PQ-5260-son Qaror · 16.10.2021

Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5260
  • Qabul qilingan sana:16.10.2021
  • Kuchga kirgan sana:16.10.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5260/0967

Soʻnggi yillarda Toshkent metropoliteni infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qoʻshimcha yer osti va yer usti metro yoʻnalishlari hamda metropoliten bekatlari barpo etib kelinmoqda.

Metropoliten harakat tarkibini yangilash maqsadida toʻqqizta yangi toʻrt vagonli metro poyezdlari xarid qilindi hamda 23 ta toʻrt vagondan iborat metro poyezdlari kapital taʼmirlandi.

Yunusobod yoʻnalishida uzunligi 2,9 km boʻlgan yer osti metropoliten liniyasi hamda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari barpo etildi, yer usti halqa metropoliten liniyasining I-bosqich — 11,7 km uzunlikdagi 7 ta bekatdan iborat boʻlgan qismi hamda 6,2 km uzunlikdagi Sergeli yer usti metropoliten liniyasining 5 ta bekati foydalanishga topshirildi.

2016 — 2021-yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasida metropoliten liniyasining umumiy uzunligi 38 km dan 59 km ga, bekatlar soni 29 tadan 43 taga yetkazildi, Toshkent metropolitenida yoʻlovchilar tashish quvvati 2016-yilga nisbatan 2 barobarga oshib, kunlik yoʻlovchi tashish 160 ming yoʻlovchidan 360 ming yoʻlovchiga yetkazildi.

Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliten liniyasining II-bosqich — 13 km uzunlikdagi 7 ta bekatdan iborat “Qoʻyliq — Qipchoq” uchastkasida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Toshkent metropolitenida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, yoʻlovchilar tashishni boshqarishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, metropoliten infratuzilmasini saqlash va undan foydalanish ishlarini samarali tashkil etish hamda Toshkent metropoliteni faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. Transport vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Toshkent metropoliteni” UKni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidan 2021-yil 1-oktabr holatiga boʻlgan davlat ulushini kamaytirish hisobiga balans qiymatida Transport vazirligi tizimiga oʻtkazish hamda “Toshkent metropoliteni” UK tashkiliy-huquqiy shaklini davlat unitar korxonasiga oʻzgartirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Metropoliten faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

ilgʻor xorijiy tajriba asosida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish;

infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda harakat tarkibini bosqichma-bosqich yangilash;

zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda jarayonlarni raqamli boshqarish tizimini joriy etish;

metropolitenda xavfsizlik tizimini takomillashtirish orqali yoʻlovchilar va harakat xavfsizligi darajasini oshirish;

metropoliten ommabopligini oshirish maqsadida yer usti yoʻlovchilar tashish transporti yoʻnalishlari tarmogʻini metropoliten tarmogʻi bilan integratsiya qilish;

xavfsizlik, shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjatlar talablari doirasida metropoliten hududida xizmat koʻrsatish, savdo va reklama faoliyati tizimini joriy etish;

zamonaviy bilimga ega professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish orqali sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash.

3. Quyidagilar:

2021 — 2023-yillarda Toshkent metropolitenida yoʻlovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;

Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirish va rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2023 — 2025-yillarda Toshkent metropoliteni faoliyatini yanada takomillashtirish dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

“Toshkent metropoliteni” DUK boshligʻi va boshligʻi oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibiy boʻlinmalari hamda “Toshkent metropoliteni” DUK oʻrtasida begʻaraz tarzda koʻrsatiladigan mol-mulk va homiylik koʻrinishidagi yordamlar soliq solish obyekti sifatida hisobga olinmaydi;

qayta tashkil etilayotgan “Toshkent metropoliteni” DUK “Toshkent metropoliteni” UKning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Toshkent shahrida yer usti metropoliteni qurilishi ishlarining yakunlangan qismlari davlat qabul komissiyasining dalolatnomasiga asosan “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan qabul qilib olinadi.

5. “Toshkent metropoliteni” DUKga 2024-yil 1-yanvarga qadar metro vagonlari, metropoliten ekspluatatsiya ehtiyojlari uchun zarur boʻladigan asbob-uskunalar, ehtiyot va butlovchi qismlarni yetkazib berish haqidagi import shartnomalarini “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan oʻtkazgan hamda kontrakt tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirgan holda, ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yoʻli bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuzishga ruxsat berilsin.

6. “Toshkent metropoliteni” DUK 2024-yil 1-yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha import tovarlarni olib kirishda bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

7. Transport vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda “Toshkent metropoliteni” DUKning mavjud asosiy vositalarini xatlovdan oʻtkazsin.

8. Toshkent shahar hokimligi (Artikxodjayev) Transport vazirligi (Maxkamov) bilan birgalikda metropoliten ommabopligini oshirish maqsadida:

2022-yil 1-iyulga qadar 7 ta metro bekatida (Beruniy, Chorsu, Paxtakor, Olmazor, Turkiston, Qoʻyliq bozori, Chilonzor) transport oʻtish bogʻlamalarini;

2022-yil 1-oktabrga qadar Toshkent shahriga kirib keluvchi yoʻlovchi transport vositalari uchun 6 ta metro bekati (Turkiston, Yunusobod, Chilonzor va yer usti halqa liniyasining 3, 4 va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etilishini taʼminlasin.

9. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Toshkent yoʻlovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” AJ da zamonaviy metro vagonlari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

10. Transport vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda:

metro vagonlarini xarid qilish uchun jalb qilingan kreditlarni oʻrnatilgan tartibda “Toshkent metropoliteni” DUKga qarz oluvchi sifatida qayta rasmiylashtirsin. Bunda, Moliya vazirligi kredit majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin;

Toshkent metropoliteni yer usti va yer osti liniyalari qurilishi loyihalarini amalga oshirish uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan jalb etilgan kreditlarning va ular boʻyicha berilgan davlat kafolatlarining “Toshkent metropoliteni” DUKga qarz oluvchi sifatida qayta rasmiylashtirilishi boʻyicha tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Transport vazirligi “Toshkent metropoliteni” DUK bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelga qadar metropoliten yoʻnalishlarida differensial toʻlov tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Transport vazirligi:

a) quyidagilar boʻyicha:

bir oy muddatda “Toshkent metropoliteni” DUK boshligʻining raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga yuqori malakali xorijiy mutaxassisni jalb qilish;

uch oy muddatda “Toshkent metropoliteni” DUK faoliyatini rivojlantirish va samaradorligini oshirish strategiyasini ishlab chiqish uchun ilgʻor xorijiy tajribaga ega konsultantlarni jalb qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

b) ikki oy muddatda:

“Toshkent metropoliteni” DUKning samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Toshkent metropoliteni faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;

metropolitendan foydalanishda yoʻlovchilar va metropoliten xodimlarining huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi Toshkent metropolitenidan foydalanish qoidalarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.

13. Transport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Toshkent metropoliteni” DUK bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvardan boshlab metropoliten yoʻnalishlari (ularning qurilishi boʻyicha maʼlumotlar), bekatlar (ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yoʻnalishlari), poyezdlar harakati jadvali, elektron toʻlov hamda boshqa maʼlumot va xizmatlarni oʻz ichiga oluvchi mobil ilovani ishga tushirsin.

14. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2022-yil 1-aprelga qadar yer usti halqa metro bekati yoʻnalishida yoʻlovchilar uchun bepul WI-FI tizimi bilan bogʻlash va yer osti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratsin.

15. Transport vazirligi Qurilish vazirligi, “Toshkent metropoliteni” DUK bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar metropoliten bekatlari arxitektura qiyofasi holatini saqlash boʻyicha takliflar ishlab chiqib, oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.

Qaror ijrosini har oy muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 16-oktabr,

PQ-5260-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-oktabrdagi PQ-5260-son qaroriga 1-ILOVA

2021 — 2023-yillarda Toshkent metropolitenida yoʻlovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan birinchi navbatdagi

* Ushbu koʻrsatkichlarga loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalariga koʻra oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-oktabrdagi PQ-5260-son qaroriga 2-ILOVA

Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirish va rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-oktabrdagi PQ-5260-son qaroriga 3-ILOVA

2023 — 2025-yillarda Toshkent metropoliteni faoliyatini yanada takomillashtirish

* Ushbu koʻrsatkichlarga loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijasiga koʻra oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.