PQ-5150-son Qaror · 19.06.2021

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5150
  • Qabul qilingan sana:19.06.2021
  • Kuchga kirgan sana:19.06.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5150/0581

Oʻzbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilgʻor tajribalarini samarali qoʻllash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6199-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

a) moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida:

moddiy madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targʻib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

moddiy madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish, shu jumladan ularni davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish, sohani raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish, buyurtmachi funksiyasini bajarish, uzluksiz ravishda ilmiy-texnik nazorat qilish, tarixiy-madaniy ekspertiza va loyiha-smeta hujjatlarining tarixiy-madaniy qimmatga taʼsiri boʻyicha ekspertizasini amalga oshirish;

b) muzeylar sohasida:

milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini milliy muzey fondi tarkibiga kiritish, undan chiqarish, universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtkazish hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, rivojlantirish, muzey xodimlarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash, attestatsiyadan oʻtkazish, muzeylarning toifalarini belgilash, milliy muzey fondining ochiqligini taʼminlash va muzey ashyolari hamda muzey kolleksiyalarini oʻrganish, ommalashtirish, restavratsiya va asrashga doir ishlarni amalga oshirish;

v) alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar sohasida:

alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarni muhofaza qilish, ularning pasporti, boshqarish rejalari, rejimi, qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash, ushbu hududlar va tarixiy mahallalarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va oʻziga xosligini saqlab qolish;

tarixiy joylarni Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritishga tavsiya etish, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiya talablari, YUNESKO, Umumjahon merosi markazi, Umumjahon merosi qoʻmitasi tavsiyalarining mamlakat hududida bajarilishini nazorat qilish;

g) arxeologiya sohasida:

arxeologiya tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, muvofiqlashtirish, nazorat qilish, arxeologiya tadqiqoti uchun ruxsatnoma berish, ilmiy hisobotni ekspertizadan oʻtkazish va uning saqlanishini taʼminlash;

Arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya ashyolarining davlatga topshirilishini tashkil qilish hamda fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirib qoʻyish va tasarrufdan chiqarish;

arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, halokat yoqasidagi arxeologiya obyektlarida zudlik bilan tadqiqot oʻtkazilishini taʼminlash, arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash, muzeylashtirish hamda arxeologiya parklarini yaratish;

d) mamlakatimiz va xorijdagi madaniy boyliklar sohasida:

madaniy boyliklarni muhofaza qilish, shu jumladan ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi va uning hududiga olib kirilishi boʻyicha sertifikat berish va realizatsiya qilishni muvofiqlashtirish, madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazish, ularning toifasini aniqlash, davlat reyestrini yuritish, sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni aniqlash, ularning toʻliq maʼlumotlar bazasini yaratish, muntazam yangilab borish hamda asl yoki koʻchirma nusxalari, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish;

ilmiy oʻrganish asosida olingan ilmiy maʼlumotlar va ularning tahliliy natijalariga oid bibliografik toʻplamlar, kataloglar, kitob-albomlar, axborot byulletenlari va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etish, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng yoritish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

3. Belgilansinki, Agentlik:

moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi;

oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

sohaga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik yoki qonun buzilishlarini bartaraf qilish haqida tegishlicha yozma ravishda ogohlantirishlar va ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;

qonunbuzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishiladi. Bunda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) boʻyicha loyihalar Agentlik tomonidan YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya orqali YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishiladi;

moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining davlat reyestri Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

davlat koʻchmas mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi;

moddiy madaniy meros obyektiga yetkazilayotgan zarar haqidagi holat boʻyicha xabardor boʻlgan paytdan boshlab davlat nazoratining dastlabki natijalari 24 soat ichida Agentlik rasmiy sayti orqali jamoatchilikka maʼlum qilinishi shart;

asrashga doir ishlarni rejalashtirish va amalga oshirishning barcha bosqichlarini ilmiy-texnik tadqiq etish uchun har bir obyektning oʻziga xosligi va holatidan kelib chiqib, Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari tuziladi, asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlarida guruh aʼzolari mehnatiga haq toʻlash nazarda tutiladi;

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlari manzilli roʻyxati Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari va Agentlikning Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosalari asosida Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri tomonidan tasdiqlanadi;

asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari va Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosalariga asosan Agentlik tomonidan berilgan ruxsatnoma boʻlishi shart, ushbu qoidaga rioya qilmagan holda berilgan ruxsatnoma haqiqiy hisoblanmaydi;

Ilmiy-ekspert kengashi va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari aʼzolariga davlat sud ekspertlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi. Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi Agentlik uchun majburiy hisoblanadi.

