PQ-5268-son Qaror · 27.10.2021

Tadbirkorlik subyektlarining xorijiy valyutadagi kredit majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq yukini kamaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5268
  • Qabul qilingan sana:27.10.2021
  • Kuchga kirgan sana:27.10.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5268/0997

Tadbirkorlik subyektlarini uzoq muddatli kredit mablagʻlari bilan taʼminlash, ularning valyuta xatarlarini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining valyuta xatarlarini kamaytirish uchun 1 million AQSH dollarigacha miqdorda xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar milliy valyutaga oʻtkazib berilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-noyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — XMI va XHMT) mablagʻlari hisobidan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10 yildan kam boʻlmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadi.

4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi XMI va XHMTlar ishtirokida qayta kreditlanadigan loyihalar boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda loyihalar doirasida moliyalashtirilgan subloyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha axborotni oʻz rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib borsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari S.M. Xolxoʻjayev, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B. Voitov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.Oʻ. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 27-oktabr,

PQ-5268-son

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.