PF-6221-son Farmon · 05.05.2021

Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6221
  • Qabul qilingan sana:05.05.2021
  • Kuchga kirgan sana:06.05.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/21/6221/0428

Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek, jamoatchilik tomonidan tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish yuzasidan bildirilgan takliflarni inobatga olib:

1. Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirish uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yana qoʻshimcha 10 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev):

Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari ehtiyojidan kelib chiqib, ularning yangilangan shtat normativlarini tasdiqlasin;

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, 2021-yil 1-avgustga qadar oʻrta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtai nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yoʻnalishlarini kengaytirish, lavozimlarini, shuningdek, oʻquv dasturlari va rejalarini toʻliq qayta koʻrib chiqqan holda, oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirsin hamda uni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab toʻliq joriy qilsin.

2. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining ehtiyoj mavjud boʻlgan ogʻir sharoitli tuman (shahar)lar tibbiyot birlashmalari rahbarlari lavozimlariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ularning filiallari, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari, ular huzuridagi klinikalarning malakali rahbar xodimlari va mutaxassislarini shartnoma asosida muayyan muddatga jalb qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ushbu rahbar xodimlar va mutaxassislarga asosiy ish joyidagi oʻrtacha oylik ish haqi miqdorini saqlagan holda, ular jalb qilingan tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidagi oylik ish haqini toʻliq toʻlab berilishini, ushbu xarajatlar hamda ularning uy-joy ijarasi toʻlovlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan qoplab berilishini taʼminlasin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-maydagi PF-136-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 06/22/136/0425-son)

4. 2021-yil 1-iyuldan boshlab hamshiralik ishi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritilsin.

Hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshirishga oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun oʻrnatilgan tartib bilan bir qatorda quyidagi talablar belgilansin:

hamshiralik ishi faoliyatini faqat oʻrta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022-yil 1-yanvardan boshlab roʻyxatdan oʻtgan shaxslar amalga oshirishi;

tibbiy muolajalar mazkur Farmonning 1-bandi toʻrtinchi xatboshisiga muvofiq oʻrta tibbiyot xodimlari maqomini oshirishdan kelib chiqib bajarilishi;

hamshiralik ishi faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs belgilangan muddatlarda oʻz malakasini oshirib borishi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda oʻrta tibbiyot xodimlari tomonidan oʻzini oʻzi band qilgan holda hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.

5. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari boʻyicha qabul kvotasini ikki baravarga oshirsin.

Bunda, quyidagilarni nazarda tutuvchi klinik ordinaturada oʻqitishning yangi tizimi joriy etilsin:

a) klinik ordinatura oʻquv davrining ikkinchi yili hududlardagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari filiallarida, viloyat bolalar va kattalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi filiallarida oʻtkaziladi, shuningdek, maʼlum bir qismi ish joyida davom ettiriladi;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan:

hududga zarur boʻlgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun tegishli mahalliy budjetdan yetarli miqdorda grant ajratiladi hamda mazkur grant asosida taʼlim olgan bitiruvchilarga tegishli hududga borib, uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi;

hududga faoliyat yuritish uchun yuborilgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarning yashash xarajatlari mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

6. 2021-yil 1-iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga quyidagi faoliyat turlari bilan shugʻullanishga ruxsat berilsin:

maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan “mobil tibbiyot” xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish;

nodavlat tibbiyot tashkilotining oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiy punkt”larini tashkil etish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mazkur bandda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni amaliyotga toʻliq joriy etish maqsadida nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun zarur sharoitlar yaratsin, ular oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borsin.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda joriy etsin. Bunda:

ehtiyojmand oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanishi;

imtiyozli toifadagi shaxslar uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davolanadigan kasalliklar roʻyxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalarini Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanishi;

imtiyozli toifadagi shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi, turi va kasalliklar roʻyxatidan tashqari koʻrsatiladigan tibbiy va boshqa yordamlar qoʻshimcha hisoblanishi hamda ular tomonidan belgilangan tartibda haq toʻlanishi nazarda tutilsin.

Moliya vazirligi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bepul davolanishga orderlar berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun budjet parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan 2021-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligiga qoʻshimcha 80 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.

8. Sogʻliqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Jamgʻarmani moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat budjeti mablagʻlari;

Sogʻliqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari;

davlat sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladigan ajratmalar;

xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablagʻlari;

qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining soʻroviga asosan 2021-yilda Jamgʻarmaga 50 milliard soʻmgacha miqdorda mablagʻ ajratsin, 2022-yildan boshlab esa zarur mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutsin.

Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan Ishchi guruhining qaroriga asosan hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan ularni moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlarini amalga oshirish, shuningdek, tibbiyot xodimlarini nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborish, yetakchi xorijiy mutaxassislarni davlat tibbiyot muassasalari faoliyatiga jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.

(8-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi PQ-5254-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2021-y., 07/21/5254/0933-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislarni tegishli mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan yashash joyi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

9. Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (keyingi oʻrinlarda — Palata) 2021-yil 1-iyuldan unga Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan oʻtkazish Respublika markazini qoʻshib olish yoʻli bilan qayta tashkil etilsin hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimiga oʻtkazilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Palata Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan oʻtkazish Respublika markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan oʻtkazish Respublika markazining mablagʻlari, mulki, shu jumladan bino va inshootlari, avtotransport vositalari, uskuna, texnika va inventarlari Palataga oʻtkaziladi;

Palata rahbariga, zarur hollarda, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan shartnoma asosida mutaxassislar jalb qilish huquqi beriladi;

Palata va uning hududiy boʻlinmalari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan saqlanadigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 110 ta etib belgilanadi.

10. Palataga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalarini berish;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining oʻz malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishini taʼminlash;

attestatsiyadan oʻtkazish va malaka toifalari berish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali uning shaffofligini taʼminlash.

11. Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. 2021-yil 1-iyundan boshlab tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini roʻyxatdan oʻtkazish natijalari Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xorijiy tashkilotlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

3-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlarning talablariga asosan sertifikatlangan tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmaydi hamda oʻrnatilgan tartibda oʻn besh ish kunidan kechiktirmay roʻyxatdan oʻtkaziladi;

standart talablarga muvofiqligi 3-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlar tomonidan berilgan sertifikatlar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi tasdiqlangandan soʻng tibbiy buyumlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi.

(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF-137-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 06/25/137/0777-son)

Davlat bojxona qoʻmitasi (M.B. Azimov) Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Oʻzstandart” agentligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini ortiqcha toʻsiqlarga yoʻl qoʻymasdan respublika hududiga olib kirish ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

13. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur Farmonning 3 va 7-bandlari 26 ta tuman (shahar)larda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6110-son Farmonida, Sirdaryo viloyatida esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4890-son qarorida belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda qoʻllanilishi mumkin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 5-ilovaga muvofiq 2021-yil 1-iyundan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov hamda sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari A.A. Azizov “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash, zarur boʻlganda, qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va kiritish, shuningdek, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ahvoli va amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritish yuzasidan bevosita masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari B.A. Musayev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev, sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, uning oʻrinbosarlari A.Sh. Inoyatov, U.Yu. Sobirov, E.I. Basitxanova, A.A. Azizov, A.V. Alimov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

19. Ushbu Farmonning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 5-may,

PF-6221-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoniga 1-ILOVA

Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh:

Ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Mutaxassislar ishga joylashtiriladigan tibbiyot tashkilotlarining joylashgan hududidan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari Ishchi guruhi tarkibiga jalb qilinadi.

(1-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoniga 2-ILOVA

Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoniga 3-ILOVA

2021-yil 1-iyundan boshlab tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini roʻyxatdan oʻtkazish natijalari Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xorijiy tashkilotlar

1. Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA), AQSH.