5. Quyidagilar:

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 65 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 145 nafar etib belgilansin.

Belgilansinki, Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarning tuzilmalariga qoʻshimcha 30 ta shtat birligi davlat muzeylari xodimlari sonini maqbullashtirish hisobiga ajratiladi.

Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A. Abduhakimov manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat muzeylari xodimlari sonining maqbullashtirilishini inobatga olib, davlat muzeylarining namunaviy shtatlar jadvalining belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

6. Turizm va sport vaziriga:

Agentlikning markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, Agentlik tizimidagi boshqa tashkilotlarning tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

hududiy boshqarmalar tuzilmalari va nizomlarini tasdiqlash, shuningdek, ularda boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash huquqi berilsin.

7. Belgilansinki:

Agentlik direktorining maqomi mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra turizm va sport vazirining birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari turizm va sport vazirining taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Agentlik xodimi sifatidagi ish staji boshqa davlat organlariga, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarga ishga oʻtish chogʻida navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olish, shuningdek, harbiy va maxsus unvonlar uchun ustamalar hamda uzoq muddatli xizmat uchun qoʻshimcha haqlar hisoblash uchun ish stajiga qoʻshib hisoblanadi;

moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni rejalashtirish, amalga oshirish, muvofiqlashtirish va ilmiy-texnik nazorat qilish 3-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.

8. Agentlikning budjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat muzey-qoʻriqxonalariga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 90 foiz miqdori;

davlat mulki boʻlgan boshqa tashkilotlarga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish va chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 50 foiz miqdori;

muzey-qoʻriqxonalarda chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 50 foiz miqdori va davlat muzeylarida chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 10 foiz miqdori;

madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazish, realizatsiya qilish uchun davlat xizmati koʻrsatish, olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat, Milliy muzey fondining davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish hamda uning tarkibidan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini chiqarish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini davlat kadastriga kiritish va chiqarish, tarixiy-madaniy hududning pasportini koʻrib chiqish va tasdiqlash, aholi punktlari bosh rejalarining loyihalarini koʻrib chiqish va ularga xulosa berish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlar uchun ruxsatnoma va litsenziya berish, ilmiy-texnik nazorat qilish, shuningdek, tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining tegishli ekspertizalari, restavrator-ustalarga malaka sertifikati berish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xoʻjalik ishlarini oʻtkazishga oid loyihalar, merosga boʻlgan taʼsirini baholash hisobotlarini koʻrib chiqish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganligi hamda nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganligi uchun toʻlanadigan jarimalar, shuningdek, davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha mablagʻlar;

vakolatli organlar tomonidan Agentlik, uning tizimidagi tashkilotlar va davlat muzeylari, muzey-qoʻriqxonalari faoliyatini, shuningdek, moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishni tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan noqonuniy sarflangan budjet mablagʻlarining, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalarining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladigan qismi;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

9. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:

moddiy madaniy meros obyektlarini, shu jumladan arxeologiya merosi obyektlari, madaniy boyliklar hamda muzey ashyolari va kolleksiyalarini muhofaza qilish, konservatsiyalash, restavratsiya qilish, tuzatish, taʼmirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, shuningdek, ular bilan bogʻliq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish;

moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini, arxeologiya ashyolari, milliy muzey fondining davlat kataloglari va pasportlarini yuritish, muzeylar faoliyati va arxeologiya tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, targʻibot va ommalashtirish ishlarini tashkil etish;

alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar va tarixiy mahallalarni muhofaza qilish;

Agentlik va hududiy boshqarmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish va raqamlashtirish, sohada huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga samarali qarshi kurashish boʻyicha ishlarni tashkil etish;

ekspertlarni, jumladan xorijiy mutaxassislar, Ilmiy-ekspert kengashi, Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari aʼzolari mehnatiga haq toʻlash, jamoatchi inspektorlar, Agentlik va hududiy boshqarmalarning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, Agentlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etish;

qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan Agentlik faoliyati bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun sarflanadi.

Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

10. Quyidagilar:

2021-2022-yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va sohani raqamlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

2021-2022-yillarda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish, ularning raqamlashtirilgan pasporti va katalogini ishlab chiqishning maqsadli koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash va raqamlashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari 6-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish maqsadli koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar 2021-yilda Jamgʻarma va madaniy meros obyektlarini asrash uchun ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, 2022-2023-yillarda Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutiladi.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Agentlik, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi bilan birgalikda har yil yakunida oʻz hududlarida joylashgan moddiy madaniy meros obyektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, asrash va ulardan oqilona foydalanish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining but saqlanishi holati haqida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot berib borsin.

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)

Vazirlar Mahkamasi har chorakda mazkur qaror bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi” va maqsadli koʻrsatkichlarning toʻliq bajarilishini tanqidiy tahlil qilib, Agentlik, tegishli vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari faoliyatiga baho berib borsin.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq moddiy madaniy meros obyektlari va muzeylar sohasidagi davlat xizmatlari 8-ilovaga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab elektron shaklda koʻrsatiladi. Bunda, ushbu roʻyxatga kiritilgan davlat xizmatlarini koʻrsatishda:

Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki arizachining oʻzi bevosita Agentlikning tegishli tuzilmasiga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Arizachining oʻzi bevosita murojaat qilganda uning murojaati Agentlik xodimi tomonidan maxsus elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazilishi shart;

davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni elektron shaklda amalga oshirish orqali kvitansiya talab qilish bekor qilinadi;

Agentlik masʼul xodimlari va fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassislar, ekspertlar tomonidan tegishli koʻchmas mulk va koʻchar ashyolar shaxsan ekspertizadan oʻtkaziladi;

ekspertiza oʻtkaziladigan manzil, vaqt va maʼlumot uchun telefon raqamlari hamda davlat xizmati koʻrsatish natijasi haqida SMS yuborish orqali arizachi xabardor qilinadi;

davlat xizmatini koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish orqali beriladi.

13. Belgilansinki, moddiy madaniy meros obyektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish obyektlari (keyingi oʻrinlarda — namoyish obyektlari):

roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6199-son Farmoni bilan tuzilgan Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadi;

roʻyxatiga kiritilgan namoyish obyektlariga kirish-chiqish joylarida 2021-yil 1-oktabrga qadar elektron turniketlar yoki tashrif buyuruvchilarni avtomatik hisobga olishga moʻljallangan boshqa moslamalar “Raqamlashtirish va avtomatlashtirish markazi” DUK tomonidan, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida oʻrnatilishi hamda ular tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilinishi shart.

2022-yil 1-yanvardan boshlab namoyish obyektlari roʻyxatiga kiritilgan namoyish obyektlarida chiptalar savdosini tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qoʻllash tartibini buzish deb baholanadi.

14. Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduxakimov) ikki oy muddatda:

tizimga integratsiya qilinishi lozim boʻlgan namoyish obyektlari roʻyxatini shakllantirsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxatning eʼlon qilinishini taʼminlasin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4068-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-oktabr va 2022-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 19-iyun,

