Milliy sugʻurta bozorining jadal rivojlanishini taʼminlash, isteʼmolchilarning sugʻurta bozoriga boʻlgan ishonchini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
sugʻurtaning barcha turlarini (klasslarini) elektron shaklda amalga oshirishga ruxsat beriladi;
barcha sugʻurta turlari boʻyicha sugʻurta polislari Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasi bilan birgalikda yuritadigan yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida roʻyxatga olinadi;
b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab majburiy sugʻurtaning barcha turlari boʻyicha sugʻurta polislarini qogʻoz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
2022-yil 1-yanvardan 2025-yil 1-yanvarga qadar hayot sugʻurtasi sohasida faoliyat yuritayotgan sugʻurta tashkilotlarining mazkur faoliyati qismi uchun hisoblanadigan foyda soligʻi boʻyicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
2022-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchi tomonidan oʻz xodimlari uchun baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sugʻurta qilish va tibbiy sugʻurta turlari boʻyicha tuzilgan sugʻurta shartnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi boʻlgan yuridik shaxslarga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar jismoniy shaxslarning jami daromadi sifatida qaralmaydi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2024-y., 07/24/108/0171-son)
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son)
4. Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha yagona axborot tizimi negizida barcha sugʻurta polislarini roʻyxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Yagona axborot tizimi) joriy etilishini taʼminlasin.
Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasi:
2022-yil 1-aprelga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda sugʻurta siri toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarga qatʼiy rioya qilgan holda Yagona axborot tizimini vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish boʻyicha texnik topshiriqni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2022-yil 1-mayga qadar Yagona axborot tizimining manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari, jismoniy va yuridik shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasi bilan sugʻurta sohasida oʻzaro elektron axborot almashinuvini yoʻlga qoʻysin.
5. Belgilansinki:
Yagona axborot tizimini ishlab chiqish hamda ushbu tizim ishlashi uchun zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha ishlar Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;
Sugʻurta shartnomalarini Yagona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish sugʻurta tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
6. Moliya vazirligi sugʻurta tashkilotlari tomonidan ixtiyoriy pensiya sugʻurtasi hamda uzoq muddatli (besh yil va undan ortiq) hayot sugʻurtasi turlari boʻyicha sugʻurta mukofotlari hisobidan shakllangan mablagʻlarni investitsiya qilish maqsadida inflyatsiyaga bogʻlangan davlat qimmatli qogʻozlarga yoʻnaltirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqsin.
Bunda, Moliya vazirligining 2022-yil 1-iyuldan boshlab inflyatsiyaga bogʻlangan davlat qimmatli qogʻozlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. 2021 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining hayot sugʻurtasi sohasini hamda shaxsiy sugʻurta turlarini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Moliya vazirligi hayot sugʻurtasi sohasidagi milliy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda xalqaro tajribani respublikada joriy etish yuzasidan Yaponiyaning The Foundation For The Advancement Of Life & Insurance Around The World (FALIA), Oriental Life Insurance Cultural Development Center (OLICD) va boshqa rivojlangan mamlakatlarning xalqaro hayot sugʻurtasi jamgʻarmalari (uyushmalari) bilan tajriba almashinuvi amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar hamda mavzuli koʻrsatuvlar va eshittirishlarni tashkil etsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-oktabr,
PQ-5265-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-oktabrdagi PQ-5265-son qaroriga ILOVA
2021 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining hayot sugʻurtasi sohasini hamda shaxsiy sugʻurta turlarini rivojlantirish boʻyicha
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2024-y., 07/24/108/0171-son)