Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish, buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Bobur Mirzo, Jaloliddin Manguberdilardan meros boʻlib qolgan kamondan otish anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, milliy sport turlarini koʻpaytirish, kamondan otish sport turi boʻyicha milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar kamondan otish sport turini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
professional sportchilar, malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash hamda ularni kasbiy rivojlantirish, oʻquv-mashgʻulotlar jarayoniga ilgʻor ilmiy-innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
ushbu sport turi bilan shugʻullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish hamda zamonaviy sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan taʼminlash, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan parakamondan otish sport turi bilan shugʻullanish uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning Paralimpiya va Paraosiyo oʻyinlari hamda xalqaro musobaqalar, turnirlar va jahon chempionatlarida doimiy va munosib ishtirokini taʼminlash;
respublika va xalqaro musobaqalar, turnirlarni hamda jahon chempionatlarini doimiy ravishda tashkil etish va oʻtkazish, mamlakatimizning reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash;
jahon standartlariga javob beradigan milliy va professional chet el brend kamonlari, oʻqlar, toʻsiqlar hamda sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini ishlab chiqarishni tashkil etish;
kamondan otishni milliy sport turi sifatida keng yoritish hamda targʻib qilish ishlarini tashkillashtirish, ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish.
2. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
har bir sport maktabida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan maktablarda) mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, kamondan otish seksiya va boʻlimlarini tashkil etish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
har bir olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan markazlarda) kamondan otish boʻlimlarini ochish;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kamondan otish taʼlim yoʻnalishini ochish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi bilan birgalikda:
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
2021-yil 1-dekabrga qadar bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlarini zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan taʼminlasin va ushbu maqsadlarga Turizm va sport vazirligiga hamda uning tizimidagi sport taʼlimi muassasalariga budjetdan 2021-yil uchun ajratilgan mablagʻlarning iqtisod qilingan qismidan zarur mablagʻlar yoʻnaltirsin;
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
bir oy muddatda kamondan otish sport turi boʻyicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda oshirish rejasini tasdiqlasin;
sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va boshqa sport taʼlim muassasalariga kamondan otish sport turi boʻyicha yetakchi xorijiy trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilsin hamda tegishli moliyaviy va tashkiliy masalalarni hal etsin.
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
3. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab kamondan otish sport turi boʻyicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning uch bosqichli tizimi joriy etilsin. Bunda:
birinchi bosqichda — taʼlim muassasalari, sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va boshqa sport taʼlim muassasalaridan saralangan sportchilar oʻrtasida tuman (shahar) musobaqalari (tuman/shahar hokimi kubogi);
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
ikkinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari gʻoliblari va sovrindorlari oʻrtasida hududiy musobaqalar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari kubogi);
uchinchi bosqichda — hududiy musobaqalar gʻoliblari va sovrindorlari oʻrtasida respublika musobaqalari oʻtkaziladi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning uch bosqichli tizimini tegishli hududlarda toʻliq joriy qilish yuzasidan shaxsan masʼul etib belgilansin.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
4. Sport vazirligi hamda Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining 2025-yildan boshlab:
har uch yilda bir marta anʼanaviy tarzda kamondan otish sport turi boʻyicha “Alpomish va Barchinoy” hamda ayollar oʻrtasida “Toʻmaris kubogi” xalqaro turnirlarini tashkil etish;
mamlakatimiz turistik salohiyatini yanada keng namoyon etish hamda ushbu sport turining ommaviyligini oshirish maqsadida har yili Buxoro, Qoʻqon, Samarqand va Xiva shaharlarida “Turizm va kamondan otish haftaligi”ni tashkil etish va uning doirasida sayyohlarni jalb qilgan holda kamondan otish boʻyicha sportchilar va sayyohlar oʻrtasida turnirlar, mahorat darslari hamda uchrashuvlar, turistik salohiyatni oshirishga xizmat qiluvchi sayillar oʻtkazish;
“Alpomish va Barchinoy” hamda “Toʻmaris kubogi” xalqaro turnirlarini Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Sport vazirligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-iyulga qadar ushbu bandda nazarda tutilgan xalqaro turnirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha reja-jadvalni tasdiqlasin;