PQ-5150-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 1-ILOVA

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining tashkiliy tuzilmasi

Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengash Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi, I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston zamonaviy sanʼati muzeyi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari tarixi va madaniyati davlat muzeylari, Termiz arxeologiya muzeyi, Angren shahar tarixi muzeyi, Chirchiq shahar tarixi muzeyi, Olmaliq shahar oʻlkashunoslik muzeyi, Oqqoʻrgʻon tumani tarix-oʻlkashunoslik muzey-memoriali “Buxoro”, “Shahrisabz”, “Samarqand”, “Termiz”, “Qoʻqon”, “Ichan-qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniy meros boshqarmalari Yangiyoʻl shahar Usmon Yusupov memorial uy-muzeyi, Abdulla Qahhor uy-muzeyi, Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi, Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi, Oybek uy-muzeyi, Sergey Borodin uy-muzeyi, Sergey Yesenin muzeyi, Tamaraxonim uy-muzeyi, Oʻrol Tansiqboyev uy-muzeyi, Yunus Rajabiy uy-muzeyi, Abdulla Qodiriy uy-muzeyi, Abdulla Qodiriy memorial muzeyi Samarqand arxeologiya instituti (“Arxeologik topilmalar fondi” noyob ilmiy obyekti bilan) Registon ansamblini taʼmirlash va undan foydalanish direksiyasi, “Oʻzbek — Turkman doʻstlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasi” direksiyasi, Abu Muin Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasi “Moziydan sado” jurnali tahririyati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 2-ILOVA

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi markaziy apparatiningTUZILMASI

Agentlik direktori Ilmiy-ekspert kengashi 11 Direktorning birinchi oʻrinbosari Direktor oʻrinbosari — Bosh meʼmor Direktor oʻrinbosari Bosh arxeolog — boshqarma boshligʻi 1 Muzeylarni rivojlantirish, yodgorliklarni muzeylashtirish va Milliy muzey fondi davlat katalogini yuritish boshqarmasi 5 Madaniy merosni asrashga doir ishlarni litsenziyalash, ruxsatnoma berish, ilmiy-texnik nazorat qilish boshqarmasi 5 Obyektlardan foydalanish, raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish boshqarmasi 4 Arxeologiya tadqiqlarini muvofiqlashtirish va Arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish boshqarmasi 4 Olib chiqiladigan va olib kiriladigan madaniy boyliklarni nazorat qilish boshqarmasi 6 Asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlarini tarixiy-madaniy qimmatga taʼsiri boʻyicha ekspertiza qilish boʻlimi 3 Madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobi va kadastrini yuritish boshqarmasi 5 Direktorning matbuot kotibi — axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi 1 Madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazish boʻlimi 3 Alohida muhofaza qilinadigan va Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarni himoya qilish boʻlimi 3 Madaniy merosni asrashga doir ishlarni rejalashtirish va tashkil qilish boʻlimi 3 Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni ilmiy-tadqiq etish boshqarmasi 5 Madaniy boyliklarni muhofaza va realizatsiya qilish boʻlimi 3 Iqtisodiy-tahlil, moliya va buxgalteriya boʻlimi 2 Yuridik boʻlim 3 Kadrlar, devonxona, murojaatlar bilan ishlash va ijro nazorati boʻlimi 3 Komplayens nazorat va ichki audit xizmati 2

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 65 nafar.

Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 3-ILOVA

Moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni rejalashtirish, amalga oshirish, muvofiqlashtirish va ilmiy-texnik nazorat qilish

