga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi hududida “Uzbekistan Airports” AJ tarkibidagi xalqaro aeroportlar va “Oʻzaeronavigatsiya markazi” DUK tomonidan chet el aviakompaniyalariga xizmat koʻrsatish (eksport) bilan bogʻliq operatsiyalarni, narxlarni xorijiy valyutada belgilagan holda, shuningdek, tashqi savdo shartnomalar tuzmasdan va ular boʻyicha maʼlumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.

13. Davlat soliq qoʻmitasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur koʻchasi, 79-uyda joylashgan Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasining bino va inshootlari baholangan qiymatda “Uzbekistan Airports” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga jamiyatga berilishini taʼminlasin.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-oktabrdagi PF-234-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2022-y., 06/22/234/0935-son)

14. Transport vazirligi (I.R. Maxkamov):

“Uzbekistan Airports” AJ (R.F. Djurayeva), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev) bilan birgalikda ikki oy muddatda 2030-yilgacha moʻljallangan aerodrom komplekslarini rivojlantirish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, transport vaziri I.R. Maxkamov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini har oy muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 30-aprel,

PQ-5100-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga1-ILOVA

“Uzbekistan Airways” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga2-ILOVA

“Uzbekistan Airports” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga3-ILOVA

“Uzbekistan Airways” AJning sotuvga taklif qilinayotgan havo kemalari va trenajyor majmuasi

Izoh: Il-76 TD samolyotlari 2022-yil 1-iyulga qadar sotilmagan taqdirda, belgilangan tartibda roʻyxatdan chiqariladi va utilizatsiya qilinadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.