Mamlakatimizda pensionerlarni ijtimoiy koʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, qariyalar va keksa yoshdagilarga har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish, fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish va sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda davlat pensiyalarini tayinlashda 30 turdagi hujjat talab etiladi hamda ularni taqdim etishga masʼul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va maʼlumotlar bazalari mavjud emasligi qogʻoz shaklida ish yuritishdan voz kechish va hujjatlarni yigʻish jarayonini raqamlashtirishga toʻsqinlik qilib kelmoqda.
Davlat pensiyalarini hisoblash uchun zarur maʼlumotlar elektron bazasini shakllantirish, ushbu jarayonni soddalashtirish, fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, mazkur yoʻnalishda sogʻlom raqobat muhiti va zamonaviy standartlarni joriy etish maqsadida:
1. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Pensiya jamgʻarmasi) tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlar (keyingi oʻrinlarda — pensiya va boshqa toʻlovlar)ni toʻlash AT “Xalq banki” tomonidan amalga oshiriladi. Bunda AT “Xalq banki” bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq unga pensiya toʻlovlarini naqd pulda mahalla fuqarolar yigʻinlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi;
(1-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
AT “Xalq banki” tomonidan pensiya va boshqa toʻlovlarni mahalla fuqarolar yigʻini binosi yoki fuqaroning yashash manziliga yetkazib berish shartlaridan kelib chiqib, xizmat haqi pensiya va boshqa toʻlovlar toʻlanadigan (yetkazib beriladigan) summaning 1 foizi miqdorida boʻlishi mumkin. Bunda pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish bilan bogʻliq xarajatlar Pensiya jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan toʻlab beriladi.
(1-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
(1-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-iyuldagi PQ-323-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2022-y., 07/22/323/0647-son)
davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda pensiyaga chiqish huquqi paydo boʻlgan vaqtda ishlamaydigan fuqarolar uchun mehnat staji hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlariga murojaat qilish orqali “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga (keyingi oʻrinlarda — YAMMT IDAK) kiritish xizmati joriy etiladi;
(1-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-maydagi PQ-194-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2025-y., 07/25/194/0479-son)
davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Pensiya jamgʻarmasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida olinadi;
(1-band “b” kichik bandining uchunchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-maydagi PQ-194-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2025-y., 07/25/194/0479-son)
davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.
2. Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat pensiya taʼminoti borasida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga muvofiqlashtirish, fuqarolarga pensiya va boshqa toʻlovlarni tayinlashda yuzaga keladigan ortiqcha toʻlovlarning oldini olish hamda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishini taʼminlash maqsadida Pensiya jamgʻarmasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlarining namunaviy tuzilmalari 2, 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Pensiya jamgʻarmasiga vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadning yigirma foizini Pensiya jamgʻarmasi xodimlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirish huquqi berilsin.
4. Moliya vazirligi , Qurilish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari binolari uchun minimal talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.I. Norqulov) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Pensiya jamgʻarmasi hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlarini fuqarolar uchun qulay sharoitlarga ega boʻlgan bino va inshootlarga koʻchirish;
2022-yil 1-iyulga qadar qariyalar va keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatishga moslashtirilgan Pensiya jamgʻarmasining binolari boʻyicha minimal talablarga asosan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan har bir hududda bittadan Pensiya jamgʻarmasining mavjud binolari negizida “Namunali Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi”ni tashkil etsin;
2024-yilga qadar bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari binolarini minimal talablarga moslashtirsin.
6. Belgilansinki, Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) boʻlimlari faoliyatini saqlash va moliyalashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlari hisobidan amalga oshiriladi.
7. Moliya vazirligi:
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2021-yil davomida Markaziy bank, tegishli masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2022 — 2024-yillarda hududlarda pensiyalar va nafaqalarni toʻlash boʻyicha tijorat banklari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar oʻrtasida tender oʻtkazish choralarini koʻrsin;
2022-yil 1-yanvardan boshlab Davlat budjeti parametrlarida mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni koʻzda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qaror maqsadi va vazifalari ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri D.A. Kuchkarov, moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-may,
PQ-5102-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-son qaroriga 1-ILOVA
Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-iyuldagi PQ-323-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2022-y., 07/22/323/0647-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-son qaroriga 2-ILOVA
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 46 nafar, ishlab chiqarish xodimlari — 6 nafar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-son qaroriga 3-ILOVA
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining
Hududiy boshqarma xodimlarining cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari — 14-15 nafar.
ishlab chiqarish xodimlari — 3 — 9 nafar.
Hududiy boshqarmalar xodimlarining umumiy cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari — 210 nafar.
ishlab chiqarish xodimlari — 87 nafar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-son qaroriga 4-ILOVA
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimlarining
Tuman (shahar) boʻlimi xodimlarining cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari — 2 — 9 nafar.
ishlab chiqarish xodimlari — 1 — 29 nafar.