Bosqichlar Subyektlar Chora-tadbirlar Bajarish muddati 1-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniy meros boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) 1. Hududiy boshqarmalarning Ilmiy-maslahat kengashi tomonidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini aniqlash boʻyicha ishchi guruh tuziladi. 2. Ishchi guruhi tomonidan asrashga doir ishlar amalga oshirilishi lozim boʻlgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha takliflar tayyorlanadi hamda hududiy boshqarmalarga taqdim etiladi. 3. Hududiy boshqarmalar va Ilmiy-maslahat kengashi bilan birgalikda maʼqullangan roʻyxat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishiladi. 4. Kelishilgan roʻyxatga kiritilgan har bir obyekt boʻyicha Ilmiy-texnik tadqiqot guruhi tarkibiga kiritiladigan nomzodlarni aniqlaydi. 5. Kelishilgan roʻyxat va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhi tarkibiga kiritiladigan nomzodlar boʻyicha takliflarni asoslovchi materiallar bilan birga Madaniy meros agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) taqdim etadi. Har yili15-aprel(2021-yilda15-iyul) 2-bosqich Agentlik 1. Roʻyxatni umumlashtiradi va dastlabki bosqichda koʻrib chiqadi. 2. Zarur hollarda: hududiy boshqarma bilan birgalikda roʻyxat va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi; Ilmiy-texnik tadqiqot guruhi tarkibiga qoʻshimcha nomzodlar boʻyicha vazirlik, idora, tashkilot va ilmiy muassasalarga soʻrovnomalar yuboradi. 3. Roʻyxat va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari tarkibini tasdiqlash uchun Agentlikning Ilmiy-ekspert kengashiga kiritadi. Har yili1-may(2021-yilda1-avgust) 3-bosqich Ilmiy-ekspert kengashi Roʻyxat va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari tarkibini koʻrib chiqadi, tasdiqlaydi yoki ayrimlarini tasdiqlashni asoslangan holda rad etadi hamda Agentlikka taqdim qiladi. Har yili15-may(2021-yilda15-avgust) 4-bosqich Agentlik 1. Ilmiy-texnik tadqiqot guruhi bilan fuqarolik shartnomasini tuzadi. 2. Ilmiy-texnik tadqiqot guruhini seminar, uslubiy va tegishli materiallar bilan taʼminlaydi. Zarur hollarda asbob-uskunalar bilan taʼminlaydi hamda ularga shart-sharoitlar yaratib beradi. Har yili1-iyun(2021-yilda20-avgust) 5-bosqich Ilmiy-texnik tadqiqot guruhi 1. Tegishli obyekt boʻyicha ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazadi, dastlabki nuqson dalolatnoma va texnik topshiriqlarni ishlab chiqadi. 2. Ilmiy-texnik tadqiqot natijalari, dastlabki nuqson dalolatnoma va texnik topshiriqlar, toʻplangan materiallar, xulosa va takliflarini Agentlikka taqdim qiladi. Bunda dastlabki taxminiy hisob-kitob ishlab chiqiladi. Har yili15-iyun(2021-yilda30-avgust) 6-bosqich Agentlik 1. Ilmiy-texnik tadqiqot natijalari, dastlabki nuqson dalolatnoma va texnik topshiriqlarni umumlashtiradi, zarur hollarda qoʻshimcha oʻrganish tashkil qiladi. 2. Asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan obyektlar manzilli roʻyxatini Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasiga kiritadi. Har yili1-iyul(2021-yilda10-sentabr) 7-bosqich Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi 1. Asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan obyektlarning manzilli roʻyxatini koʻrib chiqadi, zarur hollarda qoʻshimcha oʻrganish tashkil qiladi. 2. Koʻrib chiqish natijasini inobatga olib, Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziriga asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan obyektlar manzilli roʻyxatini tasdiqlash uchun kiritadi. 3. Tasdiqlangan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan obyektlarning manzilli roʻyxatini Agentlikka taqdim etadi. Zarur hollarda, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi xulosasiga koʻra tasdiqlangan manzilli roʻyxatga Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Har yili15-iyul(2021-yilda10-sentabr) 8-bosqich Agentlik 1. Turizm va sport vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli roʻyxatga kiritilgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishni kelgusi yilda moliyalashtirishni rejalashtirish choralari koʻriladi. 2. Keyingi yilda asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun xarajatlarni moliyalashtirish joriy yilga ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. 3. Loyiha tashkilotlari bilan asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma tuzadi. Har yili1-avgustdan boshlab, zarurat boʻlganda oldinroq boshlash mumkin 9-bosqich Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari Tegishli loyiha tashkilotlari bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqishda ishtirok etib, takliflarini beradi. Shartnomada koʻrsatilgan muddat davomida 10-bosqich Agentlik 1. Loyiha tashkilotlari tomonidan asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi, uning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi va Ilmiy-ekspert kengashining xulosasi olinishini tashkil qiladi. 2. Tegishli lizensiyaga ega boʻlgan pudrat tashkilotlari bilan asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma tuzadi. Har yilitegishli muddatlarda 11-bosqich Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari Pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan asrashga doir ishlarni doimiy va uzluksiz ravishda nazorat qilib boradi, har oy yakuni boʻyicha hisobot tuzadi. Shartnomada koʻrsatilgan muddat davomida 12-bosqich Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi Pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan asrashga doir ishlarni davriy ravishda nazorat qilib boradi. Reja boʻyicha 13-bosqich Agentlik 1. Agentlik buyurtmachi va sohada maxsus vakolatli davlat organi funksiyasidan kelib chiqib, asrashga doir ishlar ustidan nazorat oʻrnatadi. 2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, ilmiy-texnik tadqiqot guruhi, loyiha tashkilot va Agentlik xodimlaridan iborat komissiya tuzgan holda asrashga doir ishlar yakunlangan obyektni qabul qilib oladi. Shartnomada koʻrsatilgan muddatda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 4-ILOVA

