Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv organlarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash hamda koʻp kvartirali uy-joylarning umumiy mol-mulkini saqlash, undan samarali foydalanish va uni taʼmirlash, ularga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish ishlarining izchil amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining 2022-yil 1-iyulga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1-ilovaga muvofiq koʻp kvartirali uy-joylar joylashgan hududlarini ochiq tanlov oʻtkazish yoʻli bilan boshqaruvchi tashkilotlarga biriktirish (keyingi oʻrinlarda — biriktirilgan hudud) yuzasidan loyihani amalga oshirish (keyingi oʻrinlarda — loyiha) toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki, loyiha doirasida biriktirilgan hududda:
a) tanlangan boshqaruvchi tashkilotga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
shartnomalarga asosan barcha koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish, shuningdek, yakka tartibda qurilgan uylarga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar tashkilotlarga (obyektlarga) kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatlarini koʻrsatish;
tegishli hokimlik bilan tuzilgan shartnomaga asosan hududni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish;
24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatini tashkil etish;
b) barcha davlat buyurtmachilariga tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan biriktirilgan hududda istisno tariqasida tanlov oʻtkazmasdan kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish ruxsat etiladi;
v) yakka tartibda qurilgan uylar mulkdorlari, xususiy tashkilotlar vakillari tomonidan tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma ixtiyoriy ravishda tuziladi;
g) boshqaruvchi tashkilotga biriktirilgan hududda muhandislik tarmoqlari hamda kommunikatsiyalarini qurish va oʻzgartirish ishlari boshqaruvchi tashkilotga maʼlum qilgan holda amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
2022 — 2025-yillarda koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash boʻyicha reja koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
2022 — 2023-yillarda koʻp kvartirali uy-joylarning tutash hududlarini obodonlashtirish boʻyicha reja koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
respublika boʻyicha ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan va maʼnan eskirgan koʻp kvartirali uy-joylarni instrumental oʻrganish va renovatsiya qilish boʻyicha reja koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) 2021-yil 1-iyuldan boshlab uy-joy mulkdorlarining shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqaruvchi, bevosita boshqaruvchi (keyingi oʻrinlarda — boshqaruvchilar) tomonidan har bir koʻp kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki toʻlovlarning alohida hisobi yuritilishi shart;
b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish mazkur uy-joylarni taʼmirlash ishlari umumiy smeta qiymati doirasida amalga oshiriladi, bunda:
2023-yil uchun Moliya vazirligi tomonidan respublika budjetidan 156,4 milliard soʻm ajratiladi;
2024-yil 1-yanvardan boshlab mablagʻlarning:
50 foizi mulkdorlar hisobidan qoplanadi;
(4-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
(4-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son)
50 foizi mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.
(4-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
5. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq shakllantiriladigan roʻyxatdagi uy-joylarni taʼmirlash umumiy smeta qiymatining 30 foizini koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari hisobidan jamgʻarib borilishini tashkil etsin.
6. Moliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Maxsus hisobvaragʻiga yoʻnaltirish uchun koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga joriy yilda 100 milliard soʻm ajratsin.
Belgilansinki, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari koʻp kvartirali uy-joylarni taʼmirlash ishlari uchun ajratilayotgan mablagʻlarning samarali va manzilli ishlatilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-avgustdagi PQ-346-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 07/22/346/0709-son)
b) boshqaruvchilar bir yilda bir marta koʻp kvartirali uy-joylardagi tayanch va toʻsiq konstruksiyalar (umumiy mol-mulk) butligini xatlovdan oʻtkazadi va Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga maʼlumot kiritib boradi;
(7-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)
v) koʻp kvartirali uyni boshqarish bilan bogʻliq amalga oshirilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar hamda ularning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boshqarish organi tomonidan har chorakda chorak yakunlangan davrdan keyingi oyning oʻninchi sanasiga qadar “Mening uyim” billing tizimiga kiritib boriladi hamda yil yakuni bilan ushbu maʼlumotlar asosida avtomatik ravishda yillik hisobotlar shakllantiriladi;
(7-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
g) quruvchi tashkilot qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni jalb qiladi hamda birinchi ikki yilga koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi. Bunda:
(7-band “g” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
quruvchi tomonidan mazkur koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining ikki yillik kafolat muddati taʼminlanadi;
(7-band “g” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
quruvchi koʻp kvartirali uydagi joyni sotib olish istagida boʻlgan shaxslarni tanlangan boshqaruv usulidan xabardor qilishi va uy-joyni oldi-sotdi shartnomasi bilan bir vaqtda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzilishini tashkillashtirishi lozim;
koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari oʻzgarishi natijasida umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash uchun umumiy xarajatlarda ishtirok etish boʻyicha majburiyatlar yangi mulkdorga oʻtadi;
birinchi ikki yil ichida koʻp kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni ellik foizdan oshgan taqdirda mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yigʻilishning qaroriga muvofiq koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi.
(7-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil 4-avgustdagi PQ-346-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 07/22/346/0709-son)
(7-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-avgustdagi PQ-346-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 07/22/346/0709-son)
(7-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2023-y., 07/23/278/0647-son)
(7-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2023-y., 07/23/278/0647-son)
(7-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
i) koʻp kvartirali uy-joydagi umumiy mol-mulkning ayrim qismlarini boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan taqdirda mulk huquqining vujudga kelishini va boshqa shaxsga oʻtishini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazishga asos boʻladi;
k) quyidagi masalalar boʻyicha umumiy yigʻilishning qarori, agar uni yoqlab uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80 foizidan koʻprogʻi ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi:
koʻp kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi obyektlarni qurish;
mulkdorlar amal qilishi majburiy boʻlgan koʻp kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash.