xalqaro turnirlarda mahalliy kamonchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan jahonning kuchli kamonchilari, trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-maydagi PF-83-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2024-y., 06/24/83/0373-son)
5. 2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamondan otish sport turi boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan sport bazalarini (keyingi oʻrinlarda — sport bazalari) tashkil etish rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Belgilab qoʻyilsinki:
a) sport bazalariga metodik koʻmaklashish Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
b) sport bazalari, shu jumladan quyidagilardan iborat boʻladi:
umumiy jismoniy tayyorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik, oʻquv mashgʻulotlari va musobaqalarni oʻtkazish uchun ochiq turdagi sport maydoni va sport zali;
tomoshabinlar uchun tribuna, trenerlar, tibbiyot xodimlari, kiyim almashtirish xonalari, trenajyor zali, sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini saqlash uchun xona.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) bilan birgalikda 2022-yil va kelgusi yillarda Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan sport bazalarini qurish uchun markazlashgan kapital qoʻyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin.
(5-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qurilish vazirligi (K. Tulyaganov) sport bazalarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklansin:
har bir hududning bitta tumani (shahri)ni kamondan otish sport turini ustuvor sport turi sifatida belgilash hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish;
tegishli hududda kamondan otish sport turining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash, sport bazalarini tashkil etish ishlariga yaqindan koʻmaklashish;
2022 — 2024-yillarda hududlarda sport bazalarini tashkil etish ishlarini Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritish;
joylarda kamondan otish sport turini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining hududiy boʻlinmalarini tashkil etish;
Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi hududiy boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish;
joylardagi rahbar kadrlar orasidan nomzodlarni Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi hududiy boʻlinmalarining raisi lavozimiga tavsiya etish.
7. Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) bilan birgalikda kamondan otish sport turini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Butunjahon kamondan otish federatsiyasi hamda Osiyo kamondan otish federatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirsin, bu borada manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda, ushbu tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlab berish bilan bogʻliq xarajatlar 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Islom Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar (avvalambor Turkiya, Eron, Malayziya) va boshqa mamlakatlar (Koreya Respublikasi, Germaniya, Rossiya) bilan birgalikda kamondan otish sport turi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, musobaqalar va turnirlarni oʻtkazish, tajriba almashish, boshqa qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatsin.
9. Turizm va sport vazirligi (A. Abduxakimov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hamda sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda 2021-yil 1-noyabrga qadar mamlakatimizda etnosport turlarini (belbogʻli kurash, uloq, koʻpkari, oshiq oʻyini, qarabtep (lanka) oʻyini, ot poygasi, koʻk boʻru, dorboz, chillak va boshqalar) rivojlantirish va ommalashtirishni, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mazkur qarorga asosan joriy yilda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablagʻlarni 2021-yil Davlat budjetida Turizm va sport vazirligi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutishni taʼminlasin.
11. Tashqi ishlar vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining buyurtmasiga asosan kamondan otish sport turi boʻyicha jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirmasdan kirish vizalarining rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
12. Ichki ishlar vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining buyurtmasiga asosan kamondan otish sport turi boʻyicha jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik kirish vizalarining berilishini va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
13. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Sh. Maxmudov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-iyun,
PQ-5149-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyundagi PQ-5149-son qaroriga1-ILOVA
2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamondan otish sport turi boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan sport bazalarini tashkil etish
Izoh: sport bazalari tegishli yilning 1-sentabriga qadar foydalanishga topshiriladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyundagi PQ-5149-son qaroriga2-ILOVA
Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
Izoh: chora-tadbirlarni qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham moliyalashtirish mumkin.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)