2021-2022-yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va sohani raqamlashtirish boʻyicha

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 5-ILOVA

2021-2022-yillarda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish, ularning raqamlashtirilgan pasporti va katalogini ishlab chiqishning

T/r Hududlar nomi Obyektlar soni 2021-yil 2022-yil III chorak IV chorak I chorak II chorak III chorak IV chorak Respublika boʻyicha jami 8 210 930 1 120 1 398 1 570 1 824 1 368 shundan: 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 288 50 50 60 60 68 2. Andijon viloyati 422 50 60 80 100 100 32 3. Buxoro viloyati 829 100 150 150 170 200 59 4. Jizzax viloyati 427 50 60 80 100 100 37 5. Qashqadaryo viloyati 1 468 120 150 200 250 340 408 6. Navoiy viloyati 437 50 80 100 100 107 7. Namangan viloyati 274 50 50 50 50 50 24 8. Samarqand viloyati 1 607 120 170 260 300 350 407 9. Sirdaryo viloyati 78 30 30 18 10. Surxondaryo viloyati 561 60 60 60 100 140 141 11. Toshkent viloyati 828 100 100 150 150 164 164 12. Fargʻona viloyati 376 50 60 80 80 80 26 13. Xorazm viloyati 259 50 50 50 50 59 14. Toshkent shahar 356 50 50 60 60 66 70

Izoh. Obyektlar soni tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasini inobatga olib, oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 6-ILOVA

2021 — 2023-yillarda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash va raqamlashtirishning

T/r Hududlar nomi Obyektlar soni, ta 2021-yil 2022-yil 2023-yil III chorak IV chorak I chorak II chorak III chorak IV chorak I chorak II chorak III chorak IV chorak Respublika boʻyicha jami 8 210 322 550 700 930 970 990 1010 950 917 871 shundan: 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 288 20 30 30 30 30 40 40 40 28 2. Andijon viloyati 422 20 30 40 40 50 50 50 50 50 42 3. Buxoro viloyati 829 30 50 70 80 90 100 100 100 100 109 4. Jizzax viloyati 427 20 30 40 40 50 50 50 50 50 47 5. Qashqadaryo viloyati 1 468 30 80 100 200 200 200 200 150 150 158 6. Navoiy viloyati 437 20 30 40 40 50 50 50 50 50 57 7. Namangan viloyati 274 24 30 30 30 30 30 40 40 20 8. Samarqand viloyati 1 607 30 70 100 200 200 200 200 200 200 207 9. Sirdaryo viloyati 78 18 20 20 20 10. Surxondaryo viloyati 561 20 40 50 60 70 70 70 60 60 61 11. Toshkent viloyati 828 30 50 70 80 90 100 100 100 100 108 12. Fargʻona viloyati 376 20 30 40 40 40 40 40 40 40 46 13. Xorazm viloyati 259 20 30 30 30 30 30 30 30 29 14. Toshkent shahar 356 20 30 40 40 40 30 40 40 40 36

Izoh. Obyektlar soni tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasini inobatga olib, oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 7-ILOVA