Tuman (shahar) boʻlimlari xodimlarining umumiy cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari — 819 nafar.
ishlab chiqarish xodimlari — 2 027 nafar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarni koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-308-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisidagi “budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining kamida toʻrt yarim baravari miqdorida” soʻzlari “yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1252-son qarorida:
a) 1-bandda:
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishincha uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 2-bandning beshinchi xatboshisidagi “mehnat haqi shartlari” soʻzlaridan keyin “(koʻp yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama bundan mustasno)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 2 — 4-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni toʻlash mexanizmini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2753-son qarori 3-bandidagi “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati” soʻzlari “AT “Xalq banki” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomning 21-bandi “v” kichik bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4555-son qarori 7-bandi va unga 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4699-son qaroriga 5-ilovaning 2.3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
7. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-yanvardagi 2-son qarori bilan tasdiqlangan Faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi toʻrtinchi xatboshisi va 13-bandidan “ishlamayotgan” soʻzi chiqarib tashlansin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-fevraldagi 30-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Jamgʻarma hamda uning hududiy boshqarmalari yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, shuningdek tegishli muhr va shtamplarga ega boʻladi.
Jamgʻarmaning tuman (shahar) boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, shuningdek tegishli muhr va shtamplarga ega boʻladi”;
b) 7-bandda:
yettinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
sakkizinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
v) 8-bandda:
“a” kichik bandning ikkinchi va yettinchi xatboshilaridagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“v” kichik bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni hisoblab chiqish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiradi, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish yuklatilgan tijorat banklari filiallari orqali pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar toʻlash yuzasidan topshiriqlarni rasmiylashtiradi va beradi”;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“tashkilotlarning ishlaydigan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda qoʻshimcha dam olish kuni uchun toʻlov, Chernobil halokati oqibatida zarar koʻrgan fuqarolarga kompensatsiya toʻlovlarini va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlarga xarajatlarini moliyalashtiradi”;
g) 9-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 10-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“10. Jamgʻarma daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
a) ijtimoiy soliq:
belgilangan miqdorlardagi ijtimoiy soliq tushumlari;
jismoniy shaxslar ayrim toifalarining ijtimoiy soliq tushumlari;
b) boshqa toʻlovlar:
boquvchisini yoʻqotgan taqdirda, shuningdek mehnatda mayib boʻlganlik yoki xodim mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarni toʻlashga xarajatlarni toʻlash uchun regressiv talablar (daʼvolar) boʻyicha ish beruvchilar va fuqarolardan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq undiriladigan mablagʻlarning 85 foizi;
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq muddatidan oldin tayinlangan yoshga doir pensiyalarni toʻlash xarajatlarini qoplash uchun oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari;
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni toʻlash xarajatlarini qoplash hisobiga oʻtkaziladigan yuridik shaxslar mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olingan daromadning 80 foizi;
hisoblangan jarimalar summasining bir qismi hamda ijtimoiy soliq va boshqa toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun penyalar (qonun hujjatlariga muvofiq davlat soliq xizmati organlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnik taʼminlash maxsus jamgʻarmasiga hamda Jamgʻarma xodimlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga undiriladigan summalardan tashqari);
yuridik shaxs tugatilganda, qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkati), fermer va dehqon xoʻjaligi qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda mayib boʻlgan, kasb kasalligiga chalingan yoki sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilgan xodimga yetkazilgan zararni qoplash uchun toʻlanadigan summalar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va ixtiyoriy badallar”;
e) 11-banddagi “Majburiy” soʻzi “Ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
j) 12-bandda:
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilardagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“har chorakda Jamgʻarmaga yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va dehqon xoʻjaliklari aʼzolari tomonidan toʻlangan ijtimoiy soliq miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilishini taʼminlaydi”;
z) 13-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
i) 14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“14. Jamgʻarma mablagʻlari:
fuqarolarga davlat pensiyalarining barcha turlari;
18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda qoʻshimcha dam olish kuni uchun toʻlovlar;
qonun hujjatlariga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan boshqa xarajatlar uchun sarflanadi.
Boshqa xarajatlar boʻyicha Jamgʻarma smetasi Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi”;
k) 15-banddagi “Ishlamaydigan va ishlaydigan fuqarolarga” soʻzlari “Fuqarolarga” soʻzi bilan almashtirilsin;
l) 16-banddan “ishlamaydigan va ishlaydigan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
m) 18-bandning ikkinchi xatboshisidagi “ishlaydigan pensionerlarga pensiyalar, dafn marosimi uchun nafaqalar, 16 yoshgacha boʻlgan nogiron” soʻzlari “18 yoshgacha nogironligi boʻlgan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
n) 23-bandning ikkinchi xatboshisidagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
o) 26-bandning beshinchi xatboshisidagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
p) 33-bandda:
oltinchi xatboshi “ozod qiladi” soʻzlaridan keyin “hamda ularning rotatsiyasini amalga oshiradi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ijro etuvchi direktor boʻlmagan vaqtda uning vazifalari taqsimotiga asosan direktorning oʻrinbosarlari tomonidan bajariladi”;
toʻqqizinchi xatboshi oʻninchi xatboshi deb hisoblansin;
r) 34-bandda:
uchinchi xatboshidagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olingan daromadning 20 foizi”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
s) 38-banddagi “majburiy” soʻzi “ijtimoiy soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin.