PQ-5263-son Qaror · 22.10.2021

Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5263
  • Qabul qilingan sana:22.10.2021
  • Kuchga kirgan sana:23.10.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5263/0990

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini kompleks takomillashtirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga, unga qarshi kurashishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, huquqni qoʻllash amaliyoti qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni aniqlash va bartaraf etish tizimining sifati va samaradorligini oshirish choralarini koʻrishni taqozo etmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalarini tartibga soluvchi 226 ta qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilganligi va natijasiga koʻra ushbu hujjatlarning 75 tasida 302 ta korrupsiyaviy omillar aniqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining normativ-huquqiy hujjatlarni “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqish hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich toʻliq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish;

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishga jamoatchilik, ilmiy tashkilotlar va mustaqil ekspertlarni keng jalb qilish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishlab chiquvchi tomonidan korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha namunaviy shakldagi savolnoma (keyingi oʻrinlarda — cheklist) toʻldirilishi va loyiha qabul qilinguniga qadar boʻlgan barcha bosqichlarda unga ilova qilinishi;

cheklist toʻldirilmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmasligi va ishlab chiquvchiga qaytarilishi;

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarida adliya organlari tomonidan aniqlangan korrupsiyaviy omillar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilanishi.

3. Quyidagilar:

2022 — 2026-yillarda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish reja-grafigi 2-ilovaga muvofiq;

2021-yilda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, 2022-yildan boshlab har yili 20-martga qadar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish rejasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)

Bunda, ushbu rejaga korrupsiya darajasi nisbatan yuqori boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi, shu jumladan jamoatchilik oʻrtasida keng muhokamaga sabab boʻlgan qonunchilik hujjatlari birinchi navbatda kiritiladi.

4. 2022-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari vakillari hamda jismoniy shaxslar — mustaqil ekspertlarga normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish huquqi berilsin.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy hamda mustaqil ekspertizadan oʻtkazish Qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ekspertlar reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Ekspertlar reyestri) kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan, ularning oʻz mablagʻlari va (yoki) buyurtmachilar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

Ekspertlar reyestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi;

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha tuzilgan xulosalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy koʻrib chiqiladi hamda ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tuzilgan maʼlumotnoma ekspertiza oʻtkazgan shaxslar va Adliya vazirligiga yuboriladi.

Adliya vazirligi (R. Davletov) uch oy muddatda Ekspertlar reyestrini shakllantirish va yuritish, korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizani amalga oshiradigan shaxslarga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

5. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov) ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun davlat buyurtmasini shakllantirishda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq loyihalarni inobatga olsin hamda uch oy muddatda quyidagi yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot loyihalari, shu jumladan maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovini eʼlon qilsin:

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq muammolarning ilmiy yechimi hamda ushbu faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha ilmiy asoslangan kompleks yechimlarni ishlab chiqish.

6. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga 2022-yildan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha eng yaxshi takliflarning davlat granti tanlovlarini oʻtkazish tavsiya etilsin.

7. Belgilansinki, 2022 — 2026-yillarda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish reja-grafigiga (keyingi oʻrinlarda — Reja-grafik) asosan ishlarni tashkil etishda:

a) davlat organlari va tashkilotlari amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazadi, natijalari boʻyicha toʻldirilgan cheklist hamda aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish yuzasidan takliflarni Adliya vazirligiga kiritadi;

b) Adliya vazirligi:

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazish natijalari boʻyicha taqdim etilgan cheklist va takliflarni umumlashtiradi hamda aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqadi;

qoida tariqasida, har yili 15-yanvarga qadar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish holatini tahlil qilish natijalari boʻyicha tahliliy maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

(7-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)

tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda har yili 15-yanvarga qadar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” hamda Reja-grafikda belgilangan sohalar doirasida keyingi yil uchun amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish rejasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

(7-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)

v) Vazirlar Mahkamasi har yili 20-martga qadar Reja-grafikda belgilangan sohalar doirasida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish rejasi va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlaydi.

(7-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Reja-grafikda belgilangan sohalar doirasida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni taalluqliligi boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazadi;

Reja-grafikda belgilangan sohalar doirasida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish ishlarining sifatli va toʻliq bajarilishini taʼminlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar va mustaqil ekspertlardan iborat Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha maxsus ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Maxsus ishchi guruh) tashkil etilishi mumkin;

Maxsus ishchi guruh aʼzolari, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlari, ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari xodimlari asosiy ish joyidan ajralmagan holda jalb qilinadi hamda ularning mehnatiga haq toʻlash Adliya vazirligi bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida amalga oshiriladi;

xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari Maxsus ishchi guruh faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan Maxsus ishchi guruh aʼzolari mehnatiga haq toʻlash va ular ishini samarali tashkil qilish uchun zarur boʻlgan kompyuterlar va kanselyariya buyumlari bilan taʼminlash manbalari hisoblanadi;

davlat organlari va tashkilotlari Reja-grafikda belgilangan sohalar doirasida amaldagi qonunchilik hujjatlarini Maxsus ishchi guruh tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi uchun Adliya vazirligiga buyurtma berishi mumkin. Bunda ekspertiza oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar shartnoma asosida davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L. Kudratov) hamda Adliya vazirligi (R. Davletov) 2022 — 2026-yillarda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish uchun xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

10. Belgilansinki, Adliya vazirligi:

davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va uslubiy yordam koʻrsatadi;

davlat organlari va tashkilotlariga normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish talablariga rioya qilish, korrupsiyaviy omillar va normalarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritadi;

davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishga masʼul boʻlgan xodimlarining malaka va koʻnikmalarini oshirib borish, shu jumladan ular uchun oʻquv tadbirlarini tashkil etish yuzasidan takliflar kiritib boradi.

11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Adliya vazirligi har yili 20-yanvarga qadar davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini baholaydi hamda baholash natijalariga koʻra ularga nisbatan ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo qoʻllash boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisida tegishli takliflarni davlat organlari va tashkilotlariga kiritadi;

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)

davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari yuridik xizmat xodimlarini lavozim maoshlarining 100 foizi miqdorida bir martalik pul mablagʻlari berish orqali ragʻbatlantirish yoki belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqadi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

2027-yildan boshlab davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini baholash normativ-huquqiy hujjat loyihalariga nisbatan Adliya vazirligi tomonidan, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

12. Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq oʻtkazilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

Har yili yil yakuni boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni shakllantirishda Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish faoliyatini baholash mezonlari (keyingi oʻrinlarda — baholash mezonlari) inobatga olinsin.

(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

13. Adliya vazirligi (R. Davletov), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov) hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L. Kudratov) bilan birgalikda ikki oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va tartibga solish taʼsirini baholash sohalarida rivojlangan davlatlarning tajribasini oʻrganish maqsadida mutaxassislarning ushbu davlatlarga tashriflarini uyushtirish yuzasidan takliflar kiritsin.

14. Adliya vazirligi (R. Davletov) va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov):

a) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) bilan birgalikda muntazam ravishda:

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifinglar oʻtkazib borsin;

ushbu qarorning mazmun-mohiyati, ahamiyati hamda mamlakatimizda normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish borasida olib borilayotgan ishlarni yoritib borsin;

b) uch oy muddatda:

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali hamda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi davlat organlari va tashkilotlari hamda jamoatchilikka normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha cheklist toʻldirish va joylashtirish imkoniyatlari yaratilishini nazarda tutgan holda takomillashtirilishini taʼminlasin;

v) ikki oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar qilib adliya vaziri R.K. Davletov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 22-oktabr,

PQ-5263-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-oktabrdagi PQ-5263-son qaroriga 1-ILOVA

Qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha

Izoh:

normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohalari va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki bitta hujjat koʻrinishida taqdim etilishi mumkin;

normativ-huquqiy hujjatning turi tartibga solish sohalariga qarab oʻzgartirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-oktabrdagi PQ-5263-son qaroriga2-ILOVA

2022 — 2026-yillarda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-oktabrdagi PQ-5263-son qaroriga3-ILOVA

2021-yilda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.