2021 — 2023-yillarda davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish

T/r Muzey nomi Muzey ashyolari soni 2021-yil 2022-yil 2023-yil III chorak IV chorak I chorak II chorak III chorak IV chorak I chorak II chorak III chorak IV chorak Respublika boʻyicha jami 2 402 321 116 904 136 922 173 472 194 828 227 346 238 497 270 675 308 430 339 454 395 793 shundan: 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi 81 064 5 000 6 000 6 000 7 000 7 000 10 000 10 000 10 000 10 000 10 064 2. I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi 99 810 7 000 7 000 8 000 9 000 10 000 10 000 12 000 12 000 12 000 12 810 3. Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 152 455 12 000 12 000 15 000 15 000 15 000 16 000 16 000 17 000 17 000 17 455 4. “Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasi 134 335 10 000 10 000 11 000 12 000 13 000 14 000 15 000 16 000 16 000 17 335 5. Jizzax viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 26 505 1 000 1 500 2 000 2 500 3 000 3 000 3 000 3 000 3 550 3 955 6. Qashqadaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 39 111 3 911 3 911 3 911 3 911 3 911 3 911 3 911 3 911 3 911 3 912 7. “Shahrisabz” davlat muzey-qoʻriqxonasi 35 659 3 500 3 500 3 500 3 500 3 500 3 500 3 500 3 500 3 500 4 159 8. Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 25 897 2 500 2 500 2 500 2 500 2 500 2 500 2 500 2 500 2 500 3 397 9. Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 98 343 7 343 8 000 9 000 10 000 10 000 10 000 11 000 11 000 11 000 11 000 10. “Samarqand” davlat muzey-qoʻriqxonasi 238 739 8 000 10 000 12 000 14 739 18 000 26 000 32 000 38 000 40 000 40 000 11. “Termiz” davlat muzey-qoʻriqxonasi 61 917 3 500 3 500 4 000 4 000 5 917 7 000 8 000 8 000 8 000 10 000 12. Termiz arxeologiya muzeyi 107 800 5 000 6 800 8 000 9 000 9 500 9 500 13 000 15 000 16 000 16 000 13. Sirdaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 2 418 100 150 150 200 200 250 250 300 400 418 14. Toshkent viloyati Angren shahar tarixi muzeyi 32 422 1 500 1 500 2 000 2 000 2 500 3 500 4 000 4 000 5 422 6 000 15. Toshkent viloyati Chirchiq shahar tarixi muzeyi 34 845 1 500 2 000 3 000 3 000 3 500 3 500 3 500 4 845 5 000 5 000 16. Yangiyoʻl shahar Usmon Yusupov memorial uy-muzeyi 4 570 150 200 300 400 500 500 600 600 650 670 17. Olmaliq shahar oʻlkashunoslik muzeyi 13 682 500 682 700 800 1 000 1 000 1 000 2 000 3 000 3 000 18. Oqqoʻrgʻon tumani “Tarix-oʻlkashunoslik” muzey memoriali 4 018 500 500 500 500 1 000 1 018 19. Fargʻona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 84 965 3 000 3 000 4 000 5 000 6 000 8 000 9 965 12 000 16 000 18 000 20. “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonasi 47 815 2 000 2 000 3 000 3 000 4 000 4 000 5 000 6 815 8 000 10 000 21. “Ichan-qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi 55 601 2 000 2 000 3 000 4 000 5 000 6 000 7 000 7 000 9 601 10 000 22. Oʻzbekiston zamonaviy sanʼati muzeyi 777 777 23. Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi 364 809 8 000 10 000 20 000 30 000 40 000 40 000 50 000 55 000 50 809 61 000 24. Abdulla Qahhor uy-muzeyi 5 035 1 000 1 000 1 000 1 000 1 035 25. Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi 11 501 100 200 400 600 800 1 000 1 500 1 500 2 001 3 400 26. Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi 16 859 200 400 600 800 950 1 000 1 050 2 059 3 900 5 900 27. Oybek uy-muzeyi 10 718 200 300 400 600 600 800 1 000 1 000 2 000 3 818 28. Sergey Borodin uy-muzeyi 28 710 1 000 1 000 1 500 1 500 2 000 2 000 3 000 4 000 5 710 7 000 29. Sergey Yesenin muzeyi 3 005 500 500 1 000 1 005 30. Tamaraxonim uy-muzeyi 6 608 1 000 1 000 1 000 1 000 1 000 1 000 608 31. Oʻrol Tansiqboyev uy-muzeyi 4 046 1 000 1 000 1 000 1 046 32. Yunus Rajabiy uy-muzeyi 6 524 1 000 1 000 1 000 1 000 1 000 1 524 33. Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi 16 233 200 300 500 800 833 1 000 1 600 3 000 4 000 4 000 34. Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi 7 771 1 000 1 000 1 000 1 000 1 000 1 000 1 771 35. Olimpiya shon-shuhrat muzeyi 3 527 1 000 1 000 1 000 527 36. Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatura sanʼati muzeyi 1 002 500 502 37. Davlat geologiya muzeyi 50 000 2 000 2 000 2 000 3 000 3 000 4 000 6 000 8 000 10 000 10 000 38. Qurolli kuchlar tarixi davlat muzeyi 36 000 1 000 1 000 1 000 1 000 2 000 3 000 4 000 6 000 8 500 8 500 39. Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi 344 000 10 000 20 000 30 000 30 000 40 000 30 000 30 000 40 000 45 000 69 000 40. Toshkent tarixi muzeyi 1 000 500 500 41. Temuriylar tarixi davlat muzeyi 5 194 500 500 1 000 1 000 1 000 1 194 42. Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi 66 000 5 000 5 000 5 000 5 500 5 500 6 000 7 000 8 000 9 000 10 000 43. “Shon-sharaf” muzeyi 12 500 200 200 500 600 800 800 900 1 000 2 500 5 000 44. Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi 16 120 500 500 600 800 800 1 000 1 020 1 400 4 500 5 000 46. Sogʻliqni saqlash muzeyi 2 411 500 500 1 411