2. Yevropa muvofiqligi (SE) sertifikatini berishga vakolatli organlar, Yevropa Ittifoqi.

(3-pozitsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)

4. Farmatsevtika va tibbiy buyumlar agentligi (PMDA), Yaponiya.

5. Oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligi vazirligi (MFDS), Koreya Respublikasi.

6. Dori vositalari va tibbiy buyumlar nazorati agentligi (MNRA), Buyuk Britaniya.

Izoh: I sinfga mansub tibbiy jihozlar muvofiqlik deklaratsiyasi asosida tan olish yoʻli bilan davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoniga asosan izoh bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoniga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan 1-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-son Farmoni 1-ilovaning 12-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6110-son Farmonida:

a) 3-band quyidagi tahrirdagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining rahbarlariga, zarur hollarda xarajatlar smetasida koʻzda tutilgan mablagʻlarni budjet tasnifining xarajatlar guruhlari oʻrtasida mustaqil qayta taqsimlash vakolati beriladi”;

sakkizinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishincha toʻqqizinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) 6-bandning uchinchi xatboshisidan “tibbiyot oliy taʼlim tashkilotini oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va” soʻzlari chiqarib tashlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6208-son Farmonining 4-bandi chiqarib tashlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi PQ-2863-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun taqiqlangan, aholining hayoti, sogʻligi va sanitariya-epidemiologik xotirjamligi uchun yuqori darajadagi xavf-xatar bilan bogʻliq tibbiy faoliyatning ayrim turlari roʻyxatining 2-bandidan “teri-tanosil” soʻzlari chiqarib tashlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi “Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4007-son qarorida:

a) 5-bandi “a” kichik bandida:

uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“oliy tibbiyot taʼlim muassasalari hisobvaraqlarida jamlanadigan pullik oʻqish kontraktlari boʻyicha tushumlar, shuningdek, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi hamda uning hududiy boʻlinmalarining pullik tushumlari miqdorining 5 foizi;

toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

beshinchi xatboshisida “20 foizi” soʻzlaridan keyin “shuningdek, tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun undiriladigan yigʻimlar”soʻzlari bilan toʻldirilsin;

b) 6-band “a” kichik bandida:

oltinchi xatboshida “xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish” soʻzlari “mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda konsalting tashkilotlarini jalb qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

yettinchi xatboshida “oliy” soʻzidan keyin “va oʻrta” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4742-son qaroriga ilova quyidagi mazmundagi 68-band bilan toʻldirilsin:

“68. Hamshiralik ishi.”.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4847-son qarorida:

a) 4-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Sogʻliqni saqlash vaziriga, zarur hollarda, Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati, uning hududiy organlari, shuningdek, idoraviy tashkilotlarining tuzilmalariga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni hamda davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin”;

b) 6-bandning sakkizinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

v) 7-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “2020-yil 1-noyabrdan” soʻzlari “2021-yil 1-iyundan” soʻzlari bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4890-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomning 28-bandida “2 yildan 5 yilgacha — 0,1, 5 yildan 10 yilgacha — 0,2, 10 yildan 15 yilgacha — 0,3, 15 yildan 20 yilgacha — 0,4, 20 yildan 25 yilgacha — 0,5, 25 yildan yuqori — 0,6” soʻzlari “1 yildan 3 yilgacha — 0,3, 3 yildan 5 yilgacha — 0,6, 5 yildan 10 yilgacha — 0,8, 10 yildan 15 yilgacha — 1,0, 15 yildan 20 yilgacha — 1,2, 20 yildan yuqori — 1,5” soʻzlari bilan almashtirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi “Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4940-son qarorida:

a) 1-bandning uchinchi xatboshisidan “tibbiy oliy taʼlim tashkilotini oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va” soʻzlari chiqarib tashlansin;

b) 2-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“mazkur qarorda nazarda tutilgan boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi hamda uy-joy sharoitini yaxshilash boʻyicha imtiyozlardan olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda taʼlim muassasalariga ishga qabul qilingan oliy maʼlumotli boshqa hududda yashovchi shifokorlar va mutaxassislar, shuningdek, oliy taʼlim muassasasining bakalavriati yoki magistraturasini (taʼlim shaklidan qatʼi nazar — kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek, ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega”;

v) 7-band “mutaxassislar” soʻzidan keyin “va (yoki) tibbiyot xodimlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

12. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 213-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasi berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi:

a) quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“15 ish kuni — tan olish yoʻli bilan roʻyxatdan oʻtkaziladigan tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlari”;

ikkinchi — oʻninchi xatboshilar tegishincha uchinchi-oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan qayta malakalangan dori vositalari va “in vitro” tashxis tibbiy buyumlari, tan olish yoʻli bilan roʻyxatdan oʻtkaziladigan tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini roʻyxatdan oʻtkazishda laboratoriya sinovlari oʻtkazilmaydi”.

13. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ilovaning 22-pozitsiyasi “Toifalarning nomlanishi” ustuni “mutaxassislar” soʻzidan keyin “va (yoki) tibbiyot xodimlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

14. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-noyabrdagi 917-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradigan davlat maqsadli jamgʻarmalarining roʻyxati quyidagi mazmundagi 19-band bilan toʻldirilsin:

“19. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi”.

15. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-avgustdagi “Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 461-sonli qarorining 9 va 10-bandlari chiqarib tashlansin.

16. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 523-son qarorida:

a) 5-bandning ikkinchi xatboshisi “respublika bolalar tibbiyot muassasalari” soʻzlaridan keyin “va hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

b) 6-band quyidagi tahrirdagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“laboratoriya, radiologiya, nuklear tibbiyot va gemodializ xizmatlarini ijara hamda autsorsing mexanizmlarini qoʻllash orqali tajribali nodavlat tibbiyot tashkilotlariga berish”;

uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;

v) 10-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“respublika bolalar tibbiyot muassasalari va hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari tomonidan beriladigan yoʻllanmalarga (orderlarga) asosan tabaqalashtirilgan tariflar asosida Markaz tomonidan koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar qiymatini qoplash uchun Davlat budjetidan mablagʻlar ajratilishi taʼminlasin”.

17. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga ajratilayotgan mablagʻlarning samaradorligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 583-son qarorida:

a) 2-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyundan eʼtiboran:

vrachlarga 15 million soʻm, boshqaruv va oʻrta tibbiyot xodimlariga 10 million soʻm, provizor-farmatsevt xodimlarga 6 million soʻm, dezinfektor va kichik tibbiyot xodimlariga 4 million soʻm va boshqa xodimlarga 2,5 million soʻm miqdorida maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlari (daromad soligʻidan tashqari) kunlik tarzda ishlash sharoitiga oʻtkazilgan holda har 30 kunlik davr uchun kuniga 8 soatdan kam boʻlmagan ish yuklamasini inobatga olgan holda bir oyda bir marotaba toʻlanadi;”

b) 3-bandning toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

v) 7-band chiqarib tashlansin;

g) 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati hududiy boshqarmalari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish davrida tibbiyot muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi va Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi, shu jumladan, jalb qilingan xodimlarga maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlarining toʻgʻri va toʻliq toʻlanishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin”;

d) 1-ilovada:

a) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Xodimlarga maxsus toʻlovlar (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi bilan birga), shuningdek, ulardan toʻlanadigan ijtimoiy soliq 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan (keyin oʻrinlarda — Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi) va 2021-yilda Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi”;

b) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Xodimlarga ish hajmidan kelib chiqib, kunbay ishlash sharoitiga oʻtkazilgan holda har 30 kunlik davr uchun ish yuklamasini inobatga olgan holda har oylik ish faoliyati yakuni boʻyicha quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus toʻlov belgilanadi:

vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 15 million soʻm;

boshqaruv va oʻrta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 10 million soʻm;

provizor-farmatsevt xodimlarga — 6 million soʻm;

dezinfektor va kichik tibbiyot xodimlariga — 4 million soʻm;

boshqa xodimlarga — 2,5 million soʻm.

v) 6-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Xodim tomonidan 30 kun davomida bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib ish soatlariga nisbatan mutanosib ravishda, biroq tegishli lavozimlardan kelib chiqib koʻpi bilan 2,5 million soʻm, 4 million soʻm, 6 million soʻm, 10 million soʻm va 15 million soʻm miqdorida toʻlanadi”.

18. Ushbu ilovaning:

7, 10, 15 va 17-bandlari 2021-yil 1-iyundan;

8-bandi 2021-yil 1-iyuldan boshlab amalga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoniga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2021-yil 1-iyundan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim hujjatlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi PQ-4652-son “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-iyuldagi “Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 446-son qarori.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.