Oʻzbekiston Respublikasida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida xalqaro standartlarga mos uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash jarayonini yoʻlga qoʻyish, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini taʼminlash maqsadida:
1. Turizm va sport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi va Samarqand viloyati hokimligining:
a) “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetini “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti etib qayta nomlash;
b) “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlarning turizm, madaniy merosni boshqarish va muzeyshunoslik sohalarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi hamda ushbu sohalarni ilmiy va innovatsion tadqiq etish boʻyicha ilmiy muassasaga aylantirish;
v) quyidagilarni:
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Shahrisabz, Margʻilon va Xiva turizm va servis kollejlari negizida oliy taʼlim tizimi bilan integratsiyalashgan taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan Shahrisabz, Margʻilon va Xiva turizm va madaniy meros texnikumlarini (keyingi oʻrinlarda — Madaniy meros texnikumlari) tashkil etish;
Samarqand turizm va servis texnikumini Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi hamda Buxoro turizm texnikumini Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi deb qayta nomlash;
Turizmni rivojlantirish instituti, Madaniy meros texnikumlari, Andijon, Zomin va Boʻstonliq turizm va servis kollejlarini Turizm va sport vazirligi tuzilmasidan Universitet tuzilmasiga oʻtkazish;
(1-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/102/0541-son)
g) Toshkent turizm va servis kolleji negizida Universitetning Toshkent filialini tashkil etish;
d) Universitetni Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand arxeologiya institutining ilmiy va innovatsion tadqiqotlar sohasidagi hamda metodik yoʻnalishlardagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ etib belgilash;
e) “Ipak yoʻli” davlatlari tarixi, sanʼati va sivilizatsiyalarini tadqiq va namoyish etish uchun Universitet huzurida:
“Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti;
“Ipak yoʻli” muzeyi;
“Ipak yoʻli” art-rezidensiyasi;
“Ipak yoʻli” sanʼat galereyasi;
Restavratorlarni qayta oʻqitish va malakasini oshirish markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Vasiylik kengashining tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Universitetning rektoriga Turizm qoʻmitasi bilan kelishgan holda:
(3-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
“Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot institutining tuzilmasi va nizomini tasdiqlash, shuningdek, boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash;
(3-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
“Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti direktorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xodimlarga ularning ish hajmi va samaradorligini hisobga olgan holda lavozim maoshining 200 foizigacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha oylik ustamalar belgilash huquqi beriladi.
(3-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
(3-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
b) har yili Universitetga Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hamda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar fuqarolariga magistraturada davlat granti asosida taʼlim olish uchun 100 ta oʻrin ajratiladi.
Bunda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan mablagʻlardan mazkur mamlakatlar fuqarolariga iqtisodiy klass toifasidagi bir yilda bir marotaba bir martalik kelib-ketish avia chiptalarini xarid qilish, har oyda 500 AQSH dollari ekvivalenti miqdorida stipendiya ajratish, yotoqxona xarajatlari uchun har oyiga 100 AQSH dollari ekvivalenti miqdorida, Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari, boy arxitekturasi, mahalliy urf-odatlari va anʼanalari bilan xorijiy talabalarni tanishtirish maqsadida bir yilda ikki marotaba Oʻzbekistonning qadimiy shaharlariga sayohat qilishi uchun 100 AQSH dollari ekvivalenti miqdorida mablagʻ ajratiladi;
(3-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
v) “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi “Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti xodimlarining mehnatga haq toʻlash miqdorlari Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 366-son hamda 2021-yil 27-avgustdagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 545-son qarorlariga asosan belgilansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PF-90-sonli Farmoniga asosan “v” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2025-y., 06/25/90/0486-son)
4. Turizm va sport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Samarqand viloyati hokimligi bir oy muddatda:
a) Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:
Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga qarashli, Samarqand shahri, Maxmud Qoshgʻariy koʻchasi, 85/a-uy manzilida joylashgan, oʻquv jarayonida foydalanilmayotgan binoni “Ipak yoʻli” art-rezidensiyasiga;
Samarqand viloyati hokimligiga qarashli, Samarqand shahri, Nodirabegim koʻchasi, 4a-uy manzilida joylashgan yotoqxona binosini Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga;
b) Kinematografiya agentligi bilan birgalikda Samarqand shahri, Beruniy koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan sobiq kinoteatr binosini “Ipak yoʻli” sanʼat galereyasiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
Samarqand viloyati hokimligi, Turizm va sport vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Kinematografiya agentligi bir oy muddatda mazkur bandda keltirilgan bino va inshootlarni bepul oʻtkazib berish boʻyicha qabul qilish-topshirish dalolatnomasi rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalaridagi istiqbolli mutaxassislar, ayniqsa pedagoglar, ilmiy kadrlar va restavratorlarni tanlash va ularning taʼlim olishini tashkil etish uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2022 — 2026-yillarda xorijdagi nufuzli taʼlim muassasalarida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik yoʻnalishlarida doktorantura (PhD) va magistraturada oʻqitish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) joriy qilinadi;
Dastur doirasida mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarning nufuzli taʼlim va ilmiy muassasalarida taʼlim olishga yuborish “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xorijda taʼlim olish uchun nomzodlarni tanlab olish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi;
Dastur doirasida 50 nafar iqtidorli mutaxassislar, shu jumladan ularning 40 nafari magistratura bosqichida va 10 nafari doktorantura (PhD) bosqichida oʻqitiladi;
Dastur doirasida xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda tahsil olib, magistratura va doktoranturani bitirib qaytgan mutaxassislarga Turizm va sport vazirligining yoʻllanmasi asosida taʼlim muassasalari hamda madaniy meros va muzeyshunoslik sohalaridagi tashkilotlarda kamida 5 yil davomida uzluksiz faoliyat olib borish yoki xorijda taʼlim olish xarajatlarini 12 oy davomida ikki baravar miqdorda “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga qaytarish majburiyati yuklanadi.
