Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida qishloq xoʻjaligi ekinlaridan, jumladan mevali va yongʻoq mevali, sabzavot, poliz, don-dukkakli ekinlardan yuqori hosil olish, ularning kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish, ilgʻor, intensiv agrotexnologiyalarni joriy qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hududlarni ixtisoslashtirish, eksportbop va daromadbop qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishni tashkil etish, qishloq xoʻjaligida innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni hamda raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish boʻyicha zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan kadrlar tayyorlash;
oʻquv mashgʻulotlari, malakaviy amaliyotlarni oʻtashda talabalarni innovatsion va yangicha fikrlashga yoʻnaltiradigan yangi oʻqitish texnologiyalari hamda ularning mustaqil izlanishini taʼminlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;
Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida qishloq xoʻjaligi ekinlarini, jumladan mevali va yongʻoq mevali, sabzavot, poliz, don-dukkakli, subtropik va tropik ekinlarni parvarishlashning bio-, nano- va resurstejamkor hamda intensiv texnologiyalarini ishlab chiqish;
Institut yer maydonlarida ichki va tashqi bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, qishloq xoʻjaligi ekinlarining serhosil, shoʻr va qurgʻoqchilikka, kasallik hamda zararkunandalarga chidamli, mahsulot sifati yuqori boʻlgan nav va duragaylari seleksiyasi hamda urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish;
ilmiy xodimlarning ilgʻor innovatsion texnologiyalarni yaratish boʻyicha tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash, ularning novatorlik gʻoyalarini ishlab chiqarishga joriy etishga koʻmaklashish;
klasterlar, kooperatsiyalar, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari uchun koʻrgazmali dala maydonlarini tashkil etish hamda tavsiyalar ishlab chiqish;
rivojlangan xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar va magistrlarning malakasini oshirish.
2. Belgilansinki, Institutda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida taʼlimning kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, talabalar uchun haftaning shanba kuni mustaqil oʻzlashtirish kuni deb belgilanadi;
xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejalari va fan dasturlari xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi.
Institutning faoliyati Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
2022-yil yakuniga qadar Institutda Jahon banki mablagʻlari hisobidan talabalar, magistrlar va ilmiy izlanuvchilar hamda yosh professor-oʻqituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida loyihalarning startaplarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shugʻullanuvchi IT-inkubator ilmiy innovatsion markazini tashkil etsin;
Institutga tegishli yer maydonlarida xalqaro grant mablagʻlari hisobidan anor, xurmo, limon, qora olxoʻri, uzum va boshqa meva-sabzavotlarning yuqori hosilli, yiliga 2-3 marotaba hosil olishga imkon beradigan navlarini yaratish boʻyicha koʻrgazmali dala maydonlarini barpo etsin;
anor, xurmo, limon, qora olxoʻri va uzum yetishtirishning yangi samarador agrotexnologiyalarini yaratish boʻyicha bajariladigan yillik maqsadli ilmiy loyihalarni shakllantirib, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida moliyalashtirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim qilsin. Bunda, Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli ilmiy-texnik kengashlarning asoslantirilgan xulosalari asosida belgilangan tartibda grant mablagʻlarini ajratish choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda kelgusi yillar uchun moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida Institut hududida bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash ishlarini oliy taʼlim sohasiga ajratilgan limitlar doirasida amalga oshirish yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga takliflar kiritsin.
4. Quyidagilar:
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini taʼminlash maqsadida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklariga biriktirilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va yirik xoʻjalik subyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga amaliyot oʻtash uchun biriktirilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va yirik xoʻjalik subyektlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
Institut Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini resurs tejovchi texnologiyalar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalari hamda talablaridan kelib chiqib qayta ishlab chiqsin hamda oʻquv jarayoniga joriy etsin;
hududning kadrlarga boʻlgan ehtiyojini eʼtiborga olib, Institutda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish, 2022-yildan boshlab ilmiy salohiyatni oshirish uchun oliy taʼlimdan keyingi taʼlim (doktorantura)ga qishloq xoʻjaligi ixtisosliklari boʻyicha qabulni tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Belgilab qoʻyilsinki, Institutni budjet mablagʻlari hisobidan saqlash xarajatlari 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2022-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligi xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan:
Institutning “Anorchilik” yoʻnalishidagi professor-oʻqituvchilarini va tahsil olayotgan yosh olimlarini anor yetishtirish tajribasini oʻrganish uchun ilgʻor xorijiy davlatlarga malaka oshirish kurslariga va stajirovkalarga yuborilishini;
xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejalarini xorijiy ekspertlar ishtirokida belgilangan tartibda ishlab chiqilishini;
Institutning professor-oʻqituvchilarini, ilmiy va texnik-muhandis xodimlarini har yili Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida, ilmiy-tadqiqot markazlarida, agroklasterlarda, kooperatsiyalarda va yirik ishlab chiqarish tashkilotlarida stajirovka oʻtashi boʻyicha dasturlar ishlab chiqilishini va uning amalga oshirilishini;
ikki oy muddatda Institutning tuzilmasi va ustavi tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
Institutga tanlov asosida, shu jumladan respublika oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan amaliy tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali professor-oʻqituvchilar jalb etilishini;
Institutning axborot-resurs markazi mahalliy hamda xorijiy oʻquv va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
10. Respublika oliy taʼlim tizimidagi mavqeyi, ilmiy salohiyati, uzoq yillar davomida shakllangan anʼanalarini inobatga olgan holda Toshkent davlat agrar universiteti zimmasiga quyidagi yoʻnalishlarda Institutga koʻmak berib borish yuklatilsin:
salohiyatli kadrlarni jalb etgan holda taʼlim va ilmiy faoliyatni tashkil etish, taʼlim, tarbiya, ilmiy va oʻquv jarayonlarini samarali boshqarish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, darslik, oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv-uslubiy materiallar va axborot resurslari bilan taʼminlash;
professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va iqtidorli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish va “ustoz-shogird” tizimi asosida ilmiy maktablarni rivojlantirish.
11. Surxondaryo viloyati hokimligi:
Institutga xorijdan va respublikaning boshqa hududlaridan ishga taklif etilgan mutaxassislarni turar joy bilan taʼminlash maqsadida Termiz shahrida qurilayotgan arzon uy-joylardan imtiyozli shartlar asosida ehtiyojdan kelib chiqqan holda xonadonlar ajratilishini; Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar talabalar kontingenti oshib borishini hisobga olib, 2022/2023 oʻquv yilidan Institutga yaqin boʻlgan hududdan qoʻshimcha bino ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishini taʼminlasin.
12. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligining:
Institutga Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining Surxondaryo viloyati, Termiz tumani, Yangiobod qishloq fuqarolar yigʻini, Limonzor qishlogʻi hududida joylashgan bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida berish, uning oʻquv va laboratoriya jihozlari, transport vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikalari, kompyuter texnikalari, oʻquv adabiyotlari hamda boshqa mol-mulkini topshirish;
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining barcha talabalarini Institutning mos taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklariga oʻtkazish hamda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomini berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi “Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 479-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev, Surxondaryo viloyati hokimi T.A. Bobolov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-oktabr,
PQ-5269-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-oktabrdagi PQ-5269-son qaroriga 1-ILOVA
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-oktabrdagi PQ-5269-son qaroriga 2-ILOVA
Fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini taʼminlash maqsadida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklariga biriktirilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va yirik xoʻjalik subyektlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-oktabrdagi PQ-5269-son qaroriga 3-ILOVA
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot oʻtash uchun biriktirilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va yirik xoʻjalik subyektlari