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga 8-ILOVA

2023-yil 1-yanvardan boshlab moddiy madaniy meros obyektlari va muzeylar sohasida elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari

1. Moddiy madaniy meros obyektini davlat kadastriga belgilangan tartibda kiritish.

2. Moddiy madaniy meros obyektini davlat kadastridan belgilangan tartibda chiqarish.

3. Moddiy madaniy meros obyektlarini tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish.

4. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlar uchun ruxsatnoma berish.

5. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalarga malaka sertifikati berish.

6. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xoʻjalik ishlarini oʻtkazishga oid loyihalarni koʻrib chiqish.

7. Alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, shu jumladan Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda bino va inshootlarni qurish yoki ularni buzish boʻyicha loyihalarni koʻrib chiqish.

8. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektidan foydalanish boʻyicha xulosa berish.

9. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektini tekin foydalanish uchun biriktirish boʻyicha xulosa berish.

10. Ushlab qolingan yoki musodara qilingan madaniy boyliklarni tegishli davlat organlaridan qabul qilib olish, ularni ekspertizadan oʻtkazish.

11. Madaniy boyliklarni realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish.

12. Olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan madaniy boyliklarni hisobga olish va olib chiqish huquqini beruvchi sertifikatlar berish.

13. Arxeologiya ashyosini Davlat katalogiga kiritish.

14. Arxeologiya ashyosini Davlat katalogidan chiqarish.

15. Arxeologiya ashyosi Davlat katalogiga kirgan yoki kirmaganligi haqida maʼlumot berish.

16. Milliy muzey fondi Davlat katalogi tarkibiga muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini belgilangan tartibda kiritish.

17. Milliy muzey fondi Davlat katalogi tarkibidan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini belgilangan tartibda chiqarish.

18. Milliy muzey fondi Davlat katalogi tarkibiga muzey ashyolari kirgan yoki kirmaganligi haqida maʼlumot berish.

19. Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish.

Izoh.

Ushbu roʻyxatda keltirilgan davlat xizmatlarini elektron shaklda koʻrsatishga 2023-yil 1-yanvarga qadar bosqichma bosqich oʻtiladi.

Tegishli litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich toʻliq elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Tegishli litsenziyalash, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar oʻrniga qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda xabarnoma berish tartibi joriy etiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.