6. Belgilansinki:
a) Madaniy meros texnikumlari faoliyatini moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
b) Turizmni rivojlantirish instituti faoliyatini moliyalashtirish:
binolar va inshootlarni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, Institut xodimlari mehnatiga haq toʻlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari;
Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
(6-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil ishlarini amalga oshirishdan, shartnoma asosida bajariladigan taʼlim va boshqa xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
v) “Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti, “Ipak yoʻli” muzeyi, “Ipak yoʻli” art-rezidensiyasi, “Ipak yoʻli” sanʼat galereyasi hamda Restavratorlarni qayta oʻqitish va malakasini oshirish markazi faoliyatini moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil ishlarini amalga oshirishdan, shartnoma asosida bajariladigan xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
g) Universitetning Toshkent filiali faoliyatini moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlarining grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Turizm va sport vazirligi:
Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Universitet kutubxonasi, uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi texnikumlar va kollejlar hamda Turizmni rivojlantirish institutining laboratoriyasini zamonaviy uskunalar va butlovchi qismlar bilan jihozlash boʻyicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-martga qadar Universitet huzuridagi “Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti, “Ipak yoʻli” muzeyi, “Ipak yoʻli” art-rezidensiyasi, “Ipak yoʻli” sanʼat galereyasi hamda Restavratorlarni qayta oʻqitish va malakasini oshirish markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2023-yil 1-mayga qadar Toshkent turizm va servis kolleji negizida Universitetning Toshkent filialini tashkil etish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 07/22/232/0378-son)
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda Universitetning Toshkent filiali hamda mazkur qarorga muvofiq Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga berilayotgan bino va inshootlarning rekonstruksiya qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasining 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturiga kiritilishini taʼminlasin.
8. Moliya vazirligi:
“Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti, “Ipak yoʻli” muzeyi, “Ipak yoʻli” art-rezidensiyasi, “Ipak yoʻli” sanʼat galereyasi, Restavratorlarni qayta oʻqitish va malakasini oshirish markazi, Universitetning Toshkent filiali va tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi texnikumlar va kollejlar hamda Turizmni rivojlantirish institutini saqlash xarajatlari uchun 2022-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida mablagʻ ajratilishini;
2022-yildan 2026-yilga qadar har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga Dastur doirasida nufuzli taʼlim va ilmiy muassasalarda doktorantura (PhD) va magistraturada oʻqitish uchun mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi:
Universitet professor-oʻqituvchilari, Turizmni rivojlantirish instituti xodimlarining yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malakasini oshirish va amaliyotini tashkil etishda, shuningdek, ilgʻor xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni oʻrnatishda Turizm va sport vazirligiga amaliy yordam koʻrsatsin;
Turizm va sport vazirligining buyurtmanomasiga koʻra Universitet, Madaniy meros texnikumlari va Turizmni rivojlantirish institutining ilmiy va oʻquv jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga, professor-oʻqituvchilarga va ilmiy xodimlarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
10. Turizm va sport vazirligi:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining tajribasini oʻrganib, kadrlar buyurtmachisi boʻlgan tashkilotlarning takliflarini inobatga olgan holda, turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohasidagi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar Madaniy meros texnikumlari hamda turizm va servis kollejlariga xorijiy hamkor tashkilotlarni jalb qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mazkur qarorning maqsad va vazifalarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida maqolalar eʼlon qilinishi va tematik koʻrsatuvlar tashkil etilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
13. Turizm va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib turizm va sport vazirining oʻrinbosari A.Oʻ. Akkulov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-oktabr,
PQ-5270-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-son qaroriga1-ILOVA
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining
Izoh: * Universitet Samarqand arxeologiya institutining ilmiy va innovatsion tadqiqotlar sohasidagi hamda metodik yoʻnalishlardagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/102/0541-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-son qaroriga2-ILOVA
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-son qaroriga3-ILOVA
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Vasiylik kengashining
Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vasiylik kengashi raisi Vasiylik kengashining tarkibiga yangi aʼzolarni qoʻshimcha ravishda kiritish, shuningdek, boshqa vazirliklar va idoralarning ekspertlari va mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-son qaroriga4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyundagi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3815-son qarorida:
a) 3-bandda:
uchinchi xatboshidagi “Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Turizm va sport vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining” soʻzlari “Turizm va sport vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oltinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 4-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshilardagi “turizm” soʻzlaridan keyin “va madaniy meros” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;
v) 8-bandning “g” kichik bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) 10, 17 va 20-bandlarning birinchi xatboshilaridagi hamda 25-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Turizm va sport vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 12-bandda:
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oltinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
e) 15-bandning uchinchi xatboshisidagi “Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” soʻzlari “Turizm va sport vazirligi huzuridagi Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
j) 19-bandning uchinchi xatboshisidagi “Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining” soʻzlari “Turizm va sport vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
z) 27-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“27. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.”;
i) 1 va 2-ilovalarning nomlanishidagi “turizm” soʻzlaridan keyin “va madaniy meros” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
k) 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4755-son qarori 1-bandining “a” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.