(7-band “k” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2023-y., 07/23/278/0647-son)
8. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2021-yil 1-avgustga qadar loyiha doirasida biriktirilgan hududlar, 2022-yil 1-yanvarga qadar esa butun respublika hududlarida koʻp kvartirali uy-joyga xizmat koʻrsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimini joriy qilsin;
2021-yil 1-oktabrga qadar koʻp kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestrini shakllantirsin va ishga tushirsin.
9. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Qurilish vazirligining Uy-joy fondi inspeksiyasiga quyidagi vakolatlarni berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
koʻp kvartirali uy-joydagi mulkdor tomonidan olib borilayotgan qayta qurish va qayta rejalashtirish ishlari holatini nazorat qilish maqsadida, ushbu uy-joy mulkdorlari va (yoki) boshqaruvchilardan kelib tushgan murojaatga asosan mazkur ishlarni olib borayotgan mulkdorni oldindan xabardor qilgan holda unga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar yoki noturar joyga boshqaruvchi bilan birga kirish;
uy-joy mulkdorlarining murojaatlariga asosan umumiy yigʻilishlarning oʻtkazilishini va hisobotlarning mulkdorlarga oʻz muddatlarida berib borilishini oʻrganish.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohada nazorat qilish inspeksiyasi qurilishi tugallanib, foydalanishga topshirilgan koʻp kvartirali uy-joy obyektlarini (yakka tartibdagi uy-joylar va hududiy inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtmaydigan obyektlar bundan mustasno) va unga tutash hududlarni hamda koʻp kvartirali uy-joylardagi muhandislik uskunalarining rekonstruksiya qilingan tizimlarini oʻrganish davomida qurilish (rekonstruksiya) loyihasidan chetga chiqish holatlari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar yoki ushbu obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonida yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarliklar yuzasidan aybdor shaxslar harakati (harakatsizligi)ga huquqiy baho berish uchun tegishli materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga doimiy ravishda taqdim etib borsin.
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli tijorat banklari bilan birgalikda 2021-yil 1-iyuldan boshlab koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga oʻtgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida, besh yilgacha uzaytirish choralarini koʻrsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)
11. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga istisno tariqasida davlat xaridlari uchun oʻrnatilgan tartib-taomillarni oʻtkazmasdan sohani isloh qilish, shu jumladan billing tizimini ishlab chiqish, doimiy ekspluatatsiya qilish va rivojlantirib borish boʻyicha Kompleks ekspertiza qilish markazida ekspertizadan oʻtkazmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 06/22/140/0450-son)
13. Moliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va javobgar etib uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining oʻrinbosari N.T. Nazirov belgilansin.
Qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilish, ijro uchun masʼul organlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-iyun,
PQ-5152-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qaroriga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ochiq tanlov oʻtkazish yoʻli bilan boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladigan HUDUDLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qaroriga 2-ILOVA
2022 — 2025-yillarda koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash boʻyicha reja koʻrsatkichlari
* Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida aniqlik kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qaroriga 3-ILOVA
2022 — 2023-yillarda koʻp kvartirali uy-joylarning tutash hududlarini obodonlashtirish boʻyicha reja koʻrsatkichlari
* Mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasiga ajratiladi.
** Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida aniqlik kiritilishi mumkin.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qaroriga 4-ILOVA
Respublika boʻyicha ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan va maʼnan eskirgan koʻp kvartirali uy-joylarni instrumental oʻrganish va renovatsiya qilish boʻyicha reja koʻrsatkichlari
* Izoh: mazkur mablagʻlar koʻp kvartirali uy-joy joylashgan tuman (shahar) hokimiyatining mahalliy budjet va (yoki) uning qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qaroriga 5-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar
( 5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qaroriga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-fevraldagi “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3-son qarorining 8-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“koʻp xonadonli uy-joyni kapital taʼmirlash dasturlariga koʻp xonadonli uy-joy mulkdorlari tomonidan uy-joy binosini kapital taʼmirlash umumiy smeta qiymatining kamida 30 foizi hajmida moliyalashtirilgan uylar kiritiladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2900-son qarorida:
a) quyidagi mazmundagi 3-1-band bilan toʻldirilsin:
“3-1. Belgilansinki, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining buyrugʻiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda — 2 baravarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalarida — 1,5 baravarga, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimlarida — 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi”;
b) 8-ilovada:
7-band quyidagi mazmundagi oltinchi — oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan zaruriy texnika, mebel, aloqa vositalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika vositalari bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi xodimlarining xizmat safarlari, shu jumladan xorijiy xizmat safarlari;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
vazirlikning kommunal xarajatlari bilan bogʻliq toʻlovlarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga konsalting tashkilotlaridan va boshqa tashkilotlardan mutaxassislarni, jumladan mahalliy va xorijiy maslahatchilarni jalb qilish”;
oltinchi va yettinchi xatboshilar tegishincha oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-apreldagi “2017 — 2021-yillarda koʻp xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2922-son qarorida:
a) 6-bandning birinchi xatboshisidan “buxgalterlik hisobini yuritish,” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 8-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-maydagi “Koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi PQ-4732-son qarorida:
a) 2-band quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Elektron roʻyxatga kiritilmagan qurilish majmualarini reklama qilish taqiqlanadi”;
b) ilovaning 18-bandi oʻninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qurilish obyekti ekspluatatsiyasining kafolat muddati (ikki yildan kam boʻlmasligi lozim)”.